ASRAGIL
Kapalak o‘zin urmas haroratsiz shu’laga,
Chigirtka ham jo‘r bo‘lmas begona ashulaga.
Nurdek qadim qoning bor,
Dovrug‘ing bor, shoning bor,
Bo‘y berma chalajanob yoki chalamullaga.
Qalb qo‘rg‘onin chechagi- pok niyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!
Bolasin o‘ylamagan qumursqa yo qush qayda?
Beshikning duk-dukidek yurakka tovush qayda?
O‘zbekka or ma’nodosh,
Ibo-hayo - ko‘zu qosh,
G‘urursiz Bek qaydayu ibosiz Kumush qayda?
Yuraging tumor bo‘lsin, qutlug‘ xatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!
Otasini unutgan, iblis etagin tutgan,
Kutsa xat-xabar emas, nafsiga malham kutgan,
Betizgin, salt, bejilov,
O‘ziga ham o‘zi yov,
Mushuk o‘ynagan g‘altak kabi chuvalib ketgan —
Ketgan kas-nokaslardan qadriyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!
Manzil-marohil tayin bo‘lmasa jilmas korvon,
Hech qursa sardobaga etguncha tinmas korvon.
O‘ysiz yo‘lovchi bo‘lmas,
Maqsadsiz ovchi bo‘lmas,
Olis yo‘lni ko‘zlasa yo‘rg‘aga minmas korvon,
O‘rkach-o‘rkach g‘urur-or, hamiyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!
Bugungi kecha uchun ham ertangi tong uchun,
Osmon kumushjomida quyosh urgan bong uchun,
Yangi yurish boshlandi,
So‘nggi urush boshlandi —
E’tiqod-iymon uchun, qalb, tafakkur, ong uchun!
Qorako‘z bolaizor — jamiyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!
2006