Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221264 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:48:36

RUSTAM SOBIT HIKOYASI

Bu qiz boshqacha ekan,
To‘satdan sezib qoldim.
Bilmadim, nima bo‘ldi,
Shu qizni sevib qoldim.

Kecha-kunduz xayolim
Uchadi gulruh sari.
Bir lahza ko‘z o‘ngimdan
Ketmaydi gul ruxsori.

Bir kun to‘sdim yo‘lini,
Shartta quchdim, qo‘ymadim.
Bitta o‘ptim, to‘ymadim,
O‘nta o‘ptim, to‘ymadim.

Sezdim — qizning ko‘ngli bor,
Ammo bosh garang edi.
Bu bog‘da tikan bisyor,
Oyog‘im — yalang edi.

Na qilarsan, sevganing
Zargarning qizi bo‘lsa.
Zargar esa, nonemas,
Zang‘arning o‘zi bo‘lsa.

Zar qadriga etmagan
Zargar sotdi qizini.
Bir puldorning qo‘yniga
Shartta otdi qizini.

Kuldi do‘stu dushmanim,
Bir pul bo‘ldi qiymatim.
Bir kun yotib yig‘ladim,
O‘n kun yotib yig‘ladim.

Bilmasdim — netmak kerak,
Qanday talashar edim?
Men o‘shanda yosh edim,
O‘n etti yashar edim...

O‘n yoz o‘tdi, o‘n bahor,
Bir kuni uni ko‘rdim.
Hurkak kiyikcha emas,
Go‘zal ohuni ko‘rdim.

Bedapoya. Hech kim yo‘q.
Ketqizgani qo‘ymadim.
O‘nta o‘ptim to‘ymadim,
Yuzta o‘ptim, to‘ymadim.

Kuldi, sevaman, dedi,
Xayolimda — siz, dedi.
Mendan or qilmang, dedi,
Men — bokira qiz, dedi...

Tuf-e! Bari xom xayol,
Qo‘ldan ketgan hammasi.
U endi oddiy ayol,
Bir etak churvaqasi!

Menmi? Nima ishing bor?
O‘sha-o‘sha sayoqman.
To‘rt tarafim tikonzor,
Hamon yalangoyoqman.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:48:54

ISITMA HAQIDA HIKOYA

«Bir uxlab tursang bo‘ldi,
Nima bo‘pti isitma.
Chopib ketasan, o‘g‘lim,
Ko‘rmagandek hech nima...»

Tashqarida shamolmi,
Yo bo‘rimi uvlagan?
Uxlash kerak, uxlash shart,
Sog‘ayadi uxlagan.

Katak-katak dastro‘mol,
Onam artar terimni.
Yashil-qizil sharpalar
Suzib yurar erinib.

Boshim og‘ir og‘riydi,
Achishadi dimog‘im.
Oyoqlarim bahaybat,
Begonadek barmog‘im.

Erinchoq, sur sharpalar
Quvlagani, quvlagan.
Uxlash kerak, uxlash shart,
Tuzaladi uxlagan.

Men mezbonmi, dard mehmon,
Ona, ketdim tuzalib.
Uzoqib ketdim sizdan,
Ota yurtdan uzilib.

Yarim kecha. YArim oy,
Yarim umr, ehtimol.
Uyqu kelmas. Ko‘chada
Itdek uliydi shamol.

Ko‘zlarimdan o‘tib chang,
Yuragimga dard tekkan.
Ona, ahvolim yomon,
Menga yomon dard tekkan.

Atrofimda sharpalar
Aylanadi erinib.
Kim menga malham bo‘lar,
Kim artadi terimni?

Bir uxlab tursam bo‘ldi,
Unut bo‘lar barchasi.
Yurak, la’nati yurak
Tortib-tortib sanchadi.

Harom bo‘ldi ko‘zlarim,
Harom bo‘ldi yuragim.
Ey, tuzalmas kasalning
Kimgayam bor keragi!

Men ham, axir, odamman,
Sotaman yo tonaman.
Xotirjam bo‘ling, ona
Hozir uxlab qolaman.

Uyg‘onsam agar, men ham —
Jilmayaman pok, halol.
... Tashqarida go‘dakdek
Chinqirab yig‘lar shamol.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:49:12

CHIROYLI QIZ HAQIDA HIKOYA

Sen chiroyli qiz eding,
Sen chiroyli kularding.
Sal xunukroq bo‘lsayding
O‘zimniki bo‘larding.

Men ketaman, gulg‘uncha,
Qarab qolmagin, dedim.
Men murodga etguncha
Qarib qolmagin, dedim.

Visol nima, dedim men,
Hijron kerak she’r uchun,
Qiynoq kerak she’r uchun
Armon kerak she’r uchun.

Qattiq boqding so‘nggi payt,
Labing titradi lekin:
«Yaxshi ko‘rasanmi, ayt,
Yaxshi ko‘raman, degin!»

O‘yin qildim, ko‘nglingni
Kapalakdek haydadim.
Sendan topgan so‘zimni
Chaynab yutdim, aytmadim.

Xayr, qishloq, men ketdim
Orzuli ko‘nglim bilan,
Sevgim ko‘zin berkitdim
Qalamli qo‘lim bilan.

Atay qildim hammasin,
Atay seni kuydirdim.
Ochildi she’r sahnasi —
Bari yolg‘on, uydirma.

Bilib turib kechdim men
Eng chiroyli olamdan.
Arosatga tushdim men —
Na shoir, na odamman.

Qalbqozon qaynay-qaynay,
Quyuldi, cho‘kdi sekin:
«Yaxshi ko‘rasanmi, ayt,
Yaxshi ko‘raman, degin!»

Umr ketgani sari
Yo‘qliging seziladi.
Seni o‘ylab tunlari
Yuragim eziladi.

Uyimga keldi boylik,
Etakladi omadim.
Ammo sendan chiroyli
Va g‘amgin she’r topmadim.

Men kim edim, ne uchun
Shuncha yo‘lim qarading?
Xazon bo‘lding men uchun,
Meni kutib qariding?

Salom, qishloq, men keldim
Alamli ko‘nglim bilan.
Yonimda xushnud kelin,
Erkatoy o‘g‘lim bilan.

Oqshom payti ko‘chadan
Bir tovushni ilg‘adim,
Turib oyoq uchida
Yurak yutib, tingladim.

Kimdir mening o‘g‘limni
Erkalardi, suyardi.
Mittigina qo‘lini
O‘pib-o‘pib qo‘yardi.

Bir gap so‘rardi tinmay,
Javob kutmasdi lekin:
«Yaxshi ko‘rasanmi, ayt,
Yaxshi ko‘raman, degin!»

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:49:29

PARI HAQIDA HIKOYA

Bilagingdan, labingdan
Binafsha bo‘yi kelar.
Yig‘i kelar labimdan,
Bo‘g‘zimdan o‘yib kelar.

Qayda ertaklar yurti,
Qay tomonda Xorazm?
Firoq jonimdan o‘tdi,
«Galdi seni go‘rasim».

Tola soching kuydirdim,
Uchib kelding. Serzarda.
Men jim turdim. Tek turdim.
O, agarda, agarda!

Derding, netayotirsan,
Meni tinch qo‘y, iltimos.
Sen bor-yo‘g‘i shoirsan,
Ya’ni odamsan, xolos!

Menga tekkandi pari,
Yo‘q, to‘g‘risi, jin chaldi.
Pirpiradi lablarim:
«Sani go‘rasim galdi...»

Hayron turding. Bo‘shashding,
Chaqildi ishq chaqmog‘i.
Men oshiqdim. Men shoshdim.
Gulga to‘ldi quchog‘im.

Bilagingdan, labingdan
Binafsha bo‘yi keldi.
Bir o‘t chiqdi qalbimdan,
Tomog‘im kuyib keldi.

Shivirlading, shoirim,
Ishq yolg‘ondir, yig‘ingil.
Muhabbatning oxiri
Pushaymondir, yig‘ingil.

Soching yuzimga surdim,
O, ko‘zimning qorasi.
Qayda ertaklar yurti,
Qay tomonda Xorazm?

Tongda firoq muqarrar,
Hijron kutar saharda,
Birga ichaylik zahar,
O, agarda, agarda!

... Parilar hiylasini
Bilmas odam bolasi.
Ko‘ylagim tugmasiga
Bog‘langan soch tolasi...

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:49:53

NIGOH HAQIDA HIKOYA

O‘lan — mayin, o‘t — mayin,
Yo‘lingga yotib oldim.
Kapalak  tutgandayin
Nigohing tutib oldim.

Duv qizardi yonog‘ing,
Shuv sirg‘ondi yuragim.
Qochdim g‘olib bayrog‘i —
Hilpiradi ko‘ylagim.

Tomda yotdim shu kecha,
Yulduzchalar jilmaydi.
Men bilaman, tonggacha
Sening uyqung kelmaydi.

Nigohingni so‘raysan
Odam qo‘yib o‘rtaga.
Erkalayman, yayrayman:
«Ertaga ke, ertaga!»

Etti iqlimni aylan,
Bunday shirin nigoh yo‘q.
Qaytarib beradigan
Anoyi yo‘q, ahmoq yo‘q.

G‘ubor bosgan osmonni
Engim bilan artaman.
«Nima bo‘lar ertaga?
Nima bo‘lar ertaga?»

Uzoqni ko‘radigan
Otangda ham gunoh yo‘q:
«Unga qiz beradigan
Anoyi yo‘q, ahmoq yo‘q!»

O‘lan — mayin, o‘t — mayin,
Indamaydi toptasang.
Birovga indamayin
Ochiladi darbozang.

Yaxshi qizsan, sen hecham
Tik qarashni bilmaysan.
Men bilaman, tonggacha
Bildirmasdan yig‘laysan.

Nigohimni so‘nggi dam
Kipriging kesib o‘tdi.
Yo‘lingga yotib olsam,
Ko‘nglimni ezib o‘tding.

Senga oson har qalay,
Buzsa bo‘lar nikohni.
Menga qiyin, men qanday —
Bekor qilay nigohni?!

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:50:05

MUHABBATSIZ  VISOL  HAQIDA  HIKOYA

Muhabbatsiz kechdi bu visol,
Men murodsiz maqsadga yetdim.
Tuni bilan yalindi ayol,
Kelaman deb aldadim — ketdim.

Yo‘lko‘rsatkich bo‘ldi xazonlar,
Daydibadar yelga aylandim.
O‘tdi oylar, o‘tdi zamonlar,
Yana o‘sha menga aylandim.

Yana bordim tilanib visol,
Hasratimni aytdim- aytmadim.
Meni itdek haydadi ayol,
Men vafodor itdek... ketmadim.

Tashna edim, ichim yonardi,
Loyqa bo‘lsin, suv kerak edi.
Shu kech faqat uni xohlardim,
Menga faqat u kerak edi.

U baribir qilmadi shafqat,
Qulflab oldi darbozasini.
Yulduzlarni quchguncha shafaq
Poylab yotdim ostonasini.

Tongda so‘kdim, bo‘ralab rosa,
Qasam ichib, qaytdim ortimga.
Bugun kimdir, farishta, desa,
O‘sha ayol kelar yodimga.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:50:20

TO‘RTLIKLAR

Ko‘zlarimda porlagan sham aldamchidir,
Yuzlarimga yoyilgan nam aldamchidir.
Suvratxona devorida yillab turgan
Suvrat kabi bul qiyofam aldamchidir.

* * *

Do‘stu yordan so‘yla, aytma g‘animdan,
To‘fonni qo‘y, degil xushbo‘y nasimdan,
So‘zimiz may, cholg‘u visoldan kelsin,
Men ham so‘zlab beray ko‘rmaganimdan.

* * *

Tubanlab-tubanlab falakka ketsam,
Hech kim tikilmagan tilakka ketsam.
Men yolg‘iz bo‘lsamu u tanho bo‘lsa,
Yuragimni quchib yurakka ketsam!

* * *

Biz talpingan tuynuk — olis Zuhal edi,
Yulduzlarning nafasi ham asal edi.
Go‘zalmiding-yo‘qmi, hozir yodimda yo‘q,
Lekin o‘sha sevgi behad go‘zal edi.

* * *

Dardim boru yuragimda darmonim yo‘q,
Zamonimdan ayrilganman makonim yo‘q.
Gar tupursam, tupuk bilan yiqilgayman,
Xiyonatlar qilay desam, imkonim yo‘q.

* * *

Cho‘ntaging to‘lar va omading kular,
Otni to‘g‘ri yo‘ldan chapga toydirsang.
Pul — qo‘lning kiridir, demish eskilar,
Qancha iflos bo‘lsang, shuncha boydirsan.

1994

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:56:27

YAPROQ

Zarrabin nigohli qadimshunoslar
Qatlama toshlarni avaylab kesib,
Topdilar bus-butun saqlangan bir barg —
Aftidan, ibtido davriga mansub.

Balki, bu shunchaki to‘kilgan yaproq,
Nomsiz daraxtlarning iltijosidir.
Balki, ibtidoiy dildagi titroq —
Boqiy muhabbatning ibtidosidir.

Ehtimol, toshyigit toshqizni suyib,
Yurak shaklidagi yaproqni tutgan.
Balki, qiz yig‘lagan lablarin qo‘yib,
Keyin toshlar aro berkitib ketgan...

Qadimshunoslarning topgani — taxmin,
Mohiyat haqida jiddiy gapim bor:
Faqat muhabbatda mo‘jiza mumkin,
Mangulikka faqat sevgi daxldor!

Toshdek dumalaydi hali asrlar,
Davrlar o‘tadi kiyikdek chopib,
Hali echiladi chuvalgan sirlar,
Falak asrorin ham olarlar topib.

Qadimshunoslarmi, odamshunoslar,
Toshkent toshlarini kesarkan bir kun
Hayratdan barchasi esidan ozar —
Mening yuragimni topib bus-butun!

Goho ishq yo‘lida bo‘lar qurbonlik,
Lekin o‘zga olam sevgi va ilm.
Hozir bir so‘zingga kelajak bog‘liq,
Toshbag‘ir sevgilim, toshdil sevgilim!

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:56:44

DEVOR

Rahmon akaga

Yo‘limga yondosh — devor,
Yo‘l yuraman, kuyaman.
U tomoni — sumanzor,
Bu tomoni — biyobon.

Devor bo‘ylab, buralib,
Gurkiraydi xush bo‘ylar.
Tovus kabi turlanib,
Suziladi xushro‘ylar.

Og‘ochlar aytar o‘lan,
Xayolimni oladir.
Har yaprog‘i zumraddan,
Har mevasi tillodir.

Men, yo Jamshid, desam, bas,
Devor cho‘kib past bo‘lar.
Ammo tilim aylanmas,
Kalom og‘irlik qilar.

Qumda qolar bir juft iz,
Qumda qolar ko‘zlarim.
Bu tarafda men yolg‘iz,
U tarafda do‘stlarim.

Bu tomonda bo‘z osmon,
U tomonda bo‘yoqlar.
Ilon tili misoli
Nozik titrar giyohlar.

La’li lablari tinmay,
Gullar meni imlaydi.
Barmoqlari qayrilma
Qo‘llar meni imlaydi.

Men, yo Jamshid, desam bas,
Bari meniki bo‘lar.
Ammo dilim aylanmas,
Ko‘nglim og‘irlik qilar.

Qaramayman, qarasam —
Ko‘zimni oy tiladi.
Barmog‘im orasidan
Tuproqlar otiladi.

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:57:14

KO‘KLAM

Salim Ashurga

Ko‘klam, men ko‘nglimni ochmasdan hali
Qat-qat hasratimni ilg‘agan ko‘klam,
Meni deb chorboqqa tortib baxmalni,
Qo‘ziqorin bilan mixlagan ko‘klam,
Mening sharafimga yashin yashnatib,
Mushakdek portlatgan momaqaymoqni,
Xatti shikastada maktublar bitib,
Shoxlarga bog‘lagan har bir yaproqni,
Ko‘klam, sendek toza oshno ko‘rmadim!
To‘qqiz oy yashadim yuragim yutib,
Tiriklik hurmati, o‘lim hurmati
To‘qqiz oy o‘tkazdim mavluding kutib.

Ko‘klam, sabolaring ila sarmastman,
Meni gumonlardan aylagin xalos.
Men sendan dunyolar talab qilmasman,
Men sendan muhabbat tilayman, xolos!
Yomg‘irlar yog‘ildi, izlar yuvildi,
Ammo ravshan tortdi dilimdagi iz.
U qizning qalbidan mangu quvildim,
U mening ko‘nglimdan ketmadi hargiz.
Ko‘klam, chegara yo‘q saxovatingga,
Sening davlatingdir tole va iqbol.
Ismimni g‘unchadek bog‘la yodiga,
Butkul qurimagan bo‘lsa bu nihol.

Senki, chaqmoq tutgan buyuk jahongir,
O‘lim vodiysidan yuragimgacha
Ruhimdan tortib to Sahroi Kabir
Inqilob ulashding va sochding chechak.

Sen sabab istaklar uyg‘ondi takror,
Ko‘zlarda aks etdi yulduz yolqini.
Iliq kechalarda yangrar beozor
Olis dengizlarning sokin shovqini.
Sen bilan ketolsam edi zora men,
Mayli, nasim bo‘lib o‘tsaydim sarson,
Mana, bedazorni kechib boraman,
Chigirtkalar suvday sachraydi har yon.

Kelmoq-ketmoqlikning bordir muddati,
Vaqti bilan bino bo‘lgandir ko‘k ham.
Yuragim hurmati, sevgim hurmati,
Meni o‘z vaqtida yo‘qlagin, ko‘klam.
Yo‘lingga qarayman hadikka to‘lib,
To‘qqiz oy qiynaydi shirin visoling,
Yashayman dilbandi o‘lik tug‘ilib,
Yangi farzand kutgan ota misoli.

1995

Qayd etilgan