Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221287 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:04:35

O`SHANDA MЕN SЕNI YAXSHI KO`RARDIM...


O`shanda (oq osmon, qo`ng`ir  yеr guvoh...)
Dilimni bilardi majnuntol bargi.
Kaftimda yo`q edi zig`irdеk gunoh,
Yo`q  edi kaftimning zarradеk gardi -
O`shanda mеn sеni yaxshi ko`rardim...


* * * * * * * * * * * * * * * * * * *



O'zbekiston Xalq artisti Yulduzxonim Usmonova bilan

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:05:06

KELADI

Qayrilib qaramay, shartta qo‘l siltab,
Elkamga to‘nimni ilgim keladi.
Yurgim kelmay qoldi tirikchilik deb,
Tiriklik ko‘yida bo‘lgim keladi.

Qattiqlashib borar kun sayin qahr,
Tikonda ham zahr, gulda ham zahr
Tirnoqqa arzimas borlig‘ing, axir,
Ko‘ksimni tirnoqlab yulgim keladi.

Yuragim oqadi Farg‘ona tomon,
Ey, achchig‘i shirin, gumoni ayon,
Sevgingga ishonib yashayman hamon,
O‘zimning holimga kulgim keladi.

Ketsam, senga eltar ja’miki yo‘llar,
Yolg‘iz seni quchsam, yuragim to‘lar.
Qanday soz, tepamda nafarmon gullar,
Sochingga ko‘milib o‘lgim keladi.

2003

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:05:20

AKALARIMGA

Uch bora aylandi ajal qamchisi,
Uchta yulduzimni falakdan uzib,
Bugun jigarimda uchta tig‘ izi,
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

Birovi shamshirday to‘g‘ri zot edi,
Biri erkatoyi she’riyat bog‘in.
Birisiga mayda gaplar yot edi,
Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun.

Nazar yomon ekan, suq yomon ekan,
Bir ariqdan suv ichib, birga o‘sib,
Ko‘p ekan-da joningga ko‘zin tikkan...
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

Ortiqcha harorat gulni so‘ldirar,
Ortiqcha suv buzar daryo qirg‘og‘in.
El sevgisi asta-sekin o‘ldirar,
Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun.

Qulog‘imda har birining so‘zi, ohangi,
Tobora bu olam qor kabi to‘zib,
Narigi dunyoga bosar posangi,
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:05:34

DADAM

Oyday yuragimda dog‘im bor endi,
Kulfat o‘zimniki, taskin-daldam yo‘q.
Uzoqda ishongan bog‘im bor edi,
Suyangan tog‘im yo‘q — endi dadam yo‘q.

Ishim yurishmaydi, yo‘lim unmaydi,
Duo beradigan toza odam yo‘q.
Gugurtcho‘p sinadi, shamim yonmaydi,
Nuri ilohim yo‘q — endi dadam yo‘q.

Uyga kirsam o‘ksib beradi ko‘nglim,
Ko‘chada yuzimda dardu alam yo‘q.
Dada, deb chaqirsam kuladi o‘g‘lim,
O‘g‘lim, panohim yo‘q — endi dadam yo‘q.

Yoningizda menga joy yo‘qmi? Keldim.
Hammadan roziman o‘ch va ta’nam yo‘q.
Men juda olisni ko‘zlagan edim,
Netay, hamrohim yo‘q — endi dadam yo‘q.

1998

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:05:45

YO‘LIM BOSHQA

Bolarining ko‘nglin ko‘ring — gul tanlaydi,
Ko‘kragimda qizil gul bor — gulim boshqa.
Ko‘z yoshi ham yuzga tushsa yo‘l tanlaydi,
Hamma boshqa yo‘lda, mening yo‘lim boshqa.

Sizlar uchun unutilgan eski tushman,
Daftarlarda ismim uzra chiziq tushgan.
Aqligamas, savqiga bo‘ysungan qushman,
Ko‘zlagan manzilim boshqa, elim boshqa.

Qulog‘imdan yurakka bir sas o‘tadi,
Shitir-shitir xazon ila xas o‘tadi,
Hayot qanday yashamoqdan dars o‘tadi,
Ammo hayot boshqa ekan, ilm boshqa.

Bahorgi soy kabi jo‘shib, to‘lib olsam,
Guldurakdek samolarda kulib olsam,
Bir munosib ajal topib, o‘lib olsam,
Keyin meni yo‘qlamasa o‘lim boshqa.

1998

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:05:55

MEROS

Yomg‘ir loyga yoqqan zamonda,
Suvlar soyga oqqan zamonda,
Boylar boyga boqqan zamonda,
Menga qarab kulgan yo‘qchilik.

Iligini so‘rib ilkimning,
Sarg‘aytirgan guldek singlimni,
Erta ulg‘aytirgan o‘g‘limni,
Jigarimni tilgan yo‘qchilik.

Dada, balki sizni o‘limdan
Asrash kelarmidi qo‘limdan...
Siltab tortib eski to‘nimdan,
Meni etim qilgan yo‘qchilik.

Minnatli osh, bu — sochma o‘qdek,
Ich-ichingni kuydirar cho‘g‘dek.
Qorin ochu nazarim to‘qdek,
Meni aziz bilgan yo‘qchilik.

To‘g‘ri, nima kelsa — Xudodan,
Da’voyim yo‘q eski dunyodan.
Taskin shuki, Odam Atodan
Menga meros qolgan yo‘qchilik.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:06:08

YULDUZ

Yulduz, kechir meni, kechir, yulduzim,
Iqboling kulsa ham baxting kulmadi.
O‘zimga mahliyo bo‘ldim-u o‘zim
Ko‘nglingni olishga vaqtim bo‘lmadi.

Men senga muhtojman, intiqman, zorman,
Bilmayman, bormanmi-yo‘qmi, yodingda.
Agar aybdor bo‘lsam, yolg‘iz aybdorman —
Xudoning oldida, sening oldingda.

Kechalar yodimga tushganda ko‘zing,
Somon yo‘llarida changidi kulim.
Osmonim muattar aylagan o‘zing,
Hamishabahorim, hamishagulim!

O‘zimdan, ehtimol, seni asradim,
Bildimki, men bilan baxting kulmaydi.
Yig‘lasam, yig‘iga sig‘mas hasratim,
She’rda hamma gapni aytib bo‘lmaydi.

Yulduzni etaklab Shoshga kech kirsa,
Farg‘onajonimga oqadi dilim.
Meni unutmagin, meni kechirma,
Hamishabahorim, hamishagulim!

2003

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:10:47

SIYOM EGIZAKLARI

Ism boshqa xolos, jismu jon bitta,
Bir-biriga zimdan qarashar ekan,
Ba’zisida yurak, oshqozon bitta,
Shular ham goh ovqat talashar ekan.

2003

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:12:27

BAXT

Tashvish tashlamasin yuzingga soya,
Quvonching topmasin aslo nihoya.
Men baxtiyor bo‘lay baxtingni ko‘rib,
Menga shunisi bas, menga kifoya.

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:12:37

SHE’RIM

Eng go‘zal mamlakat — Qo‘shtegirmonda
Mensiz oqarar tong, oqadi suvlar...
Tushlarini suvga sochadi tongda
Onhazratning
qizlaridek
suluvlar...

Meni unutolmay qiynalar qishloq,
Turnalar yig‘laydi osmonlarida.
Tovonimni qo‘msab, qabarar tuproq,
Qolarman tuproqning tovonlariga!

Og‘ilda o‘roqni sarg‘aytirar zang,
Dalalar kuzatar zarrin mezonni.
Daydi epkinlarning topgani nayrang:
Nay qilib puflaydi siniq somonni...

Eng go‘zal mamlakat — Qo‘shtegirmonda
Qon yig‘lab gulbargin to‘kadi gullar.
Ma’yus ketib borar mag‘rib tomonga
Mendan arazlagan farishta kunlar...

1988

Qayd etilgan