Qalbning qizil gulxani
Qalbing qizil gulxani so'ldi,
Kultepada qolmadi bir cho'g',
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...
Endi menga ikki dunyo bir,
Sig'mam na yer, na osmoniga.
Tomga chiqib ketarman endi,
Men ham qizg'aldoqlar yoniga.
Hey, yulduzlar yurtida chaman,
Bulutman deb yurgan tutunlar
Ko'ksim yonib ketmoqda yomon.
Mendan nariroqdan o'tinglar!
Qalbda sevgi gulshani so'ldi,
Qoldi faqat lovullagan cho'g'.
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...
Kel yuragim, bag'rimni o'yib,
Sevgimni suvlarga otamiz.
Maysalarga boshimni qo'yib,
Kapalak yopinib yotamiz.
(Muxammad Yusuf)