Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289008 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 61 B


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:42:20

Bo‘lamga bildirmasdan eshikka razm soldim, o, nimalarni ko‘rdim! Xira oyna orqasida kattakon bosh soyasi... Darhol sirga tushundim — Mishel edi u. Biron xaritaga ehtiyoj tug‘ilganini laqma murabbiyaga aytgan-u, dahliz yonidagi bu xonadan bizni poylagani kelgan.
Soya yo‘qoldi. Lekin oyna tagidagi kalit teshigidan u qiz bizga qarab turgani shubhasiz edi. Nima qilishim kerak? Komron ikkalamiz bir-birimizga ko‘ngil qo‘ygan kishilar bo‘lganimiz uchun u bizdan boshqacha narsalarni kutar edi. Bo‘lamga: "œBor endi, xudo yo‘lingni ochiq qilsin, uydagilarga salom ayt", — deb apil-tapil eshikdan chiqib ketsam, sirni tushunib qoladi, yo‘lakda boshimni qo‘llari orasiga olib siqadi-da, sochlarimni to‘zg‘itib: "œXo‘p menga hangoma aytgan ekansan-da?!" — deb kuladi.
Bu qo‘rquv o‘sha onda menga quvlik yo‘lini ochib berdi. Yaxshi narsa emas harholda, lekin nachora? Modomiki, rolni o‘ynay boshlagan ekanmiz, endi uni oxirigacha o‘ynashimiz kerak.
Mishel ham maktabdagi dugonalarimning ko‘pchiligi singari turkcha bilmas edi. Shuning uchun har qanday safsatadan hadiksirashga o‘rin yo‘q edi. Ishqilib, ovoz, harakatlar oshiq-ma’shuqlar harakatiga o‘xshamasa bas...
— Esimdan chiqishiga sal qolibdi, — dedim Komronga, — enagangning nevarasi chorbog‘damidi?
Enaganing nevarasi necha yillardan beri chorbog‘da yurib o‘sgan yetim bola edi.
Komron savolimga hayron bo‘ldi...
— Albatta, chorbog‘da... Qayoqqa ketardi? — dedi.
— Albbatta... Bilaman... Faqat... Qaydam... o‘zim... Shu bolani biram yaxshi ko‘ramanki...
— Bu yana nimasi? — dedi. — Yuziga qayrilib qaraganing ham yo‘q edi-ku bechoraning...

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:43:26

G‘alati bir harakat bilan:
— Yuziga qaramaganim nimani isbot qiladi, yaxshi ko‘rmaganimnimi? — dedim.
— Bu qanday tentaklik?
— Ha, men u bolani shu qadar yaxshi ko‘ramanki...
Men "œyaxshi ko‘raman" so‘zini "œGul tutgan ayol" rolini o‘ynagan artist harakati bilan bo‘ynimni bukib, qo‘llarimni ko‘ksimda qovushtirgan holda aytdim, ko‘z qirim bilan esa eshikka razm soldim.
Mishel olti og‘iz turkcha so‘z bilsa, bularning uchtasi mutlaqo "œyaxshi ko‘rmoq, sevgi, savdo" kabi so‘zlar bo‘lishi kerak. Mabodo shu taxminimda yanglishgan taqdirimda ham, u bu so‘zlarni lug‘atdan topib olar yoki "œyaxshi ko‘ramanki" so‘zining naqadar "œdahshatli" ma’nosi borligini turkcha biladigan har qanday odamdan so‘rab ola bilar edi. Bu masalada faqat Mishelnigina emas, Komronni ham nazarda tutish zarur edi. Bu ikkinchi siyosatni harholda udda qilolmagan bo‘lsam kerak.
Komron so‘zlarimga ham, qiliqlarimga ham kulib:
— Bu shamol qaerdan esdi birdaniga, Farida? — dedi.
Qaerdan essa esaversin. Hozir qarab turadigan paytmi? Hamon boyagi harorat bilan:
— Nachora, shunday... Yaxshi ko‘raman, vassalom, — dedim. — Menga so‘z ber... Uyga borganingda ana shu boyoqish bolaga mening nomimdan suvenir* o‘rnida... Suvenir o‘rnida... Bildingmi, suvenir d`amur** o‘rnida...

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:43:46

Enaganing nevarasiga eltib ber deb, Mishelning ko‘zida Komronga bir narsalar bergim kelardi. Faqat cho‘ntaklarimdan, aksiga olib, turmaklangan qog‘ozlardan boshqa narsa chiqmadi; men bu qog‘ozlarni kechqurungi dars tayyorlash paytlarida mudrab o‘tiradigan murabbiyaga otish uchun turmaklab qo‘ygan edim. Lekin chorasizlik bundan ham yaxshiroq bir narsani ko‘nglimga soldi. Komronni birdaniga qo‘llaridan ushladim, quchog‘iga tashlanadigan bir vaziyatni oldim-da:
— O‘sha bolani mening uchun quchog‘ingga olasan, — dedim. — Betlaridan, ko‘zlaridan qayta-qayta o‘pasan, uqdingmi?.. Va’da berasanmi-a?..
Komron bilan quchoqlashganday turardik. Nafaslarimiz bir-birimizniki bilan aralashib borardi. Hech narsadan xabari yo‘q bo‘lam bu haroratga tushunolmas, hayratidan qutula olmas edi.
Rol muvaffaqiyat bilan o‘ynab bo‘lindi. Endi parda tushsa bo‘lardi. Komronning qo‘llarini qo‘yib yuborib, ezgin bir qiyofada o‘zimni tashqariga otdim. Mishel yo‘lakda orqamdan yetib kelib bo‘ynimga osiladi, deb o‘ylardim. Atrofning jimjitligini bilib to‘xtadim, orqamga qaytib, lavhalar xonasining eshigi oldiga keldim. Ichkaridan sharpa ham, ovoz ham eshitilmagani uchun eshikni ochishdan o‘zimni tutib qololmadim. Nimalarni ko‘rmay! Onda-sonda bizga musiqa darsi bergani keladigan qari Kasave emasmi bu? Qaltiroq oyoqlari bilan bir taburetkaga chiqib olib, shkaf ustidan nota daftari qidiryapti...
Tfu, xudo jazoingni bersin! Mishel deb vahimaga tushibman, Komron oldida o‘zimni bekorga sharmanda qilibman-a!
Bezak tutgan odamday yuzimning o‘t bo‘lib yonganini his etdim. Sinfga qaytish o‘rniga boqqa chiqib ketdim. U yerda chashma jo‘mragini ochib, ostiga boshimni tutdim.
Vujudimda olov harorati bilan birga titroq ham bor edi. Chashma suvlari sochlarimdan, yuzimdan oqib, ko‘ylagim ichiga kirib borar, men esam:
"œSevgi degan narsaning roli odamni shu qadar yondirib titratsa, kim biladi, uning o‘zi qanday ekan?" — deb o‘ylardim...

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:44:00

* * *

O‘sha yil Komron maktabga bir necha bor qatnadi. Shunchalik ko‘p keldiki, eshik har safar ochilganda meni dahlizga chaqirgani kelishayotganday tuyulib, yuragim o‘ynay boshlar edi. U menga keltirgan shokoladlar, pirojnoelar, pastalar bilan butun sinf ta’minlanib turdi, desam bo‘ladi.
Ochko‘zlikda ham tirishqoqligi qadar mashhur bo‘lgan sinfdoshlarimdan Mari Pirlantajiyan qand-qurslarimni oppoq yirik tishlari orasida g‘ajirlatib yeydi-da, yashirishning epini qilolmagan hasad bilan:
— Jigarso‘xtangki shunday ajoyib narsalar keltirgandan keyin, o‘zing ham rosa jigaridan uribsanda, — deydi.
Afsus, bu mojaro jonimga tega boshladi. Ba’zida o‘zimcha o‘ylanib ketaman: gap tashuvchi bolaning og‘zini yopish uchun keltirilayotgan bu narsalarni dugonalarimga boshqacha qilib ko‘rsatishim hayosizlik emasmi? Innaykeyin, Komron nega endi maktbga shuncha tez kelib turibdi? Har safar "œShu tomonlarda turadigan bir kasal o‘rtog‘imni ko‘rgani kelib edim-da. Taqsin bog‘ida bir oz mashq etishib ketay deb edim-da..." kabi sabablar ko‘rsatadi.
Boshqa bir kun hech narsa so‘ramasam ham:
— Otamning Nishontoshida bir qadrdon do‘stini ko‘rib kelyapman... Otam u kishini ko‘p yaxshi ko‘rardi, — dedi.
O‘zimni tutolmasdan birdaniga hamla qilib:
— Oti nima? Nima ish qiladi? Manzili qanday? — dedim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:44:26

Bo‘lam shoshib qoldi. Shu darajada shoshdiki, bironta yolg‘on ism, yolg‘on manzil ham tiliga kelmadi. Rangdan rangga kirib, kulib turib:
— Nima qilasan so‘rab? Seni nimasi qiziqtiradi?— kabi so‘zlar bilan meni aldashga tutindi.
Bunda muhim bir masala borday:
— Kelasi hafta boshlarida borib xolamdan so‘rayman, — dedim.
Komron bu gapimni eshitib, beshbattar qizarib ketdi.
— Zinhor so‘ray ko‘rma! Onamga og‘zingdan chiqarma!.. U kishi bilan ko‘rishishimni hech xohlamaydi, — deb yolvora boshladi.
Zaharli chayon, meni hech alday olmaysan... Sening yuragingda nimalar borligini bilaman.
G‘azab bilan o‘rnimdan turdim, u zo‘rlik bilan ushlamoqchi bo‘lgan qo‘llarimni cho‘ntaklarimga yashirdim.
— Na otangizning do‘stlari va na o‘zingizning do‘stlaringiz meni qiziqtiradi, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz... O‘rinsiz laqmalik qildim, xolos, — dedim-u, tashqariga chiqib ketdim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:44:59

* * *

O‘sha kundan keyin Komron har safar maktabga kelganda turli xil bahonalar qilib, oldiga chiqishdan bosh tortdim. Har safar olib kelgan qutichalarini sinfda yo bog‘da yirtib ochadigan, ichidagilarining bir donasiga ham qo‘l urmay, bolalar ustiga sochib yuboradigan bo‘ldim.
Haqiqat oyday ravshan edi. Baxtiyor tul mutlaqo shu atroflarda turishi kerak. O‘sha kechadan keyin, albatta, pisandalari shunday bo‘lgan. Bo‘lam tez-tez unikiga boradi, shu orada meni ham yo‘qlab turadi.
Xohlagan axloqsizliklarini qilishaversin... Menga nima, faqat ikki o‘rtada meni o‘yinchoq qilishlari jon tomirimni sug‘urardi. Shu narsa esimga tushdi deguncha badanimni o‘t olar, alamimdan yig‘lab yubormaslik uchun lablarimni tishlab qonatar edim.
Narimonning qaerda turishini uydagilardan so‘rab bilib olish hech gap emas, lekin bu xotinning otini tilga olish men uchun chidab bo‘lmaydigan narsaday tuyulardi.
Dam olish kunlarining birida uyga borgan edim, mehmonlardan biri Najmiyaga:
— Ilgari kuni Narimondan xat oldim, juda baxtli emish, — deb qoldi.
Kichkina laychani hovuzda cho‘miltirgani olib chiqib ketayotgan edim. Shu so‘zlarni eshitdim-u, eshik oldida to‘xtadim, yerga cho‘kkalab kuchukchani quchog‘imdan sekin qo‘yib yubordim.
Baxtiyor tul haqida bir narsa so‘rash fikrim yo‘q edi, lekin qulog‘imga birov paxta tiqib qo‘yibdimi?
Mehmon hamon so‘zlardi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:45:30

— Eridan juda xursandga o‘xshaydi, bechora bu gal zora baxtli bo‘lsa...
Najmiya odam ovozini takrorlaydigan hammom gumbaziga o‘xshab:
— Ha, ha, bu gal zora baxtli bo‘lsa bechora, — deb mehmonning so‘zlarini takrorladi-yu, ahmoqona bir tarzda gapga xotima berdi.
Chorasiz bir zarurat boshimga tushdi. Hazil-mutoyiba qilib:
— Xonim afandi yana erta tegdilarmi? — deb so‘radim.
— Qaysi xonim afandi?
— Sizga xat yozgan xonim. Narimon xonim.
Mehmon o‘rniga Najmiya javob berdi:
— Voy, xabaring yo‘qmi? Qachonlariyu... Narimon bitta injenerga tekkan... Besh-olti oydan beri eri bilan Izmirda turadi...
"œBu gal zora baxtli bo‘lsa, bechora..." degan tilakni men ham uchinchi marta takrorlab, kuchukchani quchog‘imga oldim-u, tashqariga pirillab chiqib ketdim. Lekin hovuzga bormadim: chetanlar, bog‘ to‘siqlari ustidan sakrab o‘tib, bog‘ atrofida gir aylana boshladim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:45:51

* * *

O‘sha yoz sayohatga chiqdim. Uzoqqa emas, Taqirdog‘iga... Ma’lumki, xudo menga xolalardan mo‘lroq narsa bermagan. Shulardan biri ham Taqirdog‘ida. Eri Aziz pochcham xolamga uylangandan beri o‘sha yerda dehqonchilik qiladi. Mujgon degan mendan uch yosh katta qizlari ham bor. Qarindoshlarimning bolalari ichida hammasidan ko‘proq o‘shani yaxshi ko‘raman.
Mujgon xunuk qiz. Lekin men bunga parvo qilmayman. Oramizda uch yosh farq bo‘lishiga qaramay, men uni yoshligimdan beri katta opam o‘rnidan ko‘rib, o‘rganib qolganman. Hozir farqimiz juda kamayib qolgan bo‘lsa ham, hamon unga avvalgiday qarab "œopa" deb gapiraman.
Mujgon opam mening tamom aksim. Men qanchalik sho‘x, qanchalik olov bo‘lsam, u shunchalik og‘ir, vazmin. Buning ustiga sal zug‘mi ham bor. Xohlaganini qildiradigan bitta shuning o‘zi desam bo‘ladi. Ba’zan nasihatlariga parvo qilmay, xohishlariga qarshi chiqsam hamki, yana bo‘ysunishga to‘g‘ri keladi. Nega? O‘zim ham hayronman. Odam bolasi birovni yaxshi ko‘rish halokatiga uchradimi, tamom, o‘shanga qul bo‘lib qoladi.
Mujgon Oysha xolam bilan birga necha yilda bir marta Istambulga kelar, bir necha hafta chorbog‘da qolar, yo boshqa xolalarimnikida mehmon bo‘lar edi.
O‘sha yoz Taqirdog‘idan meni chaqirib xat keldi. Oysha xolam Basima xolamga yozgan xatida: "œSizdan-ku umidim yo‘g‘-a, lekin Faridani yozgi kanikulida, albatta, yuborsangiz, hech bo‘lmasa ikki oygina turib ketsa, kutamiz. Bilasiz-ku, biz ham xolamiz. Kelmasa, pochchasi ham, men ham, Mujgon ham juda qattiq xafa bo‘la-  miz",  — debdi.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:48:30

Basima xolam, Najmiya Taqirdog‘ini dunyoning bir burchagida deb hisoblashar, olis yulduzlarga qaraganday ko‘zlarini suzishib: "œBo‘lmagan gap! Shuncha joyga qanday borib bo‘ladi?" — deb vahima qilishardi. Men yasama bir hurmat bilan huzurlarida egilib:
— Ijozat bersalaringiz, u yerning borib bo‘lmaydigan joy emasligini isbot qilish zahmatini bo‘ynimga olsam, — dedim.
Dugonalarim orasida yozgi kanikul kunlarida oilalari bilan birga sayohatga chiqadiganlar va qaytgandan keyin bizga og‘iz ko‘pirtirib maqtanadiganlar bo‘lardi. Demak, maktab ochilganda bizga ham mundoq qadni ko‘tarib gapirish imkoni tug‘iladi.
Bulturgi sevgi savdosiga bu yil sayohat hikoyasi qo‘shilsa bormi, ajoyib dabdaba bo‘lar edi. Qani endi men ham portfelimni qo‘limga olsam-u, romanlarda yozilgan amerikalik qizlar singari yakka o‘zim kemaga tushib jo‘nab qolsam. Lekin xolalarim bu orzumni vahimali chinqiriq bilan qarshilab, yonimga bitta odam olmasdan yo‘lga chiqishimga rozi bo‘lmadilar. Shunda ham: "œQorong‘ida panjaradan dengizga qarama... Kema zinapoyalaridan yugurib tushma" kabi og‘ir nasihatlari bilan ta’bimni rosa tirriq qilishdi, go‘yo Taqirdoqqa qatnaydigan tog‘oraday paroxodning Transatlantika kemalari singari sakson metrli zinapoyalari borday...
Mujgonni ko‘rmaganimga ikki yil bo‘lgan edi. Shu orada o‘sibdi, yetilibdi, gaplashishga odamning yuragi betlamaydigan darajada kerik salobatli bo‘lib qolibdi. Shunga qaramay, bir zumda apoq-chapoq bo‘lib ketdik.
Oysha xolam bilan Mujgonning do‘stlari juda ko‘p. Men ham o‘shalarga qo‘shilib oldim.

Qayd etilgan


shoir  12 Oktyabr 2007, 15:48:49

Har kun mehmondorchilikka chorboqqa yo boqqa chaqirib ketishardi. Endi katta qiz bo‘lib qolganimni, yarashmagan qiliq qilsam, ayb bo‘lishini aytganlari uchun harakatlarimga juda ehtiyot bo‘la boshladim. Begona xotinlarga qochiriqlar aytganimda, ularning savollariga jiddiy, muloyim javoblar qilganimda o‘zimni mehmon o‘yini o‘ynayotgan qo‘g‘irchoqqa o‘xshatardim. Shunday bo‘lsa ham, odamlar orasiga qo‘shilish menda g‘urur uyg‘otmay qolmas edi.
Mehmondorchiliklar bahrimni har qancha ochsa ham, lekin ular Mujgon bilan yolg‘iz qolgan baxtli damlarim qadar emas edi.
Pochchamning uyi dengiz bo‘yidagi baland qirlikda. Mujgon opam ba’zi joylari tik devorga o‘xshagan bu qirdan dengiz bo‘yiga tushishimni xavfli hisoblab, avvallari bunga yo‘l qo‘ymay keldi. Keyin esa men uchun hech qanday xavf yo‘qligiga o‘zi ham ishondi. Soatlar bo‘yi qumda yotar, suv betida tosh yumalatar, dengiz bo‘yida uzoq-uzoqlarga ketib qolar edik.
Dengiz bu mavsumda nihoyatda chiroyli, sokin bo‘lsa ham, lekin nash’asiz edi. Ba’zan soatlar o‘tardi, lekin sathida na bir yelkan va na nafis tuman parchasi ko‘rinardi. Kechki paytlarda dengiz odamning yuragini chiqarib yuboradigan darajada kengayib, sho‘ppayib qolardi. Xayriyatki, men bu tahlikani oldindan sezib olar, dengiz bo‘yidagi qoyalarni qahqahalarim bilan gurillatar edim.

Qayd etilgan