Bir go'dakni ko'z oldingizga keltiring.
U bir narsadan o'ksindi, qattiq o'ksindi. Shu xolatida unga eng yaqindan yordam berishi mumkin bo'lgan inson - uning onasi quchog'iga olib, bag'riga mahkam bossa, boshini, yelkasini silasa, hali gapirishni ham bilmaydigan, endigina tili chiqayotgan bu go'dak onasiga qanchalik "singib" ketadi. Undan buyuk bir mehr, shafqat va sevgi haroratini his etadi.
Bularning hammasi faqat u uchun qaratilgan, faqat u uchun maxsus.
Shu xolatida bu go'dak nimalarni his etadi va qanchalik?
O'zining tamoman xavfsiz joyda ekaniga 100 da 1000 ishonadi va o'zini butunlay xotirjam his etadi.
Bu o'sha beminnat va shu bilan birga qusursiz mehrning, hamda onasiga bo'lgan cheksiz ishonchning evaziga emasmikan..?
Buning qanday tuyg'u ekanini bolalikni, go'dakliklni yashaganmiz, hammamiz o'zmi-ko'p bilamiz. Biroq onalar yaxshiroq bilasalar kerak, chunki ular ham bola bo'lib his etishgan, endi esa ona bo'lib ham his etishyapti.
Endi biz ulg'aydik, aqlu-idrokimiz rivojlanib, ma'lum darajada bilim va tajribaga ega bo'la boshladik, shunga yarashir mas'uliyat ham yelkamizga tusha boshladi.
Lekin ruhimiz, qalbimiz, balki butun vijudimiz hamon, har vaqt o'sha sokinlikni, o'sha xotirjamlikni, o'sha beg'uborlikni qo'msaydi.
Vo ajab, o'sha bizning boshimizni silagan mehri daryo onajonimiz ham qo'msaydi uni,
ham bola bo'lib..
ham ona bo'lib...
Qani endi u halovat? Qayerda qoldi?
Dunyoga sho'ng'iganimiz sari ishonchimizni, diqqatu-e'tiborimizni, mehrimizni parchalab boshqa arzimas matolarga ulashdikmi, yo?!
Yaqindagina bu go'dak uchun dunyo faqat ona rahmidangina iborat edi. Endi u yangi, ajib bir dunyoga qadam qo'ydi.
Vaqt o'tgan sari o'zining qanday dunyoda ekanini, o'zining imkoniyatlari-yu, cheksiz extiyojlarini idrok eta boshladi.
Nega shuncha imkoniyat? Nega shuncha extiyoj? Bularga kim javob beradi?
Endi u ham o'zidagi onasidan olgan mehrni hamda uning uchun mehr qaynog'i bo'lgan onasining ham undan kam bo'lmagan bir mehrga muhtoj ekanining farqiga bora boshlagan edi.
Ona bolasini bag'riga bosib, u mehrni yo'qolmaganidan, o'sha o'zi qo'msayotgan mehrni endi o'zining bir parchasi bo'lgan yangi insonga berayotganidan, bu mehrning haroratini birgalashib his etayotganidan o'zini dunyodagi eng baxtiyor inson kabi his etadi. Ha, bu mehr bolani qanchalik baxtiyor etgani kabi, onani ham shunchalik baxtiyor qilishga yetadi. Hatto ularni chetdan turib kuzatayotgan insonlarga ham.
Ex , aslida insonlik naqadar go'zal-ku, lekin biz ...
Ha, bu manzaraning qarshisida har bir inson yuragining tub-tubida yotgan hislari jumbushga keladi, farqiga borib yoki bormay ONAdagi bu mehrdan oziqlanadi.
Bu shunday muqaddas, musaffo bir mehrki, ona buning evaziga hech narsa kutmaydi. Hatto o'zidagi bu mehrning buyukligini his qilganda, aqli shoshadi, ta'bir joiz bo'lsa, o'zi ham hayronu-lol qoladi.
Ex, ONAJON naqadar muboraksan-a! Mo'tabarsan!
Qaniydi shunga yarasha javobim bo'lsa... Onajonim mani!
Bu qadar mehrni, shafqatni har bir onaga bergan, boladagi ojizlikka bunchalar go'zal suvratda javob bergan ey Robbim, Sen marhamati keng, go'zal Yaratuvchisan!
Agar ba'zi oddiy haqiqatlarni yaxshi his eta olganimda, yaxshi idrok eta olganimda edi...,
Balki onasiga Sen yoqtirgan shaklda munosabatda bo'lganlarni, onasi uchun butun imkoniyatlarini sarf etayotganlarni yaxshiroq tushungan bo'larmidim.
Balki bu MEHRning haqiqiy egasi bo'lmish Sen bilan muloqot qilish imkoniyatini beradigan har bir namozimni zoriqib kutgan, sajdalardan bosh uzishni istamay, onasining bag'ridan uzilishni istamagan go'dak kabi yoshlar to'kkan bo'larmidim.
Balki-da, jannatni umrim bo'yi Onajonim oyoqlari ostidan izlagan bo'lardim.
Qaniydi....
Senga hamdlar va shukrlar bo'lsin, Ey Robbim!