Har birimiz uchun dunyodagi eng mehribon zot bu onadir. Ular kechani kecha, kunduzni kunduz demay, biz farzandlar atrofida parvona bo‘lishadi. Go‘dakligimizdanoq oq yuvib, oq tarashadi. Evaziga esa biz yigit-qizlarning bo‘ylarimiz o‘sib, bir-birimiznikidan oshaveradi. Ammo onalarimizning oq sochlari, yuzu ko‘zida turli sho‘xligu to‘polonlarimiz bilinar-bilinmas o‘z muhrini qoldiraveradi.
Ba’zida o‘ylab qolaman, onam menga doimo parvona. Hatto qo‘limga tikan kirishini ham xohlamaydi. Ertalab tursam, nonushtamni tayyorlab qo‘yadi, darslarimni tugatib borsam yana issiq choy va ovqat bilan «Yaxshi keldingmi, bolam?» deb tabassum ila kutib oladi. O‘qishdagi topshiriqlarni qanday bajarayotganim, necha baholarga o‘qiyotganimga doimo qiziqib boradi. Shunday ekan, men-chi men?! Bir farzand bo‘lib ularga qanchalik mehru oqibat ko‘rsatayapman? Ishonchlarini qay darajada oqlayapman? Bundan keyin ham onamning ishonchini oqlash uchun nimalar qilishim kerak?!
Har holda ayni paytda talabaligimni inobatga olib, yuqoridagilarga erishishga harakat qilsam-da, bu onamning menga qilayotgan mehru muhabbatlari oldida juda-juda arzimas, deb o‘ylayman. Shu bois bundan keyin ham yaxshi o‘qishim, namunali xulqim bilan onajonimni xursand qilishga, u kishiga munosib o‘g‘il bo‘lishga harakat qilishim kerak. Qolaversa, mening zimmamda to‘ng‘ich farzandlik mas’uliyati ham borki, buni qanchalik his qilishim ertaga, albatta, uka-singillarimga ham ta’sir etmasdan qolmaydi.
So‘zimning so‘nggida barcha talaba yigitlar nomidan mamlakatimizdagi jamiki onalarga, opa-singillarimizga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qolaman.
Ma’rifatdan olindi