6
El menga-da burnini jiyirib qaradi, otimgada burnini jiyirib qaradi. El, og‘zini ushlab kuldi, piq-piq kuldi, qo‘li bilan ko‘rsatib kuldi, pana-pa¬nalarda kuldi.
Bildim, el, Ziyodulla kal, otangni ko‘rdim — ahmadi forig‘, onangni ko‘rdim — tovoni yoriq, ko‘rpangga qarab oyoq uzat, dedi. O‘zing bir sag‘ir bo‘lsang, senga kim qo‘yibdi otni, dedi. Yana tag‘in kal bo‘lsang, kalga otim nimam, dedi. Kalga eshak ham bo‘ladi, dedi.
Birodarlar, el shunday! El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi! Odamzot shunday! Bor bo‘lsa, ko‘rolmaydi, yo‘q bo‘lsa, berolmaydi!
Shunday ekan, odam bo‘laman desangiz, el og‘ziga e’tibor bermang! Odam bo‘laman desangiz, el gapiga parvo qilmang! Ammo beparvo-da bo‘lmang!
Birodarlar, ot azzancha xosiyatli bo‘lsa-da, azzancha fahm-farosatli bo‘lsa-da, azzancha xushsuvrat bo‘lsa-da, baribir, ot, o‘z oti o‘zi bilan ot! To‘rt oyoqli jonivor! Dumli hayvon!
Dunyoda nima mo‘l, to‘rt oyoqli jonivor mo‘l! Duch kelmish to‘rt oyoq jonivorni qanday bo‘lsa, shundayligicha el orasiga olib kirib bo‘ladimi? Bo‘lmaydi! Qanday bo‘lsa, shundayligicha el qilib bo‘ladimi? Bo‘lmaydi! Avvalambor, to‘rt oyoqli jonivorni ot qilmoq lozim!