Najmiya bo‘lsa... Gapning qisqasi, onasining etaklari ostida o‘sgan, yumshoq, mo‘min uy mushugi edi. Lekin qizlarning shunaqa bo‘lishi kerakligini ichimda ma’qullar ham edim.
Lekin yigirmaga yaqinlashib qolgan, tarovatli yupqa lablari ustida mayin miyiqlar sabza ura boshlagan kap-katta Komronga nima bo‘ldi? Qizlarnikiga o‘xshagan zaifona oyoqlarida oppoq charm tuflisi, ipak paypoqlari, yurganda yosh novdaday tebranuvchi sarv qomati, shohi ko‘ylagining ochiq yoqasidan chiqib turgan uzun, oq bo‘yni bilan erkakdan ko‘ra ko‘proq qizga o‘xshagan bu yigitga juda yomon jahlim chiqardi.
Erkak qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar uni yaxshi yigit deb maqtashguday bo‘lishsa, qonim qaynab ketardi.
Necha bor yugurib kelib, oyog‘im lat yeganday o‘zimni ustiga tashlaganimni, kitoblarini yirtganimni, bekorchi bahonalar bilan janjal chiqarmoqchi bo‘lganimni eslayman. "œHoy, ollohning quli, qiz bolaga o‘xshab o‘tirmay bir oz jonlansang-chi, biron narsa desang-chi, ana shunda misoli mushukday bo‘yningga osilib, seni tuproqqa bulab tashlay, sochlaringni yulay, ilon ko‘zlariga o‘xshagan yashil ko‘zlaringga chang solay!" deb o‘ylayman.
Oyoqlariga tosh yumalatib yuborib, g‘ujanak qilgan kunimni ich-ichimdan zavq bilan titrab turib eslayman. Lekin u o‘zini yetilgan erkak kishiday hisoblab, menga yuqoridan qaraydi, ko‘zlarini jilmaytirib: "œBolaliging qachon qoladi, a, Farida?" — deydi.
"œJuda soz, lekin senda ham qachongacha davom etadi bu pismiqlik, bu sovchi oldiga chiqqan qari qizning nozu karashmasi?.."