Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 157627 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:00:21

QO‘QON SHAMOLI

            A’zam O‘ktamga bag‘ishlayman

O‘qtin-o‘qtin g‘azab otiga minib,
Vahshat solar telba Qo‘qon shamoli.
Ko‘zlaring qisilib, qulog‘ing tinib,
Ajrata bilmaysan yerdan samoni.

Uch kun davom etar talotum, qutqu,
Uch kun kattalarning tilida duo.
Uch kun el taqvoga burkanar butkul,
Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo.

Ayollar munis va mushfiq yanada,
Nenidir sarhisob qilar erkaklar.
Dunyodan uzilgan sirli xonada
G‘o‘jaloq bolalar tinglar ertaklar.

Nam tortgan devorlar qulaydi guppa,
O‘qildizi kalta daraxtlar qular.
Qurtlagan mevalar yer bilan bitta,
Tegmanozik gullar, zaifa gullar"¦

Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!
Borni bor, yo‘qni yo‘q qilib berguvchi.
Boshingga zo‘r savdo tushmasdan burun
Kimning kimligini bilib berguvchi!

Yashash qanday engil — shamoldan keyin
Ajib bir xushhollik, bir ajib surur.
G‘uborsiz havolar ipakdek mayin"¦
Shamol, senga qulluq, senga tashakkur!

"¦Bitta gap esimdan ketmaydi hamon:
Bir sayyoh — el kezib rizqini tergan,
Shamol mavsumiga tushib nogahon,
Ko‘chib ketmaysizmi, degan, bu yerdan?

Banda tadbir qilar, Yaratgan — taqdir,
Qismat quyunida chirpirab uchdim.
Sayyohning so‘zidan kulgandim, oxir —
She’rimga ergashib poytaxtga ko‘chdim"¦

Qarayman, qurtlagan yuraklar to‘p-to‘p,
Ildizsiz og‘ochlar tegar g‘ashimga.
Ahyonda ko‘tarib suron, taloto‘p,
Tentak shamollarim kirar tushimga.

Nozik nihollari bo‘lsalar paymol,
Roziman, bo‘ynimga barin uvoli.
Bir marta teskari yursang, yuraqol,
Toshkentda kutaman, Qo‘qon shamoli!

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:00:39

MENING DARDIM

Erta kelgan o‘xshar xazon fasli, Salim,
Novdalarda bemor yurak rasmi Salim.
Atirgulni she’ga solib ulgurmadik,
Atirgul deb kelgan edik asli, Salim.
Sening darding mening dardimmasmi, Salim?

Shamol yalab ado qilgan duvolmidik,
Toshloqqa tup qo‘yolmagan niholmidik,
Qorda qolgan qaldirg‘ochdek uvolmidik,
Osmon — yuksak, zamin tuban, pastmi, Salim,
Sening darding mening dardimmasmi, Salim?

Oqimga ters suzgan nahang oqib ketdi,
Og‘alarim zaru zo‘rga og‘ib ketdi,
Ulton xo‘rlab, iligimni chaqib ketdi,
Balchiqdagi baliq — qadrimmasmi, Salim,
Sening darding mening dardimmasmi, Salim?

Chilvir otib, qad ko‘targan tokni ko‘rdim,
Asriy qora xat ko‘targan zog‘ni ko‘rdim,
Oymomani dast ko‘targan tog‘ni ko‘rdim,
Shavqi baland sog‘lar mudom mastmi , Salim,
Sening darding mening dardimmasmi, Salim?

Juvonmargning qabrin quchib, chim kuyadi,
Yoshin yutib, jigarlari jim kuyadi.
Lek juvonmarg orzularga kim kuyadi?
Xunni so‘rab, kimdan olay qasdni, Salim,
Sening darding mening dardimmasmi, Salim?

Atirgulni tebratmasa, el bo‘ptimi,
Xush bo‘ylarin taratmasa, gul bo‘ptimi?
Bir dard bilan og‘rimasa, el bo‘ptimi,
Bu dard bizdan ko‘ra qadimmasmi, Salim,
Sening darding mening dardimmasmi, Salim?

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:00:59

PUSHAYMON

Eng boy odam men bo‘lardim,
Pushaymondan foyda bo‘lsa.
Ko‘ngli toshdan tosh dilbarni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.

O‘n beshimda qoldim sevib,
Uyda yurak siqar edi.
U ham ko‘lob suvlar sepib,
Yana suvga chiqar edi.

Suvni burardim teskari,
Agarda gap soyda bo‘lsa.
Qoshi baxmalday dilbarni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.

Oy yuzidan qaytgan nurlar
Yuzlarida qamashardi.
O‘n besh kunlik oyday dilbar
Menga juda yarashardi.

Botmas edi kunduzlari
Bunday chiroy oyda bo‘lsa.
Oyga boqib, ul dilbarni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.

Arazlashib qoldik bir kun,
Uch kun o‘tdi, kechirmadi.
Yuragimni bosdi tutun,
Suvlar sepib o‘chirmadi.

Nima deysiz, qizlar barin
Gap-so‘zlari mayda bo‘lsa.
O‘zimday sodda dilbarni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.

Uxlayolmay kechalari,
Kunduzlari gangib yurdim.
Ikki yilcha ko‘chalari
Saratonda changib turdi.

Bir gapirib, o‘n kulardim,
Kalishlari loyda bo‘lsa.
Ko‘ngli muzdan muz dilbarni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.

Ko‘kragimni berib yerga,
O‘ylab, o‘yga etolmayman.
Kelib-kelib kimga erga
Tekkanini aytolmayman.

Bundan ortiq azob bormi,
Bir ko‘cha, bir joyda bo‘lsa.
Toshkentga ketdim. Dilbarni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.

Sindirmaydi yillar kimni,
Tuyg‘ularni silliqlaydi,
Har ko‘rganda yuragimni
Kapalaklar qitiqlaydi.

Uzr, oldim vaqtingizni,
Koshki, gapdan foyda bo‘lsa.
Nima qilay, o‘sha qizni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:01:09

ONAJON

Goho sizning borligingiz unutdim,
Yo‘llarimda zorligingiz unutdim.
Umidlari kesilgan bu dunyoda
Yolg‘iz umidvorligingiz unutdim.
      G‘animatim, omonatim — onajon.

Oshno topdim, valekin do‘st topmadim,
Oqko‘ngilli bir qorako‘z topmadim.
Shamollarga sovurdim gul so‘zlarni,
Lekin Sizga bir shirin so‘z topmadim.
      G‘animatim, omonatim — onajon.

Ba’zan falak menga bag‘ritosh keldi,
Ishonganim g‘animga yo‘ldosh keldi.
Omad ketsa, hamma kuldi ustimdan,
Faqat Sizning ko‘zingizga yosh keldi.
      G‘animatim, omonatim — onajon.

Fursat o‘tib, sochga qirov qo‘narkan,
Sevgi otashlari asta so‘narkan.
Barcha tuyg‘u aldamchi va o‘tkinchi,
Ona mehri yolg‘iz sobit qolarkan.
      G‘animatim, omonatim — onajon.

Hoki poyingizni ko‘zimga suray,
O‘zim yarim ko‘nglingizni to‘ldiray.
Bir chekkaga surib qo‘yib dunyoni,
O‘g‘il bo‘lib, yoningizda o‘ltiray.
       G‘animatim, omonatim — onajon.

2000

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:01:22

BILSANG EDI...

Kel, deganda, noz qilmasdan kelsang edi,
Gul berganda, qayrilmasdan olsang edi.
O‘zing qandoq yaxshiliging bilasan-u,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Bu dunyoga ozib-yozib bir bor kelib,
Nahot o‘tsam hijronlarda bag‘rim tilib?
Sen yurasan dardim bilmay, qadring bilib,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Muzni qanday kuydirishni bilasan-a,
Suymaganni suydirishni bilasan-a,
Laylolardan qolgan ishqni bilasan-a,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Chora istab bechoraman men chorasiz,
Fe’ling sabab ikkimiz ham ovoramiz.
Ichi qora qiz ekansan, e qora qiz!
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Etti iqlim, suv-havoni bilasan-u,
Beshta qit’a, yer-samoni bilasan-u,
Menga qara, har baloni bilasan-u,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:01:33

DILIM XUFTON

Dilim xufton, kunduzimni tunday qilib,
Uchrashuvga kelmadi u, shunday qilib.
Xo‘rliklarim kelib ketar turib-turib,
Endi uni unutayin qanday qilib?

Ismimni hech aytolmasdi, uyalardi,
U jilmaysa, kun chiqqanday tuyulardi.
Ismin aytsam, olamga nur quyilardi,
Endi uni unutayin qanday qilib?

Ko‘zim yumib ochsam agar, sog‘inardim,
Chekib dardlar, yozib xatlar sog‘inardim,
Barmoqlarin o‘pib, battar sog‘inardim,
Endi uni unutayin qanday qilib?

Dilim xufton, kunduzimni tunday qilib,
Va’dasida turmadi u, shunday qilib.
Balki bir kun so‘zlarini unutarman,
Ko‘zlarini unutayin qanday qilib?

Xudo, deyman, g‘amga to‘lsin yuraklari,
Meni o‘ylab, ado bo‘lsin yuraklari.
Birovlarni sevmay o‘lsin yuraklari...
Endi uni unutayin qanday qilib?

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:01:52

MUHAMMAD YUSUF

Yomonga o‘lim yo‘q, yaxshiga kun yo‘q,
Tomiringga qo‘shib olishar uzib.
Bobur yo‘q, Cho‘lpon yo‘q, Majnun yo‘q,
Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.

Bir qiz yig‘lab borar, soddagina qiz,
Yig‘lar kitob bilan yuzini to‘sib.
Balki sevgilingiz, balki singlingiz,
Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.

Uydan mozorgacha yuz odimcha yo‘l,
Aylanib kelamiz yurtlarni kezib.
Kimga ko‘ngil berib, kimga esa qo‘l...
Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.

Tirikka mehr yo‘q, marhumga qahr,
Nima topding, aka, tuproqqa tushib?
Uzala tushgancha bo‘zlaydi qabr,
Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.

Qizg‘aldoq bosh egib turar bag‘ri qon,
Shoir yuragidan chiqqanmi o‘sib?
«Nega yig‘lamaysan, ahli Turkiston?»
Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:02:56

BUNAQASI KETMAYDI

Avval bag‘rin ochdi u,
Keyin zahrin sochdi u.
Bergan atirgulimni
Yuragimga sanchdi u.
Bunaqasi ketmaydi —
Gul yarasi bitmaydi.

Bilak tashlab bo‘ynimga
Kulib, kirdi qo‘ynimga
Keyin dedi: «Baribir —
Boshqa birov o‘yimda...»
Bunaqasi ketmaydi —
Til yarasi bitmaydi.

Shirin kulgan shumasmi?
Bog‘lab olgan shumasmi?
Soch silkitib, jonimga —
Tuzoq solgan shumasmi?
Bunaqasi ketmaydi —
Qil yarasi bitmaydi.

O‘psa, netar dedilar,
Yuvsa, ketar dedilar,
Har qandayin jarohat —
Bir kun bitar, dedilar.
Bunaqasi ketmaydi —
Dil yarasi bitmaydi!

2005

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:03:06

NIMA QILAY

Nima qilay, bargdan gul ko‘p chamanzorda
O‘xshashingni topolmasam nima qilay?
Gulbargicha dil bo‘lmasa sen dildorda,
Yuragingni o‘polmasam nima qilay?

Nima qilay, qorako‘zim, nima qilay?
Ikki olom ora o‘zim, nima qilay?
Qoshlaringdan pora ko‘ksim, nima qilay?
Ko‘zlaringni tutolmasam, nima qilay?

Dard berarda saxiy, baxtga xasis menga!
Zardalaring, achchiqlaring laziz menga.
Sen turgan joy poytaxt menga, aziz menga,
Farg‘onamga ketolmasam, nima qilay?

Ne sayyodsan, ne jallodsan, ne zolimsan!
Tig‘ida nur yarqiragan hilolimsan!
Umidimsan, orzuimsan, xayolimsan...
O‘ylab, o‘yga etolmasam, nima qilay?

Bir bandiman, senki hursan, nima qilay?
Ko‘kda bo‘lsang, yerda yursam, nima qilay?
Shu holimga yaxshi ko‘rsam, nima qilay?
O‘xshashingni topolmasam, nima qilay?

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:03:24

AJOYIB QIZ

Ajoyib qiz ekan-da,
Qarashlari g‘alati,
Kulib turib yig‘laydi,
Yig‘lab turib kuladi.

She’rlarim sanasiga
Qarab, otashda yongan,
Meni hammadan, hatto
O‘tmishimdan qizg‘ongan.

Ajoyib qiz ekan-da,
Qarashlari g‘alati.
Sevgimas, bu — kasallik,
Tag‘in Xudo biladi.

Ismim aytib uxlagan,
Ismim aytib uyg‘ongan,
Meni hammadan, hatto
Ayolimdan qizg‘ongan.

G‘alatiman o‘zim ham,
Es-hushim yo‘q, g‘alati.
O‘zim — o‘zimdamasman,
Bilmayman — ne bo‘ladi.

Kerak bo‘lsa, bugunim,
Ertamdan ham tonaman.
Uni hammadan, hatto
Xudodan qizg‘onaman.

2003

Qayd etilgan