Haq taolo marhamatin kutma zinhor,
Ota — onang sendan rozi bo’lmas ekan.
Qilgan taot — ibodating bari bekor,
Ota — onang sendan rozi bo’lmas ekan.
Ota — ona qarzi aslo ado bo’lmas,
Qarzin uzgan Haq menridan judo bo’lmas.
Yaxshilardan yaxshiliklar ravo bo’lmas,
Ota — onang sendan rozi bo’lmas ekan.
Shayton degan yo’llaringga bo’lar hamdam,
Biring ikki bo’lmay, boring topar barham.
Jannat tugul, hazar qilar jahannam ham,
Ota — onang sendan rozi bo’lmas ekan.
Qancha odam g’aflat aro uyqudadir,
Ollohdanmas, insonlardan qo’rquvdadir.
Topgan rohat — oromlaring behudadir,
Ota — onang sendan rozi bo’lmas ekan.
Taqvo birla o’tsa yuz yil qish, bahor, yoz,
Bo’lmas qabul ro’za tutib qilsang namoz.
Dengiz bo’lib ko’rinsa ham ko’z yoshing oz,
Ota — onang sendan rozi bo’lmas ekan.
Keng dunyo ko’zlaringga tor bo’larmish,
O’zing tugul yetti pushting xor bo’larmish.
Yoving qolib, do’stlaring bezor bo’larmish,
Ota — onang sendan rozi bo’lmas ekan.
Orif Odilxonov