XOTIMA
Bo‘zbolaning ismi Santyago edi. U vayron bo‘lib yotgan cherkovga yetib kelganida allaqachon qorong‘u tushgan edi. Omborxonada hanuz tutanjir ko‘karib turar, o‘yiq gumbazdan, xuddi burungiday, yulduzlar ko‘rinardi. U bir oqshom otari bilan shu yerda tunaganini esladi, o‘shanda, ko‘rgan tushini aytmaganda, tun xotirjam o‘tgandi.
Hozir u yana shu yerda. Biroq bu safar qo‘ylarini haydab kelgani yo‘q. Uning qo‘lida belkurak bor edi.
U osmonga uzoq tikildi, keyin to‘rvadan vino olib, bir qultum ichdi. Bir safar oqshom sahroda yulduzlarga termilgani va Alkimyogar bilan vino ichgani yodiga tushdi. Orqada qancha yo‘l qolib ketganini va Tangri unga qanaqa g‘aroyib usul bilan xazinaga ishora qilganini o‘yladi.
Agar u tushlariga ishonmaganida, lo‘li kampirni, Malkisidqni, qaroqchilarni uchratmaganida...
"œBu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq yo‘l belgi-alomatlar bilan ko‘rsatib qo‘yilgan edi, undan men chetga chiqolmasdim", — o‘yladi u.
U o‘zi sezmagan holda uxlab qoldi. Ko‘zini ochganida quyosh tepaga ko‘tarilib ketgan edi. Santyago tutanjirning tagini kovlay boshladi.