Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289037 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 61 B


shoir  11 Oktyabr 2007, 12:58:13

Bechora buvim esini yo‘qotib qo‘ydi. Meni yo‘lga solish chindan ham imkonsiz edi. Sahar g‘ira-shirasida uyg‘onar, kechqurun charchab, horib-tolgunimga qadar beboshliklar qilar edim. Ovozim o‘chguday bo‘lsa, chorbog‘da xavotirga tushishardi. Chunki bu mening biror yerimni kesib olib, ovozimni chiqarmay qonimni tindirish, yo bir yerga yiqilib ketib, og‘riqdan to‘lg‘anish, yoxud stul oyoqlarini arralash, to‘shak jildlarini bo‘yash kabi zararli ishlar bilan mashg‘ul ekanligimni bildirar edi.
Bir kuni qushlarga latta, payrahalardan uya yasash uchun daraxtlarning qir uchiga chiqar, boshqa bir kun o‘choq mo‘risidan tosh otib, oshpaz xotinni qo‘rqitish uchun tomga tirmashar edim.
Chorboqqa ora-sira bir doktor kelib turardi. Bir kun shu doktorni eshik oldida kutib turgan bo‘sh izvoshga chiqdim-u, jonivorlarni qamchiladim. Boshqa bir kun esa kattakon kir tog‘orani sudrab borib dengizga tushirdim-da, unga o‘tirib olib o‘zimni oqinga topshirdim. Bilmayman, boshqalarda ham shundaymi, lekin bizning oilamizda yetim bolani urish gunoh hisoblanardi. Juda haddimdan oshib ketgan kezlarimda qo‘limdan yetaklab borib biror uyga qamab qo‘yishardi. Beradigan jazolari shu edi, xolos.
Hamma bolalar "œsoqolli amaki" deb chaqiradigan g‘alati tabiatli bir qarindoshimiz bor edi. Ana shu soqolli amaki mening qo‘llarimni "œAvliyo panja" derdi. Chunki barmoqlarim biror kun ham yara-chaqadan xoli bo‘lmas, xina qo‘ygan xotinlarnikiga o‘xshab, undan latta, bintlar arimas edi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 12:58:23

Tengqurlarim bilan bir xil muomalada bo‘lmas edim. Yoshi ancha katta bo‘lgan qarindosh bolalar ham mendan bezillardi. Menda, qalbimda sevgi olovi uchqunlaguday bo‘lsa, bu ham bir falokat bo‘lardi. Odamlarga o‘xshab sevishni, sevganimni mehru shafqat bilan e’zozlashni o‘rganmagan edim. Yaxshi ko‘rgan odamim ustiga hayvon bolasiday otilar, quloqlarini cho‘zar, yuzini tirnar, itarib-turtib jonidan bezor qilardim.
Qarindosh bolalar orasida faqat bittasidan tortinar, o‘shandangina hayiqar edim.
U Basima xolamning o‘g‘li Komron edi. Ammo uni bola deyish uncha to‘g‘ri kelmaydi. Avvalo yoshi mendan ancha ortiq, qolaversa, juda odobli, vazmin. Bolalarga qo‘shilishni yoqtirmaydi. Qo‘llarini cho‘ntaklariga suqib olib, yo dengiz bo‘yida o‘zi yolg‘iz aylanib yuradi, yo bo‘lmasa daraxtlar soyasida kitob o‘qib o‘tiradi.
Komronning sochlari jingalak, sarg‘ish yuzi esa nozik, oppoq, yarqiroq. Shunchalar yarqiroqki, yuragim chopsa-yu quloqlariga yopishib olib, yaqindan betlariga qarasam xuddi oynadagi kabi o‘zimni ko‘rishimga ishonaman.
Undan tortinsam ham, baribir janjallashdim. Dengiz bo‘yidan savatda xarsangtosh tashiyotgan edim, shulardan bittasini oyog‘iga tashlab yubordim. Bilmayman, tosh og‘irmidi yo u anchagina nozikmidi, birdaniga chinqirib voy-voylab yubordi. Esim chiqib ketdi. Bog‘chadagi kattakon chinorga maymundek chaqqon tirmashib chiqib ketdim. Meni u yerdan na ozor, na do‘q va na yolvorishlar tushira oldi. Oxiri bog‘bonni orqamdan chiqardilar. U ko‘tarilgan sari men ham daraxt uchiga chiqib ketaverdim. Ammo u, og‘irimni ko‘tara olmaydigan ingichka shoxlarga chiqishdan toymaydigan bir alfozda ekanligimni, agar orqamdan chiqaversa falokat ro‘y berishi mumkinligini ko‘rib, pastga tushib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 12:59:34

* * *

Xullas, o‘sha kecha qorong‘i tushguncha daraxt shoxida qushday o‘tirdim.
Mening dastimdan bechora buvimning uyqusida halovat qolmadi. Boyoqish xotin mening telbaligimga kun sayin ko‘proq ishona bordi. Goho saharda, kechagi sho‘ru g‘avg‘omdan boshi tinchishga ulgurmay, buvim mening shovqin-suronim bilan uyg‘onar, ko‘rpasida to‘lg‘anar, mening qo‘llarimdan ushlab olib: "œO‘zi o‘lib, qarigan chog‘imda bu maxluqni boshimga balo qilib tashlab ketdi-ya?" deydigan bo‘lsa, buvim albatta meni degan, uni kelgan yeriga qaytarib yuborgan bo‘lardi.
Albatta, kasalmand bir kampirning kechasi horg‘inligi bosilmasdan uyg‘onishi jabr. Lekin shunisi ham borki, kechasi bilan tinib-tinchigan taqdirda ham yolg‘izlik ruhi bilan uyg‘onish, judoliklar alamida azob chekish yanada og‘irroq bo‘ladi.
Xullas, shuncha zahmat yetkazganimga qaramay, buvimning men bilan ovunganiga, men bilan baxtiyor bo‘lganiga ishonaman.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:00:32

* * *

Buvimdan judo bo‘lganimizda to‘qqiz yoshlarda edim. Otam ham ittifoqo Istambulda edi.
Otam bechorani bu safar Tripolidan Albaniyaga ishga o‘tkazishibdi. Shuning uchun Istambulda atigi bir hafta qolishi mumkin edi.
Buvimning o‘limi uni mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Beva ofitser to‘qqiz yashar qizini yetaklab tog‘u toshlar orasida sargardon bo‘lib yurolmas edi. Meni siqilib qoldi deb qo‘rqibmi, xolalarimga tashlab ketishga negadir ko‘ngli chopmadi. Nimani o‘ylagan bo‘lsa o‘ylagandir, har holda bir kun meni yetaklab borib kemaga o‘tqazdi. Istambulga o‘tdik. Ko‘prikda yana aravaga tushib, uchi-keti ko‘rinmagan o‘rlardan oshdik, bozorlardan o‘tdik, ke-yin bitta kattakon g‘ishtin bino oldiga kelib to‘xtadik.
Bu yer umrimning o‘n yilini qamoqda o‘tkazishim kerak bo‘lgan so‘rlar (soeur) maktabi edi. Bizni eshik yonidagi pardalari, derazalari yopiq, olaqorong‘i bir xonaga olib kirishdi.
Hamma narsa avvaldan gaplashib qo‘yilgan bo‘lsa kerak, bir ozdan keyin qora kiyimli bir xotin kirdi-yu, to‘g‘ri mening ustimga kelib engashdi. Boshidagi oq ro‘molining uchlarini g‘alati bir qushning qanotlari singari sochlarimga tegizib turib, yaqindan yuzimga tikildi, betlarimni siladi.
Maktabga qo‘ygan birinchi qadamim yangi bir bema’nilik, yana bir yaramaslik bilan boshlanganini eslayman.
Otam mudira opa bilan gaplashib turganida, men xonani aylanib uni-buni kovlashtira boshladim. Bir vazaning rangli rasmlariga barmog‘imni tegizib ko‘rmoqchi bo‘luvdim, u tushib chil-chil bo‘ldi.
Otam qilichini sharaqlatib o‘rnidan sapchib turdi, jahl bilan qo‘limdan tortdi.
Singan vazaning egasi mudira opa esa, aksincha, kulardi. Qo‘llarini silkitib, otamni tinchlantirishga harakat qildi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:02:31

* * *

Maktabda bu vazaga o‘xshash yana qancha narsalarni sindirishim turgan gap. Uydagi beboshligim u yerda ham davom etdi. Murabiyalarimiz chindan ham malak kabi sabrli xotinlar edi yoki mening yaxshi tomonlarim bor edi. Yo‘qsa, mening dastimdan bu qadar ozor chekishlari mumkinmi, qalay?
Sinfda sira tinmay to‘polon qilar, u yoqdan-bu yoqqa o‘tib yurardim.
Hamma singari zinadan tushish mening odatim emas edi. Albatta biror burchakka biqinib olib, sinfdoshlarimning tushishlarini poylar, keyin panjara yog‘ochiga otga minganday sakrab chiqib olib, o‘zimni pastga qo‘yib yuborardim. Yoki oyoqlarimni juftlashtirib zinalardan sakrardim.
Bog‘da qurigan daraxt bo‘lardi. Payti keldi deguncha o‘shanga tirmashib chiqib olganimni, po‘pisalarga quloq solmay tanaffus oxirigacha shoxdan-shoxga irg‘iganim-   ni ko‘rgan muallimam: "œBu odam bolasi emas, choliqushi"* , — deb koyigan edi.
Ana shunday qilib, o‘sha kundan boshlab asl nomim unutildi-yu, hamma meni "œCholiqushi" deb ataydigan bo‘ldi.
Bilayman, bu ism keyinchalik qanday qilib oilamizga ham o‘tdi-yu, Farida otim bayram kiyimi singari juda kam qo‘llanadigan rasmiy ot bo‘lib qoldi.
"œCholiqushi" mening o‘zimga ham yoqardi, nimagaki bu nom ko‘p mahal jonimga ora kirardi. Biron nojo‘ya harakatimdan shikoyat qilishsa, bahuzur yelkalarimni uchirib: "œNa chora... Choliqushining qo‘lidan boshqa nima kelardi", — deyardim.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:02:47

Ba’zan maktabimizga echkinikiga o‘xshagan kichkina soqol qo‘yib olgan ko‘zoynakli pop kelib-ketib yurardi. Bir kun sochimning uchidan qaychi bilan jindak kesib, yelim bilan iyagimga yopishtirib oldim. O‘qituvchimiz men tomonga qaraganda jag‘imni hovuchimning ichiga yashirar, nari yoqqa qarashi bilan qo‘llarimni olardim-u, soqolimni selkillatib, popga taqlid qilar, bolalarni kuldirar edim. O‘qituvchimiz bu qahqahalarning sababini bilolmay, tomog‘i yorilguday bo‘lib baqirar edi.
Nimayam bo‘ladi-yu, bir mahal yuzimni sinfimizning yo‘lakka ochiladigan derazasi tomonga o‘girib qolmaymanmi? Qarasam, oyna orqasidan mudira opa menga qarab turibdi-da!
Shoshib qolganimdan nima qilsam bo‘ladi? Bo‘ynimni egdim, barmog‘imni labimga keltirib "œjim!" ishorasini qildim, keyin esa barmoqlarim bilan unga bir bo‘sa yubordim.
Maktabning kattasi ana shu mudira opa edi. Eng keksa muallimlargacha hamma uni xudoday hurmat qilardi. Shunday bo‘lgani holda, undan muallimga nisbatan sir saqlashni so‘rashim xotin boyoqishga nasha qildi. Sinfga kirsa salobatini saqlab qololmasligidan qo‘rqayotganday kuldi, keyin qo‘li bilan menga po‘pisa qilib, yo‘lak qorong‘iligida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Mudira opa bir kuni meni ovqatxonada qo‘lga tushirdi. Sinfdan o‘g‘irlab chiqqan qog‘oz savatimga ovqat sarqitlarini solib turgan edim. Mudira dag‘al tovush bilan:
— Bu yoqqa kel, Farida, nima qilyapsan? — dedi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:04:07

Qilayotgan narsamning yomonligini bilmas edim. Yuziga tik qarab:
— Itlarga ovqat berish ham yomon narsami, maso‘r?— dedim.
— Qanaqa itlarga? Qanaqa ovqat?
— Vayronadagi itlarga... Oh, ma soeur*, men borganimda qanchalik suyunishganini bir ko‘rsangiz edi... Kecha kechqurun bo‘lsa, burchakda kutib olishdi, oyoqlarimga yopishishdi... "œSabr qilinglar... vayronaga eltib beraman... ungacha o‘lib qolmassizlar...", desam ham zolimlar quloq solishmadi. Osilishib meni yerga yiqitishyapti... Mening ham o‘jarligim tutib ketdi. Savatga etagimni mahkam yopib oldim... Sal bo‘lmasa meni tilka-pora qilib tashlashardi... Xayriyatki, bir teshikkulchachi o‘tib ketayotgan ekan, qutqazib oldi.
Mudira ko‘zlarimga tikilib turib eshitdi.
— Juda soz, xo‘sh, maktabdan qanday qilib chiqding? — deb so‘radi u.
Men hech tap tortmay:
— Kirxonaning orqasidagi devordan oshib tushdim,— dedim.
Mudira katta bir falokat xabarini eshitganday boshini qichib:
— Qanday botingding? — dedi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:04:20

Men yana to‘g‘risini aytdim:
— Ajablangmang, ma soeur... Devor juda past... Innaykeyin, qanday qilib eshikdan chiqishim mumkin?.. Qorovul meni chiqarib qo‘yarmidi? Birinchi chiqqanimda: "œSeni ma soeur Terez chaqiryapti", — deb aldab qochgan edim... Iltimos qilaman, siz ham menga xalaqit bermang... Chunki itlarning och qolish xavfi bor...
Murabbiyalarimiz xo‘p g‘alati xotinlar edi-da. Boshqa biron maktabda shu narsalarni qilsam yo meni qamab qo‘yishar, yo bo‘lmasa birorta jazo berishar edi, deb o‘ylayman.
U men bilan pachakilashib o‘tirmaslik uchun o‘zini bosdi.
— Itlarni, hayvonlarni parvarish qilish yaxshi narsa, lekin itoatsizlik qilish yaramaydi... Savatni menga tashlab ket... Sarqitlarni itlarga qorovul eltib beradi, aytaman, — dedi.
Umrimda hech kim meni shu xotinchalik yaxshi ko‘rmagan bo‘lsa kerak.
Murabbiyalarimizning shunga o‘xshash harakatlari u vaqt yelning toqqa ta’siriga o‘xshash bir narsa bo‘lib, mening sho‘xligimni, intizomsizligimni daf etishdan ojiz ko‘rinardi. Faqat bular asta-sekin tanamga singib, o‘chmas izlar, shifosiz zaifliklar, nazokat zamzamasi qoldirmaganmikan, deb qo‘rqaman...

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:04:45

* * *

Shunday, men haqiqatdan ham tushunib bo‘lmaydigan g‘alati qiz edim. O‘qituvchilarimning zaif tomonlarini bilib olardim. Har bir o‘qituvchining jig‘iga nima ko‘proq tegishini osongina topib olar, shunga qarab mujda tayyorlardim.
Masalan, Matild opa nomli qari, nihoyatda mutaassib bir musiqa o‘qituvchimiz bor edi. U devordagi Bibi Maryam surati olidida ko‘zlaridan yosh to‘kib ibodat qilib turganda, men surat tevaragida uchib yurgan pashshalarni ko‘rsatardim-da, "œma soeur, maloyikalar aziz onamizni ziyorat qilgani kelishibdi",  degan so‘zlar bilan jon tomirini uzib olardim.
Boshqa bir o‘qituvchimizning haddan tashqari toza, pokizaligiga e’tibor qildim. U yonimdan o‘tib ketayotganda ruchkamning yomon yozishidan shikoyat qilmoqchi bo‘lar, bechoraning oppoq yoqasiga siyoh sachratib yuborar edim.
Yana bir o‘qituvchimiz bor edi, bunisi gazandalardan juda qo‘rqardi. Kitoblarning birida rangli chayon rasmini topdim-u, avaylab atrofini kesdim, keyin ovqatxonadan bitta kattakon so‘na tutib kelib, haligi qog‘oz parchasini yelim bilan so‘na ustiga yopishtirdim-da, kechqurun dars tayyorlayotgan paytimizda bir bahona bilan o‘qituvchimizning yoniga borib so‘nani stol ustiga qo‘yib yubordim.
Men uni savolga tutib turgan edim. So‘na birdan o‘rmalay boshladi. Bechora xotin kerosin lampaning yorug‘ida qo‘rqinchli bir chayon bo‘g‘inlarini, nishlarini titratib stolda o‘rmalab kelayotganini ko‘rdi-yu, birdan dodlab yubordi. Darhol yonida turgan lineykani olib, bir urishda so‘nani stolga qapishtirdi. Keyin orqasini devorga suyab, qo‘llari bilan yuzini to‘sib, anchagacha hushiga kelolmay turdi.

Qayd etilgan


shoir  11 Oktyabr 2007, 13:06:07

O‘sha kecha o‘zim yotoqda bir soatcha u yoqdan-bu yoqqa ag‘anab, yuragim ezildi.
Men u vaqtda o‘n ikki yoshga chiqqan, ko‘nglimda or, hayo tuyg‘ulari anchagina uyg‘onib qolgan edi. O‘qituvchimga qilgan muomalamdan uyaldim. Bu aybim osongina kechirib yuboriladigan ayb emasligini anglar, ertaga, albatta qiynoq-qistovga olinishimga aqlim yetar edi. Kim biladi, oqibati nima bo‘ladi?
Mudira opani tushimda bir necha bor ko‘rdim, yonimga g‘azablanib kelar, ko‘zlarini olaytirib baqirardi.
Ertasi kun birinchi dars voqeasiz o‘tdi. Lekin ikkinchi darsning oxirrog‘ida sinf eshigi ochilib, murabbiyalardan biri kirdi-yu, o‘qituvchimga bir nimalar degandan so‘ng meni tashqariga imo qildi. Naqadar qo‘rqinchli!
Men yelkalarimni qisib, tilimni cho‘chchaytirib sekin tashqariga chiqib borayotganimda bolalar kulishar, o‘qituvchim esa lineyka bilan stolni sekin-sekin taqillatib ularni jim bo‘lishga, shovqin solmaslikka chaqirar edi.
Bir nafasda mudira kabinetiga yetib keldim, keldimu, taajjubda qoldim. Mudiraning chehrasi tushimda ko‘rgan chehraga sira o‘xshamas edi. Shundayki, chayon surati yopishtirilgan so‘na o‘yinini o‘ylab chiqargan, o‘qituvchini hushidan ketkazgan yaramas qiz men emas-u, u ekaniga ishonar darajada hayratda qoldim.
Chehrasida g‘am, lablarida titroq bor edi. Meni qo‘limdan ushlab bag‘riga bosmoqchi bo‘lganday bir harakat qildi, lekin qo‘yib yubordi.

Qayd etilgan