Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 178422 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:29:24

GUNOH

Siniq oy sarg‘ayib kezarkan ko‘kda,
Tomlarda shu’lalar arpasin ilg‘ab,
Zanjirini siltab, ayqirdi ko‘ppak:
— Xavf!
— Xavf!!
— Xavf!!!

Ayol miskin edi.
His qildi ayol —
Qaydadir erini o‘pardi bir qiz.
Keng hovlida yomon siqildi ayol,
Bir kechada quvrab, to‘kildi nargis...

Tonggacha hovlida tinmadi zanjir,
Ko‘ppak sahargacha betoqat hurdi.
Ayol ham gunohga qo‘l berdi oxir —
Tushida birinchi sevgisin ko‘rdi.

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:29:35

SO‘NG SO‘Z

Xazon lashkari kelgan —
Yaproqlar to‘kiladi.
Eng so‘nggi o‘qi bilan
Sadoqlar to‘kiladi.

Muhabbat borasida
Biz hanuz norasida.
Bulutlar orasidan
Saboqlar to‘kiladi.

Loylar qordim yoshimdan,
Somon qildim sochimdan.
Uyga kirsam, boshimdan
Tuproqlar to‘kiladi.

Senga tegmadi nafim,
Ichimda qoldi gapim.
Tegib-tegmasdan labim
Qadahlar to‘kiladi.

Eslamaysan kelmasam,
Jilmayasan yig‘lasam,
Sochlaringni silasam,
Nigohlar to‘kiladi.

Xazon lashkari kelgan —
Yaproqlar to‘kiladi.
Yonoqlaru barmoqlar,
Dudoqlar to‘kiladi...

Ey gul, qaytgil izingga,
Rahming kelsin o‘zingga.
Yuzingni qo‘y yuzimga —
Gunohlar to‘kiladi.

1991

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:30:00

SENGA BARMOG‘IMNI TEGIZMAYMAN

Senga barmog‘imni tegizmayman, Oy,
Senga nafasimni etkizmayman, Gul,
Lekin osmonimdan ketkizmayman, Oy,
Ismingni birovga aytkizmayman, Gul.

O‘zing tabibimsan, o‘zing shifoyim,
O‘zing og‘rig‘imsan, o‘zga dardim yo‘q.
O‘zing gunohimsan, o‘zing jazoyim,
Faqat jur’atim yo‘q, faqat haddim yo‘q.

Seni hamma yaxshi ko‘radimi, Oy,
Tegrangda aylanib yuradimi, Gul.
Termulib, xo‘rsinib turadimi, Oy,
Senga shakkar elab beradimi, Gul?

Oy, falak toqida yagona gulsan,
Gul, yerga sayr uchun tushgan oydirsan.
Oy, qo‘lim sinmasmi bandingdan yulsam,
Gul, ko‘zim oqmasmi seni qayirsam?

Aylanib, bo‘g‘zimdan kesmaysanmi, Oy,
Qonimdan arshgacha o‘smaysanmi, Gul?
Tosh bo‘lib qabrimni bosmaysanmi, Oy,
Gul, mendan ilgari to‘zmaysanmi, Gul?

Senga lablarimni tegizmayman, Oy,
Senga ziyonimni etkizmayman, Gul.
Biroq osmonimdan ketkizmayman, Oy,
Ismingni hech kimga aytkizmayman, Gul!

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:30:18

O‘TAR

Ukam Valijonga

Ruhingni ezadi chilla kuylari,
Musiqa yurakdan zor bo‘lib o‘tar.
Toshkentning yomg‘iri dovondan nari —
Farg‘ona tomonga qor bo‘lib o‘tar..

Farg‘ona tomonlar tumanli, loyli,
Tumani chiroyli, loyi chiroyli,
Vo ajab, bugun ham Kumush va Layli
Sochlari belida dor bo‘lib o‘tar.

Men nima axtardim, neni izladim?
Kimga ermak bo‘ldi go‘zal hislarim?
Sinfdosh qizlarim, dildosh qizlarim —
Kimlarga ko‘ngilsiz yor bo‘lib o‘tar.

Marhum do‘stni o‘ylab, ortadi g‘ussam,
Shum xayollar yovdek qaytadi, quvsam.
Jo‘ralar tizilib kelar ko‘z yumsam,
Bori yo‘q, yo‘qlari bor bo‘lib o‘tar.

Har kim ham o‘zini chandon ayaydi,
Savalaganda ham ayab savaydi.
Har kimsa o‘zini odam sanaydi,
O‘zining yukiga nor bo‘lib o‘tar.

Har kimning yomondir umr yo‘ldoshi,
Esiz yigit yoshi, tuzsiz non-oshi.
Farzandiga qarab egilar boshi,
Keng dunyo ko‘ziga tor bo‘lib o‘tar.

Toshkentning yomg‘iri dovondan nari —
Farg‘ona tomonga qor bo‘lib o‘tar.
Kimga tog‘ ko‘rinsa birovning qiri —
Xor bo‘lib, xor bo‘lib, xor bo‘lib o‘tar!

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:30:33

BU DUNYOGA KELGANIM

Bu dunyoga kelganim —
U dunyoga safarim.
Bu dunyoni yengganim —
U dunyoda zafarim.

Qachonki pishti loyim,
Visoldir muddaoyim.
Bu dunyoda xatoyim —
U dunyoda zararim.

Ishq qadimiy masaldir:
Ham zahar, ham asaldir.
Ikkisiga kosa bir,
Asaldayin zaharim!

Gul ichindan topganim,
Oyoqlarin o‘pganim,
Man saningman, san manim,
Soching belga kamarim.

Berdim necha talofat,
Do‘stlar, qilmang malomat.
Bu dunyoda halovat —
U dunyoda xatarim.

Adashtimmi, toldimmi,
Zulmatlarga qoldimmi.
To‘g‘ri yo‘lga sol endi,
Ey ko‘zlari axtarim!

Ey go‘zalim, yolg‘izim,
Ey quyoshim, qamarim,
Ey yaqinim, olisim,
Ey asalim, shakkarim!

Ikki ko‘zim ikki sham,
Tun ado bo‘lmas hecham.
Sen bilan kechgan kecham —
U dunyoda saharim!

1989

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:30:51

RAMAZON

«Ramazon aytib keldik eshigingizga,
Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga...»


Yulduzlar parpiraydi — gullab yuborar terak,
Oy yurar ko‘chalarda, kengayadi xonalar.
Havolarning haqqiga qoldirar shirin tilak,
Dili javohir to‘la yalangoyoq bolalar.

Pichanlarning hidiga qo‘shilib ketar sado,
Mo‘rilardan chayqalib taraladi dudlar ham.
Shu kecha kelinlarning ko‘ngliga qara, dunyo,
Shu kecha kuyovlarning ko‘ziga boqqil, olam!

Aylanadi charxpalak, guldiraydi tegirmon,
Umr o‘tar suv kabi, bug‘doy misol to‘kilar.
Un ko‘tarib qaytayotgan befarzand Yoqub polvon
Simyog‘ochga suyanib yig‘laganin kim bilar?..

Do‘st, tirnoqqa zor bo‘lma, ko‘rmagil tirnoqcha g‘am,
Har yili ko‘ztumorlar osilsin beshigingga.
Mening ham elkamdagi yukimni olsin bolam,
Ramazon aytib borsin bir kuni eshigingga.

1991

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:31:11

SHUNDA

Shunda
yonoqlaring lovulladilar,
Shudring jarangladi gulbargga tomib,
Sochlaring elkangda shovulladilar,
Ko‘zlaringni yumib... ko‘zlaringni yumib...

Shunda men o‘zimni koyidim yomon:
Nega seni yomon ko‘ribman, dunyo?
Shunda
Qudratingga keltirdim iymon,
O‘zingga sanolar aytdim, rabbano!

Shunda
asal isin tuydi dumog‘im,
Ko‘rdim — ellar elar kapalak quvib.
Titradi taraddud bilan dudog‘ing,
Ko‘zlaringni yumib... ko‘zlaringni yumib...

Shunda
Bor umrimga afsuslar chektim,
Quzg‘un qanotidan yomg‘ir kutibman.
Chorak asr yashab, yuz marta sevdim.
Oh, kimni sevishni bilmay o‘tibman!

Shunda
Ko‘zlarimni ochdi muhabbat,
Toshqinlar o‘tdilar qalbimni yuvib.
Sevgilim, sen endi ketmagin faqat
Ko‘zlaringni yumib... ko‘zlaringni yumib...

1993

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:31:44

BIR LAHZA

Bir lahzada bahor senga bo‘lar kuz —
Toleing bir lahza jilmayib boqsa...
Muhabbatim bilan keldim yuzma-yuz,
Yer osti yo‘lida... faqat bir lahza.

Umrim tuproq edi, aylana tuproq,
Oyog‘im ostida tuproqlar oqti.
Bu baxt — bir-biriga tomon kavlab choh,
Nihoyat uchrashgan tutqunlar baxti!

Bir lahza bo‘lsa-da, yashadik birga,
Dildan tuproq ketdi, ko‘zdan ketdi kir.
Men nechun shukrona aytmay taqdirga,
Men uni ko‘rdim-ku, ko‘rdim-ku, axir!

Aziz qadamjolar men uchun tamom,
Ularga ta’zimlar qilay nega men?
Har kuni shoshaman yerosti tomon,
Faqat o‘sha joyga boshim egaman.

Bugun seskantirdi, bir sovuq savol,
Tilimni tishladim, tishlarim sindi.
Nahot, yer ustida bizga yo‘q visol,
Nahot, yer ostida ko‘rishsak endi?!

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:31:53

HOZIR

Hozir qo‘lingiz yoysangiz qanot bo‘lar,
Qadam tashlasangiz qorda qolmaydi iz.
Bilib qo‘ying, har qanday qush bir kun qo‘nar,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.

Hozir imo aylasangiz, yulduz hozir,
Hilol qoshingizga qo‘nar hozir, oy qiz.
Siz bilmaysiz, yuragimda nelar bordir,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.

Hozir sizga simyog‘och ham gullar tutar,
Balog‘at bu sargasht xayol, betizgin his.
Men kutaman, erta o‘tar, indin o‘tar.
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.

Hozir meni mensimaysiz, lab burasiz,
Tushingizda shahzodalar cho‘kadi tiz.
Meni izlab topib, yig‘lab gapirasiz,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.

Hozir bilmaysiz dunyoning yolg‘onini,
Nazdingizda men yolg‘onchi, men betamiz.
Qulog‘ingizga aytaman qolganini,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:32:03

O‘G‘LIMGA

Umr bersin xudoyim,
G‘urur bersin, iloyim.
Dagarim, erkatoyim
Botir yigit bo‘ladi.

Hali qarab turasiz,
Siz bir taraf turasiz,
Bu dunyoga bergusiz
Nodir yigit bo‘ladi.

Bo‘y bermaydi tashvishga,
G‘iybatlarga, mish-mishga.
Men qilolmagan ishga
Qodir yigit bo‘ladi.

Ko‘zim tegmasin, tuf-tuf!
So‘zim tegmasin, tuf-tuf!
Xudo xohlasa, o‘sib,
Og‘ir yigit bo‘ladi.

Agar taqdir tashlab to‘r,
Bo‘shang bo‘lsa, epsiz g‘o‘r,
O‘shanda ham mendan zo‘r
Shoir yigit bo‘ladi.

1994

Qayd etilgan