Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221315 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:23:20

DUNYO

Dunyo — chechan kampir. Ohista
Quyoshni chuvatib, qo‘lqop to‘qirdi.
Kuz edi. Izg‘irin izg‘irdi pastda,
Ettinchi qavatda o‘qirdik.

Dunyo - qishloqi chol. Hassasi bilan,
Cho‘g‘ istab titkilab o‘ltirardi kul.
Ettinchi qavatda kun chiqdi birdan —
Ettinchi qavatga kirib keldi Gul.

Dunyo — keksa olim. Qoshlarin o‘yib,
Hij, sharhlardi Mirzo Bedilni.
Gul keldi. Sochildi firdavsning bo‘yi,
Bahor isi tutdi xona va dilni.

Dunyo — nigohini yo‘qotgan tolib,
Dunyo etti kunda esidan ozdi.
Yotoq devoriga chiziqlar tortib,
«Iqbol+Gul» deya yozdi!

Dunyo — sochlarini parda etgan qiz,
Hijob orqasida kulgani-kulgan.
Kulgan sayin badar ketaverar kuz,
Kulgan sari o‘zi chulg‘anar gulga.

Dunyo — yashin tushib, yonayotgan sham,
Kitob sahifasin ashklari bosdi,
Hattoki, baholar daftariga ham
«Iqbol+Gul» deya yozdi!

Dunyo — dunyoligin qiladi bir kun,
Vizillab uchadi ko‘kko‘zli yilon,
To‘ng‘izlar ko‘rsatar balchiqli turqin,
Gullar xazon bo‘lar, iqbollar yolg‘on...

Dunyo - o‘z yurtida adashgan sayyoh,
Qo‘msab, kokillarning anbar isini
Izlar Farg‘onadan Qo‘qongacha to
O‘sha olis tushning xotirasini.

Dunyo — dunyodan yuz o‘girgan darvish,
Na uyi bor uning, na borar yeri.
O‘tsa, ko‘zlariga uraverar nish
Devorga o‘yilgan eng go‘zal she’ri.

Dunyo — chechan kampir. Shoshmasdan
Bulutni tolchiviq bilan savardi.
Kuz edi. Odamlar izg‘irdi pastda,
Ettinchi osmonda yashardik!

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:23:30

AZA

Eshilib-buralib, yulqinar uzum,
Shamaloq barg aro mo‘ltirar osmon.
Siyohrang rayhonlar yashirar ko‘zin,
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

Gezarib rangini yo‘qotgan duvol,
Bostirma ostida nam tortar somon.
Daraxtga suyanar charchagan shamol,
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

To‘proq ko‘chib ketgan, sho‘rlangan tuproq,
So‘rida yakandoz ezilgan yomon.
Xontaxta ustida sarg‘aygan yaproq...
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

Chumoli uyada parpiramas nur,
Qaldirg‘och inida loy bo‘lgan tug‘yon.
Beshiktebratarlar mahzun tebranar...
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

«Hech kim etolmaydi osmon toqiga...»
Tirgakka tayanar munkaygan ayvon.
Ustun bo‘lolmagan sohib haqqiga
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon...

1993

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:23:41

OSHIQ BOLA

Oltin qasr, tosh qasr,
O‘tdi yil, o‘tdi asr.
Yuragimni qon qilding,
Ezilib ketdi bag‘ir.

Malika, jon, malika,
Qahring yomon, malika.
Lablarimga tut og‘u,
Qolay omon, malika.

Tirnoqlaring tillodan,
Barmoqlaring halvodan.
man tamshanib o‘tarman
Achchig‘i tez dunyodan.

Meni ozod qo‘y yoki
Tironog‘ingda so‘y yoki.
Ko‘zlarim ummoniga
Sochlaringni qo‘y yoki.

Malika, jon, malika...
Mehring yomon, malika.
Lablarimga lab bergil,
Qolay omon, malika.

Tosh qasrning toshlarin
Eritmadi yoshlarim.
Ko‘ngling yumshagan bo‘lsa,
Ro‘molchangni tashlagin...

Rizvonlarga ketaylik,
Osmonlarga ketaylik.
Osmonlarga sig‘masak,
Qo‘qonlarga ketaylik!

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:23:54

TELBA XAYOL

Hilol beshik kabi chayqaldi asta,
Gulchin darbozaga suyandim xasta.
Bugun yig‘lamasam, erta kulmasman,
Ruhimni hilolga belagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

Sarpoychan daraxtlar dardim bilmadi,
Muzlagan kurtaklar bag‘rim tiladi,
Ko‘ngil bir gullagan fasl tiladi,
Ko‘ngilni quyoshga bog‘lagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

O‘rgimchak to‘rini daryoga soldim,
Tillo baliq tutib, ziyoga soldim,
O‘zimning jonimni baloga soldim.
Shu shirin jonimni saqlagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

Devorlar oqlandi ko‘zim o‘ngida,
Chinorlar oqlandi ko‘zim o‘ngida,
Mozorlar oqlandi ko‘zim o‘ngida,
Bir lahza o‘zimni oqlagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

Barmoqlaring nozik... sochim silama!
O‘, bu tentagona orzu, bilaman.
Men hozir bolaman, o‘ksik bolaman,
Ko‘z yoshday musaffo yillarim keldi,
Oyog‘ingni quchib...
Oyog‘ingni quchib...
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

1989

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:24:12

SEVGILIM

Sevgilim,
dilsizlar dillarimizni
Toshbo‘ron qilsalar, vayron qilsalar,
Tikanlar qoplasa yo‘llarimizni,
Sen achchiq yig‘lasang,
Ular kulsalar,

Sevgilim,
sevgini sevmagan zotlar
Qaro aylasalar oq asotirni,
(Darg‘azab pishqirsa quturgan otlar)
Go‘rdan chiqarsalar
Qorabotirni,

Sevgilim,
men jangga kiraman, jangga,
Qarog‘ingdan tiyra jola uchun ham,
Osmonni bo‘yayman qirmizi rangga
Chap ko‘ksingda majruh lola uchun ham!

Sevgilim,
Bu so‘qish og‘ir bo‘ladi,
Qonlarim oqadi, qonlari oqar,
Ana, yaralangan oy ham quladi,
Qon sachragan quyosh qizarib boqar...

Sevgilim,
yov qochar sichqon iniga,
Muzaffar botiring tin olar horg‘in.
Qilich joylanadi qayta qiniga,
U asta cho‘zilar...
Bor endi borgin!..

Sevgilim,
omondir hiylagar kampir,
U meni aldaydi, avrab-aldaydi,
Qo‘lu oyog‘imga soladi zanjir,
— Qorabotir, mana yoving, ol! — deydi.

Sevgilim,
alvido...
Etib kelmading,
So‘nggi ilinj bilan qotdi ko‘z nurim.
Muhabbat qudrati — qaldiroqqa teng,
Afsus, qaldiroqdek qisqadir umr-im-m...

Sevgilim,
lutf etmak shuncha mushkulmi?
Qo‘l cho‘zmoq shunchalar keldimi malol?
Axir, bu yolg‘on-ku, axir, tushungin,
Axir, bu — ertak-ku, axir, bu — xayol...

1990

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:24:49

O‘PKALANIB QARAYSIZ

O‘pkalanib qaraysiz, o‘pkalanib...
Ko‘zimning gavhari, mahzanim,
Quchmaganim, suymaganim, o‘pmaganim,
Sochlarini boshginamdan to‘kmaganim,
O‘pkalanib qaraysiz, o‘pkalanib...

Uzandimu hilolga hech etolmadim,
Etib sizga bilaguzuk etolmadim.
Samolarga talpingancha kunim kechdi,
Quyoshni ham tilla uzuk etolmadim.

Ko‘z uchida qaraysiz, ko‘z uchida...
Yulduzchalar cho‘kib yotar dil burjida.
Oy aylanar koinotning kulgichida,
Yurak erir qabog‘imning hovuchida...
Ko‘z uchida qaraysiz, ko‘z uchida...

Uzandimu qoshingizga yetolmadim.

1988

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:25:07

CHO‘PCHAK

Ertaga
ust-boshin qoqib Er To‘nga
Tulporiga urar egar-jabduqni.
— Biriktiray, — deydi, — yonganu to‘ngan,
Urug‘dek sochilgan urug‘ni!

Ertaga
titraydi olam etagi,
dashtlarni to‘ldirib uchadi chorlov:
— O‘-ho‘-o‘v, uxlaganing yetadi,
Turuk budunim-o-vv!

Ertaga
erlar aylanadi erkakka,
Guzarla fayziyob,
Lak-lak laylakka
To‘lar Afrosiyob.

Ertaga
ketamiz ertakka
Yoshu qari.
Quyoshga talpingan tiyrak go‘dakka
Jilmayib qaraydi solih Koshg‘ariy...

Ertaga
meniyam turtib qo‘y,
erta uyg‘onsang.

1988

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:25:40

OMOCH BO‘LIB TILDI OSMONNI HILOL

Omoch bo‘lib tildi osmonni hilol,
Yulduzlar potradi samo bag‘rida.
Olib qololmadim seni bezavol
Qahraton qahridan, yaxning zahridan.

Hilol to‘lib, oxir g‘ildirak bo‘ldi,
Yulduzlar changidi samo yo‘lida.
Arava obketdi bir quchoq gulni,
Meni asrolmading bitta o‘limdan...

1987

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:25:50

QO‘SHTEGIRMON, 1982 YIL

Siz bizga
olmalar otmaysiz,
O‘tib qolsak bog‘ko‘changizdan.
Xandalar otasiz, xandalar...
Tuni bilan uxlayolmayman
og‘riqdan...

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:26:02

TIMSOHGA AYLANIB...

Timsohga aylanib kaltakesaklar
Yamlab ketadilar bor-budimizni.
Mening eng chiroyli ismimni saqla,
Sandiqqa solib qo‘y umidimizni.

Sichqonlar ayiqqa aylanib bir kun
Dashtu yobonlarga haydasa bizni.
Mening issiq izim ustidan yurgin,
Bag‘ringga bosgancha umidimizni.

Tosh bo‘lib yog‘sa ham o‘tkir yulduzlar,
Umidni jon kabi uzmasdan turgin.
Holing nechuk, ukam, singlim, deb kelar
Bo‘rilar odamga aylanib bir kun.

1992

Qayd etilgan