Ota-onalarimiz haqida she'rlar  ( 374898 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 8 B


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 21:59:13

Yaqinda internet olamidan bir sher topgandim.Ammo afsus avtori kimligini topolmadim.Juda ham ta'sirli va ma'noli sher ekan.

Ota meni o'ylab g'am ema,
Ko'nglim kuhna ovchining saydi
Meni bandi aylagan kema ,
Haliveri to'xtash bilmaydi

Kamalakka aylanar yo'lim
Goho g'amnok gohida sho'xman,
qaytishimni o'ylash kulgili,
Men miltiqdan otilgan o'qman

Manzilim qay kimning yuragi,
Xudo bilar qildingmi tusmol,
Qo'rqma mening sinmas kuragim
Qo'rqma mening o'ylarim halol.

Garchi qadah tuta boshladim,
Garchi qizlar tilin bilaman.
Meni mayxo'r deyolmas hechkim
Oshiqlari berib qo'ygan tan.

Ketmon emas qalamim ila
Kiprigimga ilaman erni,
Kechir meni otajon illo..
Portlab-portlab yashagim keldi.

Ketganim yo'q qishloqdan to'yib,
Ildizimni yaxshi bilaman.
Men zaminni kaftimga qo'yib
Bitta ulkan qishloq qilaman..

Faqat meni o'ylab g'am ema
Guldirakman ko'ngling bo'lsin to'q
Ota bo'lsang bilasan dema ,
Ota bo'lib ko'rganimcha yo'q

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 21:59:56

**Onamga hat**

Men sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmayman,
Tunlari charog'on shunday shaharda,
Hech kimga ko'nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O'z do'stim uyiga ko'mildi sevgim,
Kun bo'lib ko'ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o'tgani ko'kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men - zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman...

Mana, ketayapman tosh yo'lda ko'zim,
Qadamim moshinlar yo'rg'asiga mos.
Yig'lasam yupatib o'zimni o'zim,
Pishqirib qo'yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmasdan.
Tunlari charog'on shunday shaharda
Hech kimga ko'nglimni yora olmasman...

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib.
Baxtimga hamisha omon bo'ling deb,
Sog'inib qoluvchi qizingiz Kumush...

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:00:41

Nimadir u, ko'zingga kelgan,
Xayolingga, ona, ne keldi?
Yig'lab turib hattoki kulding,
Nimadir u, ko'zingga kelgan?

Menga juda o'xshaydi, ona,
Ko'zlaringda yaltiragan yosh.
Menda o'sha ko'zu, o'sha qosh,
Menga juda o'xshaydi, ona.

Ona, uni to'kma, iltimos?
Ko'zlaringdan to'kilay agar.
Sevinchingdan bermasam xabar,
Ona, uni to'kma iltimos.

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:01:29

Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Bir baloni ko'rib yorug' dunyoda,
Toshkanni ko'rmagan bechora onam,
Bolang bo'lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o'g'il bo'ldimmi!..

Garchi bisotingda "bayram" so'zi yo'q,
Bilaman, kutasan sandal to'la cho'g',
Menda yurak deganlarin o'zi yo'q:
Men sovg'a bermagan qiz yo'q bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o'g'ilmi, onam?..

Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo'qlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas...
Axir, mening dardim She'r emas faqat,
Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o'g'ilmanmi, ayt?..

Sha'ningga she'r bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz cho'kib, qo'lingni o'psin.
Undan ham ulug'im borligin ko'rsin,
Men uchun ham aziz holingni so'rsin,
Sensiz g'arib ko'nglim ko'ngilmi, onam,
Endi men ham senga o'g'ilmi, onam!..

Muhammad Yusuf

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:02:38

Yetmish yulduz yog'ilib,
Yarim oycha to'lolmas,
Yeti yanga yig'ilib,
Bitta ona bo'lolmas,
Ona tirik eshikka
G'urbat yaqin yo'lolmas,
Mening esa, bag'rim qon,
Vayronaman onajon.

Garchi biz yosh, g'o'r edik,
Siz bor - biz ham zo'r edik,
Bir mayizni besh o'g'il
Teng bo'lishib yer edik,
Goh talashsak, haq so'zni
Onam aytsin der edik,
Tushmi endi u zamon,
Hayronaman, onajon.

Tirik yursa volidang
Toqqa kuching yetarkan,
Onang o'lsa, boshingdan
Oftob o'tib ketarkan,
Jindekkina alam ham
Tog'dek botib ketarkan,
Ko'ksim to'la ming armon,
To'lg'onaman, onajon.

Onasiz uy - oysiz tun
Ekan endi o'ylasam,
Qalbni o'rtar dardlarim,
Qay birini so'ylasam?
Sizsiz ko'cham befayz,
Halovat yo'q uyda ham,
Farishtasi tark etgan
Ostonaman, onajon

O'zing uchun o'l yetim!
O'rda ham men, qirda ham.
Ko'ylagimda tugma yo'q,
Tugma bo'lsa, kir -yoqam.
To'rt yangamga qo'shilib
Turtkilaydi to'rt og'am,
O'z uyimda jonajon,
Begonaman, onajon.

Ko'ngil o'zin tutingan
Bir mehribon qo'msaydi,
Dunyoda bir odamga
Siring aytib bo'lsaydi,
Onasizni do'sti ham,
Dushmani ham aldaydi,
Ayting axir, men kimga
Ishonaman, onajon?.

Yo'qligingiz qadamda
Turar shunday bilinib,
Non yopmaysiz tonglari
Menga kulcha ilinib,
Sarg'ayarman sarg'aygan
Rasmingizga termulib,
Ziyo istab zor qaqshar
Parvonaman, onajon.

Uy to'rida tolbeshik -
Akam yotgan, men yotgan,
Sherdek-sherdek kelbatli
Besh o'g'ilga asqotgan,
Qaytib kirib bo'lsaydi
Bo'lardim jon deb qaytgan!
Men bu joyni hammadan
Qizg'onaman, onajon.

Yashayapman sharpadek
Sezilmay goh, sezilib.
Gohi ko'kka intilib,
Gohi yerga egilib,
Sog'inganda she'r yozib
Yuraklarim ezilib -
El ichra bir shoiri
Devonaman, onajon

Muhammad Yusuf

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:03:09

Sog’inmoq bor,ko’rishmoq endi dushvor,
Oramizda poyonsiz daryolar bor.
Bir ko’rishga biz intizor mushtoqmiz,
Biz ikkiga bo’lingan bitta tog’miz.

Dunyolari bevafo xilqat ekan,
Baxt degani bir oily fursat ekan.
Taqdir azal oldida ojiz otang,
Ayro yashash bizga bir qismat ekan.

O’ksimagin jon o’g’lim,polvon o’g’lim
Seni tashlab ketganim,yolg’on o’g’lim
Sensiz mening bag’rim ham butun emas
Sensiz mening ko’nglim ham vayron o’g’lim.


Ko’zim oqu-qorasi sensan bilsang
Yuragimnimng nolasi sensan bilsang
Buni hayot deydilar qil ko’prik bu,
Tushunarsan bir kuni yigit bo’lsang.

Mayli men ne bo’lsam ham omon bo’l sen!
Onang orzu qilgandek o’g’lon bo’l sen!
Otangni qayg’urmay yashasang ham,
Yurti uchun qayg’urgan inson bo’l sen!

O’ksimagin jon o’g’lim,arslon o’g’lim,
Seni tashlab ketganim yolg’on o’g’lim.
Topmoq joyda yo’qotmoq ham bor ekan.
O’z holimga o’zim ham hayron o’g’lim.

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:03:43

IKKI QO‘RG‘ON

Onang ketsa savlatlaring ketgaydir,
Otang ketsa davlatlaring ketgaydir.
Shu ikkala qo‘rg‘oningdan ayrilsang,
Manglaydagi zar xatlaring ketgaydir.

Otasi yo‘q cho‘lda qolgan giyohday,
Onasi yo‘q rangi ro‘yi siyohday.
Kimning agar qo‘rg‘onlari yiqilsa,
To‘rt tomondan to‘rt ming ozor yetgaydir.

Nari borsa to‘rt yil kutar dildoring,
O‘n yil kutar sadoqatli do‘st-yoring.
Lekin otang sabr toshga aylanar,
Onang qirq yil ko‘z yummayin kutgaydir.

Otang o‘lsa, o‘ldi dema hayot u,
Ko‘ksingdagi so‘nmaydigan bayot u.
Nogoh agar yo‘llaringda qoqilsang,
Onang ruhi qo‘llaringdan tutgaydir.

Boshingga ish tushganida sinab ko‘r,
G‘amingga g‘am qo‘shganida sinab ko‘r.
Kimlaringdir sen deb ko‘z yosh yutar lek,
Otang qilich, onang qonlar yutgaydir.

Shon-shuhrating ketsa ketar do‘stlaring,
Mol-davlating ketsa ketar do‘stlaring.
Otang-onang qolar senla, qolgani
Shunchaki... ko‘changdan bir-bir o‘tgaydir.

Guljamol Asqarova

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:04:23

Otalar sha'niga loyiq so'z demoq
Tabarruk bir kitob yozish bilan teng.
Ularning mehri-ku,bamisli charoq,
Bag'ri ham yulduzli osmon kabi keng.

Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
Zaminni kaftida tutib,avlodga
Bus-butun yetkazgan otalar,axir.

Yuksak-yuksaklarga uchgan sor lochin
Nazar uzmagandek polaponidan.
Bardavom naslini asramoq uchun
Axir ota qavmi kechgan jonidan.

Non,degan farzandning dardli xitobi
Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
Bardoshli umrning zaqqum zardobi
Sochlari qirovdek ko'pirib chiqqan.

Taxti Sulaymonddan balanddir beshak
Ota deb atalgan martabayu baxt.
Farzand bunyod bo'ldi,o'lim yo'q demak
Otaning ilgida zamon bilan vaqt.

Men ko'kka termulib kutmasman madad
Do'st izlab har yonda kezmasman sarson.
Do'stu madadkor ham otadir abad,
Shoni-shoning erur,armoni-armon.

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:05:02

Ka'ba qopqasida turgan,ey posbon,
Avval onalarning ochgin yo'llarin.
Onalar poyiga tiz cho'k o'shal on,
Tavof qil,ko'zga surt,o'pgin qo'llarin

Hojar onamizning nidosi sabab
Ka'bada ko'z ochgan Obi Zam-zam ham.
Bir umr talpinmish onaga qarab,
Ne-ne payg'ambarlar ko'zlarida nam.

Qavmimni ranjitib qo'ymayin,ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.
Onalar bag'riga faqat beshik jo,
Hayotbaxsh allalar aytgan,muloyim.

Sho'rlik odamzodning tolei uchun
Eng avval onalar qilsin ibodat.
Zora,gunohlardan pok bo'lgay ochun,
Onalar o'tinchi topib ijobat.

Ka'ba qopqasida turgan,ey posbon,
Avval onalarning ochgin yo'llarin.
Onalar poyiga tiz cho'k o'shal on,
Tavof qil,ko'zga surt,o'pgin qo'llarin.

Qayd etilgan


Kumushbibi  16 Iyun 2006, 22:05:27

Kimdir savol berdi:-Aytgil,Muhammad,
Yolg'iz sen Rasulsan butkul olamga.
Kimga ko'p yaxshilik aylay,o'zing ayt,
Ota-onamgami yoxud bolamga.

Rasul javob qildi:-Tingla birodar,
Gapimni bir bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
Eng avval onangga yaxshilik qilgil.

Shu hikmat sharhini o'yladim uzoq-
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz,biroq
Onadan tug'ilgan payg'ambarlar ham.

Abdulla Oripov

Qayd etilgan