Qur’onni hech kim Abulfazldek maromiga yetkazib qiroat qila olmasdi. Agar uni uyqusidan uyg‘otib, falon suradagi falon oyatda nima deyilgan, deb so‘ralsa, o‘sha damdayoq u sharillatib aytib, hatto tafsirini ham so‘zlab bera olardi.
Bir kuni u shahzoda Mas’udga Qur’onning ba’zi suralaridagi oyatlar mazmunini tushuntirib, izohlab berdi:
— Borliq ikki qarama-qarshilik, bir-biriga zid juftlik: Rahmon bilan shayton, ezgulik va yovuzlik, nafs bilan qanoat, oqillik bilan nodonlik, xursandchilik bilan g‘am, o‘t bilan suv, erkak va ayol, issiqlik bilan sovuqlik, hayot va mamot, yorug‘lik va qorong‘ulikdan iborat. Bu juftliklarni yana davom ettirish mumkin. Zero, ana shu bir-biriga qarama-qarshi juftliklar uzluksiz kurashib, bu dunyo ishlarini harkatga keltiradi. Men sizga shuni alohida ta’kidlamoqchimankim, agar ana shu azaliy kurashda mazkur juftliklar bo‘lmasa erdi, nainki bu yorug‘ dunyo, hatto inson degan buyuk zot ham bo‘lmasdi. Mantiqan oddiy bir misolni keltiray. Magarki, bu dunyo faqat qorong‘ulikdan iborat bo‘lsa, hayot bo‘lmasdi. Yoki, aksincha, faqat yorug‘lik bo‘lsa ham xuddi shunday. Kecha bilan kunduzning almashib turishi, Oy bilan Quyoshdek ulkan sayyoralarning bir soniya tinim bilmasdan o‘z fazolarida o‘ta nozik intizom bilan aylanishlari Yaratganning qudratiga dalolat emasmu!
Shahzoda Mas’ud Bayhaqiyga tashakkur aytdi. Shundan so‘ng bir necha bor uning huzurida bo‘lganida ham, Abu Rayhon Beruniy bilan suhbat qurganida ham Qur’on va uning oyatlari xususida ikki buyuk alloma o‘gitlarini tinglab, o‘ziga tegishli xulosalar chiqarardi.
Bayhaqiy orzu qilardiki, igna bilan quduq qazigandek, kechani kunduzga ulab yozgan bitiklari, Olloh nasib etsa, avlodlarga ulkan bir tarixiy kitob bo‘lib qolg‘ay. Devon yumushlari, saltanatning turli tomonlariga yuboriladigan rasmiy hujjatlar deysizmi, kundalik yozishmalar-u hukmdorning qo‘shni davlatlarga, mashhur arboblarga yo‘llaydigan maktublari deysizmi — hammasi shu mushfiq, mehnatkash dobir va olim, hassos muallif qo‘lidan o‘tardi. Ba’zida Bayhaqiy biror yumush bilan saroydan uzoqroq ketsa, hukmdor so‘rab qolib, hammayoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketardi. Ha, Bayhaqiy saroyning eng kerakli kishisi edi. Rahmatli Sulton Mahmud ham, amir Mas’ud ham unga juda-juda ishonar, urishsalar ham, so‘ksalar ham, keyincha o‘sha ozorlarini uning ko‘nglidan chiqarishardi.