Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 288913 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 61 B


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:21:11

Kattakon shoxda otga minib olganday o‘tirgan, sira uyalmasdan, hayo qilmasdan kulayotgan qizni ko‘rdi-yu, boyoqish o‘zini tutib turolmadi, jahli chiqqanidan qosh-ko‘zlarini o‘ynatib:
— Barakallo, oppoq qizim, — dedi. — Bu ishingiz bizga yoqmadi, xudo biladi, sizday bo‘yi yetib qolgan kap-kattakon bir qizning...
O‘sha zamon yer yorilsa, yerga kirib ketguday bo‘ldim. Bechora guldek yuzim, kim biladi, qanday ranglarga kirdi ekan! Daraxtdan yiqilib ketish xavfiga ham qaramay, qo‘llarimni maktabda kiyadigan ko‘ylagimning ko‘kragi ustida qovushtirib bo‘ynimni xiyol bukdim-da:
— Kechiring, beyafandim, — dedim, — xudo haqqi, bexosdan bo‘ldi... Yana ham to‘g‘risi, bilmay qoldim... — Bu gunohkorlarcha yolvorish usuli maktabda murabbiyalar, dindor o‘quvchilar Bibi Maryam bilan Iso oldida duo o‘qiyotgan mahallarida qo‘llanadigan usul edi. Harholda, buning ta’siri uzoq vaqtlardan beri sinab kelinardi. U necha asrlardan beri ilohiy ona bilan bolani shu qabilda yupatib kelgani uchun, bu keksani ham oxirda insofga keltirishi mumkin edi.
Taxminimda yanglishmadim. Qo‘shnim bu riyokor so‘zlarimga, ovozimdagi qaltiroqqa aldandi, yumshaldi. Nimagadir, menga biron yaxshi narsa aytish zarurligini sezganday:
— Bu xil parvosizlikning bo‘yi yetib qolgan qizga zarari yetishi mumkinligini tushunmaysizmi? — dedi. Nima demoqchi ekanligini juda yaxshi tushunib tursam ham, ko‘zlarimni pirpiratib:
— Nega endi, afandim? — deb so‘radim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:21:23

U kishi quyoshning yondosh tushib turgan nurlariga qo‘lini parda qilib, menga diqqat bilan razm soldi, keyin xaxolab kuldi.
— Masalan, sizni o‘g‘limga olib bermoqchi bo‘lsam...
Men ham kulib yubordim.
— U tomonga xotirjam bo‘lsinlar, afandim. Odobli qiz bo‘lganimda ham olmas edingiz!
— Nega endi, bilolmadim?
— Chunki mening daraxtga chiqish, gilos danaklarini otishdan ham kattaroq ayblarim bor... Birinchidan, boy qiz emasman... Qulog‘imga chalingan gaplarga qaraganda, kambag‘al qizni hech kim nazariga ilmas emish... Innaykeyin, chiroyim ham yo‘q... Mendan so‘rasangiz, bu — kambag‘allikdan ham kattaroq bir kamchilik...
Bu so‘zlar keksa beyni juda qiziqtirib qo‘ydi.
— Siz xunukmisiz, qizim? — dedi.
Men lablarimni cho‘chchaytirdim.
— Nimalar deyapsiz? Nima, men o‘zimni bilmaymanmi? — dedim. — Qiz degan ham shunaqa bo‘larmishmi? Qizga uzun bo‘y, sariq soch, moviy yoki yashil ko‘zlar lozim...
Keksa bey bir mahallar chatoq yurganga o‘xshaydi... G‘alati boqish, shirin tovush bilan:
— Oh, bechora qizim, — dedi. — Sen go‘zallikning nimaligini biladigan, o‘zingning qandayligingni farq etadigan yoshdamisan-a? Har nima bo‘lganda ham... Qani, otingiz nima, bilib qo‘yaylik?

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:21:42

— Choliqushi.
— Ie, bu qanday ot bo‘ldi?
— Pardon*, meni maktabda shunday deyishadi-da... Asl ismim Farida. O‘zim singari qo‘pol-to‘pol ism.
— Farida xonim... Sizning otingiz ham o‘zingiz singari go‘zal, bunga amin bo‘ling. Koshkiydi o‘g‘limga sizdaqasini topsam...
Bilmayman, nima uchundir bu kibor qiyofali, shirin so‘zli kishi bilan sho‘xlik qilgim kelib ketdi.
— Shu holda o‘zlariga ham gilos otsak bo‘ladi deng?
— Albatta... Albatta... Hech shubha yo‘q...
— Hozircha ruxsat etsangiz, sizga bir oz gilos terib bersam. Meni kechirganingiz isboti uchun giloslarni, albatta, olishingiz kerak... Ikki minut...
Olmaxon chaqqonligi bilan  shoxlarga tirmashib chiqib ketdim. Keksa qo‘shnim qo‘llarini ko‘zlariga tutib:
— Ana, shoxlar qirsillayati... Men sabab bo‘laman-da... Yiqilasiz, Farida xonim! — deb baqirardi.
Men bu vahimaga e’tibor bermay, gapdan tolmas edim.
— Hayron bo‘lmang... Yiqilishga o‘rganib qolganman... Masalan, yaqin bo‘lsak, chakkamdagi yara izini ko‘rardingiz. Shunday izki, butun go‘zalliklarni hechga chiqaradi....
— Hay-hay, qizim... Yiqilasiz...

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:23:13

— Bo‘ldi, afandim, bo‘ldi... lekin bularni sizga qanday qilib beraman?! Topdim, afandim, buning ham yo‘lini topdim..
Fartugimning cho‘ntagidan ro‘molcha oldim-da, unga giloslarni solib uchlarini tugunchaga o‘xshatib tugdim.
— Ro‘molchaga parvo qilmang... Hali burnimni artganim yo‘q... Top-toza... Iltimos, faqat yerga tushirmasdan ushlab olasiz... Bir... Ikki... Uch!
Keksa qo‘shnim kutilmagan bir chaqqonlik bilan ro‘molchani tutib oldi.
— Ko‘p rahmat, qizim, — dedi. — Ana xolos, endi ro‘molchangizni qanday qaytarib beraman?
— Hechqisi yo‘q... Sizga mendan hadya bo‘la qolsin..
— Nega endi?
— Nega bo‘lmasin? Buning boshqa tomoni ham bor... Men bir necha kundan so‘ng yotoqxonaga qaytib ketaman. Maktabimizda bir odat bor... Ta’til kunlarida qizlar yigitlar bilan tanishishadi, keyin, maktab ochilganda, bularni bir-birlariga maqtanishadi. Men bunday narsalarni qilmaganim uchun ular oldida juda qisilaman... Ammo ular betimga ochiq-sochiq bir narsa deyishga botinishmaydi, meni mutlaqo ahmoq deb bilishsa kerak-da. Bu safar bir g‘alati ish qilaman... Maktabga qaytganimdan keyin, bir sirim borday boshimni solintirib o‘y surib yuraman, g‘amgin-g‘amgin kulimsiyman. Ular: "œCholiqushi, senda bir gap bor-a?" deb, albatta, so‘rashadi. Men ham noxushgina: "œYo‘q, menda gap nima qilsin?" deyman... Ishonishmay, meni qistay boshlashadi. Ana shundan keyin: "œXayr, aytsam aytay... lekin birovga og‘izlaringizdan chiqarmaysizlar, qarg‘anasizlar", — deyman-u, bitta yolg‘onni do‘ndirib yuboraman.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:24:43

— Qanday yolg‘on?
— Siz bilan tanishganim yolg‘onni osonlashtiradi. "œSarg‘il, uzun bo‘y bir erkak bilan devor ustida dildorlik qilishdik", deyman... Albatta, oq sochli deya olmayman. Sochingizning o‘zi ham yoshlikda oqara boshlagan bo‘lsa kerak... Dugonalarimning fe’lini bilaman-da. Darrov: "œNima haqda gaplashdinglar?" — deb so‘rashadi. Meni chiroyli ekansiz, dedi deb ont ichaman. Men ham unga bir ro‘molcha gilos berdim, deb, albatta, aytmayman. Gul berdim, deyman... yo‘q, bunisi ham to‘g‘ri kelmaydi... Gulni ro‘molchada bermaydilar-ku... Ro‘molchani hadya qildim, deyman, vassalom...
Bir ozgina avval bir-birimiz bilan yoqalashguday bo‘lganimiz holda, endi keksa qo‘shnim bilan chaqchaqlashib kulishar, qo‘l silkishib xayrlashar edik...
O‘sha yil yozida shu daraxtga chiqish illatim boshimga balo bo‘ldi.
Avgustning oydin kechalaridan biri. Chorboqqa bir to‘da mehmon kelgan edi. Bular orasida Narimon nomli yigirma besh yoshlardagi bir tul xotin ham bor edi. Uning onda-sonda chorboqqa kelgan kunlari katta voqea hisoblanardi.
Dunyoda o‘zlaridan boshqa hech kimni yoqtirmaydigan xolalarimdan tortib xizmatchi qizlarga qadar — hamma bu xotinga mahliyo bo‘lib qolgan edi. 
Narimonning eri bundan bir yil avval o‘lgan. Narimon erini juda ham yaxshi ko‘rardi, deyishadi. Shuning uchun u hamisha qora kiyib yurar ekan. Lekin menga shunday tuyuldiki, bu xotinning sarg‘imtir chehrasiga juda ham yarashib tushgan qora kiyimi aza tamom bo‘lgandan so‘ng yechilguday bo‘lsa, uning quruqligi oshkor bo‘lib qoladi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:25:54

Narimonning menga qilgan muomalalari it mushukni erkalaganiga o‘xshardi. Lekin men unga hech elikmas edim. Oramiz ancha sovuq edi. Menga qilgan iltifotlarini juda sovuq qarshilardim.
O‘rtamizdagi sovuqlikning hali ham davom etganiga qaramay, tan berishim kerak: Narimon o‘lguday chiroyli edi. Menga yoqmaydigan bir narsasi bo‘lsa, u ham nozu karashmalarga o‘chligi edi. Xotinlar ichida-ku o‘zini uncha-muncha yaxshi tutardi-ya, lekin, mabodo oraga bitta-yarimta erkak aralashib qolguday bo‘lsami, ana unda yuzi o‘zgarar, ovozi, qahqahalari, qiliqlari  butunlay boshqa tus olardi. Qisqasi, maktabimdagi yeng ichida ish ko‘radigan dugonalarimning yana ham savodi chiqqanrog‘i...
Eri haqida gap ochilguday bo‘lsa, bu xotinning: "œO, mening hayotim bitdi!" deb yolg‘on taassurot qoldirishga harakat qilishi jon-jonimdan o‘tib ketardi. U shunday qilganda ich-ichimda g‘azabga kelar, "œko‘zga yaqinroq birontasi uchrasin, ko‘ramiz", deb o‘ylardim.
Chorbog‘imizda Narimonga teng keladigan hech kim yo‘q edi. Latta Najmiyani esa, tabiiy, odam soniga qo‘shib bo‘lmaydi. Xolalarim sochlari, boshlari oqargan qari xotinlar. Goh uning, goh buning oyoqlarini tushashdan boshqa gaplari yo‘q. U holda, u holda...
Men Narimonning chorboqqa mazaxo‘rak bo‘lib qolganining sababini seza boshlaganday edim. U esi past bo‘lamni ko‘z ostiga olib qo‘ygan edi. Yo tegmoqchimikan? Unday deb o‘ylamayman. O‘ttizga yaqinlashib qolgan tul xotinning yigirma yoshlardagi yigitchaga tegish harakatiga tushishi pastkashlikning borib turgani... Agar u bunday pastkashlikdan qaytmasa, bema’ni xolalarimda tajribasiz bolalarini kalxatga oldirib qo‘ymaydigan ko‘z topilarmikan?

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:26:31

U holda, u holda?
U holdasi bormi? Baxtiyor tul, o‘z hashamati, fantaziyasi oldida tiz cho‘kadigan bironta sho‘ring qurg‘urni topguncha mening bo‘lam bilan ko‘nglini chog‘ qilyapti.
Komronni esi past dedim-a, yo‘q, qizishganimdan aytdim... Yo‘qsa, u nima qilayotganini yaxshi biladigan sariq chayon. Narimon bilan gaplashganda o‘zini pinhon tutishga tirishadi, lekin mendan qochib qutula olarmikan?
Bolalar bilan yoqalashib yo ipdan sakrab o‘ynab turgan, yoxud yerga yotib olib, qarta foli ochayotgan kezlarimda ham ko‘zlarim faqat ularda bo‘ladi...
Bo‘lam qaerda bo‘lsa ham, o‘sha xotinning pinjiga kirib oladi. Goho hech narsadan bexabardek yonlaridan o‘tib ketaman. Ana shunday kezlarda ovozlarini pasaytirishadi yo gapni boshqa yoqqa burib yuborishadi... "œNima qilishsa qilishavermaydimi, senga nima?" deyarsizlar. Menga nimami? Komron dushmanim bo‘lganda ham, har holda, bo‘lam... Qandayligi noma’lum bo‘lgan bir xotin uni buzar ekan-u, men qarab o‘tiramanmi?..
Nima to‘g‘risida gapirayotgan edim?.. Ha, avgustning oydin kechalaridan biri... Mehmonlar chorbog‘ oldidagi ayvonda o‘rinsiz yoqilgan katta lampaning yorug‘ida hangomalashib o‘tirishgan edi.
Narimonning musiqa notalari singari o‘lchovli, ohangdor qahqahalari asabimga tekkani uchun boqqa chiqib bir burchakda, qorong‘i daraxtlar tagida xayol surib o‘tirgan edim.
Azamat shoxlaridan bir qismi qo‘shni boqqa osilib tushgan bitta qari chinor bor. Bechoraning yeyishga yaraguli mevasi bo‘lmaganiga qaramay, salobati uchun yaxshi ko‘rardim. Ustida, xuddi supada yurganday, hech qo‘rqmasdan yuriladigan yo‘g‘on, soyabon shoxlariga chiqib aylanar, yoxud o‘tirardim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:26:55

O‘sha kecha ham shunday qildim, anchagina baland  shoxiga chiqib o‘tirdim.
Bir ozdan so‘ng qulog‘imga yengil oyoq tovushi, orqasidan esa bo‘g‘iq qahqaha eshitildi.
Darhol ko‘zlarimni ochib, quloqlarimni ding qilib turdim... Nima desam bo‘ladi. Bo‘lam baxtiyor tul bilan men tomon kelardi...
Qarmog‘iga baliq yaqinlashganini ko‘rgan baliqchi singari, boshdan-oyoq diqqatga aylandim. O‘tirgan yerimda shovqin solib yubormasaydim, deb o‘takam yorilardi. Behuda qo‘rquv!
Ular o‘zlaridan shu qadar ketishgan ediki, o‘tirgan yerimda bong ursam ham eshitishmas edi. Narimon oldinda, bo‘lam esa arab malayday to‘rt-besh qadam orqada kelardi. Devor orasidan o‘tib, nari ketishga madorlari yetmagani uchun men chiqib olgan daraxt tagiga kelib to‘xtashdi: "œKeling, jujuqlarim! Keling, qo‘zilarim!.. Sizlarni menga olloh nasib qildi. Bir ozdan so‘ng ko‘rishamiz... Bu go‘zal oydin kechada sizlardan unutilmas bir xotira qoldirish uchun qo‘limizdan kelganicha g‘ayrat qilamiz!"
Xuddi shu choq bir chigirtka chirillay boshlamaydimi? Dod deyman! Bo‘lamning baxtiyor tulga aytayotgan gaplarini eshitolmay qoldim... Qo‘limdan kelsa: "œHoy, notavon, nimadan qo‘rqasan? Bu yerlarda kim bo‘lardi?.. Ovozingni chiqarsang-chi!" deb baqirardim.
Komronning: "œNarimon, azizim, malagim", — degan so‘zlarigina qulog‘imga chalindi. Dag‘-dag‘ titray boshladim. Yiqilib tushmaganimda ham, sharpa qilaman, yaproqlarni shitirlatib yuboraman, deb qo‘rqar edim. Bu orada Narimon xonimning ham bir-ikkita so‘zini eshitdim... "œIltimos qilaman, Komronbey, iltimos qilaman", — deyar edi u.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:28:28

Nihoyat, ovozlar tindi. Narimon sekin-sekin devor tomon yurdi, qo‘shni bog‘da boshqa birov bor-u, uni ko‘rmoqchi bo‘lganday, oyoqlarining uchiga turib qaradi.
Komron esa uning orqasida nima qilishini bilmayotganday turardi...
Bo‘lamning birdan u tomonga yurganini, qo‘llarini ko‘targanini ko‘rdim... Yuragim qinidan chiqib ketayozdi, "œaxiyri aqli boshiga keldi, bu yomon xotinga shapati otadi", deb o‘ylayman. Komron shunday qilsa qolsa, men ham ho‘ngrab o‘zimni daraxtdan tashlayman, u bilan umrbod yarashaman. Lekin u maxluq bunday qilmadi. Qizlarnikiga o‘xshash oppoq qo‘llari bilan Narimonning yelkalaridan, keyin esa bilaklaridan mahkam ushlab o‘ziga tortdi. Quchoq quchoqqa, nafas nafasga tutashdi. Chinor barglari orasidan tushgan oy yorug‘ida ikkovining sochlari bir-birinikiga aralashib ketganini ko‘rdim.
Yo rabbiy, bu qaday razolat, qanday razolat-a! Butun vujudim dag‘-dag‘ titrardi. Bir oz avval ularga g‘alati bir o‘yin ko‘rsatib qo‘yishga qaror qilgan bo‘lsam, endi meni sezishmasin deb o‘takam yorilardi. Haqiqiy qushga aylanib, bu shoxlardan ko‘kka parvoz qilishni, osmondagi oy manzilida g‘oyib bo‘lib, bu dunyodagi odamlarning yuzlarini ko‘rmaslikni nechog‘lik istar edim!..
Lablarimni barmoqlarim bilan siqib turganimga qaramay, og‘zimdan bir ovoz chiqdi. Bu faryod bo‘lsa kerak. Lekin pastdagilar tushunguncha faryodim qahqahaga aylandi. Uyatsizlarning o‘sha damdagi talvasasini, qo‘rquvini bir ko‘rsangiz edi!

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:28:49

Bir ozgina oldin oyoqlarini oy yog‘dusi kabi yerga tegizmay yurayotganday tuyulgan baxtiyor tul endi daraxtlarga urilib, qoqinib-suqinib qocha boshladi. Xolavachcham ham shunday qilmoqchi bo‘ldi. Lekin Narimon izidan bir necha odim bordi-yu, keyin nima o‘ylasa o‘ylagandir, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytib keldi.
Men qiladigan boshqa ish topolmaganim uchun hamon kular edim. U mashhur "œQarg‘a bilan Tulki" ertagidagi tulki singari, daraxt tagida u yoq-bu yoqqa yura boshladi.
Nihoyat, uyatni bir yoqqa yig‘ishtirib qo‘yib:
— Farida, jonginam, bir oz pastroqqa tusha olasizmi? — dedi.
Men kulgini to‘xtatib, jiddiy ohangda:
— Nima ishingiz bor? — dedim.
— Hech... senga gapim bor edi-da...
— Mening esa siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q... Rohatimni buzmang.
— Farida, hazilingni qo‘y...
— Hazilimni? Nega qo‘yar ekanman?
— Lekin haddingdan oshyapsan... Sen pastga tushishni xohlamasang, men tepaga chiqishim mumkin.
Ana xolos, bunisiga nima deysan! Yo‘lda ketayotganida kichkinagina ko‘lob suvni ko‘rib esankirab qoladigan, hatlashga qaror berishdan avval tuflilariga, suvga uch-to‘rt marta qarab oladigan, kursiga o‘tirish oldidan shimining tizzalarini barmoqlarining uchi bilan ushlab yuqori tortib qo‘yadigan nozik, nozanin bo‘lamning daraxtga chiqmoqchi bo‘lgani-chi, qo‘y, kulma!

Qayd etilgan