SO‘ROQ
Qoshlaring kamon deymi,
Yuragim nishon deymi,
Kipriging paykon deymi,
Jigar-bag‘rim qon deymi,
Ko‘zlaring cho‘lpon deymi,
Ko‘zlarim giryon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?
Tunda qo‘ling axtargan
Qo‘limdan so‘zlasammi,
Ko‘zyoshlarim quritgan
Gulimdan so‘zlasammi,
Faqat senga eltuvchi
Yo‘limdan so‘zlasammi,
Nigohing qaratgani
O‘limdan so‘zlasammi,
Jon deymi, jonon deymi,
Bu nechuk hijron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?
Eshigingdan ichkari
Jannatligin aytaymi,
Har qadaming mo‘‘jiza
San’atligin aytaymi,
Tabassuming olamga
Minnatligin aytaymi,
Sensiz yashashning o‘zi
Mehnatligin aytaymi,
O‘zingga oson, deymi
So‘zimga ishon, deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?
Bu benavo ko‘ngilning
Navosidan so‘ylaymi,
Har oshiqning yolg‘izlik
Da’vosidan so‘ylaymi,
Yoki isming yukidan,
Ma’nosidan so‘ylaymi,
Zamonaning Kumushi
Ra’nosidan so‘ylaymi,
Bu o‘zga zamon deymi,
Bu boshqa doston deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?
Sevgidan yana boshqa
Qayg‘udan gapirsammi,
G‘ubor va hovur bosgan
Ko‘zgudan gapirsammi,
Ertakchini qo‘rqitgan
Mavzudan gapirsammi,
Ochlikdan gapirsammi,
Uyqudan gapirsammi,
Kaftlarim qalqon deymi,
Gaplarim tolqon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?
Sensiz sendek beparvo
Kezlarimni kuylaymi,
Atirgulga bo‘y bergan
Hislarimni kuylaymi,
Maysa boshga ko‘targan
Izlarimni kuylaymi,
Sen deb mendan yuz burgan
Do‘stlarimni kuylaymi,
Kuylarim — osmon deymi,
O‘ylarim — armon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?
Sochlaring rayhon deymi,
Borlig‘ing bo‘ston deymi,
Zulfing parishon deymi,
Bir taraf Qo‘qon deymi,
Bir yon Andijon deymi,
Hamma el hayron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?
2000