Qalamni kabob sixiday tishlarim orasida aylantirishimga kelsak, to‘g‘risini aytsam, buning hikmatini o‘zim ham bilmayman. Butun bilganim shuki, lablarimdan binafsha siyoh dog‘lari arimas edi. Hatto bir kun, endi ko‘zga ko‘rinib kelayotgan qizlik chog‘larimda, maktabimga meni ko‘rgani kelgan bir odamning oldiga mo‘ylov qo‘ygan kishiday chiqdim-u, uyalganimdan yerga kirib ketayozdim.
Nima to‘g‘rida gapirayotgan edim? Ha... Aleksi opaning ilk xotiralarni yozdirmoqchi bo‘lgan inshosi to‘g‘risida...
O‘sha kuni har qancha o‘ylasam ham, faqat shu narsalarnigina yozganim esimda:
"œMen baliqlar singari ko‘l ichida tug‘ilganga o‘xshayman. Onamni es-es bilaman... Otam, enagam, xizmatkorimiz Husayn ham esimda... Bir kun meni ko‘chada quvgan qora laychani... Bir kun to‘la savatdan yashiriqcha uzum olayotganida barmog‘imni chaqib olgan arini... Ko‘zim og‘riganda tomizilgan qizil dorini... Mehribon Husayn bilan Istambulga kelganimizni... Ha, shularga o‘xshash ko‘p narsalarni eslayman... Lekin bulardan hech biri ilk xotira emas... o‘zim yaxshi ko‘rgan ko‘lda, quyuq yaproqlar orasida qip-yalang‘och bo‘lib cho‘milib yurgan vaqtlarimdagiday eski xotiralar emas... Dengizday poyonsiz bir ko‘l... "œIchida katta-katta yaproqlar, atrofida daraxtlar bo‘lsa, bu ko‘l qanday qilib dengizday katta bo‘lishi mumkin?" deyarsizlar... Xudo haqqi, yolg‘on so‘zlayotganim yo‘q, o‘zim ham sizlarga o‘xshab hayronman... Ammo, aslida shunday bo‘lgandan keyin ilojim qancha?.."
Inshom sinfda o‘qilganda, dugonalarim men tomonga o‘girilishib, qahqaha urib kulib yuborishdi. Bechora Aleksi opa ularni tinchitish uchun anchagina zahmat chekdi.