Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221553 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:41:02

ESIMDA

Esimda hamma-hammasi:
Ko‘zlar. Barmoqlar. Gul. Atir...
Siz ham unutmagansiz,
Maktublaringiz yo‘ldadir.

Balki ertaga olarman,
Mayliga, bitta so‘z, bir satr.
Eng muhimi, men bilaman —
Maktublaringiz yo‘ldadir.

Umrim shamollarga kulgu,
Sargashta ayladi taqdir.
Adashib-adashib kelar-ku,
Maktublaringiz yo‘ldadir.

Hayotim o‘zgarar batamom,
Ko‘nglim ko‘zadek to‘ladir.
Sarhush yashaydirman hamon —
Maktublaringiz yo‘ldadir.

O‘n yil o‘tibdi. O‘n yil...
Bu menga yagona daldadir.
Har tong bir orziqib olar dil —
Maktublaringiz yo‘ldadir.

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:41:14

DERAZA PARDASI]

Deraza pardasi elkanday shishdi,
Yana seni o‘ylab ko‘nglim uvishdi.
Seni olib ketdi qaysi daryolar?
Hamrohing bo‘ldilar qanday sabolar?

Xonamga nastarin bo‘yi bo‘yladi,
Sochlari rayhonim, seni o‘yladim.
Bo‘ying to‘kildimi olis bog‘larga?
Ko‘ngling ko‘nikdimi qarg‘a, zog‘larga?

Kaptarlar bir-birin suyib o‘pishdi,
Xayolim sen tomon qush bo‘lib uchdi.
Sen nechun ketding, men nechun ketkazdim?
Qanotimga o‘zim shikast etkazdim.

Deraza raxiga boshimni qo‘yib,
O‘yladim, yomg‘irsiz o‘tdimi to‘ying?
Yig‘lamadim, faqat xo‘rsindim xolos,
Boladek jimgina o‘ksindim xolos.

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:41:25

ALANGLAYSAN OYOQ UCHIDA...

Alanglaysan oyoq uchida,
Qiyofalar begona bari,
Bozoryo‘li — qaynoq ko‘chadan
Meni topolmaysan, dilbarim.

Men hammaga araz urganman,
Go‘yo hech kim bilmas qadrimni.
Kitob hidi bosgan hujramda
O‘zimga aytaman dardimni.

Sen — kapalak kabi beg‘ubor,
Sen — ninachi kabi o‘ynoqi.
Aldanishga tayyorsan takror,
Qanday go‘zal, toza gunohing!

Men o‘zimcha hammadan buyuk,
Men o‘zimcha hammadan xafa.
She’r o‘qiyman ovozim qo‘yib —
Yarmisi rost, yarmi — falsafa.

Alanglaysan oyoq uchida,
Hozir uchib ketgudek go‘yo.
Meni bu odamzot ichidan,
Dilbar, topa bilmassan aslo.

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:41:35

TUBIDA TOSH DUMALATIB...

Tubida tosh dumalatib soylar o‘tdi,
Yelkasida yaraq-yaraq oylar o‘tdi.
Qamishlarning boylamida naylar o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Tuyog‘idan tillo sochib jayron o‘tdi,
Necha ko‘shki obod ko‘ngli vayron o‘tdi,
Hammasi ham bu holimga hayron o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Ro‘molini qanot qilgan pari o‘tdi,
Ko‘z uchida menga qaray-qaray o‘tdi,
Nigohlari jonimdan ham nari o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Shamol o‘tdi, bulut o‘tdi, yomg‘ir o‘tdi,
Qahratonning qadamlari og‘ir o‘tdi.
Qorabotir o‘tdi, Zuhro, Tohir o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Bir zum qalbim darchasidan ziyo o‘tdi,
Bilmay qoldim chin o‘tdimi — ro‘yo o‘tdi,
Siz o‘tdingiz bu dunyodan dunyo o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:41:45

KO‘LANKA

Xushnud lahzalarim bo‘ldimi? Bo‘ldi...
O‘choqdan quchoqqa keldi alanga.
Paymona sharobga to‘ldimi? To‘ldi...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

Xurram soniyada har bir hujayram
Atirguldek bo‘lib oqdi yurakka.
Qumrilar ovvora men uchun sayrab...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

Xushbaxt onlarimni eslayman: dalda,
Ko‘milib yotibman o‘tu o‘langa.
Chigirtka bilan oy avj kelgan palla...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

Shu yerga eltadi yo‘l nihoyasi,
Shu joyda hammasi ajrar bo‘lakka.
Bu — Uning ko‘zimdan kirgan soyasi...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:41:55

XAZON SOKIN QUYILARDI

Xazon sokin quyilardi — kech kuz edi,
Ko‘nglim kuzdan abgor edi — muz-muz edi.

Nigohimdan diydiragan hashoratlar
Kechagina parpiragan yulduz edi.

Ostonadan oyoq uzib chiqib ketdim,
U ostona emas, balki ildiz edi.

Afsun tekkan kabi barcha yaqinlarim,
Qancha yaqin borsam shuncha olis edi.

Butun dunyo qarshi edi menga, ruhim —
Qilichmonand yalang‘och va yolg‘iz edi.

Zahar ichib so‘ng pushaymon bo‘lgan kabi
Bu olamdan ko‘nglim to‘la afsus edi.

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:42:42

YETIB KELDIM

Yetib keldim, mana muhabbat yurti,
Tilimda tupukday quridi kalom.
Eshik halqasini uch bora urdim:
Assalom... Assalom... Assalom...

Men gulshan kutgandim, gulxan ko‘rindi,
Safo izlab, topdim qip-qizil sahro.
Yuzimga uch karra hovur urildi:
Marhabo... Marhabo... Marhabo...

Nahot otashgohlar orzu qilganim?
Nahot olov ichra qolarman mangu?
Ajab, huzur topdi ruh ila tanim:
Alhamdu... Alhamdu... Alhamdu...

Tanidim. Va sekin o‘zimdan kuldim,
Quling qullug‘ini qabul et, ey yor!
Afsus, besar umrim, esiz hayf umrim:
Istig‘for... Istig‘for... Istig‘for...

Xushbo‘y chechaklardan burarkan yuzni,
May, cholg‘u, qizlardan bo‘larkan judo,
Hech kim mendek shodon aytmas bu so‘zni:
Alvido... Alvido... Alvido...

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:42:55

BIRDAN-BIR

Birdan-bir o‘ynoqi, shaffof ruh eldi,
Shakkar sovurildi bebosh shamolda.
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Yerda ko‘zyoshimi yo suvmi edi?
Bilmadim, lekin qor emas har holda.
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Qadim qonunlarni bo‘lmaydi engib,
Kim uni asragan, kim tutib qolgan?
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Mening sochlarimga bitsaydi sezgi,
Agar til bo‘lsaydi sening ro‘molda.
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Darvoqe, bu yerga ne sabab keldim?
Na savol, na javob bor bu ayolga...
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:43:07

KO‘ZIMGA ISHONMAYMAN

Soching buloq suvidek barmog‘im aro toshdi,
Vujuding shamol kabi quchog‘im aro toshdi.
Hilolni chiltor etib, kipriging chaldi cholg‘u,
Yuragim selob bo‘lib, qarog‘im aro toshdi:
«Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!»

Birinchi bor kuzatdim nur sirg‘alib oqishin,
Birinchi bor chaqmoqqa to‘ldirdim qiz og‘ushin.
Birinchi bor alamsiz ruhga qorishdi yog‘du.
Birinchi bor o‘zimga yoqib qoldi tovushim:
«Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!»

Tungi chorbog‘da anor tisirlab yoriladi,
Eng sara donalari tuproqqa qoriladi.
Dilgir yotarman tinglab, ko‘zga kelmaydi uyqu,
Nahot mudom kamoldan zavolga boriladi?
«Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!»

Gohi shundayki, o‘sha chog‘ni topmoq mumkinday,
O‘shanday quchmoq yana, shunday o‘pmoq mumkinday,
Yana ko‘rmoq mumkinday labingda toza kulgu,
Javobi shart bo‘lmagan go‘zal so‘roq mumkinday:
«Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!»

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:43:16

KUZNI BELGILAMAS

Kuzni belgilamas bittagina qush,
Qayg‘urmang bir dona yaproq sarg‘aysa.
Hali bog‘ingizda kurtak otar nish,
Yerning hovuridek chayqalar maysa.

Tasodif deb biling ranjitgan bo‘lsam,
Payqamasdan yangi ko‘ylagingizni.
Ehtimol xayolga cho‘mganman bir dam,
Sog‘inib bahoriy bo‘ylaringizni.

Esingizda bormi?
Hech kim yo‘q edi,
Hech narsa yo‘q edi sevgidan bo‘lak.
Qornimiz muhabbat bilan to‘q edi,
Sevgimiz — boshpana, sevgimiz — ko‘ylak.

To‘pidan ertaroq uchar tentakqush,
Ertaroq sarg‘ayar eng zaif yaproq.
Fojia emasdir yolg‘iz xo‘rsinish,
Ishq sha’min o‘chirmas bittagina oh.

Ammo eslaysizmi?
Qo‘qon shamoli
Sochingizni hamroh aylagan payti
Yuzingizni ikki kaftimga olib,
Ilk bor ismingizni boshqacha aytdim.

Eslolmaysiz.
Mayli, kuyunmang zinhor,
Jovdirab osmonga, bog‘larga boqmang.
Yodimda, o‘shanda boshlangan bahor
Bitta so‘z, bitta qush, bitta yaproqdan.

1997

Qayd etilgan