Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221536 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:45:12

LAHZALIK SEVINCH BOR...

Lahzalik sevinch bor, lahzalik visol
Bosh-oyoq soz o‘tgan kunni bilmadim.
Ertaga yuragim tinar, ehtimol,
Qachon qayg‘u do‘li tindi, bilmadim.

Suvloq kechgan kabi izim belgisiz,
Izim ko‘zyoshgami, cho‘mdi, bilmadim.
Umr sovurmoqqa ruhsiz, sevgisiz —
Asov dil qaysi kun ko‘ndi, bilmadim.

Bahorda quvonchgul ekkandim, chog‘i,
Ne bois qayg‘ugul undi, bilmadim.
Qaerda adashdim, qayda gunohim?
Qaerga bosh uray endi, bilmadim.

Hur-hur shabadalar, moviy chechaklar,
Zangor oy eridi, tomdi... bilmadim.
Sertutun kunduzlar, oysiz kechalar,
Sharpalar... Bir shaffof tongni bilmadim.

Sizdan o‘tinchim shu — bir nafas tegmang,
Gina saqlamadim, kinni bilmadim.
Bir go‘zal insonni sog‘ingandekman,
Lekin sog‘inganman kimni? Bilmadim.

1999

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:45:23

O‘G‘LIM

Eski doridek quvvati ketgan – qadr...
Ammo hayot hamon yangi – go‘zal, o‘g‘lim.
Tomirlaring ignadan ham ingichkadir,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

Derazadan nafasingni sezib turdim,
Gunohlarim o‘ylab, ko‘nglim ezib turdim.
Oq libosdan sendan battar bezib turdim,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

Tovonimdan sochimgacha uzun og‘riq,
Og‘riq bormi chorasizlikdan ham ortiq.
Senga qanday dard tegdiykin mendan ortib,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

G‘aribgina sochilmishdir o‘yinchoqlar,
Beshik bo‘ynin siqayotir ko‘zmunchoqlar.
Mittigina tuflichalar ham paypoqlar...
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

Asli, o‘zim xastaholman, o‘zim dardmand,
Faqatgina dilimda bu kasal, o‘g‘lim.
Sen sog‘aysang, men ham balki tuzalarman,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

1999

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:45:37

KO‘NGLINGDA NIMA BOR

Taqdirga tan kerak-ku, ammo,
Gohida o‘zimga sig‘mayman.
Ko‘nglimda bir tugun muammo —
Ko‘nglingda nima bor — bilmayman.

Bilaman kipriging har birin,
Chizaman ko‘zlaring tasvirin.
Vujuding qo‘ynimda, asirim,
Ko‘nglingda nima bor — bilmayman.

Bilaman qaysi rang yoqishin,
Nigohing aytadi xohishing.
Uyqumda taniyman tovushing,
Ko‘nglingda nima bor — bilmayman.

Bilaman, labingda boling bor,
Zulfingda necha tor tolang bor.
Bilaman, qaerda holing bor,
Ko‘nglingda nima bor — bilmayman.

Dildorim deyinmi, dilbarim,
Behuda yurakni tilganim.
Bir puldir dunyoni bilganim —
Ko‘nglingda nima bor — bilmayman.

1999

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:45:47

KO‘Z QORASI

Ko‘z qorasi — yurakdagi dog‘lardan,
Soch qirovi o‘tli-o‘tli ohlardan.
Men do‘stimni alqab so‘z aytay desam,
Alpomishlar bo‘zlab chiqar chohlardan.

Qancha gunoh oldimda-yu izimda,
Netay, hatto o‘zim yo‘qman izmimda:
Ruh siltanib, chiqib ketar tizgindan —
Sharob hidi kelsa kuzgi bog‘lardan.

Do‘stim, bizlar boshqa-boshqa taqdirmiz,
O‘zimizcha to‘g‘ridirmiz, haqdirmiz.
Balki kurtakdirmiz, balki bargdirmiz,
Lekin meva tilamasmiz shohlardan.

Oshiq ahli yo telba yo mast kelgan,
Suvdan sokin, maysadan ham past kelgan.
Men bilganlar bari dilshikast kelgan,
Ko‘ngil so‘rab ko‘rmaganman sog‘lardan.

Dilga kulrang soya tushar zog‘lardan,
Yo tosh ko‘char, yo sel kelar tog‘lardan.
G‘amli she’rlar yozmas edim, na qilay —
Hanuz sado kelmas Qo‘qon yoqlardan.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:45:55

AFSUSKI

Nima qildim koyib, taqdirdan nolib,
Bu savdolar qondan o‘tgan, afsuski.
Do‘stlar ohang to‘la yuragim qolib
Eshigimga quloq tutgan, afsuski.

Afsuski, halvoga do‘nmas g‘o‘ralar,
Toychoqqa yo‘l bermas qari yo‘rg‘alar.
Bedilning ko‘zlarin ko‘rgan qarg‘alar
Chorbog‘imda tuproq titgan, afsuski.

Afsuski, tushmadim men ham osmondan,
Yaxshidan yomonman, yaxshi yomondan.
Jon deb kechib ketar edim-ku jondan
Onamning kutgani kutgan, afsuski.

Afsuski, shabboda sudragan xasman,
Kuyim o‘zimga tan, o‘zim sarmastman,
Ko‘changizdan qaytib kuylab o‘tmasman,
Azal menga shuni bitgan, afsuski.

Afsuski, sharhi yo‘q jimligingizning,
Siz ham o‘ylarmisiz kimligingizni.
Bilaman-ku makkor shumligingizni —
Shayton bel olishmay yutgan, afsuski.

Afsuski, oldinda ko‘ngil yo‘q, dil yo‘q,
Karvon so‘ngidaman giyohu gul yo‘q.
Fojiam shundaki, orqaga yo‘l yo‘q,
Imkon qo‘ldan ketgan... ketgan... afsuski.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:46:06

BORGAN SARI

Borgan sari bahor tansiq tuyilar,
Borgan sari atirgullar xushbo‘yroq.
Borgan sari ko‘z yosh ravon quyilar,
Borgan sari oy tiniq va xushro‘yroq.

Sharob ichsam, tomchisini qoldirmay,
Seni quchsam, o‘psam charchoq bilmasam.
Labim qayiq kabi senda etsa sayr,
Ko‘zlarimni yashirmasdan yig‘lasam.

Borgan sari bo‘salaring totliroq,
Borgan sari qirmiziroq lablaring.
Borgan sari sokin-sokin qaltiroq,
Borgan sari shirin-shirin gaplaring.

Shudring misol izsiz ketyapti kunlar,
Visol tuni kechayotir chaqinday.
Boshimdan qor sochayotir uchqunlar,
Sezyapsanmi, so‘nggi manzil yaqinday...

Borgan sari yorug‘ tortar shamchiroq,
Borgan sari yashil va durkun yalpiz.
Borgan sari quchmoqdaman qattiqroq,
Borgan sari uzoqlashib ketyapmiz.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:46:17

MENI  ESLAYSANMI?

Meni eslaysanmi, oy tilib-tilib,
Qiyqimlagan baxmalim — yalpiz?
Kimni izlayapsan, chuvalchang bo‘lib
O‘rmalab ketgan ildiz?

Ninachi qanotin urgan anhorim,
Sog‘inchingdan so‘zlab ber!
Ayt, seniyam bir sog‘inganing bormi,
Sopoldek darz ketgan yer?

Dadam ekkan terak, qishning chillasida
Bag‘ring tilinmadimi?
Qishlog‘im, ko‘klamning ilk pallasida
O‘rnim bilinmadimi?

Sevgilim, hammasi tamom bo‘lgan. Goho —
Meni qiynaydi bir so‘z.
Sendan bir narsa bilmoqchiydim, ammo
Yodimdan chiqdi, afsus...

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:46:27

KELINCHAK

O‘rik shoxlariga qo‘ngan qormikan,
Qo‘llaring xinomi yo gulgun chechak?
Hanuz masrurmisan, baxtiyormisan,
Bag‘dod bog‘larida qolgan kelinchak?

Kimni aziz tutib ketding, azizam,
Kimning haroridan gullading, o‘sding?
Bir lahza ko‘zimni ko‘rayin desam,
Kipriklaring bilan ko‘zingni to‘sding.

Boshingda daryodek mavjlangan ro‘mol...
Shamol qulog‘idan tortar barglarni...
Shamol, uchirolmay dilgirdir shamol —
Ro‘molingga qo‘ngan kapalaklarni.

Olam bir alamdir, sim-siyoh cheti,
Alam bir olamdir endi, sevarim.
O‘rik gullaridek sochilib ketdi
Kaftimdagi bir juft sitoralarim.

Meni chorlayverdi yovvoyi kenglik,
Jayronlar ko‘zidan ko‘zim qamashdi.
Senga gullagan bog‘ yarashganidek
Menga sargardonlik gashti yarashti.

O‘rik shoxlarini bukkan qormikan...
Qo‘llaring xinomi yo gulgun chechak.
Seni ko‘rgim kelar, omon bormisan,
Mening tushlarimda qolgan kelinchak...

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:46:37

SEVMADING

Sevmading sen, dilitoshim,
Dilimga cho‘kdi qo‘rg‘oshin.
Ko‘zimdan toshdi ko‘zyoshim,
G‘amkash buloq sevmish mani.

Sevmading san, etolmasdan
Sanga termuldim olisdan.
Haddan ziyoda yolg‘izman,
Netay, tuproq sevmish mani.

Sevmading san. Ay, yuragim!
Xazon tushgan may — yuragim.
Qandoq ovutay, yuragim,
Keksa yaproq sevmish mani.

Sevmading san, atirgulim,
Sevgi asli nadir, gulim?
U singan ignadir, gulim,
Singan chaqmoq sevmish mani.

Sevmading san! Sevmading san!
Har odimda xatar bergan,
Har yutimda zahar bergan,
Suyganiga dardlar bergan,
Tangri ko‘proq sevmish mani...

1993

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:46:49

TILAK

Qirq kun qora sel kelsin,
Yuvib ketsin yer yuzin.
Ikki jon omon qolsin —
Yolg‘iz sen bilan o‘zim.

Tig‘ o‘ynatsin qahraton,
Dunyo muzlasin zim-zim.
Bizlar qolaylik omon,
Yolg‘iz sen bilan o‘zim.

O‘t tushsin bu jahonga,
Yonsin baliq, kuysin qum.
Tegmasin ikki jonga —
Yolg‘iz sen bilan o‘zim.

Dardim o‘zimga ayon,
So‘nayotir yulduzim.
Qochib boraylik qayon
Yolg‘iz sen bilan o‘zim?

Ayt, yana nima deyin?
Bundan boshqa yo‘q so‘zim.
Nahot shunchalar qiyin...
... Yolg‘iz sen bilan o‘zim.

1994

Qayd etilgan