Avji saratonda hansirab,yonib,
Qovrilib olovli yo’llar taftida.
Muzdayin buloqdan suv ichgach qonib,
Hordiq olganmisan chinor tagida?
Ruhingda safoyu,taningda mador,
Umidbaxsh qo’shiqlar kuylaganmisan?
O’sha payt,o’sha on hech qursa bir bor,
Chinorni kim ekkan-o’ylaganmisan?
Ro’baqro’ kelding sen toshqin daryoga,
Qolding sohil uzra chorasiz,giryon.
Lekin yo’liqqanday ajib ro’yoga,
Qarshingda bir ko’prik bo’ldi namoyon.
Bamisli uzala tushgan xor vujud,
Ko’targay u turfa insonlar korin.
O’tding sen daryodan salomat va but,
Lekin o’yladingmi ko’prik me’morin.
O’rmonlar bag’rida sayr etgan sayoh,
Changalzor qo’ynida sargardon ovchi.
Mo’jaz boshpanani ko’rdingmi nogoh,
Uni qoldirmishdir qay bir yo’lovchi.
Qoldirmish u senga qaro kun uchun,
Bir chimdim tuz bilan bir juft chaqmoq tosh.
O’ylab ko’rganmisan,bu himmat nechun?
O’ylab ko’rganmisan,kimdir u g’amdosh?
Ha,inson umrining kechmishi ajab,
Goh to’ng’ar,goho u yashnar qulf urib.
O,balki qaysi bir fidoyi sabab,
Yuribsan sen hayot nashasin surib.
Ayt,axir o’zing ham to borsan sobit,
Kimsaga nasiba uzatganmisan?
Ko’changdan lapanglab o’tganda tobut,
Sen uni to’rt qadam kuzatganmisan?
Chorasiz bir inson uchragan damda,
Unsiz so’rog’iga qildingmi javob?
Ayt-chi,bilarmisan,yorug’ olamda
Bularning barchasi atalgay savob.
Yo’q,yo’q,o’zga erur bid’at va karam,
Himmatu saxovat tiriklarga xos.
Bobolar beta’ma qurgan dunyo ham
Asli savob uchun qolgan bir meros.
Kimdir tuzar uni,kimdir buzadi,
Kimdir borini ham qiladi barbod.
Kimdir ta’ma bilan dunyo kezadi,
Kimdir o’ksuk dilni etadi obod.
Savob deb ingraydi dunyomiz behol,
Zordir u najotbaxsh hislar sehriga.
Janglarda toliqqan majruh zot misol,
Suyanib yashar u inson mehriga.
To hayot ekanmiz savobga zormiz,
Yilt etgan shu’ladan dillar fayzziyob.
Goh g’amgin,goh esa umidga yormiz,
Yo’qolmasa deymiz dunyodan savob.
Axir uning bilan gullagay ochun,
Axir uning bilan umrlar shoyon.
Faqat savob borki,jahon bus-butun,
Faqat savob borki,azizdir Inson!
Abdulla Oripov