Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 178423 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:26:16

DIYDOR

Muallim O‘ljavoy Meliqo‘zievga

Oyog‘imga arqondek o‘raldi yurt yo‘llari,
Ko‘zlarimni tindirdi, sindirdi shikasta soz.
Men sizdan hol so‘rmadim,
Bir bor borib ko‘rmadim,
Diydor qiyomatga qoldimi, ustoz?

Hurpaygan tol qo‘ynida chumchuqlar chirqillaydi,
Tikanzorda yuzini yumdalab yig‘lar ayoz.
Bir hassa bo‘lolmagan yuragim zirqillaydi,
Diydor qiyomatga qoldimi, ustoz?

Bu dunyoning ishlari... g‘ijirlaydi tishlarim,
Cho‘ntagimda mushtlarim, kimdan olayin qasos?
Sarg‘aydimu pishmadim, mundog‘ yerga tushmadim...
Diydor qiyomatga qoldimi, ustoz?

Dunyosiga qo‘l siltab, senga ketaman, mozor,
She’r aytaman, ajinga to‘lib ketadi qog‘oz.
Qalamim asocha bor, alamim ham oncha bor:
Diydor qiyomatga qoldimi, ustoz?

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:27:16

SENI OBQOCHIB KETAMAN!

— Seni obqochib ketaman!
Yerni aylantirib tuyoqning zarbi,
G‘ildirar osmonning adoqlarida.
G‘uncha quchoqlagan kapalak kabi
Yasharsan labimning ardoqlarida...

— Seni obqochib ketaman!
Boshingdan hovuchlab socharman yog‘du,
Hovuchlab, labingga tuturman nurlar,
Osmonni to‘ntarib etarman ko‘zgu,
Ipak sochlaringni taraydi hurlar...

— Seni obqochib ketaman!
Gulgun qo‘shiqlar mamlakatida
O‘tli o‘lan aytib o‘t-o‘lan aro,
Tillaqo‘ng‘izlarning saltanatida
Xon qizi bo‘lursan, men, mayli, gado...

— Seni obqochib ketaman!
Ketarmiz, g‘aflatda qolur hammasi:
Puflab, ishqni quvmoq bo‘lar surnaylar,
Sevgimizdan kulgan karnaylar sasi,
... Ishqimizni qushlar aytib yurgaylar...

— Toza obqochasiz! — deysan chimirlab,
Otam osmondan ham topib keltirar...
Qo‘ying... hazillashmang... — deysan turmulib,
Ko‘zlaring yaltirar, so‘zing qaltirar...
Ketasan...
Men yolg‘iz.
Huvillagan dil.
Xayol obqochar...

1988

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:27:32

ARMON

O‘zim bilib-bilmay ko‘p gunoh qildim,
Mo‘lroq yashab qo‘ydim mo‘ljaldagidan.
O‘lsam bo‘lmasmidi ko‘kka tikilib,
Maysalar ustida, gulning tagida...

Yashashdan charchadim, zerikib ketdim,
Mening tor ko‘nglimga sig‘mas bayramlar.
Dilimga ilonning tillari etdi —
Po‘st tashlab, turlanib yurgan nayranglar.

Endi kun ko‘rishim qiyindan-qiyin,
Endi havolar ham og‘irdan-og‘ir.
Achchiq-achchiq yig‘lab, yo‘l yurgan sayin
Uzun-uzun bo‘lib sudralar xotir.

O‘zim bilib turib, ko‘p gunoh qilib
Ko‘proq yashab qo‘ydim mo‘ljaldagidan.
O‘lsam bo‘lmasmidi ko‘zlarim tinib,
Suv ichgan chog‘imda qizning kaftidan.

Endi meni qiynar qiyoqning guli —
Nozik kapalakning hidsiz qanoti.
Endi meni qiynar vaqtida o‘lib,
Meni obketmagan do‘stimning yodi.

... Ona, junjikmangiz sovuq so‘zlardan,
Men endi o‘lmayman, yig‘lamang yana.
Faqat maqtov kutib suzuk qizlardan
Yolg‘on she’rlar yozib charchadim, ona.

Faqat o‘zim bilmay ko‘p gunoh qilib,
Mo‘lroq yashab qo‘ydim mo‘ljaldagidan.
O‘lsam bo‘lar ekan ko‘zlarim kulib,
Belanchak ichida, tolning tagida...

1988

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:27:49

QISMAT CHIZIQLARI

Kular shayton suvoriy,
Shayton aroba chopar.
Yormozorga borganda
Tillo tangalar topar.

Tillo tanga sirtida
Yuragimning zarbi bor.
Jarohat chandig‘idek
Ismimiz bosh harfi bor.

Bu imloni mullo ham,
Tulki ham o‘qiy olmas.
Tavorihu hiylodan
Hikmatlar to‘qiy olmas.

Tillo tanga qalbaki,
Chunki asl qalbniki.
Hamma undan qo‘rqadi
Qamab qo‘yishar balki.

Seni qalbga qamasam,
Qushdek qochib ketibsan.
Yayov shoirni tashlab,
Suvoriyga tegibsan.

Kaftlaringni ko‘rsatgil,
Kipriklarim zarbi bor.
Xanjar izidek chuqur
Ismimiz bosh harfi bor.

Ammo ko‘zing o‘tmaydi,
Oqlar tushgan ko‘zingga.
Ko‘tarilib dilingdan
Dog‘lar tushgan yuzingga.

O‘g‘il ko‘rsang, husniga
Hech taraf bo‘lmasin, yor.
Ism qo‘ysang, ismida
Bosh harf bo‘lmasin, yor.

Tillo tanga yaltu yult,
Kaftlarimda siqarman.
Yuzing dog‘li bo‘lsa ham
Oy, sochingga taqarman.

Kular shayton suvoriy,
Shayton aroba chopar.
Yormozorga borganda
Mening ko‘nglimni topar.

1991

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:27:59

SENI SOG‘INAMAN

Seni sog‘inaman,
mening ko‘zlarim —
Obi rahmat kutgan sahroyi quduq.
Tegramda qo‘rg‘oshin bulut suzar jim,
Darmonim quriydi, qarog‘im quruq...
(Quduqning tubinda jaranglar isming.)

Seni sog‘inaman,
mening kiprigim —
Qamishdek qovjirab, sinmoqda tinmay.
Endi unga parvo qilmaydi hech kim,
Endi undan hech kim yo‘nolmaydi nay...
(Agar nay bo‘lganda seni kuylardi.)

Seni sog‘inaman,
mening qo‘llarim —
Ikkita musicha, qo‘ynimda yashar.
Kaftingdan termoqlik istab donlarin
Fursat to‘kilishin horg‘in sanashar...
(Yurak qumsoatdir, yarmisi singan.)

Seni sog‘inaman,
mening lablarim —
Ikkiga bo‘lingan qontalash yaproq.
Titrab to‘kilmoqqa shaydir kun sari,
Poyingga tushishni tilashar biroq...
(Labimda ikkiga bo‘lingan isming.)

Seni sog‘inaman,
mening sochlarim
Soyadir, kechaning ko‘lkasi tushgan.
... Tunda kelolmaysan meni axtarib,
Sochingga o‘ralib, yiqilib tushma!

1988

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:28:15

ZULFIYA

«Zulfiyaga qarama,
Naq enangni ko‘rasan!
Meni yaxshi ko‘radi,
So‘ra, kimdan so‘rasang!»
Kaltak yerdi Abdulla,
Kaltak eb ham qaytmasdi.
— Ol-e, o‘sha Zulpini,
Kerakmas! — deb aytmasdi.

Aqlli qiz Zulfiya,
Hammasini biladi:
Menga ko‘zi tushganda
Miyig‘ida kuladi,
Darslar kirmas quloqqa,
Samolarda xayolim:
Zulfiyaning qo‘llari
Ipakdayin muloyim...
Kitobimning ichida
Jilmayadi suvrati.
Meni yaxshi ko‘radi,
Meni yaxshi ko‘radi...

... Yillar o‘tdi, Abdulla,
Hayot bizdan kuldi-ya.
Senu mendek yigitdan
Voz kechdi-ya Zulfiya!
«Zulfiyaga qarama,
Naq enangni ko‘rasan!
Meni yaxshi ko‘radi,
So‘ra, kimdan so‘rasang!..»

Aqlli qiz edi-ku,
Hammasini bilardi:
Menga ko‘zi tushganda
Miyig‘ida kulardi.
Men-ku, mayli...
Seniyam
Toza ahmoq qildi-ya.
Biz harbiyda yurganda
Tegib ketdi Zulfiya...

Kitobimning ichidan
Uchib tushar suvrati,
Sevmaganman men uni,
Abdul yaxshi ko‘radi!
Yirtaman deb suvratin,
Yirtolmayman har kuni,
Sevmaganman men uni!
Sevmaganman men uni!..

1988

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:28:36

XUDBIN

Ehtimol, men o‘zim xayolparastman,
Balki sal xudparast, salgina nodon.
Lekin nega endi ko‘kdan-da pastdan
Menga joy ajratib qo‘yding, xudojon?

Nechun tishlarimda g‘ijirlar havo,
Tushlarimda esa tulporlar raqsi?
Otam ham, onam ham begona go‘yo,
Faqat o‘zim yaxshi, bir o‘zim yaxshi,

Hayronman, qaerda xatolig‘ o‘tgan,
Balki nafs kaftidan bug‘doy eganim,
Men suvdan qo‘rqmasdim, qo‘rqmasdim o‘tdan,
Men bunday hayotni istamagandim.

Qonimda bir sharpa — mushukday yuvosh,
Yonimda bir sharpa — mushukdek vahshiy.
Dilshishang sinmasin, dildosh, shishadosh,
Men seni bilmayman, men o‘zim yaxshi.

Tulporlarim, keling, hidlang yuzimni,
Ko‘nglim tirik mening, hayratim omon.
Hamma bir g‘alati qadar ko‘zini,
Go‘yo hamma yaxshi, bir o‘zim yomon.

1990

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:28:49

ARIQLAR YUZIDA

Ariqlar yuzida yuzardi hovur —
Kumush baliqlarning issiq nafasi.
Qor bosti chinorlar oxiga dovur,
Chinorlar — qorlarning soyasi.

Muzlar quchog‘ida isindi vido,
Uzilgan tor kabi ajralishdik biz.
Siz mag‘rur ketdingiz uygacha, ammo
Nechun yig‘lab bordi etiklaringiz?..

Derazadan guldek qaraysiz endi,
Ko‘chadan kas-nokas o‘tadi turfa.
Achchig‘ingiz kelar, eslatsa meni
Taxmonga kitobdek taxlangan ko‘rpa.

O‘zingizni aldab yasharsiz tinmay,
Sizni-ku ovutar ertaklaringiz.
Sohibga ichikkan kuchukchalarday
Mung‘ayib yotadi etiklaringiz...

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:29:03

CHORLASANG

Chorlasang bormasmi edim gulyorim,
Shiddatdan ko‘zimni og‘ritib, yoshlab.
Ikkala kaftimda tutib bahorni,
Tishimda labingdek g‘unchani tishlab.

O‘rtada qir kabi yotar qirq fasl,
Kechib bo‘larmidi qirqta anhorni.
Ammo seni o‘ylab yashnayverar dil,
Men qayga qo‘yay bu ulkan bahorni?!

Isming — shahristonni isitgan bayzo,
Aytsam, sen kelmaysan — bitmas karashma.
Oddiy bir hikmatni bilarmisan yo:
Shahar osmoniga oy ham yarashmas.

Men tokay yasharman o‘zimni quchib,
Ovunib gardunning hiylosi bilan.
Chorlasang, borardim toyirdek uchib,
Qo‘ynimda ko‘klamning havosi bilan.

Qanoti bo‘lsa ham uchmas baliqlar,
Ismimni tutmasang, qushligim bekor,
Shijoat ummonning tubinda uxlar,
Men bilan qo‘shilib qariydi bahor.

Bilaman, qismatim ko‘zingdek qaro,
Meni chorlamassan, uchib bormasman.
Sen mening ismimni bilmassan hatto,
Sen o‘zing bahorsan, menga zormassan!

1990

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:29:13

ARAZ

Hurkak xavotirda ko‘changdan o‘tdim,
Labimni tirs yorib, qiynab chanqog‘ing.
Havoni ho‘pladim, ho‘pladim o‘tni,
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog‘ing?

Ko‘changni tuprog‘i olovmi deyman,
Quyoshniyam menda qasdi bor chog‘i.
Qaysarman, ters qilib suv ham ichmayman,
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog‘ing?

Bilasan, ko‘changdan o‘tyapman kuyib,
Kulgungdan bir cho‘chib ketar chorbog‘ing.
Chiqsang-chi, ko‘zangni elkangga qo‘yib,
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog‘ing?

Quyoshni so‘kindim xo‘rligim kelib.
Changini chiqardim otash tuproqning.
Seniyam sochingni olardim yulib!
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog‘ing?

Tundayam yuragim bir yomon kuydi,
Tongdayam tomog‘im qaqrab uyg‘ondim.
Men o‘zi qanaqa olovni suydim —
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog‘ing?

... Bizniyam ko‘chadan o‘tib qolarsan!..

1987

Qayd etilgan