Qabatidagi adabiyot muallimi o‘z ulushini qo‘shdi:
— Poema, ballada...
— Ha-ha! Poema, ballada yozuvchilaring yozuv¬chi emas, biz yozuvchi! Mana, biz! Yozuv¬chilaringning asarlarida fakt yo‘q, adres yo‘q! Masalan, mana o‘zimizning Tog‘ay! Bo‘ri bechora¬ning o‘g‘li! O‘lishni kitob qilib yozdi. Endi ko‘p¬kariniyam kitob qilayotgan emish. Yozishga yozdi, lekin tekshirtirmadi, chora ko‘rdirmadi. Xalqqa nafi tegmadi. Xalq yozuvchilarning kitobini pul sarf qilib oladi. Vaqtini isrof qilib, erinmay o‘qiydi. Keyin... qayg‘uli asarni nima deydi, o‘rtoq Hamidov? Ha-ha, tragediya! Tragediya bo‘lsa ta’sirlanib yig‘laydi. Agar... o‘rtoq Hamidov? Vo-vo-vo, satirik bo‘lsa, qah-qah urib kuladi. Bari quruq safsata! Xalqning biron-bir ishini bitkazib bermaydi. Xalqning kam-ko‘sti esa achib yotibdi. Xalqqa kim amaliy yordam beradi? Biz! Demak, asl yozuvchi biz! To‘g‘ri, yozganlarimizni kitob qilib chiqarmaymiz. Asarlarimiz turli idoralarda qolib ketadi. Lekin kitob qilib chiqaramiz desak, chiqaramiz. Ana, sandiqda yuzlab shikoyat asarlarimiz nusxasi taxlanib yotibdi. Ikkinchi marta og‘izdan arizaboz degan gap chiqarilmasin, ha!