Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221246 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:43:27

YUZ YUVIB

Yuz yuvib, jilg‘aga tupurganim yo‘q,
Ko‘zin berkitmadim biror buloqning.
Nega bunday qarar — nigohlari o‘q,
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

Har bir muyulishda uning sharpasi,
Ostida o‘ltirar har bir yaproqning.
Har bitta qo‘shiqda kelar nafasi,
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

O‘zin oshkor etmas mendan o‘zgaga,
Go‘yo men sohibi barcha gunohning.
Ba’zan kitob ichra, ba’zan ko‘zguda...
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

Ko‘zim tomiriga o‘sha qon quygan,
O‘sha sababchisi qo‘lda titroqning.
O‘sha jigarimni quzg‘undek o‘ygan,
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

O‘sha bo‘lmasaydi, yashardim mangu,
Tinchirman yopinib olsam tuproqni.
Ko‘raman kim bilan o‘ynar ekan u...
Nima da’vosi bor ekan arvohning?

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:43:37

SEVGI DEGANLARI

Nazokatni qaydan olgan kapalak,
G‘uvillab, nimadan so‘ylaydi kaptar?
Nimaning tasviri, ayting, kamalak?
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

Ne bois qizarib ketdi atirgul,
Nasimlar nelardan keltirdi xabar?
Kimning qiynog‘ida to‘lg‘onar sunbul?
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

Kimni kutib chatnab ketar harsangtosh,
Momogulduraklar nahot besamar?
Qanday qudrat bilan aylanar quyosh?
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

Ilon ham qovushar, garchi zahri bor,
Chayon o‘z juftiga tutadi shakkar.
Ko‘ngilning yurakdan nima farqi bor —
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:43:47

HILVIROQ KITOB

Hilviroq kitobni zarb bilan yopdim,
Ko‘hna bo‘y urilib buzdi ko‘nglimni.
Xazon to‘shgidan bir gavhar topdim:
Visol — muhabbatning go‘zal o‘limi.

Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib,
Chaqmoq — sog‘inchlarning oydin gulimi?
Yomg‘ir shivirladi to‘kilayotib:
Visol — muhabbatning go‘zal o‘limi.

Daryo quchog‘ida tosh qotgan toshlar,
Eshitib zerikkan sevgi o‘lanin.
Daryo to‘rt tomonga o‘zini tashlar:
Visol — muhabbatning go‘zal o‘limi.

Yolg‘izim, bizlarni siyladi taqdir,
Ming usulda to‘sdi borar yo‘limni.
Sevgimiz bezavol yashaydi, axir —
Visol — muhabbatning go‘zal o‘limi.

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:43:57

IZIMDAN SUDRALIB

Izimdan sudralib kelaverar yo‘l,
Ro‘paramda o‘zin yerga tashlar xor.
Hamma mendan seni so‘raydi nuqul,
Hamma narsa seni kutar intizor.

Manglayi tirishar zinapoyaning,
Panjara kuylaydi misoli chiltor.
Terlab ketganini ko‘rsang oynaning...
Hamma narsa seni kutar intizor.

Meni yolg‘iz ko‘rib, ingraydi eshik,
Seskanib tushadi suvrat va devor.
Muzxona silkinib yig‘laydi — eshit,
Hamma narsa seni kutar intizor.

O‘ziga tig‘ urib qo‘ymasa soat,
Chiroq esa — tamom, qimir etmas dor.
Xontaxta sen uchun qilmoqda toat,
Hamma narsa seni kutar intizor.

Yolg‘iz men beparvo, sen menga — hech kim,
Menda na iztirob, na dard, na ozor.
Faqat boshqalarga keladi rahmim,
Hamma narsa seni kutar intizor.

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:44:07

SHUBHA

Men bir o‘yinchoqman uning dastida,
Xohlasa — xas etar, xohlasa — tuproq.
Bu qudrat — bor bilan yo‘q orasida
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Axtarib qolaman umrimdan ma’ni,
So‘zlaganim gunoh, sukutim gunoh.
Pokiza bolaydim, aynitgan meni
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Bemalol dunyoni aldashim mumkin,
Ishongani bog‘ bor, suyangani — tog‘.
Menga dalda berib turadi tun-kun
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Do‘stu yor haqida ikkilanmayman,
Shubha yakson bo‘lar isbot kelgan chog‘.
Faqat uning yuzin bir ko‘rsam, deyman,
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Shu zarra g‘ubordan bo‘lsaydim xoli,
Qalbimdan o‘chsaydi shu arzimas dog‘,
Men yashab ketardim hamma qatori...
Mittigina shubha, mitti ishtiboh...

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:44:19

SHAVKAT RAHMON

Uchib-qo‘nib, uchib-qo‘nib shom-saharlar
Nafis san’at sahnasida poyga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Kapalaklar uchmaydigan joyga ketdi.

Kim quyoshga soldi yerdan topib gavhar,
Kim ko‘ngliga shu’la istab oyga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
CHiroq yonib o‘chmaydigan joyga ketdi.

Chorbozorda so‘z axtarar xaridorlar,
Birov katta ketsa, birov mayda ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Yolg‘on qasam ichmaydigan joyga ketdi.

Ayollarning bandi bo‘ldi qaysi mardlar,
Qay darveshlar chog‘ir ila mayga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Tuhmat toshi tushmaydigan joyga ketdi.

Nag‘malarni bas qilinglar, endi etar,
Qo‘llaringiz bekor dutor-nayga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Osoyishta uxlaydigan joyga ketdi.

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:44:29

XAZONREZGI

Xazonrezgi mahal bag‘rimga
Olib kelding yashnoq bahorni.
Shivirlading quloqlarimga:
— Ayting, sizga keragim bormi?

Olislarda o‘smirlik yoshim,
Boshginangdan sochsam izhorni.
Sabring toshdi, toqating toshdi:
— Ayting, sizga keragim bormi?

Yolg‘izginam, nimasin aytay,
Seni kutib charchadim, hordim.
Sen yig‘lading, siltading qayta:
— Ayting, sizga keragim bormi?

Tomog‘imga kelmadi bu so‘z,
Bir qaysar ruh dimog‘im yordi.
Ostonadan boqding umidsiz:
— Ayting, sizga keragim bormi?

Qayg‘u qoldi ko‘zingdek mayin,
Ko‘rdim sochdek to‘zg‘in iforni.
Shivirladim mahzun jilmayib,
— Ayting, sizga keragim bormi?

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:44:39

SHAFAQQA INGANSAN

Shafaqqa ingansan sayyor qush kabi,
Go‘yo tuproq yo‘lda yo‘qotgan tangam.
Seni eslash mumkin bir tovush kabi,
Seni unutganman. Unutganman.

Biz suygan majnuntol kesilib ketgan,
Keyin o‘tin bo‘lgan,
Keyin alanga.
Kesilgan yurakning yarasi bitgan,
Seni unutganman. Unutganman.

Esimdan chiqibdi hatto ko‘zlaring,
Qo‘llaring...
Men o‘zga qo‘lni tutganman.
Kechir, og‘ir botsa engil so‘zlarim,
Seni unutganman. Unutganman.

Muhabbat...
Kimningdir oshig‘i olchi,
Oshiq bo‘lib, xolos, zaqqum yutganman.
Qaylardadir qolib ketdi ro‘molchang.
Seni unutganman. Unutganman.

Goho dilni ezsa tiriklik yuki,
Goho to‘yganimda bu laziz jondan.
Gohida... Bir nafas... Faqat... Holbuki,
Seni unutganman. Unutganman...

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:44:50

BU HAYOT EKAN-DA...

Bu hayot ekanda, ko‘ngil ekan-da,
Gulning ixtiyori xoru tikanda.
Men yorni xor bo‘lib sevdim, netayin,
Suv teskari ketdi menga kelganda.

Taqdir deyin desam, tahqirga o‘xshar.
Tug‘yonim — ko‘z yoshi, isyonim — xanda.
Ummon asov bo‘lsa, to‘fon ham o‘jar.
Inon-imkon bormi yurak — yelkanda?

Boshim egildimi, sindimi qaddim,
Qalamdek mo‘rt bo‘lar suyanchsiz banda.
Ehtimol, osmonni tutib qolardim,
Yorimning qo‘llari tursa yelkamda.

1997

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:44:59

KO‘ZLARINGGA  TERMULSAYDIM

Daralarga qamab qo‘yib bo‘ronlarni,
Tinchlatirsam yurakdagi suronlarni.
Bir erkalab, bo‘yin to‘ksam rayhonlarning,
Huzuringga men o‘zimni keltursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Umr tushdek izsiz, shitob o‘tayotir,
Umidimni yanchib, mutab o‘tayotir.
Oy iqida shoshqin oftob o‘tayotir,
Shul hajrni men vaslga yetkursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Ehromlar ham bir kun turob bo‘lar ekan,
Koinot ham to‘zg‘ib, xarob bo‘lar ekan.
Faqat sevgi mangu va sof bo‘lar ekan,
Bilganimni endi senga bildirsaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Ko‘z yoshlarim, shoshilmangiz, ketmang toshib,
Qon yurakka malham bo‘lar sho‘r ko‘z yoshi.
Quvonchlardan kechib, qayg‘ulardan qochib,
She’rlar aytib, yig‘latsaydim, kuldirsaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Aytgil, hamon bormi shirin arazlaring?
Salomatmi orzularing, havaslaring.
Qulog‘imdan ketgani yo‘q nafaslaring...
Seni yana bir ko‘rishga ulgursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

1997

Qayd etilgan