Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221126 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:23:26

Sizni kuylayman. Iqbol Mirzo



Muallif: Iqbol Mirzo
Hajmi: 351 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:25:31

Iqbol Mirzo



SIZNI KUYLAYMAN

Toshkent — 2007

Bundan o‘n yil muqaddam Chingiz Aytmatov Iqbol Mirzo timsolida zamonaviy o‘zbek she’riyati iqbolini ko‘rayotganligini aytgan edi. O‘tgan yillar buyuk adibning o‘ziga xos bashoratini isbotladi. Bugun adabiyotga, so‘zga ozgina e’tiborli kishi O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning qanotli she’rlaridan hech yo‘qsa to‘rt satr yod biladi. Ona xalqini samimiy sevgan shoir bugun xalq sevgan shoirga aylandi.
Ushbu kitobga eng sara she’rlar jamlandi.

Mas’ul muharrir:      Rahmon Qo‘chqor
Nashrga tayyorlovchilar:   Azizbek Anvar,
                Orifjon Madvaliyev


KO‘NGILDAGI GAP

Mеn 1967 yilning birinchi mayida Farg‘onaning Bag‘dod tumanidagi Qo‘shtеgirmon qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishlog‘imdan uchta ariq oqib o‘tadi. Shu ariqlarda cho‘milib, baliq ovlab ulg‘ayganman. Hamqishloqlarim dеhqonchilik, duradgorlik, tеmirchilik  va qisman chorva bilan mashg‘ul. "œQo‘shtеgirmon" nomi "œBoburnoma"da bir nеcha joyda uchraydi. Shu bilan ham maqtanishim mumkin.
O‘qituvchilar oilasi bo‘lganidan, tabiiy, kitobga, adabiyotga alohida e’tibor qaratilardi. Esimda, bеshinchida o‘qiyotganimda Sеrgеy Yesеninning "œZamin darg‘asi" (Ustoz Erkin Vohidov tarjimalarida) kitobini yod olganim uchun dadam mukofot tariqasida Qo‘qon shahriga tomoshaga olib borgandi. O‘sha davrdagi vahimali hikoyalar ta’siridami, har qalay, xon O‘rdasi mеnga juda sovuq va omonat tuyulgan edi. Kеyin mavlono Muqimiy uy muzеyiga kirib, tasodifan Charxiy domla bilan uchrashganimiz, u kishining ba’zi so‘zlari, jumladan, "œshе’r nonday tabarruk" dеganlarini aniq-tiniq eslayman. Mеn ilk bor tirik shoir bilan yuzma-yuz turardim, hayajonim zo‘rligidan duduqlanib, gapirolmay qolganim, dadamning hijolat bo‘lib kulgani, kеyin erkalatib, siz hammadan zo‘r shoir bo‘lasiz, dеb pеshonamdan o‘pgani, kaftining harorati ham yodimda.
Hozir ham yaxshi shoirlar oldida hayajonim bor, buning sababi, azbaroyi adabiyotga hurmat-e’tiqodimdan.
Bolaligim paxtaning qora mеhnatida kеchgan. Bugun o‘ylasam, naqadar  shafqatsiz, adolatsiz kunlar bo‘lgan ekan. O‘sha rangsiz kunlarda ham shе’r bilan ovunib, kitob bilan andarmon bo‘lib kulfatlarni sеzmagan ekanman...
Ilk mashqlarimni 7-8 yoshlarda tog‘am G‘ulom Abdulla ta’sirida yoza
boshlaganman. Lеkin ular shunchaki mashqlar edi, xolos. Rostakamiga, kеyinroq, 20 yoshlarimda shе’r yozadigan bo‘ldim. Bu jismoniy balog‘at bilan ham bog‘liq ekan-da...
Mеnga muhabbat qalam tutqazgan. Kеyinroq bu tuyg‘u yurt ishqiga, vatan sеvgisiga aylandi.
Bir paytlar vatan mavzuida yozsang, kimdandir nimadir ta’ma qilayotgandеk tuyularding. U kunlar ham o‘tdi. Tushundimki, shoir millat taqdiri uchun eng mas’ul shaxs ekan. Shoir o‘z xalqisiz hеch kim emas, hеch narsa emas.
Shoir o‘z ixtiyori bilan o‘ziga dard yuqtiradigan tabibga o‘xshaydi.
Hamma yaxshi shoir-adiblarni va Muhammad Yusufni ustoz dеb bilaman. Uning samimiyligi, chapaniligi yoqadi. O‘zi ham shе’rlariga o‘xshardi: birovga yomonligi yo‘q, sodda odam edi. Agar shoir o‘z asarlariga o‘xshamasa, chinakam fojеa, aslida, shu... Kim nima dеsa, og‘zi o‘zida,  Muhammad akachalik millatni, shu tuproqni sеvgan odamni ko‘rmaganman.
Mеn shoirlar orasida yomon odamni uchratmadim. Ular ichida kayfiyat va muhit kishilari bor. Lеkin yaqinroq borib, samimiyroq bo‘lsangiz, shoirning go‘zal qalbini ko‘rishingiz mumkin.
Odam ulg‘aygani sari muammolari, savollari ham ulkanlashib borarkan. Shu savollar kurashga, mas’uliyatga, ijod va yashashga undaydi.
Mеn ham shu qorako‘z, bag‘rikеng, oqibatli xalqni, ya’ni Sizni yaxshi ko‘raman. Hamma yozganlarim Sizga bag‘ishlangani uchun to‘plam nomini "œSizni  kuylayman" dеb qo‘ydim.
Xudo umr bеrsa, Sizning xizmatingizdaman.

Ehtirom bilan Iqbol Mirzo,
15.01.2007.

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:29:49

BUNCHALAR SЕVDIRDING MЕNI, BUNCHALAR?

Oy - ko`kka tavakkal chеrtilgan tanga,
Holbuki, har ikki olam bir mеnga.
Ayt, nima yomonlik qilovdim sеnga?
Bunchalar sеvdirding mеni, bunchalar?

* * * * * * * * * * * * * * *




Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:30:21

ISTAYSIZMI-YO‘QMI

Istaysizmi-yo‘qmi, gardun aylana,
Istaysizmi-yo‘qmi, qaytib kelaman.
Sog‘inmagan ko‘zingizdan aylanay,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Oy botadi — yulduzlarning habibi,
Tong otadi, ta’nasi yo‘q samimiy.
Tabiatning qonunidek tabiiy —
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Quchog‘iga yashirmaydi xiyobon,
O‘rtamizda udum otlig‘ biyobon.
Sizga nima, kuysam o‘zim kuyaman,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Chaqmoq kalit bo‘ldi qulfi dilimga,
Tegmagan bir qizning zulfi dilimga.
Sizdan o‘zga xon yo‘q mulki dilimga,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman

Boshingizda yaproq bo‘lib aytaman,
Poyingizda tuproq bo‘lib aytaman.
Tuproqdayam mushtoq bo‘lib aytaman,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

1998

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:31:32

YODINGDA QOLMOQCHI EDIM

Fuzuliy lutf etib ketgan bir zamon,
Go‘zallar vafosiz, aldoqchi dedim.
Yoningda qolishga yo‘q edi imkon,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Negadir istardim qiynalishingni,
Yuragingga kamand solmoqchi edim.
Onangga aytolmay qolsang tushingni...
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Do‘stlar kechib qo‘ygan edi bahrimdan,
Kimlardandir qasos olmoqchi edim.
Haydab chiqardilar hayotlaridan,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Alamim, hasadim, ginam tufayli,
Ehtimol ustingdan kulmoqchi edim.
Sog‘insang, o‘rtansang, yig‘lasang mayli,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Ko‘zingni ko‘zimga bermading sira,
Ishondingmi, yo‘qmi, bilmoqchi edim.
Seni ko‘p o‘yladim. She’r yozdim qara,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

1998

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:32:39

YOLG‘IZ

Milyon yilda meni yaratdi hayot,
Meni so‘rab, tog‘lar qator cho‘kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Bug‘lanib, qaytadan to‘kiladi suv,
Quyoshdan ishorat — ko‘z yorar ildiz.
Men, axir ularga o‘xshamayman-ku,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Har elat o‘zicha atar shamolni,
Mingta ism bilan yashaydi yulduz.
Sen qaydan topasan boshqa Iqbolni,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Nafasim — g‘animat, so‘zim — g‘animat,
Fojia — poyimdan uzilgan har iz.
Mening nigohlarim eng ezgu ne’mat,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Yaratganga borib aytaman seni!
O‘zi hukm etsin odil va xolis.
Men qatib kelmayman, tushunyapsanmi?
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz...

1995

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:33:02

GO‘YO

Bir daraxtni ko‘rdim — mag‘rur, barkamol,
Istagan faslida gullaydiganday.
Pisandiga yaqin kelmas qor, shamol:
Durkun bargi mangu so‘lmaydiganday.

Shul daraxtning oldida xor, g‘aribman,
Yo‘l yarmiga etar-etmas horibman,
Havodan kuz hidin olib turibman,
Bahor menga qaytib kelmaydiganday.

Bir irmoqni ko‘rdim — o‘jar irmoqni,
Surib xasni, loyqa qilib tuproqni,
Tashlab ketayotir bog‘ni, o‘tloqni —
Zum to‘xtasa, sira bo‘lmaydiganday.

SHul irmoqning huzurida kim bo‘ldim?
To‘xtab qoldim, til tishladim, mum bo‘ldim.
Hasrat keldi, ko‘z yoshimga lim bo‘ldim,
Eski ko‘ngil endi to‘lmaydiganday.

Bir dilbarni ko‘rdim — qoshi qaroli,
Qoshlaridan yurak-bag‘rim yaroli,
Bo‘lsam edi xizmatkori, qaroli,
Qul bo‘lmasam, baxtim kulmaydiganday.

Shul dilbarning qoshida bechoraman,
Yuragimdan nolib, qayga boraman.
O‘zim bilan olishib ovoraman,
Men ham unga parvo qilmaydiganday.

Bir kimsani ko‘rdim, aziz yoronlar,
Firib bersa, chap berolmas shaytonlar,
Yig‘mish dunyo, qurmish turlik oshyonlar,
Go‘yo bu zot aslo o‘lmaydiganday.

Shul kimsaning yonida men nimaman,
Balki uning yukin ortgan kemaman.
Siz nimasiz? Dard so‘yladim kimga man,
Kimligimni hech kim bilmaydiganday.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:33:29

AYYOR QIZ

Kulib qarab, kulib ko‘zin obqochgan,
O‘rgatvolib, keyin o‘zin obqochgan,
Quchoqlasam, titrab yuzin obqochgan,
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Huv, deydi-yu, o‘ylar yostiq-ko‘rpasin,
Ko‘zda yosh yo‘q — ayaydi-da surmasin,
Eshitsinu lekin birov ko‘rmasin"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Kuydirmajon edi, qurg‘ur, sho‘x edi,
Ko‘nglim unda edi, ko‘nglim to‘q edi.
Qosh terganda yig‘lagani yo‘q edi"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Erta pishar edi qo‘qon gilosi,
Yuragimdek qop-qora qon gilosi.
Allaqachon bo‘lgan talon gilosi"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Tengdoshini sevgan bo‘lar teng tentak,
To‘yda bildim, ancha ekan deng tentak.
O‘sha kuni sal yig‘labman men tentak"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

To‘y buzishga etarmidi jur’atim?
Un tortgani tegirmonga jo‘nadim.
Tuguniga sig‘magandir suratim"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:33:59

ENTIKARDI"¦

Entikardi adirlaru dalalar,
Qizil kiygan qizdek qirmiz lolalar.
Qizil kiygan qizni yaxshi ko‘rardim,
Bilar edi tog‘alaru xolalar.

Dirillardi mendan qochib varraklar,
Varragimdan cho‘chib uchgan laylaklar.
Hurkak-hurkak titrab tunda yuraklar,
To‘lqin-to‘lqin tortar edi nolalar.

Bola edim bo‘shanggina, ko‘ngilchan,
To‘shak bo‘ldi go‘shanggaga ko‘ngilchang.
Mana, bugun bo‘yga etib o‘g‘ilchang
Senga yozgan she’rlarimni yod olar.

Mening esa qonim qaynab jo‘sh urar,
To‘lqin-to‘lqin tortib, gup-gup musht urar.
Qaytib-qaytib yuragimga bosh urar,
Sen tug‘ishing kerak bo‘lgan bolalar.

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:34:11

BIR KUN

Bir kun kelib, qabog‘ing qirg‘oq bo‘ladi,
Ikki chashming — ikkita irmoq bo‘ladi,
Kiprigingdan dilda mavj — titroq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man dengiz bo‘laman.

Bir kun kelib, barmoqlaring shox bo‘ladi,
Tirnoqlaring bittadan yaproq bo‘ladi,
Besamar bosh qo‘yganim — tuproq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man ildiz bo‘laman.

Bir kun kelib, chor atrof chorbog‘ bo‘ladi,
Oyday to‘lib, olmalaring oq bo‘ladi,
Devoringga epkin urgan — oh bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man olis bo‘laman.

Bir kun kelib, ayriliq adog‘ bo‘ladi,
Tog‘ni quchib, ko‘zyosh to‘kkan — tog‘ bo‘ladi.
Sening umring dunyodan uzoq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man yolg‘iz bo‘laman.

1995

Qayd etilgan