Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 124028 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:21:09

— Tursin, birov chaqirayapti, — dedi.
Uyqusirab, qo‘zg‘oldim. Choponimni yelkamga tashlab, tashqariladim.
Olapar itimiz darvozaga tarmashib-tarmashib hurdi. Olaparimizga do‘qlab-do‘qlab bordim. Olapar dumini likillatib-likillatib, o‘zini chetga oldi.
Darvozani ochib qaradim. Ostonada raisimiz, undan keyin do‘ppili odam bilan ikkita militsioner bo‘ldi.
Raisimiz boshi bilan do‘ppili odamga ishora qildi.
— Bu kishi rayon vakili, qishloq xo‘jalik boshqarmasidan, — dedi.
— Binoyi, binoyi. Qani, ichkarilangizlar.
Do‘ppili odam ichkariladi. Ketidan boshqalari ergashdi.
Kattalarga sinchiklab-sinchiklab qaradim. Do‘ppili katta mendayin bir kal bo‘ldi. O‘zimizdan ekan, dedim.
Kal katta tevarakka alangladi.
— Ot qani? — dedi.
— Qanday ot? — dedim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:21:16

— Ot qanday bo‘ladi? To‘rt oyoqli, ikki quloqli ot-da.
— Menda unday ot yo‘q, katta. Kaldan taroq so‘rama, deydilar. Siz bo‘lsa, ot so‘rab o‘tiribsiz.
— Top, top, kallani garang qilma! Adi-badi aytishib o‘tirishga vaqt yo‘q. Senga o‘xshaganlar¬ning soni mingta!
— Menda ot nima qiladi, katta. Ana, qarangiz¬lar. Bo‘lsa olib keta beringizlar.
Kal katta barmoqlarini o‘ynatib, militsionerlarga imo qildi.
— Tintinglar! — dedi.
Militsioner bilakday xitoyi fonarlarini yoqdi. Molxona, otxonalarni qarab keldi.
— O‘zi yo‘q, tezagi bor ekan, — dedi.
Kal katta menga yuzlandi.
— Ana, tezagi bor deyapti-yu? — dedi.
— Men sizga aytsam, katta, eshikli uy, meh¬monlarning oti tezak tashlagandir-da. Tash¬lama deb bo‘lmaydi, mehmon ot.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:21:35

— Familiyang nima? Xo‘-o‘sh, Qurbonov, ta-a-ak, Qurbonov Ziyodulla. Mana, ro‘yxatda tu¬rib¬san, oting bor. Gap shu, ertaga yana kelamiz. Otni topsang topding, topmasang, o‘z o‘pkang o‘zing bilan bo‘lsin!
Kal katta darvozaga qarab yurdi. Ketidan mili¬tsionerlar shaxdam odimlar otib jo‘nadi. Raisimiz kattalar ketidan pildirab ergashdi.
Shunda, ichkaridan onamiz chiqib keldi.
— Ayt, ulgu berib ketsin, — dedi.
Kattalarga darvoza ostonasida yetib oldim.
— Katta, uyda chaqalog‘imiz bor, otini Ibrohimboy deydilar.
Kal katta yelkasi bilan gapirdi:
— Nima qilay shunga?
— Chaqaloqli uyga bemahalda kelib bo‘lmaydi. Mabodo birov bilmasdan kelib qolsa, undan ulgu olib qolish lozim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:21:47

— Qayerdan olasan?
— Bizga baribir. O‘ngiringizning uchidan maydagina bir ip bo‘lsa-da mayli. Ayollar chaqaloq¬li uyda ipni isiriqqa qo‘shib tutatadilar.
— Endi, shungayam etagimni yirtaymi?
— Yo‘q, yirtish darkor emas, katta. Kiyi¬mingizga ilashgan biron-bir qil bo‘lsa-da bo‘ladi.
Kal katta qo‘l siltadi. Yo‘liga burilib ketdi.
Men qaytib keldim.
— Ulgu bermadi, — dedim.
Onamiz qarg‘ab-qarg‘ab ichkariladi. Taypoq toboqda isiriq tutatdi. Chaqaloqli uyni uch aylantirdi. Ziyon-zahmatlarni quvdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:22:00

34

Kattalar xo‘jako‘rsinga lalmi do‘q urib ketdi, deb o‘yladim.
Yo‘q, ertasi kuni tag‘in keldi.
Iskalanib-iskalanib otxonani qaradi, chaqaloqli uyni qaradi.
Kattalar qilig‘i hamiyatimga tegdi. Tishimni tishimga zo‘rg‘a bosib turdim.
— Xo‘sh, qani? — dedi kal katta.
— Nima qani?
— Ot!
— Ot? Katta, siz menga qaysi bozordan ot olib berib edingiz? Denovning bozoridanmi, yo, Sho‘rchining bozoridanmi?
— Tishingni ko‘p g‘ijirlatma, biz sendan qo‘rqmaymiz! Yaxshilikcha otni chiqar! qo‘sha qo‘sha mol, qo‘y, tovuq, ot... buncha hayvonni nima qilasan? Ana, magazinda hamma narsa muhayyo. Go‘sht deysanmi, sut, kefir deysanmi...
— Katta...
— Nima, yo, kapitalist bo‘lmoqchimisan? Kechirib qo‘yasan! Biz sotsialistik jamiyatda yashayapmiz! Hademay kommunizmda yashaymiz! To‘g‘rimi, o‘rtoq rais?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:22:10

Raisimiz labbaygo‘y bo‘ldi.
— To‘g‘ri, kommunizm sari bormoqdamiz! — dedi.
— Yo, ot minib bosmachi bo‘lmoqchimisan? Kechirib qo‘yasan! O‘zi, ajdodingda bosmachi o‘tmaganmi? Bir tekshirib ko‘rish kerak...
— Katta, unday demang. Otam bechora Sovet tuzumini deb qurbon bo‘ldi. Otga kelsam, ot — yigit¬ning yo‘ldoshi, katta. Qolabersa, ot bilan ko‘pkari chopamiz.
— Iya-iya, sen o‘zi qaysi jamiyatda yashayapsan, miya? Shu paytgacha eshakning qulog‘iga tanbur chertyapmanmi? Ko‘pkari — eskilik sarqiti! Ko‘pkari — yovvoyilar o‘yini!
— Katta... o‘zi, kal kalla — kalla emas ekan-da! Bir mening kallam shundaymikin desam, siznikiyam menikidan qolishmaydi!..
— O‘chir-e...
— Katta, enamni so‘kmang. U bechora ichkarida nevarasiga qarab o‘tiribdi. Sizga bundayin beposhna gaplar ep bo‘lmaydi.
— O‘chir deyman-e...
— Esa, men ham sizning...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:22:17

Gapim oxiriga yetmay qoldi. Kal katta quloch¬kashlab jag‘imga urdi. Qo‘li ayolning qo‘liday ekan, jag‘im og‘rimadi. Gapimni oxirigacha yetka¬zib aytdim.
Shunda kal katta ketimga tepmoqchi bo‘lib shaylandi. Men o‘zimni chetga oldim. Chap berib qoldim.
Kal katta o‘z shashti bilan, o‘z zabti bilan supadan uchib ketdi. Chuqurga borib tushdi.
Raisimiz dovdirab qoldi.
— Eb-ey, eb-ey!.. — dedi.
Chuqurga sakrab tushdi. Kal kattani suyab olib chiqdi.
Kal katta hansirab-hansirab nafas oldi. Qo‘li bilan meni ko‘rsatdi.
— Ushlanglar, banditni ushlanglar! — dedi.
Ikki militsioner ikki yonimdan keldi. Qo‘lla¬rimni ketimga qayirdi. Ketimga bir tepdi. Kolxoz idorasiga olib bordi. Maydagina mashinaga bosib jo‘nadi.
Yo‘lda qusib-qusib bordim.
Birodarlar, benzin isini yomon ko‘raman! Ben¬zin boshimni aylantiradi. Ko‘nglimni aynitadi, qustiradi. Osmondan tushganday bo‘lib qolaman.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:22:25

Rayonga keldim. Organ oldida mashinadan tushdim. Kal katta ketidan chap tarafdagi oynavand xonaga kirdim.
Telefon oldida o‘tirgan militsionerlar o‘rnidan turdi. Kal katta militsionerlarga kiyimlarini ko‘rsatdi, dardini aytdi.
— Hamkasblarning bilan davlatga go‘sht olish uchun borib edik, — dedi. — Mana bu tipga otni ber, desam bermadi. Meni tutib so‘kdi. Onam ham qolmadi, xotinim ham qolmadi. Keyin, bir urib chuqurga ag‘anatib yubordi. Mana fakt — ust-boshim loy! Hamkasblaring jonli guvoh! Ana, rais ham bor. To‘g‘rimi, rais?
— To‘g‘ri! To‘g‘ri! Chuqurga yumalatib yubordi! — ma’qulladi rais. Bir militsioner so‘kinib, oldimga keldi.
— Uh, hayvon, uh bandit! Sen hali rahbarlarga qo‘l ko‘taradigan bo‘ldingmi? — dedi.
Militsioner ichimga urdi. Men ichimni ushlab, boshim bilan devorga suyandim. Ko‘nglim ozdi, ko‘z oldim qorong‘i bo‘ldi. Odamlar goh uchta, goh to‘rtta bo‘lib ko‘rindi... Xona bir yumalab, yana joyiga keldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:22:32

Militsioner kal katta oldiga qog‘oz qo‘ydi.
— Mana, raport yozib, boshliqqa olib kiring. Buni bir tiqib qo‘yaylik, ko‘zi ochiladi.
Kal katta qog‘ozni to‘lg‘azib, olib ketdi. Xiyol o‘tib, yana qaytib keldi.
— Tush oldimga! — dedi.
Men oldiga tushdim. Tor yo‘lakdan hovliga chiqdim. Keyin yana bir xonaga kirdim.
Xona to‘rida baqaloqli bir odam o‘tiribdi. O‘tirishidan katta odam ko‘rindi. Yelkasidagi yulduzlari-da katta-katta bo‘ldi.
Kal katta qo‘li bilan meni ko‘rsatdi.
— Mana bandit! — dedi.
To‘rdagi katta vazmin ovozda so‘radi:
— Nega rahbarlarni urasiz, o‘rtoq Qurbonov?
Men bor gapni qo‘shib-chatmay aytib berdim. To‘rdagi katta endi nima deysiz, degan bo‘lib, kal kattaga qaradi. Kal katta o‘rnidan turib ketdi.
— Yolg‘on! U o‘zini oqlayapti! Biz rahbarlarga ishonasizmi, yo, mana shunga o‘xshagan podachiga ishonasizmi?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:22:40

— Albatta rahbarlarga ishonaman. Rahbarlar yolg‘on gapirmaydi.
— Bo‘pti-da!
O‘pkam to‘lib-to‘lib keldi. Dimog‘imda ming‘irladim:
— Katta bova, meni melisalaringiz urdi...
— Nima-nima? Urdi?
— Eshik oldida urdi. Hushdan ketib qoldim....
— Unday bo‘lishi mumkin emas, hozir chaqiramiz.
Ostonada ichimga urgan militsioner qora berdi. Qo‘lini chekkasiga tekkizib g‘o‘daydi.
— Buyrug‘ingizga binoan keldim, o‘rtoq polkovnik! — dedi.
— Leytenant Ismatov, ayting-chi, nega bu kishini urdingiz?

Qayd etilgan