MUQADDIMA
O‘zim har joydaman, ko‘nglim sandadir...
Muqimiy
Bizlar egiz edik — man yana ko‘ngil,
Barq urding, jonima alanga tushti,
Ko‘ngil qushdek uchti havoga engil,
Aylona-aylona alingga tushti.
Man kamand istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.
Yig‘ladim-yig‘ladim, osmon ho‘l bo‘ldi,
Kiprigim havoga chizdi ariqlar.
Oyu kun ko‘zimni olgan — ko‘l bo‘ldi,
Oylarni tangadek tortdi baliqlar.
Man rasan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.
Chorig‘imni kiydi dashtning toshlari,
Ko‘ylagimni esa tikonlar yuldi.
Man Adam istarman, qarindoshlarim, —
Desam, bosh tebratib ilonlar kuldi.
Man adan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.
Karbalo yuz burdi — mandan chekindi,
Avvalo jon berib begona tutding.
Alam-o, g‘am bosib bellarim sindi,
Sanam-o, san mani o‘tparast etding!
Man kafan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.
Bizlar egiz edik — ko‘ngil bilan man,
Ko‘ngil nigoh etmas yoqlara tushti.
O‘ksinma, Iqbolbek, chunki azaldan —
Osmonning yuklari tog‘lara tushti,
Man vatan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.
1992