Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221236 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:52:17

MEHR HAQIDA

Zilziladan to‘rt kun o‘tganda,   Bomdan —
Bir xabar yurakni titratdi yana.
Qizchasin panalab qulagan tomdan,
Omon asrab qopti jonfido ona.

Qancha fursatimni yoqib isindim,
Olovga tobladim mudroq tanimni.
Birdan shu lahzada ro‘y-rost his qildim
Onamni qanchalar sog‘inganimni.

Mehr — quyosh demak. Har tong darchadan
Qatim shu’la tushsin, tolim zar tushsin.
Teng tushsin mehrning nuri barchaga,
Ogahiy aytgandek, barobar tushsin!

"¦ Tursun Ali polvon bir gap aytgandi:
Erkalab — suyganni bilarmish ilon.
Odamzotning mehri tovlangan payti
Odamday mo‘ltirab yig‘larmish ilon.

Ko‘z yosh tomsagina quturarkan suv,
Yer ham silkinarkan, qo‘psa nizolar.
Dunyoni qutqarar faqat bir tuyg‘u —
Mehrixon ayalar, Mehrinisolar"¦

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:55:51

YOMON

Har bir qizdan seni izlaganimda,
Yonimga kechikib kelganing yomon.
Ovozsiz, ko‘zyoshsiz yig‘laganimda,
Holimdan xabarsiz kulganing yomon.

Yomon-da, kimnidir tush ko‘rganing ham,
Shunchaki yoqqani — xush ko‘rganing ham.
Birovlar qalbiga nish urganing ham
Kipriklaring bilan tilganing yomon.

Mensiz qoshlaring tim qorayganlari,
Mensiz liboslaring torayganlari,
O‘zgalar xo‘rsinib qaraganlari
Va go‘zal ekaning bilganing yomon.

Xudoyim men uchun yaratgan g‘uncha,
Kimlarga duch kelding menga kelguncha.
Dilimda tuguncha, qora tuguncha —
Mengacha kimnidir sevganing yomon.

1999

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:56:04

BACHKANA KUN"¦

Bachkana kun kelsa, buralib palang —
Kosadagi sutni to‘kib qochadi.
Ilvirsni bo‘yniga chumchuq solar chang,
Burgut rayhon bargin cho‘qib qochadi.

Bachkana kun kelsa, qiyin, deydilar,
Hayot o‘zi beshak o‘yin, deydilar.
Qirqiga chidagan, chidaymiz yana —
Qirq yilda bir eshak o‘yin, deydilar.

Bachkana kun kelsa, gul bo‘lar shoir,
Gul bo‘lmasa, kuyib, kul bo‘lar shoir.
Odamning quliydi chiroqning jini,
Aroqning jiniga qul bo‘lar shoir.

Bachkana kun kelsa, Ahmad donolar
Asta tera boshlar shaxmat donalar.
Siz unga so‘z berib qo‘ysangiz, tamom,
Sizga gap bermaydi mahmadonalar.

Bachkana kun kelsa, shon va sharaflar:
Bir yonda takliflar, bir yon talablar.
Chimmatin ko‘tarib, qoshin sakratib
Zinoga chaqirar eski danaplar.

Bachkana kun kelsa"¦ kelmasin, deyman,
Ustimizdan birov kulmasin deyman.
O‘zimiz bilamiz — kimmiz, nimamiz,
Shu gapni bolalar bilmasin, deyman.

2001

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:56:19

BUNCHALAR"¦

Quyoshga intiqqan kabi g‘unchalar,
Yurak sokin-sokin qo‘ng‘iroq chalar.
Nima deb kuylaydi qo‘ng‘iroqchalar?
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

Ohu qarashlimi, jodu qarashli,
Libosi yarashli, nozi yarashli,
Buncha yaxshi bo‘lding, bunchalar yaxshi!
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

Ertaklar haqiqat ekanimi bu?
Yurakka ko‘krak tor kelganimi bu?
Yo visol yo o‘lim deganimi bu?
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

Oy — ko‘kka tavakkal chertilgan tanga,
Holbuki, har ikki olam bir menga.
Ayt, nima yomonlik qilovdim senga?
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:56:42

YIGIT

         Azizbekka

Osmonga oy, yigitga ot yarashar —
Tuyoqlari yulduz sochsin elganda.
Yigit bo‘lsin, kirsa davra yorishar,
Qiz-juvonning aqli shoshsin kulganda.

Munofiqlar, haromzoda kazzoblar
Osh edirib, so‘ng guruchin hisoblar.
Nari bo‘lsin bunday ko‘hna azoblar,
Bosh egmasin nomard minnat qilganda.

Ota-ona turgan manzil — yurt bo‘lar,
Yo‘lga kirganidan ko‘zi to‘rt bo‘lar.
Gugurtcho‘pdek omonat va mo‘rt bo‘lar,
Yo‘qotmasin endi qadrin bilganda.

Erlar ko‘pu erkaklar kam zamonda,
Pok ayollar ko‘zlari nam zamonda,
Shunday g‘irrom, shu muttaham zamonda
Mushtin ishga solsin kezi kelganda.

Osmonga oy, yigitga yor yarashar,
Hovli borki, o‘lan-alyor yarashar.
To‘y kechasi har neki bor — yarashar,
Ko‘ngli to‘lsin quchoqlari to‘lganda.

Dunyo kezsin, o‘nta tilda so‘ylasin,
O‘ylaganda lek o‘zbekcha o‘ylasin.
Navoiyni chang bostirib qo‘ymasin,
Mudramasin qo‘lga kitob olganda.

Qaysi ohang yoqimliroq yurakka?
Chuldir-chuldir jilg‘a oqsin tuvakka"¦
Beshikdagi manglayi keng buvakka —
Shu she’rimni aytsin ota bo‘lganda.

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:57:58

FARISHTA

Men erga bog‘langan bir bandi edim,
Sahar borib, oqshom qaytardim ishdan.
Sen kelding"¦
Sen, axir, qaylardan kelding?
Ko‘klardan tushdingmi, ma’sum farishtam?

Bir xushbo‘y sabolar taraldi birdan —
Yurakni siypalab, erkalaguvchi.
Odamlar odamdan zerikkan yerdan
Insonlar tarafga etaklaguvchi.

Esladim,
Olovlar gurlar qo‘ynimda —
Bir buyuk vulqonlar portlaganini.
Keyin sukunatda
Tunda
Bo‘ynimda
Kiprik kapalakday potraganini.

Shu munis turishda
Bu ko‘hna olam
Sevgiga zorligin eslatib turding.
Chaqnoq ko‘zlaringga ko‘zim tushgan dam
Yuragim borligin eslatib turding.

Men senga bog‘langan bir bandi, asir,
Sen uchsang, uzilib tushar jon rishtam.
Menga rahming kelsin,
Shafqat qil, axir —
Dunyoning holiga achin, farishtam!

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:58:22

SIZ"¦

Mudom yorug‘ bo‘lsin darchalaringiz!
Menga ko‘chib o‘tsin barcha dardingiz!
Men sizni avaylab charchamadim hech,
Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.

Goho yomon qarab, goh qaramasdan,
Goho yolg‘on kulib, goh kulib rostdan,
Goho erkalanmay, erkalamasdan,
Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.

Kimning qo‘lini sal uzoq tutdingiz,
Qaygadir ketdingiz, shoshib ketdingiz.
Yonimdan ko‘rmagan bo‘lib o‘tdingiz,
Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.

Yosh bola emasdim, ko‘pni ko‘rgandim,
Hammaning ustidan kulib yurgandim.
Lek sizga boladek qattiq o‘rgandim"¦
Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.

Xohlasang olasan, agar shoh bersa,
Qayoqqa borasan, tangri — haq bersa.
Nima ham der edim, sizga zavq bersa"¦
Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.

2004

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:58:38

KUZDA

Kuzda uchib ketar baxt qushlari ham,
Omad ham betayin qushga aylandi.
Kecha tuyg‘ularni ko‘klatgan ko‘klam
Bugun jon so‘ragan qishga aylandi.

Sharob ichmay turib, yurardim sarxush,
Boshimdan yulduzni elardi gardish.
Kunlarim kechardi ko‘rgan kabi tush,
Endi o‘sha kunlar tushga aylandi.

Men ham ishonmasdim, avval aytsalar,
Tovonim silagan mayin maysalar
Yotsam, yuragimga urar nayzalar"¦
Qosh kabi maysalar nishga aylandi.

Sen neni bilasan, osmondagi qiz?
Bahorday bildirmay qariydi bu his.
Esiz, yoshligimiz, sevgilarimiz"¦
Bugun sevgi oddiy ishga aylandi.

2005

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:59:35

AYLANAY

Ko‘zmunchog‘ing qo‘yma asta, dildorim,
Ay, aylanay, noziknihol qaddingdan.
Kuzagimni xushbo‘y etgan bahorim,
Ay, aylanay, atirgulim, atringdan.

Ikki ko‘zim manim, ikki dagarim,
So‘zi navvot, qiliqlari shakarim,
Mirzo Ulug‘begim, Mirzo Anvarim,
Ay, aylanay, sabza urgan xattingdan.

Mayiz bo‘lib saratonda kuygan el,
Bolasidan dalasini suygan el,
Yaxshi kunni faqat to‘yga qo‘ygan el,
Ay, aylanay, kiprikdagi gardingdan.

Ba’zan ko‘ngil uchun ko‘ngil so‘ralar,
Kim termular, kimdir sekin mo‘ralar,
Ay, do‘stlarim, ulfatlaru jo‘ralar,
Ay, aylanay, nomardingu mardingdan.

Omon edi orzu, tilagim kecha,
Tangrim, boqding chuqur yuragimgacha,
Bedavo dard berding suyagimgacha,
Ay, aylanay, tanlab bergan dardingdan.

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 05:59:45

OVORA

Yaqin ham kelolmay, uzoq ketolmay,
Yerning atrofida yo‘ldosh ovora.
Zaminni bir tekis chaman etolmay,
Milliard yil nur sochib quyosh ovora.

Bahor sizga bermish guldan zeb, sarpo,
Menday o‘tkinchiga endi ne parvo.
O‘yin bilan bandsiz sho‘x va beparvo,
Xinoli barmoqqa to‘ptosh ovora.

Qizbola bosh bilan dunyoni anglab,
Aql bilan chertib, olasiz tanlab.
O‘zlarin dardlarin o‘zlari tinglab,
Menday necha telba, bebosh ovora.

Qachonki, o‘zandan uziladi suv —
Uch kun to‘xtab qolsa, buziladi suv.
Yuragim ostida eziladi suv,
Ko‘zimga chiqolmay ko‘zyosh ovora.

2003

Qayd etilgan