Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221506 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:57:42

HORG‘IN ROHAT

Horg‘in rohat ichra yotibman tinglab,
(Ne baxt bu — hozircha tuproq tagimda).
Mendan quvvat olib, sog‘lom gurkirab —
Beshiklar o‘smoqda tevaragimda.

Kapalakdek uchar rangin xayollar,
Asal bo‘layotir gullar g‘ubori.
Tepamda aridek turmang, savollar,
(Ne baxt bu — yotmoqlik yerdan yuqori).

Mayli, men aldamchi o‘ylar bilan mast
Ruhimga taskinlar izlayotirman,
Shu lahza tegramda boshqa narsamas,
Beshiklar o‘sishin istayotirman.

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:57:50

SAMOGA SOCHILDI

Samoga sochildi moviy uchqunlar,
Barmog‘ing tekizsang, tiladi hilol.
Sevgi isi kelgan bu sog‘lom tunda
Hamma narsa toza, hammasi halol.

Tonggacha yashaylik hech bir niyatsiz,
Bemaqsad kezaylik ikkimiz birga.
Shu kecha buzmaylik samimiyatni,
Gapirma, tonggacha sen ham gapirma...

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:57:58

QADRDON

Ey do‘st, qo‘shga qo‘shmagil
Qorako‘z ohularni.
Chalg‘iga alishmagil
Ming yillik cholg‘ularni.

Tanbeh bilan, dars bilan,
Xoh qisti qafas bilan
Qo‘lga o‘rgatolmaysan
Devona tuyg‘ularni.

Ey do‘st, bulbul ovozin
Tortgaymi hech tarozu?
Pulga chaqib bo‘larmi
Beg‘ubor kulgularni.

O‘zicha aylansin yer,
Dunyoni tek qo‘yib ber.
Atirgullardan talab
Qilmagin og‘ularni.

Ey do‘st, hech kim emasman,
Xayolim bilan mastman.
Jim surib o‘tsam deyman
Qadrdon qayg‘ularni.

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:58:17

AYLANA

Yaproqlar xazonga aylandi,
Xazonlar so‘zonga aylandi,
So‘zonlar to‘zonga aylandi,
To‘zonlar aylandi qoshimda.

Chaqmoqlar sukutga aylandi,
Sukutlar burgutga aylandi,
Burgutlar bulutga aylandi,
Bulutlar aylandi boshimda.

Irmoqlar jolaga aylandi,
Jolalar dalaga aylandi,
Dalalar lolaga aylandi,
Lolalar aylandi yoshimda.

Qiyoqlar cholg‘uga aylandi,
Cholg‘ular qayg‘uga aylandi,
Qayg‘ular og‘uga aylandi,
Og‘ular aylandi oshimda.

To‘zonlar qoshimda aylandi,
Bulutlar boshimda aylandi,
Lolalar yoshimda aylandi,
Og‘ular oshimda aylandi.

1996

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:58:28

TANGRI SIZNI...

Quyosh — yolg‘iz, oy tanho,
Oy quyoshga o‘ptirdi.
Men — Siz — Siz — Men va Samo...
Tangri sizni ko‘p ko‘rdi.

O‘n sakkiz ming olamda
Har tomchining o‘z o‘rni.
Ko‘ylagim — oq alanga,
Tangri sizni ko‘p ko‘rdi.

Suv ichaman deganda
Soyga tushirdim durni.
Ixtiyorim — Egamda,
Tangri sizni ko‘p ko‘rdi.

Men ne isyon etayin —
Ekkanning o‘zi o‘rdi.
Arzim kimga aytayin —
Tangri sizni ko‘p ko‘rdi.

Yolg‘iz — yagonam, dedim,
Kimlarnidir rashk urdi.
Ko‘rib, to‘ymagan edim,
Tangri sizni ko‘p ko‘rdi.

1998

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:59:19

AYTGIL, DO`STIM, NIMA QILDIK VATAN UCHUN?


Shu soylardan suvlar urgin yuzingga sеn,
Bir bor nazar solgin bosgan izingga sеn,
Shu savolni bеrib ko`rgin o`zingga sеn,
Aytgil, do`stim, nima qildik Vatan uchun?




****************************************

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:59:29

AGAR JANNAT KO‘KDA BO‘LSA

Olisdagi  mahmadana,  eski olchoq,
Menga qadam tashlamoqni o‘rgatmagin!
O‘zingga boq,  keyin  mayli nog‘ora qoq,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Tinchlikni deb yurak bag‘ri kuyik el bu,
YAratganning qoshida eng suyuk el bu!
O‘tmishi  ham,  ertasi  ham  buyuk el  bu,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Dala —dashtlar  o‘z-o‘zidan Eram bo‘lmas,
Lekin sendan beminnat bir karam bo‘lmas,
O‘zbek eli hech  kimsaga  qaram bo‘lmas,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Kitobingda daholarim so‘zlari bor,
Devoringda  bobolarim  izlari bor,
O‘zbek  elin  etu tirnoq do‘stlari bor,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Yaltiragan  hamma narsa emas tilla,
Hayfdir senga Naqshbanddan  qolgan salla,
Ey xudoni tanimagan chalamulla,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Naqorat:

Agar  jannat  ko‘kda bo‘lsa, ostidadir O‘zbekiston,
Agar  jannat yerda  bo‘lsa, ustidadir O‘zbekiston!

2005

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:59:41

SALOM SIZGA

Xayolimdek abad ozod
sabolardan salom sizga,
Kuychi ko‘nglim kabi mahzun
navolardan salom sizga.

Men so‘z aytsam topib aybin,
mudom aksin o‘ylagaysiz.
Tosh yurakka tegib qaytgan
sadolardan salom sizga.

Jing‘il ichinda o‘grilib —
o‘grilib sayraydi bulbul,
Nolasi beadog‘, umri
adolardan salom sizga.

Nahotki bemuruvvatlik
kishini boy etur oxir,
Tabassum deb qo‘l uzatgan
gadolardan salom sizga.

Jabr ustiga jafolar
qo‘yib havolandi dilbar.
Jafolardan salom sizga,
havolardan salom sizga.

Necha dil berdimu Iqbol
necha bor tavbalar etdim.
Haqiqatdan zavqi ustun
xatolardan salom sizga.

2005

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 07:00:37

BAG‘DOD  POLVONLARI

To‘y tarqab, o‘choqqa tuproq tushdimi?
Yiqilgan polvondek yuragi qonman.
Bag‘dod kurashining gala-gashtini
Sog‘ingan odamman, xumor insonman.

Maydon qani, mardi maydonlar qani?
Bakovullar qani, farmonlar qani?
Belda belbog‘i bor polvonlar qani?
O‘zimning holimga o‘zim hayronman.

Ko‘tarib urish bor, chalish yo‘q edi,
Itarish, yoqadan olish yo‘q edi.
Halol yiqitish bor, nolish yo‘q edi.
Hasrati osmonman, dardi dostonman.

Rustam bahodirlar, To‘ra polvonlar,
O‘ktam bahodirlar, Jo‘ra polvonlar"¦
Ko‘zimga mo‘ltirar g‘o‘ra polvonlar,
Men esa ularga boqib vayronman.

Ichidan zil ketib, mag‘rur sirtida,
Qoshiga qor qo‘nib, qirov — murtida
Ish izlab yurgandir o‘ris yurtida"¦
Men bunda do‘st izlab zoru nolonman.

Erlar Shoymardonga chiqmay qo‘ydimi?
Er gapini ayol uqmay qo‘ydimi?
Yo xotinlar o‘g‘il tug‘may qo‘ydimi?
Bag‘dod teragidek titragan jonman.

Men bitta bolangman qir oshib yurgan,
O‘zi bilan o‘zi kurashib yurgan.
Hech kim yo‘q  yerlarda  ko‘ksiga urgan
Bir chala shoirman, og‘zi polvonman.

2005

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 07:00:48

G‘IYBATCHILAR, XORMANGLAR!

Salom bering va lekin
Yaqiniga bormanglar.
Assalomu alaykum,
G‘iybatchilar, xormanglar!

Erkaksifat xotinlar,
Xotinsifat erkaklar.
Xabari yo‘q o‘zidan,
Ko‘ringanni ermaklar.

To‘qiyvering gap-to‘rlar,
O‘zingizdan ortmanglar.
Assalomu alaykum,
G‘iybatchilar, xormanglar!

Pismiqlar, muloyimlar,
Ay, siz irkit jo‘jalar,
Ay, bekorchioyimlar,
Ay, bekorchixo‘jalar!

Menga qolsa barini
Birma-bir bosar edim.
Kattaroq bir asbobga
Tilidan osar edim.

Zamon ko‘tarmas lekin
Mayli, yaqin bormanglar.
Assalomu alaykum,
G‘iybatchilar, xormanglar!

2005

Qayd etilgan