Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289038 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 56 57 58 59 60 61 B


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:01:05

Azizbey ko‘zlarida paydo bo‘lgan yoshlarini bildirmaslik uchun burnini guvullatib qoqdi-da, notiq singari qo‘lini siltab turib:
— Hoy, gilosimni o‘g‘irlagan Choliqushi! Uni boshqaga o‘g‘irlatsang bormi, naq mendan baloga qolasan-a! Qani, hozir qaytarib ber, shu bilan hisob-kitobimizni tugataylik, — dedi. U haligacha qo‘lini Komrondan bo‘shata olmagan Faridani baland ko‘tarib o‘pgandan so‘ng yana yigit quchog‘iga otdi. — Bugun kechasi dengiz po‘rtanasiga yo‘liqarding, biz seni qutqarib qoldik. Lekin yoningdagi "œsariq po‘rtana", nazarimda, yana ham xavfliroq ko‘rinadi. Xudo panohida asrasin seni, Choliqushi!
Ikki baxtiyor tor zinadan yumalanib ketar darajada pastga uchib tushdi. Komron qo‘lini Faridaning belidan o‘tkazib olib, uni mahkam qisar, changalidagi nozik barmoqlarni og‘ritib ezardi.
Zinapoyalarning birida Faridaning etagi ilashib qoldi. Hansirashib bir nafasgina to‘xtashdi. Choliqushi etagini bo‘shatish bilan ovora ekan, Komron hayajon ichida nafasi tiqilib:
— Farida, meniki ekanligingga hech ishonolmayapman! Meniki ekanligingga qalbimni ishontirish uchun, vazningni sinab ko‘rishim kerak, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:01:17

Komron uni yosh boladay azot ko‘tarib oldi. Farida o‘zini qutqazish uchun tipirchilar, nafasi bo‘g‘ilib hansirardi. Chorshafidan to‘zib chiqqan sochlari Komronning yuziga urilar, quchoqda talpinishi yigit kuchiga kuch berar, harorati qonini qizdirardi. Komron uni pastgacha ko‘tarib tushdi. Qiz esa jarga qulayotgan kishi singari nafasini ichiga olib, ko‘zlarini yumib oldi. U goh  kular, goh yig‘lardi.
Farida tashqari eshigiga yetganda yalina boshladi:
— Ahvolimga qara, Komron! Shu ahvolda qanday tashqariga chiqamiz? Ruxsat ber, yuqoriga chiqib, bir zumda kiyinib tushay.
Komron bo‘shatmadi.
— Iloji yo‘q, Farida. Bir marta bo‘ldi-bo‘ldi. Endi zo‘rg‘a qo‘lga kiritganimda yana bo‘shataymi, yo‘q, — dedi kulib.
Faridaning qarshilik qilishga ortiq madori qolmadi shekilli, boshini Komronning ko‘ksiga qo‘yib, uyala-uyala:
— O‘shanda ketib qolganimga o‘zimni ham pushaymon bo‘lmagan deysanmi? — dedi.
Komron uning yuzini ko‘rmasdi. Faqat betlarini, lablarini silab-siypagan, suyib ardoqlagan barmoqlarga issiq ko‘z yoshlari tomayotganini his etardi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:01:27

*  *  *

Ular yo‘lda ham quchoqlashib ketishdi. Ro‘parada kelayotgan ikkita baliqchini ko‘rishgandan keyingina ayrilishdi. Hanuz gaplashmay borardilar. Yonma-yon yurish baxti ularni mast qilgan edi.
Ana bog‘ yo‘li! Komron o‘n yil avval Faridani shu yerda birinchi marta ko‘rgan edi. Komron qizning yelkasidan sekin ushlab:
— Bu yer esingdan chiqib ketgandir, Farida?— dedi.
Qiz uzoqlarga cho‘zilib ketgan yo‘lga qarab kulimsiradi.
— Bu qarashingda ma’no bor, demak, esingda?
Farida sekin xo‘rsindi. Keyin, bir eski xulyoga kulimsirayotganday, chuqur horg‘inlik va o‘ychanlik bilan Komronga qaradi.
— O‘sha mahal biram suyungan edimki!.. Ajabo, buni esdan chiqarib bo‘ladimi? — dedi.
Yigit, qiz boshini teskari o‘girib olmasin, ko‘zlari ko‘zlarimdan ayrilmasin, deb Faridani iyagidan ushladi, og‘ir, sokin bir tovush bilan:

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:01:36

— Farida, — dedi, — bizning butun sarguzashtlarimiz mana shu yerdan boshlangan. Bilaman, azizim, sening bu ko‘zlaring shunchalar jafo, shunchalar sargardonliklarni ko‘rdiki, gaplarimga, dardlarimga, albatta, tushunadi. Senga ko‘ngil bergan vaqtlarimda kulishdan, ermak qilishdan boshqa narsani bilmaydigan g‘ofil, sho‘x qizcha, nurday, ovozday qo‘lga kirmaydigan Choliqushi eding. Senga chuqur muhabbatim bor edi. Har kuni ertalab uyg‘onganimda muhabbatim qalbimda yana ham ulg‘ayganini sezardim. Bundan ham uyalar, ham qo‘rqar edim. Gohi mahallar menga shunday qarar, shunday so‘zlar aytardingki, yuragim shirin umidlar bilan talpina boshlardi. Lekin sen darrov o‘zgarib olarding. Hamisha kulib, mazax qilib turgan bola ko‘zlaringda goho nozik, hassos qiz qalbi aks etardi-yu, yana darhol yo‘q bo‘lib ketardi. Ana shunday hollarda «Yo‘q, bu qiz meni tushunmaydi, axiyri meni xazon qiladi!» deb o‘ylardim. Hayotingni, ko‘nglingni shunchalik toza vafo bilan menga bag‘ishlashingni umid qilgan edim. Sen, balki meni ko‘rganingda o‘chgan rangingni, titray boshlagan shu chiroyli lablaringni yashirish uchungina mendan qochib yurgandirsan? Men esam buni Choliqushining yengiltakligi deb ich-etimni yeb yurardim. Menga qara, Farida, bunchalik toza vafoni, bunchalik ajoyib qalbni kichkina Choliqushining bag‘riga qanday qilib sig‘dirding?
Komron bir zumgina to‘xtadi. Oppoq, nafis chakkalarida mayda terlar paydo bo‘ldi. U boshini solintirib, yana ham past tovush bilan so‘zini davom qildi:

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:01:47

— Dardim shu bilan cheklanmadi, Farida. Seni hatto o‘zimdan, hayotimning turli soatlarini bir-biridan kunlardim. Dunyoda vaqtning o‘tishi bilan bo‘shashmaydigan, kuchini yo‘qotmaydigan hech qanday his yo‘q. "œBordi-yu, bir kun kelib Faridani bunchalik sevmay qolsam, bu shirin hislardan judo bo‘lsam-a!.." deb qo‘rqardim. Shunday paytlarda yonib tugalishidan qo‘rqib, chiroqlarni qanday o‘chirib qo‘yishsa, men ham shunday qilar, ya’ni xayolingni ko‘zlarimdan uzoqlashtirishga tirishardim. Farida, tog‘larda bir o‘t o‘sadi, otini bilmayman. Odam uni qancha ko‘p hidlasa, bora-bora hidini payqamaydigan bo‘lib qoladi. Bu ajoyib hiddan mahrum bo‘lgisi kelmagan kishi uni ma’lum muddatgacha o‘zidan uzoqlashtiradi. Davosi shu. Goho yana o‘sha ajoyib hidni qo‘msab, har qanday hidni, masalan, yaramas "œSariq gul" hidini ham dimog‘iga keltiradi. Ana shu o‘t o‘z hidlari tufayli bemahal xazon bo‘ladi: odamlar uzib olishib qo‘llarida so‘ldirishadi, eza-eza o‘ldirishadi. Farida, dog‘u hasratda qoraygan ko‘zlaring, alam va uqubatdan sarg‘aygan go‘zal yuzing bilan seni qo‘llarda ezilgan sari hidi ortgan o‘sha xushbo‘y gullarga o‘xshataman. Gaplarimga tushunyapsanmi, azizim? Evoh, ko‘zlaring ortiq kulmayapti. Demak, mening bema’niday ko‘ringan bu so‘zlarimni ermak qilyapsan.
Farida uyqu elitgan yosh bola singari ko‘zlarini yumib oldi. Kipriklarida yoshlar jilvalanar edi. Bu hayajonli kechinmalar uning madorini quritdi, tizzalari o‘z-o‘zidan bukila boshladi, u butun og‘irligini Komronning qo‘llariga tashladi.
Xuddi tushdagiday, yolg‘iz lablarining harakati bilan shivirladi,
— Ko‘rib turibsan, Choliqushi abadiy o‘ldi.
Komron boshini yana ham yaqinlashtirib, ayni ohangda shivirladi:
— Hechqisi yo‘q, "œCholiqushi"ga bo‘lgan butun muhabbatimni boshqasiga, "œGulbashakar"ga berdim...

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:01:58

Komron qo‘llarida hamon og‘irlashib borayotgan bu majolsiz vujudning birdan jonlanganini, hayot zavqi bilan talpinganini sezdi.
— Yo‘q, unday dema, jon Komron!
Farida hanuz Komronning ko‘ksida yotgan boshini xiyol orqaga tashlab, yuzini unga qaratdi. Kesik, bo‘g‘iq nafas titratayotgan bo‘ynining tomirlari ko‘karib borar, yuzi yonib, ko‘zlarida qizil uchqunlar o‘ynardi.
Komron yana boyagi so‘zini takror aytdi:
— Gulbashakar, mening, faqat meninggina Gulbashakarim!
Farida butun vujudi bilan qaltirab oyoqlarining uchiga turdi, yigitning yelkalaridan mahkam quchoqladi, tomirlaridagi hamma qoni lablariga yig‘ilganday edi, u bo‘ynini cho‘zdi...

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:02:09

*  *  *

Bir minutchadan keyin tin olishdi: Farida uzoq chanqoqdan so‘ng tiniq buloqda miriqib suv ichgan qush singari jonlangan edi. U yer tepinib tipirchilar, shovqin solar, Komronga ko‘rsatmaslik uchun hadeb yuzini u yoq-bu yoqqa tebratar:
— Qanday uyat ish bo‘ldi, voy xudo! Sen sabab bo‘lding, xudo haqqi, sen sabab bo‘lding!.. — deb chirqirardi.
Yonlaridagi daraxt shoxida bir choliqushi tinmay sayrar edi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 13:02:37

IZOHLAR

* So‘r (Soeur) — opa (frantsuzcha). Bu yerda frantsuz katolik tarbiyaxona murabbiyasi.
* Diyorbakir — Turkiya shaharlaridan biri. Musul, Bag‘dod va Karbalo — Iroq shaharlari; birinchi jahon urushigacha Iroq Usmonli imperiyasida edi.
* Chorshaf — arab, turk, eron xotinlari yopinadigan chodira, paranjining bir xili.
* Husayn yomon, Husayn yaramas, adabsiz... oo.
* Choliqushi — butazor qushi, chittak.
* Ma soeur (frantsuzcha) — mening opam, opa.
* Hazrati Ayyub qudug‘i — Istambulda Muhammad payg‘ambar sahobalaridan Abu Ayyub Ansoriy dafn etilgan mashhur qabriston.
* Pardon (pardon) — kechirasiz (frantsuzcha).
* Qyag‘itxona — Istambul atrofidagi bir tuman va soy nomi. 
* Mersi (mersi) — rahmat (frantsuzcha).
* Grand (grande) — katta (frantsuzcha).
* Suvenir (souvenir) — esdalik, hadya (frantsuzcha).
* Lamoure — sevgi. Souvenir d`amore — sevgi esdaligi.
* Frantsuz bolalar ertagi nazarda tutiladi.
* Shamsiya — zontik.
* Bonjur — salom (frantsuzcha).
* Xalfa — bu yerda shogird ma’nosida. Bundan tashqari, peshqadam oqsoch, xizmatkor ma’nolarida ham keladi. Erkak va ayollar ismiga qo‘shib aytiladi.
* Nozir — ministr.
* Istido — ariza, iltimosnoma (arabcha).
* Xo‘jonim — muallima, ayol o‘qituvchi.
* Dorulmuallimot — xotin-qizlar bilim yurti.
* "œDames de Sion" — 1843 yilda Alfons va Tador Ratistonlar tomonidan yahudiylarni katolikka aylantirish uchun tashkil qilingan qizlar diniy maktabi.
* Rushdiya — Turkiyada to‘rt sinfli boshlang‘ich maktab.
* Hamshira — opa yo singil (forscha).
* Fondan — ichiga likyor joylangan shokoladli konfet.
* Nagila — qalyon, chilimning bir turi.
* Valiul-ne’mat — ne’matini beruvchi (arabcha).
* Idodiya — Otaturk islohotigacha Turkiyada mavjud bo‘lgan yuqori sinfli maktab.
* Bu yerda yosh turklarning 1908 yilgi revolyutsiyasi nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak. Shu revolyutsiyada Turkiya konstitutsiyali monarxiya deb e’lon qilingan va 1876 yildagi konstitutsiya qaytadan tiklangan edi.
* Majidiya — yigirma qurushli tanga.
* Rumeli — Usmonli Turkiyaning Yevropa qismi.
* Samatiya — Istambul tumani.
* Meret — lapashang, anqov (turkcha).
* Abo — dag‘al mato yoki kigizdan tikilgan uzun kiyim, chopon.
* Fili Mahmud — mamont.
* Oldi qisqa, orqasida uzun yirmoch etakli, smokingga o‘xshash erkak pidjagi.
* Per Loti — frantsuz yozuvchisi; dez-an-shan-te (desenshantes) — umidi puchga chiqqanlar.
* Toliba — o‘quvchi qiz (arab-cha).
* Organ — cholg‘u asbobi.
* Jumba — qadimiy turk uylarida tashqariga chiqarib qilingan darcha. Ichkaridan turib qaragan kishi tashqaridan ko‘rinmaydi.
* Beyo‘g‘li — Istambulning bir rayoni.
* Nishonli — unashilgan kishi.
* Katta xalfa — xizmatkor xotinlar boshlig‘i, oqsoch.
* Qaymaqom — uezd, shaharcha boshlig‘i.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Yanvar 2009, 07:02:26

Choliqushi (roman)



Muallif: Rashod Nuri Guntekin
Hajmi: 840 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan