Muallif Mavzu: Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 154973 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #15 : 09 Avgust 2007, 05:38:29 »
SO‘ROQ

Qoshlaring kamon deymi,
Yuragim nishon deymi,
Kipriging paykon deymi,
Jigar-bag‘rim qon deymi,
Ko‘zlaring cho‘lpon deymi,
Ko‘zlarim giryon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Tunda qo‘ling axtargan
Qo‘limdan so‘zlasammi,
Ko‘zyoshlarim quritgan
Gulimdan so‘zlasammi,
Faqat senga eltuvchi
Yo‘limdan so‘zlasammi,
Nigohing qaratgani
O‘limdan so‘zlasammi,
Jon deymi, jonon deymi,
Bu nechuk hijron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Eshigingdan ichkari
Jannatligin aytaymi,
Har qadaming mo‘‘jiza
San’atligin aytaymi,
Tabassuming olamga
Minnatligin aytaymi,
Sensiz yashashning o‘zi
Mehnatligin aytaymi,
O‘zingga oson, deymi
So‘zimga ishon, deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Bu benavo ko‘ngilning
Navosidan so‘ylaymi,
Har oshiqning yolg‘izlik
Da’vosidan so‘ylaymi,
Yoki isming yukidan,
Ma’nosidan so‘ylaymi,
Zamonaning Kumushi
Ra’nosidan so‘ylaymi,
Bu o‘zga zamon deymi,
Bu boshqa doston deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sevgidan yana boshqa
Qayg‘udan gapirsammi,
G‘ubor va hovur bosgan
Ko‘zgudan gapirsammi,
Ertakchini qo‘rqitgan
Mavzudan gapirsammi,
Ochlikdan gapirsammi,
Uyqudan gapirsammi,
Kaftlarim qalqon deymi,
Gaplarim tolqon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sensiz sendek beparvo
Kezlarimni kuylaymi,
Atirgulga bo‘y bergan
Hislarimni kuylaymi,
Maysa boshga ko‘targan
Izlarimni kuylaymi,
Sen deb mendan yuz burgan
Do‘stlarimni kuylaymi,
Kuylarim – osmon deymi,
O‘ylarim – armon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sochlaring rayhon deymi,
Borlig‘ing bo‘ston deymi,
Zulfing parishon deymi,
Bir taraf Qo‘qon deymi,
Bir yon Andijon deymi,
Hamma el hayron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

2000

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #16 : 09 Avgust 2007, 05:39:12 »
XUDOGA SOLDIM

Uning qovog‘idan boshimga yoqqan
Qorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.
Qonimni qaynatib, jonimni yoqqan
Korini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

O‘sha-ku xor kelsa toptagan tikka,
O‘sha-ku zo‘r kelsa darrov bosh bukkan,
O‘shaning Mashrabu Xallojga tikkan
Dorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Yulduzlar sayriga tortar sanalar,
U hamon urug‘ deb sochar kanalar,
Sillasi qurigan buva, enalar
Zorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Shudir el haqidan qasrlar qurgan,
Asli-ku, non urgan, asli Haq urgan,
Uning alohida qatorda turgan
Norini Xudoga soldim-da qo‘ydim. 

So‘rasang, iblisga taqalar nasli,
Xoinlik – hunari, kazzoblik kasbi,
Dunyoni yutmoqqa shay turgan nafsi –
G‘orini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Alamim tog‘cha bor, mayda dard emas,
Garchi qasd olmagan yigit - mard emas,
Lekin Xudoyimga yordam shart emas,
Barini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

2001

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #17 : 09 Avgust 2007, 05:40:21 »
DARD

Qaydan kelayotir uyur-uyur g‘am,
Qaydan ko‘chayotir palaxsa hasrat?
Qaydan yog‘ayotir shirg‘oqdek alam,
Qaydan sizayotir laxta-laxta dard?

«Milt» etgan shu’la yo‘q, «yilt» etgan uchqun,
Vahima suzadi bahri muhitda.
Og‘rigan chol kabi ruhiyat tushkun,
O‘limni kutgandek og‘ir sukutda.

Bunday chog‘ do‘st bekor, janona bekor,
Faqat g‘ussalarni toshiradi may.
Tuyg‘ularni ermak qilgan kabi tor,
Suyagingni teshib o‘yin qilar nay.

Vaqtiki, yorishar charxpalak olam,
Jilva qilar ruhing – yog‘du tushgan gard.
Ammo qayga ketar uyur-uyur g‘am,
Ammo qayga singar laxta-laxta dard.

2002

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #18 : 09 Avgust 2007, 05:40:34 »
KO‘RINADI

Men muhit tomonga yuzimni bursam,
To‘rt fasl bir joyda jam ko‘rinadi.
Bunda baxti qaro kuylaydi hurram,
Baxti raso dilda g‘am ko‘rinadi.

Qarasam, beshikdan tobutga qadar,
Birov umr so‘rar, yana birov – zar.
Berganga bittasi ko‘pdir, birodar,
Olganga mingtasi kam ko‘rinadi.


Uzoqni ko‘zlagan otliqni ko‘rdim,
Qismati eshakka bog‘liqni ko‘rdim,
Muhabbatdan dili dog‘liqni ko‘rdim,
Kulsa ham ko‘zida nam ko‘rinadi.

Atirgulim manim, nozlik atirgul,
Tikonlari yumshoq, nozik atirgul,
Umri yarim bahor – yozlik atirgul,
O‘z husnidan boshi xam ko‘rinadi.

Besamar arzlarda umri hazonlar,
Befoyda bahslarda umri hazonlar,
Behuda darslarda umri hazonlar
Qoshida ming yillik sham ko‘rinadi.

Quyoshing shundadir, oying shundadir,
Zuvalang – qorilgan loying shundadir,
Shunda qolajaksan – joying shundadir,
Yonginangda Iqbol ham ko‘rinadi.

2000

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #19 : 09 Avgust 2007, 05:42:25 »
TILLA UZUK

Ey qaldirg‘och qoshligim,
Kel, ahdimiz bir bo‘lsin.
Uchta odam bilgan gap
Qanday qilib sir bo‘lsin?

Tilla uzukka tilla
Ko‘z bo‘lmaydi hech qachon.
Qiz bolaga qiz bola
Do‘st bo‘lmaydi hech qachon.

Bordir saroy qurganlar,
Bordir davron surganlar.
Bormi bizdek bir tushni
Birgalashib ko‘rganlar?

Bitta qizga bir yigit
Tilla uzuk taqibdi.
Bitta dushman yigitga,
Qizga qirqta raqibdir.

Tilla uzukka tilla
Ko‘z bo‘lmaydi hech qachon.
Qiz bolaga qiz bola
Do‘st bo‘lmaydi hech qachon.

Xayolingni dugonang
Buzganini bilmaysan.
Yonginangdan menga ko‘z
Suzganini bilmaysan.

2002

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #20 : 09 Avgust 2007, 05:43:25 »
MENDAN SOVIYAPTI…

Birdan ehtirosga to‘ldingiz,
Yondingiz, kuydingiz, so‘ndingiz.
Parishon, sochingiz parishon,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Men hamma qatori bolaman,
O‘zimdan zerikib qolaman.
Bilishim bilmaysiz, bilaman,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Sevgi – cho‘g‘, deydilar, o‘chgaydir,
Sevgi – o‘q, deydilar, uchgaydir,
Sevgi yo‘q, deydilar, shundaydir,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Qarshimda kundan kun so‘lg‘in, xor –
Gulga suv purkaysiz beozor.
Zarim bor, zo‘rim bor, zorim bor,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Iliyapti ummon, dengizlar,
Eriyapti ming yillik muzlar.
Sovuqqina so‘zlar va ko‘zlar…
Mendan soviyapti ko‘nglingiz

2002

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #21 : 09 Avgust 2007, 05:43:36 »
GUNOHLARIM

Ellar o‘chirdi chiroqlarimni,
Shamol sovurdi yaproqlarimni,
Quyun ho‘pladi gulbog‘larimni,
Bo‘ron ko‘tardi tuproqlarimni,
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

Ishonganlarim – sirdosh bo‘lganlar,
Suhbati shirin, dildosh bo‘lganlar,
Yo‘lning yarmida yo‘ldosh bo‘lganlar –
Qayda, kim ko‘rdi hamrohlarimni,
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

Jon desam, jondek jononim qani?
Har so‘zimga yuz qurbonim qani?
O‘zi – chin, so‘zi yolg‘onim qani?
Muncha xor etdi nigohlarimni,
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

Bitta gulim bor – so‘lmaydi aslo,
Mendan o‘zgaga ko‘nmaydi aslo,
Shukurki, ushlab bo‘lmaydi aslo,
Sizga ko‘rsatay barmoqlarimni
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

2002

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #22 : 09 Avgust 2007, 05:43:52 »
MUHABBAT

Muhabbat, bu – yalt etgan nigoh
Va halovat abas, degani.
Muhabbat, bu – o‘zingni sevmoq
Va o‘zgaga havas, degani.

Hayot isi kelar ismidan,
Hayotingni kessa-da zimdan,
Muhabbat, bu – kuy to‘la zindon,
Atirguldan qafas, degani.

U – quyoshdir, eta olmassan,
U – ko‘z yoshdir, tuta olmassan.
Muhabbat, bu – keta olmasdan
Jon talashgan nafas, degani.

Subhidamda kuylagan kaptar,
Esda turmas chiroyli gaplar,
Muhabbat, bu – titragan lablar,
Azr degani, araz degani.

Tarixlarni buzgan qudrati,
Yorug‘likdan o‘zgan sur’ati.
Muhabbat, bu – baxtning surati,
Baxtning o‘zi emas, degani.

2004

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #23 : 09 Avgust 2007, 05:49:08 »
NAVRO‘ZGULI

Navro‘zguli, boychechagim, bormisan,
Men senga zor, sen ham menga zormisan?
Muz ichida asradim men ko‘nglimni,
Sen o‘zingni asrab, baxtiyormisan?

Omonliqsan, to‘tiyosan ko‘zlarga,
Sevgi maktubisan ma’sum qizlarga.
Suykalasan dudoqlarga, yuzlarga,
Bitta o‘zing bir butun gulzormisan?

Ninachining qanotidek barging bor,
Asal va sut bo‘yi kelar atring bor.
Qadrim bilib yo‘qladingmi, qadring bor,
Yolg‘izginam, yolg‘izlarga yormisan?

Ay, ko‘ngilni qitiqlagan erka gul!
Ay, olamni ko‘mgan orzu-sirga, gul!
Qayga desang, men ketaman birga, gul!
Sen ham mendek dardga xaridormisan?

Oy ham kulcha ko‘rinarmish ochlarga,
Bulut ko‘rpa bo‘lib zor-muhtojlarga.
Tashna dilu ruhi yalang‘ochlarga –
Birdek tansiqmisan, madadkormisan?

Jonim gulim, o‘tinaman, so‘lmay tur,
Dunyo yashnaganda hazon bo‘lmay tur.
Meni etim qilma, ketma, o‘lmay tur,
Sen ham mendek dunyodan bezormisan?

2003

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #24 : 09 Avgust 2007, 05:49:23 »
BUG‘DOYSO‘Z

Bug‘doy – bu jannatiy ne’mat deydilar,
Shundan manglayingda kavsar jilosi.
Kelganda azaliy mehnatdan kelar
Jannat farog‘ati, jannat safosi.

Tuproqdek hokisor, saxiy, tanti zot,
Ushbu kun valiylar alqab turibdi.
Oriyat, hamiyat, lafz va e’tiqod
Sening timsolingda yashab yuribdi.

Dengiz tubidan dur izlagan g‘avvos,
Zuhroni ko‘zlagan shunqor fazogir
Sening qo‘lingdan rizq terganligi rost,
Ilmu amalida himmating zohir.

Mushtdek jips bo‘lsin deb qizu o‘g‘loni,
Onalar hamirni mushtlab ko‘ptirgan.
Omonlik, qut tilab Sohibqironing
Ot ustida turib bug‘doy septirgan.

Bir bog‘lam nur o‘ynar oy o‘rog‘ida,
Yulduzlar qayroqi donga o‘xshaydi.
Quyosh oltin boshoq sahar chog‘ida,
Oqshomda mag‘zi to‘q nonga o‘xshaydi.

Qaydadir kimningdir so‘nggi libosin,
Yirtmoqni hunar deb bilguvchi kaslar.
Yo‘qlik va ochlikning tavqini osib,
Dunyoga jar solib kulguvchi kaslar –

Nokas, nonko‘rlarga gapim yo‘q mening,
Kuylasam sendayin qorako‘zim bor.
Sen borsan, ko‘zim to‘q, ko‘nglim to‘q mening,
Bug‘doy nonim bordir, bug‘doy so‘zim bor.

2006

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #25 : 09 Avgust 2007, 05:50:32 »
QIZLARXON

Ayriliqni o‘ylasam,
Tomirimda muzlar qon.
Ko‘zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo‘q, Qizlarxon.

Ichganim qasam ekan,
Quchganim tizzam ekan.
Qizlarxonning ko‘nglini
Koshki, bilmasam ekan.

Sovg‘a qilgan ro‘molin
O‘ramayman, debdi u.
Ko‘rishganda ahvolin
So‘ramayman, debdi u.

Qizim hali yosh-ku, deb
Otasi qo‘ymas ekan.
Balog‘atni, yaxshilar,
Yashirib bo‘lmas ekan.

Har bir bosgan iziga
Ta’na qilib o‘tadi.
Ro‘molini yuziga
Pana qilib o‘tadi.

Ayriliqni o‘ylasam,
Tomirimda muzlar qon.
Ko‘zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo‘q, Qizlarxon.

Holvasidan totganman,
Sumalak yalamayman.
Qizlarxonni topganman,
Boshqaga qaramayman.

Birga bog‘ kezsak ekan,
Nok uzib esak ekan.
Sevgi yo‘q, deb aytganning
Og‘ziga kesak ekan!

2003

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #26 : 09 Avgust 2007, 05:50:43 »
YAXSHI KO‘RAMAN

Shoirlik g‘irt bekorchiga ish,
Yumushim shu – xayol suraman.
Nima haqda? Noqulay aytish...
Sizni hamon yaxshi ko‘raman.
   
Iqrorimdan zarracha naf yo‘q,
Hanuz xomman, hanuz g‘o‘raman.
Nishoniga borib tekkan o‘q,
Yuragim qon. Yaxshi ko‘raman.

Visolingiz endi – ehtimol,
Lekin mudom izlab yuraman.
Baxtimga bir xayol bor, xayol,
Mushkul – oson, yaxshi ko‘raman.

Bugungacha sir tutib keldim,
Tokay, jonim o‘tga uraman.
Sizgacha va keyingi sevgim
Bari yolg‘on, yaxshi ko‘raman.

Bilmaymanmi? Bilaman – uyat,
Andishani chetga suraman.
Ishoning, yo‘q hech yomon niyat,
Sizni yomon yaxshi ko‘raman.

1998

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #27 : 09 Avgust 2007, 05:50:57 »
GUL

Qaldirg‘och – ko‘klamning langari,
Hut keldi bulutda – kemada.
Sakradi yashillik lashkari,
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Nimpushti, nimyashil, nafarmon –
Ranglarga bog‘larni beladi.
Unga na qonun bor, na farmon…
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Binafsha, boychechak, bodrezak
Yonida ochilib kulmadi.
Bunaqa ko‘klam kimga kerak?
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Qattiqroq qaragan edimmi,
Xafa qiluvdimmi, bilmadim.
Tikonlar yular ich-etimni…
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Shu bugun o‘rnimi hazilning?
Yangi kun haqqi va hurmati –
O‘z o‘rni bor har bir faslning!
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Qimmatga tushar bu arazing!
«Ming to‘qqiz yuz to‘qson muddati –
Qishdan so‘ng kuz keldi», deb yozing!
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

1990

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #28 : 09 Avgust 2007, 05:51:43 »
DADAM QABRI

Qora qishdan qutulmasdan turib olam,
Dadam qabri ustidan o‘t ko‘klab chiqdi.
Nima qilib yuribdi, deb, bebosh bolam?
Balki ko‘ngli tinchimasdan yo‘qlab chiqdi.

Odam bormi bu manzilga kelmaydigan,
Odam bormi kelishini bilmaydigan,
Tirik odam bormi seni tergaydigan? –
Degan savol maysalarni chulg‘ab chiqdi.

El qatori nasihatdan bezganim rost,
Umidimni o‘zim tishlab uzganim rost.
Qayda bo‘lmay, bir nigohni sezganim rost,
Gunoh qilsam, o‘tkir nigoh tig‘lab chiqdi.

Ba’zan qo‘lim, ba’zan esa sabrim etmas,
Hayotimni oqlash uchun umrim etmas.
Onamni haj qildirgani qurbim etmas,
Hayit kuni yurakkinam ingrab chiqdi.

Yillar o‘tib kim ulg‘aydi, kim qaridi,
Kimdan oru nomus, kimdan dard aridi.
Akalarga to‘kay, deb dil g‘amlarini –
O‘ksib borsam, eshigidan yig‘lab chiqdi.

Bildim, nega el oldiga osh qo‘yishar,
Qachon yostiqqa bemalol bosh qo‘yishar.
Ko‘klamasin deb, ustiga tosh qo‘yishar…
Mening dadam qabridan o‘t ko‘klab chiqdi.

2004

Ziyo

  • Super Member
  • ******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 1328
Re: Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
« Javob #29 : 09 Avgust 2007, 05:52:00 »
SINGAN ODAM

Singan odam, tuyg‘ulari tingan odam,
Singan odam, qismatiga ko‘ngan odam.
Siniq kulib, siniqqina ko‘rishadi,
Kun ko‘radi, yashamaydi singan odam.

Yuribmiz-da, deydi endi o‘g‘il-qiz deb,
Qoraqozon yonidagi qorako‘z deb…
Men hamisha yoningdaman, ketdik, do‘st, deb,
Elkangga qo‘l tashlamaydi singan odam.

Ko‘rilmagan katta xavfni ko‘rib qolgan,
Qochib borib o‘z ichiga kirib qolgan.
O‘z jonining mazasini bilib qolgan,
Senga jonin to‘shamaydi singan odam.

Ko‘rdim singan shoxni – oppoq guli bilan,
Egam goho shunday o‘ynar quli bilan.
Goho urar bandasining qo‘li bilan…
Odam isin xushlamaydi singan odam.

Unga tegma, u sendan ayb qidirmaydi,
Aybing bilsa ham birovga bildirmaydi.
Singan odam singanlarni sindirmaydi.
Begonaga o‘xshamaydi singan odam.

2001

 

Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (O'limni eslash kitobi)

Muallif Muslima_subhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 96
Ko'rilgan: 52753
So'nggi javob 22 Iyul 2008, 09:39:38
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Qiyomat va oxirat

Muallif mutaallimahBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 119
Ko'rilgan: 61171
So'nggi javob 21 Iyul 2008, 07:57:39
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)

Muallif LayloBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 320
Ko'rilgan: 119259
So'nggi javob 23 Iyun 2008, 07:38:49
muallifi AbdulAziz
Abduttavvob Yusuf. Muhammad alayhissalom hayotlaridan o’n qissa

Muallif LayloBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 69
Ko'rilgan: 37835
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 01:15:56
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (O’limdan so’ng)

Muallif Muhammad AminBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 116
Ko'rilgan: 51778
So'nggi javob 22 Iyul 2008, 08:08:47
muallifi AbdulAziz