Rasululloh(sollalohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat  ( 9847 marta o'qilgan) Chop etish

1 B



Foniy  04 Sentyabr 2007, 14:16:51

Maqomi Mahmud


Bu maqom Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) oyati karima bilan va'da qilingan bo‘lib, unga Alloh taolo nazdida boshqa hech bir inson zoti erisha olmaydi. Bu, butun insoniyatga shafoat maqomidir.
Sahih bir rivoyatda keltirilishicha: «Qiyomat kunida butun insoniyat gunohlarining kechirilishi uchun o‘zlariga bir shafoatchi izlaydilar. U kunda odamlar eng avval yaratilgan va birinchi payg‘ambar bo‘lgan, insoniyat otasi Odam (alayhissalom) huzuriga borib:
— Ey hazrati Odam! Ey otamiz! Alloh sizni hammadan avval yaratgan va sizga o‘z ilohiy ruhidan ufladi va sizga farishtalarni sajda qildirdi. Siz ulug‘ maqom egasisiz. Alloh taolo nazdida biz gunohkorlarga shafoatchi bo‘ling, bizni bu g‘amdan xalos eting, — deb yolvoradi.
Hazrati Odam (alayhissalom):
— Siz aytayotgan u maqom menga berilgan emas. Men ham qilgan gunohim tufayli Alloh taolo nazdida aybdorman. Bu kun ilohiy g‘azab kunidir. Oh, nafsim, nafsim, — deydilar.
Xalq bu holdan yanada g‘amgin bo‘lib, hazrati Nuh (alayhissalom) huzurlariga boradi:
— Ey hazrati Nuh! Siz Odam otamizdan keyin ikkinchi ota va yer yuziga yuborilgan ilk rasulsiz. Haq taolo siz haqingizda «shukr qiluvchi bandam» deya marhamat qilgan. Holimizga rahmingiz kelsin. Alloh oldida biz osiylar uchun shafoatchi bo‘ling.
Hazrati Nuh (alayhissalom):
—Ey insonlar! Bunday martaba va maqom menga nasib etmagan. Men qavmim uchun oxirgi duoyimni ham izhor etib bo‘lganman. Bugun esa Alloh taolo eng ko‘p g‘azab qiladigan kundir. Bugun ilohiy g‘azab kunidir. Oh nafsim, —deydilar.
Odamlar hazrati Ibrohimning (alayhissalom) huzurlariga shoshadi:
— Ey hazrati Ibrohim! Siz Allohning xalilisiz, do‘stisiz, biz gunohkor bandalarni shafoat qiling!..
Ibrohim (alayhissalom) shunday deydilar:
— Ey insonlar! Menga shafoat qilish maqomi berilmagan. Bugun ilohiy g‘azab kunidir. Sizlar Musoga boringlar.
Talvasaga tushgan odamlar Muso (alayhissalom) huzurlariga keladi. Hazrati Muso ularni Iso (alayhissalom) huzurlariga yuboradilar. Hazrati Iso (alayhissalom) bunday deydilar:
— Menga bunday maqom berilmagan. Bunday ulug‘ maqom va martabaga erishgan zotgina bugun sizga shafoatchi bo‘la oladi. Hazrati Muhammadning (alayhissalom) huzurlariga boring. U muborak zot tufayligina Alloh sizga najot berishi mumkin.
Shunda butun Mahshar ahli umid bilan Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga yo‘l oladi. Ilgari yer yuzida yashagan jami munkir, gunohkor bandalar ko‘zyosh to‘kib, u zotdan shafoat istaydi. Payg‘ambarimiz Maqomi mahmudda sajda qilib, insonlarga shafoat so‘raydilar. Alloh taolo:
— Sajdadan boshingizni ko‘taring, ey Muhammad, duoyingiz va shafoatingizni qabul qildim, — deya marhamat etadi.
Rasululloh (alayhissalom):
— Yo Rabbim! Ummatim, ummatim, — deb ko‘zyosh to‘kadilar.
Haq taolo yana u Zotga marhamat qiladi:
— Ey Habibim, bugun qalbida zarracha imoni bo‘lgan kishi afvimga loyiq bo‘ladi.
Rasullulloh yana sajdaga bosh qo‘yadilar. Haq taolo marhamat qiladi:
— Boshingizni sajdadan ko‘taring. Duo qiling. Bugun sizning duo va shafoatingiz qabul bo‘ladigan kun, ey Habibim.
Muhammad (alayhissalom) yana:
— Ummatim, ummatim, — deya tazarru va iltijo qiladilar. Alloh taolo:
— Qalbida zarra qadar imoni bo‘lgan bandani kechirdim, — deya marhamat qiladi.
Rasululloh yana sajdaga ketadilar. Haq taolo yana:
— Sajdadan boshingizni ko‘taring, — deya marhamat qiladi. Muhammad (alayhissalom) sajdadan bosh ko‘targanlarida Alloh taolo qalbida zarracha imoni bor bandalarni kechirgan bo‘ladi. «La ilaha illalloh» deganlarni mag‘firat qilib, azobdan qutqaradi.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlarida keltirilishicha, al-Isro surasida zikr etilgan «Maqomi mahmud»dan murod ana shu shafoat maqomidir. Demak, insonlarga shafoatchi, duosi qabul qilinadigan yagona zot payg‘ambarimiz hazrati Muhammaddirlar (alayhissalom).
Imom Buxoriy «'asa an yab'asaka robbuka maqomam mahmudan» (al-Isro,79) oyati karimasini tafsir qilib, quyidagi hadisi sharifni keltiradilar: «Qiyomat kuni har bir ummat o‘z rasuliga shafoat qilishini so‘rab yolvoradi. Nihoyat, Rasulullohga (alayhissalom) murojaat qilib, shafoat so‘raydilar. U Kunda Rasululloh Mahmud maqomiga ko‘tariladilar».
Rasulullohga (alayhissalom) muhabbat yuzasidan har bir mo‘min itoatga, namozga da'vat bo‘lgan azonni eshitarkan, unga shunday javob qiladi: «Ey bu mukammal da'vatning va qoim bo‘lgan namozning Rabbi! Muhammadga (alayhissalom) vasilani va fazilatni ehson ayla. Va unga va'da qilganing Maqomi mahmudni ato et. Uni u maqomga yetkaz. U maqom Qiyomat kunida shafoat maqomidir».
Imom Buxoriy rivoyatiga ko‘ra, Rasululloh bunday marhamat qiladilar: «Har kim azon aytilganidan so‘ng ushbu duoni o‘qisa, uni Qiyomat kuni shafoat qilaman».
Ushbu duodagi «vasila» dan murod jannatdir.

"Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat" kitobidan

Qayd etilgan


Foniy  04 Sentyabr 2007, 14:33:49

Butun yer yuzining Rasulullohga va Islom ummatiga sajdagoh bo‘lishi

Ikkinchi xislat


Har millat faqat o‘z ibodatxonalarida diniy marosimlarini ijro etar ekan, musulmonlarga hamma yerda namoz o‘qish va ibodat qilish ne'mati ato etilgan. Shu bois Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): "œButun yer yuzi menga sajdagoh bo‘ldi", deya marhamat qilganlar.
Islom dinimizning olamshumulligi, boshqa dinlarga nasib etmagan bunday ne'matning islomiyatga berilishi uning eng oxirgi va mukammal din ekaniga dalildir. YAhudiylar faqat havralarda yig‘ilib ibodatlarini bajo keltirishadi: nasroniylar o‘z kalisolarida ibodat va marosimlarini qilishadi. Islom dinimizda ibodat devorlar orasiga, qubbalar ostiga qamalmagan. Islomiyat insonlarga istagan joylarida ibodat qilishlari mumkinligini e'lon etdi. Butun yer yuzi musulmonlarga sajdagoh ekanini ma'lum qildi va bu bilan Allohga yuzlanish yo‘lini ko‘rsatdi. Chunki Alloh jalla jalaluhu har yerda hoziru nozirdir. «Mashriq ham, Mag‘rib ham Yolg‘iz Allohnikidir. Bas, qay tarafga yuz bursangiz, o‘sha joy Allohning tarafidir» (Baqara, 115). «Sizlar qayerda bo‘lsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni Ko‘rib turguvchidir» (Hadid,4). Mazkur oyati karimalarda Alloh taoloning faqatgina havra va kalisolarda emas, har yerda hoziru nozir ekani bildirilmoqda. Islomiyat istalgan yerda ibodat qilish hurriyatini e'lon qildi. Musulmon kishi tog‘ tepasida ham, cho‘lda ham, uyda ham, quruqlikda ham, dengizda ham Rabbiga yuzlanib, ibodat qilaveradi. Masjidlar qubbasigina emas, osmon qubbasining osti va butun koinot Allohga ibodat makonidir. Musulmonlar jomelarda ibodat qilganlari kabi, undan tashqarida ham yig‘ilib ibodat qilaveradilar. Chunki islomiyatda odam qayerda bo‘lmasin, yuzini qiblaga bursa, bo‘ldi, Alloh o‘sha yerdadir. Musulmonlar uchun hamma yer sajdagoh bo‘lishining ma'nosi shu.
YAhudiylar ibodatlarini sinagoglarida qiladilar. Faqat o‘sha yerda ular qurbonlik keltirib, taqdim etadilar. Nasroniylar faqatgina kalisolar ichida ibodat qiladilar. Butparastlar ma'badlarini bezatib, butlarini xursand qilish bilan ovoradirlar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) esa: "œButun Yer yuzi menga sajdagoh bo‘ldi" (Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy rivoyatlari, "œMasjidlar" bobi) deya marhamat qilish bilan hech bir dinga nasib etmagan tengsiz ne'mat u Zotga va u Muborak Zotning (alayhissalom) ummatiga berilganini e'lon qildilar.
Ko‘rinib turibdiki, bu xos ne'mat boshqa nabiy va rasullarga nasib qilmagan va faqat Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) lutf etilgan yuksak ilohiy ne'matdir.

"Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat" kitobidan

Qayd etilgan


Foniy  04 Sentyabr 2007, 14:38:43

Dushmanlarning qalblariga qo‘rquv solib, Allohning nusratiga vosil bo‘lishlik

Uchinchi xislat


Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): "œMenga boshqa hech bir nabiyga berilmagan besh narsa berildi. Shulardan biri ru'ub, fath va nusratdir", deb marhamat qilganlar. "œRu'ub" dushmanning qalbiga qo‘rquv solishdir. "œFath" va "œnusrat" esa Alloh taoloning yordami bilan g‘alabaga erishishdir. Muborak zotning ismlarini eshitganida dinimizga yovlik qiluvchilarning qalblari hamisha qo‘rquvdan larzaga kelgan.
Haybar g‘azoti kuni tongda sahobalar shaharga yaqin kelishganida g‘anim qabila odamlari bel va ketmonlarini olib, ishlagani bog‘lari, ekin maydonlariga ketishayotgan edi. Rasulullohning otliqlar bilan kelayotganlarini ko‘rib, ular birdaniga dahshatga tushishdi, hushlaridan ayrilishdi. "œMuhammad kelyapti, Muhammad kelyapti!" deya qo‘llaridagi ish qurollarini tashlab, orqaga qochishdi va qal'a ichiga kirib, yashirinib olishdi.
Boshqa g‘azotlarda ham Rasulullohni ko‘rgan dushmanlarning qalblari qo‘rquvdan titrab, dahshatga tushishgan. Uhud jangida ko‘rinishda mushriklar ustun kelgan bo‘lsa-da, mohiyat e'tibori bilan unda ham Rasululloh (alayhissalom) g‘alabaga erishgan edilar. Hunayn g‘azotida ham xuddi shunday holat takrorlangan. Shubhasiz, g‘alabaga erishish uchun dushmanning qalbiga qo‘rquv solish kerak. Ichiga qo‘rquv oralagan g‘anim safi albatta parokanda bo‘ladi.
Rasululloh bunday marhamat qiladilar: "œMenga r'ub, fath va nusrat ehson qilindi. Shu darajadaki, uzoqligi bir oylik yo‘l bo‘lgan makonda ismim zikr etilsa, dushmanimning qalbiga ta'sir etadi".
Rasulullohning muborak ismlarini eshitishlari bilan munkir va munofiq kishilar qalbi titrashga tushib, hushlarini yo‘qotadilar. Bu mo‘'jiza butun insoniyat ustida hamisha joriy. Rasulullohni sevgan, dinimizga jonu dildan bog‘langan insonlar u Zotning ovozlarini yoki sharafli ismlarini eshitishlari bilan qalblarida farah va shodlik jo‘sh urib, yuzlari yorishadi. Dushmanlarning qalbi esa, qo‘rquv va dahshatdan titrashga tushadi.
Bir kuni Abu Jahl u Muborak Zotni ko‘rib, yuragi orqaga tortib ketgan va Rasululloh haqlarida: "œDunyoda eng yomon ko‘rgan kishim", deyish bilan asl g‘arazini bildirgan. Abu Jahlning orqasidan kirgan Hazrati Abu Bakr esa, Rasulullohni ko‘rib, ko‘zyosh to‘kib, muhabbatini izhor etgan. Darhaqiqat, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insoniyat uchun bir pok ko‘zgu kabidirlar: yaxshilar o‘z yaxshiligini, yomonlar o‘z yomonligini ko‘radi. Alloh taolo Rasuli Akramni sevganlarning qalbiga muhabbat tuyg‘usini solgani kabi, u Zotga dushman bo‘lganlarning qalbiga qo‘rquv hissini solgan. U zotni zaharli qilichlar bilan o‘ldirishga chog‘lanib, hujum qilganlar yuzma-yuz kelganida dahshatdan titrab, mag‘lub bo‘lgan holda ortlariga qaytishgan. Rasulullohga qasd etganlarni Alloh taolo xor qilgan, u zotni qoralab, masxara va yomonlik qilgan badbaxtlar o‘zlari yomonlik bilan jon berganlar. U zotni sevgan va ixlos bilan ergashganlarni Haq subhanahu va taolo hamisha yuksak darajalarga ko‘targan.
Rasulullohni ilk bor ko‘rgan bir badaviy qo‘rquvdan titraganida, u muborak zot: "œQo‘rqma, men Jabbor emasman, qotgan non yegan bir ayolning o‘g‘liman", deya marhamat qilganlar. Badaviyning qo‘rqishi Rasulullohdagi buyuklik qarshisida qalblarda zuhur etadigan tuyg‘u ta'siridan edi. Mo‘minlar sevgi va muhabbat bilan hayot topar ekan, Haqning munkir dushmanlari u muborak zotni yomonlash, tuhmat qilish va qo‘rquv bilan qalblarini xastalikka topshiradilar.
Tarixdan ma'lum, Hazrati Muso, Hazrati Dovud va Hazrati Sulaymon (alayhimussalom) kabilar kuchli nufuzga ega bo‘lgan rasullar jumlasidandir. Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam) esa, payg‘ambarlar tarixida eng qudratli rasul bo‘lib, qavmlari sevib itoat etgan zotlar ichida eng oliy maqomdadirlar.
Vido haji kunida bir yuz yigirma ming sahobiy Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ovozlarini butun qalblari bilan tinglashgan. Munkirlar esa Rasulullohga duch kelganida qo‘rquvdan titrashgan, bo‘yin egishga majbur qolishgan. Allohning yordami (nusrati) bilan Rasululloh hamisha dushmanlar ustidan g‘olib kelganlar. Ana shu qo‘rquv va nusrat Alloh taolo u zotga ko‘rsatgan buyuk lutflardan sanaladi. Muborak kuraklaridagi nubuvvat muhrida ham shu narsa ma'lum qilingan va qay tomonga yuz bursalar, g‘alabaga erishishlari nubuvvat muhri ila bildirilgandir.
"œYo Muhammad, Sizga mujdalar bo‘lsin, hech kim Siz yetgan martabaga yeta olmas. Siz jasursiz, nusrat kaliti Sizga berilgan. Qayon yuz bursangiz, u yerda barhaq zafarga erishasiz", deb yozgan edi mashhur shoirlardan biri.
Boshqa bir shoir bunday lutf etgan:
"œKimsa aslo yetmadi, yetmoq mumkin emas Sizga".
Darhaqiqat, yaratilmishlar ichida tengi bo‘lmagan Rasuli Akramning (sollallohu alayhi va sallam) martabalariga hech kim yeta olmagan va yeta olmaydi ham. Alloh taolo u muborak zotni habibim deya sevdi va ulug‘ nusrat berdi.

"Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat" kitobidan

Qayd etilgan


Foniy  04 Sentyabr 2007, 15:14:41

Rasululloh (s.a.v.)ning butun olamlarga payg‘ambar bo‘lishlari

To'rtinchi xislat


Barcha rasullar ma'lum bir qavmga ogohlantiruvchi va xabar beruvchi bo‘lib kelishgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) esa yer yuzidagi butun insonlarga va jinlarga payg‘ambar qilib yuborilganlar.
Qur'oni karimning Saba' surasi 28-oyatida mazmunan bunday marhamat qilinadi: "œ(Ey Muhammad, alayhissalom), Biz sizni, shak-shubhasiz, barcha odamlarga (mo‘minlarga jannat haqida) xushxabar eltguvchi, (kofirlarni esa do‘zax azobidan) ogohlantirguvchi bo‘lgan holingizda, Payg‘ambar qilib yubordik". Mazkur mazmunli oyati karima faqatgina Rasuli akramga berilgan buyuk fazilatdan xabar bermoqda. Albatta, Rasulullohni Haq subhonahu va taolo butun insoniyatni, millatidan, irqidan qat'i nazar, irshod etish uchun yuborgandir. Bunday fazilat rasullar ichida faqat Rasulullohga (alayhissalom) berilgan.
Ulul azm rasullardan bo‘lgan hazrati Muso va hazrati Iso (alahimussalom) faqat o‘z qavmlariga yuborilgan edilar. Inson bu oyati karimani o‘qib, bir tafakkur qilsa, Payg‘ambarimizning (alayhissalom) oq, qora, sariq, qizil tanli, ibtidoiy va madaniy barcha insonlarga, arab, farang, ingliz, o‘ris yoki boshqa bir millatga mansubligidan qat'i nazar, hamma xalqlarga birdek murshid ekanlarini, ul Zoti muborakning mo‘'jizalari bo‘lgan Qur'oni karim butun insoniyatga ilohiy qonun ekanini anglashi muqarrar.
Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo marhamat qiladi: "œBarcha olamlar uchun (Oxirat azobidan) qo‘rqituvchi bo‘lsin deb o‘z bandasi (Muhammad alayhis salom)ga Furqon — Qur'on nozil qilgan Zot — Alloh Barakotli — Buyukdir" (Furqon, 2).
Ko‘rinib turibdiki, Qur'oni karim butun insoniyatning Muqaddas kitobi, Muhammad (alayhissalom) barcha olam va odamlarga yuborilgan, hammani Haqqa da'vat etuvchi rasuldir. Bunday oliy fazilat faqat ul Zotgagina berilgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu haqiqatga ishoratan bunday marhamat etganlar: "œMendan avvalgi har rasul qavmiga yuborilgan edi, men esa, butun olamga yuborildim". Butun olam ahli Alloh taolo Payg‘ambarimizni (alayhissalom) barcha olamlarga haq rasul etib yuborganini anglab, e'tirof etib, ergashsa, yer yuzida tinchlik, osoyishtalik barqaror bo‘lishi muqarrar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hijratning sakkizinchi yilida o‘sha zamonning bir necha qirol va podshohlariga maktublar yozib, bu haqiqatni ma'lum qilgan va qavmlarini haq yo‘lga da'vat etgan edilar. Bu da'vatga ijobat qilib, imon keltirganlar najotga erishgan. Keyingi davrlarda ham shunday bo‘ldi. Rasulullohga berilgan bu fazilatni inkor etib, bo‘yin tovlaganlar esa, ziyonkorlardan bo‘lib qolishdi.
Xullas, millati, irqi va bungacha dinu mazhabi qanday bo‘lishidan qat'i nazar, har bir inson najot topishi uchun Qur'oni karimga va Payg‘ambarimizga (alayhissalom) ergashmog‘i kerak bo‘ladi.

"Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat" kitobidan

Qayd etilgan


Foniy  04 Sentyabr 2007, 15:19:24

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning Xotamun Nabiy ekanliklari

Beshinchi xislat


Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kelishlari bilan nubuvvat silsilasi tugagan. Boshqa hech bir payg‘ambar kelmaydi. "œMa kaana muhammadun aba ahadin min rijalikum va lakin rosulallohi va xotaman Nabiyyina" oyati karimasida Rasuli akramning Xotamun Nabiy, ya'ni oxirgi Payg‘ambar ekanliklari ta'kidlangan. "œXotam" so‘zi bir narsani xatm etuvchi, tugallovchi, muhrlovchi ma'nolarini ifoda etadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Xotamun Nabiydirlar. U zoti muborak nubuvvat silsilasini yakunlaganlar va boshqa bir rasul kelishiga hojat qolmagan. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insoniyat hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha ne'matlarga shomil Qur'oni karimni yetkazdilar. Insoniyat oldidagi barcha muammoga unda javob topa oladi.
Rasululloh (alayhissalom): "œMendan keyin Nabiy kelmaydi", deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisi sharifda esa, nubuvvat va dinni tamsil etgan barcha rasullar risolat silsilasi devorining g‘ishtlari bo‘lishini bayon qilib, devorda o‘rni ochiq qolgan bir dona g‘ishtga ishoratan "œAna shu menman. Men rasullarning oxirgisiman", deganlar. Boshqa bir hadisda: "œU g‘isht menman. Rasullar silsilasini xatm qildim", deya marhamat qilganlar.
Rasululloh (alayhissalom) bilan nubuvvat eshigi tamg‘alandi. Ammo payg‘ambarlik da'vo qilib keladiganlar ham bo‘lgan va hozir ham yo‘q emas. Bir hadisi sharifda shunga ishoratan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat etganlar: "œMendan keyin o‘ttiz nafarcha payg‘ambarlik da'vo qilib chiqadigan yolg‘onchilar keladi" (Imom Termiziy rivoyati). Darhaqiqat, bunday holat ora-sira zuhur etib, yolg‘onchi "œnabiy"lar bir qancha kimsalarni yo‘ldan urib, dunyoni fasodga to‘ldirganlar.
Rasuli akram jismoniyat olamiga kelmaslaridan avval ruhoniyat olamida birinchi Nabiy edilar. Jumladan, Rasululloh (alayhissalom) "œHali hazrati Odam suvi bilan loyning o‘rtasida ekan, men Nabiy edim", deya marhamat qilganlar. Demak, Rasululloh (alayhissalom) ruhoniyat olamida birinchi nabiy va jismoniyat olamida nubuvvat silsilasini yakunlovchi oxirgi Nabiy sanaladilar.
Buxoriy "œSahih"ida bu sirga ishoratan Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) shunday rivoyat keltiriladi: "œMening besh ismim bor. Muhammadman, Ahmadman, Mahdiyman, Hashrman, Aqibman. Va mendan keyin boshqa Rasul kelmaydi". Muhammad ismi yerda mashhur bo‘lgan. Ahmad ismi samolarda mashhur bo‘lgan va kelishi mujdalangan. Mahdiy ismi kufrning mahv etilishiga, ya'ni, yo‘qotilishiga vasila bo‘lgan. Hashr ismi Alloh taolo hammani u bilan hashr etishiga, ya'ni, yig‘ishiga va Aqib ismi oxirgi Nabiy ekanligiga va undan keyin boshqa payg‘ambar kelmasligiga ishora qilingan zot ma'nosidadir.
Mazkur besh ismi sharifning sirlari Rasulullohga (alayhissalom) berilgan ilohiy ne'matlarda o‘z ifodasini topgan. Rasululloh bilan nabiylik silsilasi nihoyasiga yetdi. Ammo solih tushlar ruhoniyat olamining bir xabarchisi sifatida nabiylikdan meros bo‘lib qoldi. Imom Buxoriydan naql qilingan bir hadisi sharifda bu haqiqatga ishoratan Rasululloh (alayhissalom) ashoblariga shunday marhamat etganlar: "œNubuvvatdan faqat tabshirot (meros bo‘lib) qoldi". Ashobi kirom tarbshirotning nimaligini so‘raganlarida, Rasululloh: "œSolih tushlar", deya marhamat qilganlar. Boshqa bir hadisi sharifda esa, solih tushlar Nubuvvatning qirq olti juz'idan biri ekanligini bayon qilingan.
Buxoriy "œSahih"ida naql qilinishicha, Tabuk g‘azotiga ketar ekan, Rasululloh Hazrati Alini Madinai Munavvarada o‘z o‘rinlariga qoldirganlarida, Hazrati Ali (roziyallohu anhu) g‘azotga qatnashish istagida ekanini bildirgan edi. Rasululloh (alayhissalom) o‘sha Muso (alayhissalom) Turi Sinoga ketayotganlarida birodarlari hazrati Horunni qavmga rahbar qilib qoldirganlarini eslatib: "œYo Ali, Horun Musoga halaf bo‘lgani kabi sen menga halaf bo‘lishini istamaysanmi? Endi mendan keyin boshqa Rasul kelmaydi", deya marhamat qilganlar.
Shubhasiz, Rasulullohdan keyin Nabiy kelmaydi. Oyati karima va hadisi shariflar bilan bu haqiqat sobitdir. Bundan keyin nabiylik da'vosi bilan chiqadiganlar yolg‘onchidir. Alloh taolo Rasulullohni oxirgi payg‘ambar bo‘lish saodati bilan sharaflantirdi va u muborak Zot bilan Nubuvvat silsilasini muhrladi. Shu tariqa nubuvvat va uning har qanday ko‘rinishi Rasul (alayhissalom) bilan nihoya topib, din to‘liq va mukammal bir shaklda u Zot vositasida insoniyatga taqdim etildi. U muborak Zot Alloh taoloning insoniyatga ikrom etgan oxirgi tablig‘chisi, olamlarni yoritgan oxirgi nubuvvat quyoshidir. Uning dunyoga kelishi bilan ushbu quyosh nurlarini dunyo uzra socha boshladi, olam ahli bu nur tufayli haqiqatlarni ko‘rdi va hisobsiz ne'matlarga sazovor bo‘ldi.
Chiqdi Haqning quyoshi, yo‘qdir uning tengi-eshi,
Besh yuz yetmish bir yilda so‘ndi shirkning otashi.
Bizga ma'lum bo‘lgan va Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) xos qilingan xislatlar xususida Muslim "œSahih"ida ham shunday rivoyat mavjud.
"œRasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qildilar:
1. Men butun dunyoga (Payg‘ambar qilib) yuborildim.
2. Butun Yer yuzi menga sajdagoh bo‘ldi.
3. Menga ru'ub, fath va nusrat berildi.
4. Menga "œJavomiul-kalim"lik berildi (Har kalimasida yuzlarcha haqiqat bo‘lgan kalom.)
5. Menga g‘animat (dushman ustidan erishilgan g‘alabadan keyin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar) halol qilindi. Boshqa hech bir nabiyga halol qilinmagan mazkur ne'mat Rasulullohga va u Zotning ummatiga baxsh etilgan tengsiz ilohiy lutfdir.
6. Anbiyo silsilasi men bilan nihoyasiga yetdi".
Ko‘rinib turibdiki, mazkur hadisi sharifda ham Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) ato etilgan ushbu xislatlar faqatgina u Muborak zotga xos ne'matlar sifatida tavsiflangan va Anbiyo silsilasining xotami ekanliklari bayon qilingan. Shubhasiz, bunday sharaf anbiyolar orasida faqatgina Muhammad Mustafoga (sollallohu alayhi va sallam) nasib etgan.

"Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat" kitobidan

Qayd etilgan