Umumiy bo'lim > Rasululloh SAV va sahobalar

Rasululloh(sollalohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat

<< < (2/2)

Foniy:
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning Xotamun Nabiy ekanliklari

Beshinchi xislat

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kelishlari bilan nubuvvat silsilasi tugagan. Boshqa hech bir payg‘ambar kelmaydi. "œMa kaana muhammadun aba ahadin min rijalikum va lakin rosulallohi va xotaman Nabiyyina" oyati karimasida Rasuli akramning Xotamun Nabiy, ya'ni oxirgi Payg‘ambar ekanliklari ta'kidlangan. "œXotam" so‘zi bir narsani xatm etuvchi, tugallovchi, muhrlovchi ma'nolarini ifoda etadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Xotamun Nabiydirlar. U zoti muborak nubuvvat silsilasini yakunlaganlar va boshqa bir rasul kelishiga hojat qolmagan. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insoniyat hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha ne'matlarga shomil Qur'oni karimni yetkazdilar. Insoniyat oldidagi barcha muammoga unda javob topa oladi.
Rasululloh (alayhissalom): "œMendan keyin Nabiy kelmaydi", deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisi sharifda esa, nubuvvat va dinni tamsil etgan barcha rasullar risolat silsilasi devorining g‘ishtlari bo‘lishini bayon qilib, devorda o‘rni ochiq qolgan bir dona g‘ishtga ishoratan "œAna shu menman. Men rasullarning oxirgisiman", deganlar. Boshqa bir hadisda: "œU g‘isht menman. Rasullar silsilasini xatm qildim", deya marhamat qilganlar.
Rasululloh (alayhissalom) bilan nubuvvat eshigi tamg‘alandi. Ammo payg‘ambarlik da'vo qilib keladiganlar ham bo‘lgan va hozir ham yo‘q emas. Bir hadisi sharifda shunga ishoratan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat etganlar: "œMendan keyin o‘ttiz nafarcha payg‘ambarlik da'vo qilib chiqadigan yolg‘onchilar keladi" (Imom Termiziy rivoyati). Darhaqiqat, bunday holat ora-sira zuhur etib, yolg‘onchi "œnabiy"lar bir qancha kimsalarni yo‘ldan urib, dunyoni fasodga to‘ldirganlar.
Rasuli akram jismoniyat olamiga kelmaslaridan avval ruhoniyat olamida birinchi Nabiy edilar. Jumladan, Rasululloh (alayhissalom) "œHali hazrati Odam suvi bilan loyning o‘rtasida ekan, men Nabiy edim", deya marhamat qilganlar. Demak, Rasululloh (alayhissalom) ruhoniyat olamida birinchi nabiy va jismoniyat olamida nubuvvat silsilasini yakunlovchi oxirgi Nabiy sanaladilar.
Buxoriy "œSahih"ida bu sirga ishoratan Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) shunday rivoyat keltiriladi: "œMening besh ismim bor. Muhammadman, Ahmadman, Mahdiyman, Hashrman, Aqibman. Va mendan keyin boshqa Rasul kelmaydi". Muhammad ismi yerda mashhur bo‘lgan. Ahmad ismi samolarda mashhur bo‘lgan va kelishi mujdalangan. Mahdiy ismi kufrning mahv etilishiga, ya'ni, yo‘qotilishiga vasila bo‘lgan. Hashr ismi Alloh taolo hammani u bilan hashr etishiga, ya'ni, yig‘ishiga va Aqib ismi oxirgi Nabiy ekanligiga va undan keyin boshqa payg‘ambar kelmasligiga ishora qilingan zot ma'nosidadir.
Mazkur besh ismi sharifning sirlari Rasulullohga (alayhissalom) berilgan ilohiy ne'matlarda o‘z ifodasini topgan. Rasululloh bilan nabiylik silsilasi nihoyasiga yetdi. Ammo solih tushlar ruhoniyat olamining bir xabarchisi sifatida nabiylikdan meros bo‘lib qoldi. Imom Buxoriydan naql qilingan bir hadisi sharifda bu haqiqatga ishoratan Rasululloh (alayhissalom) ashoblariga shunday marhamat etganlar: "œNubuvvatdan faqat tabshirot (meros bo‘lib) qoldi". Ashobi kirom tarbshirotning nimaligini so‘raganlarida, Rasululloh: "œSolih tushlar", deya marhamat qilganlar. Boshqa bir hadisi sharifda esa, solih tushlar Nubuvvatning qirq olti juz'idan biri ekanligini bayon qilingan.
Buxoriy "œSahih"ida naql qilinishicha, Tabuk g‘azotiga ketar ekan, Rasululloh Hazrati Alini Madinai Munavvarada o‘z o‘rinlariga qoldirganlarida, Hazrati Ali (roziyallohu anhu) g‘azotga qatnashish istagida ekanini bildirgan edi. Rasululloh (alayhissalom) o‘sha Muso (alayhissalom) Turi Sinoga ketayotganlarida birodarlari hazrati Horunni qavmga rahbar qilib qoldirganlarini eslatib: "œYo Ali, Horun Musoga halaf bo‘lgani kabi sen menga halaf bo‘lishini istamaysanmi? Endi mendan keyin boshqa Rasul kelmaydi", deya marhamat qilganlar.
Shubhasiz, Rasulullohdan keyin Nabiy kelmaydi. Oyati karima va hadisi shariflar bilan bu haqiqat sobitdir. Bundan keyin nabiylik da'vosi bilan chiqadiganlar yolg‘onchidir. Alloh taolo Rasulullohni oxirgi payg‘ambar bo‘lish saodati bilan sharaflantirdi va u muborak Zot bilan Nubuvvat silsilasini muhrladi. Shu tariqa nubuvvat va uning har qanday ko‘rinishi Rasul (alayhissalom) bilan nihoya topib, din to‘liq va mukammal bir shaklda u Zot vositasida insoniyatga taqdim etildi. U muborak Zot Alloh taoloning insoniyatga ikrom etgan oxirgi tablig‘chisi, olamlarni yoritgan oxirgi nubuvvat quyoshidir. Uning dunyoga kelishi bilan ushbu quyosh nurlarini dunyo uzra socha boshladi, olam ahli bu nur tufayli haqiqatlarni ko‘rdi va hisobsiz ne'matlarga sazovor bo‘ldi.
Chiqdi Haqning quyoshi, yo‘qdir uning tengi-eshi,
Besh yuz yetmish bir yilda so‘ndi shirkning otashi.
Bizga ma'lum bo‘lgan va Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) xos qilingan xislatlar xususida Muslim "œSahih"ida ham shunday rivoyat mavjud.
"œRasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qildilar:
1. Men butun dunyoga (Payg‘ambar qilib) yuborildim.
2. Butun Yer yuzi menga sajdagoh bo‘ldi.
3. Menga ru'ub, fath va nusrat berildi.
4. Menga "œJavomiul-kalim"lik berildi (Har kalimasida yuzlarcha haqiqat bo‘lgan kalom.)
5. Menga g‘animat (dushman ustidan erishilgan g‘alabadan keyin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar) halol qilindi. Boshqa hech bir nabiyga halol qilinmagan mazkur ne'mat Rasulullohga va u Zotning ummatiga baxsh etilgan tengsiz ilohiy lutfdir.
6. Anbiyo silsilasi men bilan nihoyasiga yetdi".
Ko‘rinib turibdiki, mazkur hadisi sharifda ham Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) ato etilgan ushbu xislatlar faqatgina u Muborak zotga xos ne'matlar sifatida tavsiflangan va Anbiyo silsilasining xotami ekanliklari bayon qilingan. Shubhasiz, bunday sharaf anbiyolar orasida faqatgina Muhammad Mustafoga (sollallohu alayhi va sallam) nasib etgan.

"Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat" kitobidan

Navigation

[0] Message Index

[*] Previous page

Go to full version