Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221188 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:12:54

PAXTA

Kursdoshlarimga

Dala. Mezon. Qizlar. Tarozi.
Paxsali duvollar. Ismsiz qirlar.
Yulduzdek titranib uchgan ovozim,
Tizzani quchoqlab o‘qilgan she’rlar.

Olov tegrasida qaynagan o‘lan.
Yurakdek qontalash chinor yaprog‘i.
«Sevsam, o‘ldirarlar. Sevmasam, o‘lam...»
Va hisobchi qizning nigohi...

U kunlar o‘tdilar, biroq o‘ylasam
Quyosh imillaydi, kunim o‘tmaydi.
Eng mashhur hofizning qo‘shiqlari ham
O‘sha o‘lanlarga etmaydi.

Toshkentning toshlari ezar tanimni,
Toshqator yo‘llarda rizqimni terdim.
Bugun seni qancha sog‘inganimni
Hisobchi qiz, o‘zing hisoblab bergin!

Hasratlarim og‘ir, qo‘ysam sindirar
Har qanday tarozi pallalarini.
Bunda yuragimni axir kim bilar,
Kim ko‘rgan Yozyovon dalalarini?!

Olisda ismimni aytib norozi
Yerlarga egilar nonbehi shoxi.
Dala. Mezon. Qizlar. Torozi
Va hisobchi qizning nigohi...

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:13:32

DEDI

Dedi: «O‘g‘lon, qaragin,
Zulfim suvdayin mayin.
Barmoq solib taragin,
Ketma yuzing yuvmayin!»

Dedim: «Qorasoch dilbar,
Dilimni tig‘ tilgusi.
Zulfga tegursam agar
Yuzim qaro bo‘lg‘usi!»

Dedi: «O‘g‘lon, qoshimdan
Alhol ketmagil zinhor.
Barmoq surgil qoshimga,
Ilking tegsin ilk bor!»

Dedim: «Qaroqosh dilbar,
Qoshing qilichligi bor.
Qo‘lim yuborsam agar
Ilkim tilishligi bor!»

Dedi: «O‘g‘lon, yuzimda
Alanga raqsi zohir.
Oy ergashar izimdan,
Izmingga olgil oxir!»

Dedim: «Mohiro‘y dilbar,
Husningni kun talashgay.
Men ne qilay, bu yuzlar
Faqat senga yarashgay!»

Dedi: «O‘g‘lon, shoshma sen,
Nazar qilgil la’liga.
O, bilarman, tashnasan,
Kel, mayliga, mayliga...»

Dedim: «La’lilab dilbar,
Tiynat o‘ti etmasmi?
Labingga tegsa agar
Dudoq kuyib ketmasmi?»

Dedi: «O‘g‘lon, sen meni
Qiynaydirsan qasdma-qasd.
O‘p, quchoqla, sev meni,
Menga joning kerakmas!»

Dedim: «Xush qol, ey dilbar,
Netay ko‘ngil to‘lmasa?
Bu ne ishq, sevib agar
Hijronida o‘lmasang?!»

1993

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:13:41

O‘SHANDA

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)
Ismimni bilardi qayrag‘och bargi.
Yuragim tomida yotgan qizg‘aldoq
Kapalak haqida qo‘shiq aytardi.

O‘shanda
o‘zim ham olov edim-da,
Tushovini uzgan toyga o‘xshardim,
Akamning choponin ilib egnimga
Qirda
quyun bilan kurash tushardim.

O‘shanda
jilg‘alar chuchuk til bilan —
Erkalab, toshlarning boshin silardi.
Chig‘anoqlar esa suyuq dil bilan
Toshning kovagida achchiq yig‘lardi.

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)
Dumog‘im tuyardi laziz munglarni.
Hovuzning tubinda yolg‘iz gulimoh
O‘tli ohlar ursa, yonib tinglardim.

O‘shanda
shamolni sevardi og‘och,
Bulutlar yashardi g‘amli, o‘ksinib.
Tutundan qorayib ketgan qaldirg‘och
Suvlarga urardi qizg‘ish ko‘ksini...

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)
Dilimni bilardi majnuntol bargi.
Kaftimda yo‘q edi zig‘irdek gunoh,
Yo‘q edi kaftimning zarradek gardi —
O‘shanda men seni yaxshi ko‘rardim...

1989

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:13:58

SOBIQ ASKAR

Zulfi zar qizgina,
qo‘llaring o‘pib,
Ko‘zimda oynadek yaxladi yoshim.
Esladim,
kaftiga kuhlab, yer tepib,
Sibirlarda qolgan o‘n sakkiz yoshim.

«Yana keling», - deysan nigohing bilan,
Ko‘ksimda g‘ijirlar hasratning toshi.
Eslayman,
qatora — bahaybat ilon,
Sibirlarga ketar o‘n sakkiz yoshim.

Qoshlaring kamondek tortilar tarang,
Tutdek to‘kiladi so‘nggi bardoshim.
Bilmaysan,
o‘q otish maydonlarida
Juvonmarg bo‘lganin o‘n sakkiz yoshim.

Zulfi zar qizgina,
olov qizgina,
O‘n sakkizga kirgan mitti quyoshim,
Bugun uxlatmaydi,
chaqirar yana
Sibirda adashgan o‘n sakkiz yoshim.

Keturman,
kutmagin, kelmasman qaytib.
Men, axir, yigirma uchdan ham oshdim!
Sibirda muzlaydi ismingni aytib
O‘n sakkiz... o‘n sakkiz... o‘n sakkiz yoshim...

1999

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:14:16

KO‘ZLARIDA

Ko‘zlarida g‘am gardidan surmalari
Uchib ketdi bu ko‘ngilning turnalari.
Ey siz mening g‘aribgina kulbalarim,
Sizni tashlab samolarga ketolmayman.

Gulyuzligim yuz noz ila burdi yuzin,
Men ko‘z yumsam, kipriklarim so‘ydi ko‘zim.
O‘z-o‘zimga azon aytib qo‘ydim ism...
Endi o‘shal zebolarga ketolmayman.

Kecha qadah to‘qishtirib hilol bilan
Gulob ichtim yolg‘iz do‘stim Iqbol bilan.
Bugun qo‘lda ikki bo‘lak safol bilan
Iqbollarga, safolarga ketolmayman.

Endi faqat sabolarni sog‘inish bor,
Elas-elas navolarni sog‘inish bor,
Olis-olis ziyolarni sog‘inish bor,
Aks o‘zimman, sadolarga ketolmayman.

Onasidan arazlagan bola kabi
Bu olamdan burilgandir mening labim.
Ey, onamdek g‘aribgina kulbalarim,
Sizdan go‘zal dunyolarga ketolmayman.

1993

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:14:27

RUSTAM POLVON YODI

Minoralar chir aylanib quyun bo‘ldi,
Hayot kurash emas, g‘irrom o‘yin bo‘ldi.
Farg‘onada xazon uyum-uyum bo‘ldi —
Rustam polvon yiqildi.

Kimga yotdir, yana kimga yoddir Rustam,
Men bitmagan eng shohona baytdir Rustam,
Firdavsiyning dostoniga qaytdi Rustam,
Rustam polvon yiqildi.

Oy uyaldi — berkingani bulut bo‘ldi,
Tog‘lar boshin egdi — sovuq sukut bo‘ldi.
Bag‘dod, sening yuzing endi shuvit bo‘ldi —
Rustam polvon yiqildi.

Yurtim, sening rost so‘zingdan yolg‘oning ko‘p,
Suvlaring ko‘p, suvdan ko‘ra talqoning ko‘p.
Rustaming yo‘q, endi, og‘zi polvoning ko‘p...
Rustam polvon yiqildi.

Yo‘qlov aytib men o‘zimni ovutaman,
Ko‘zyosh to‘kib, yuragimni sovutaman.
Shahar ichra metin quti — tobutdaman...
Rustam polvon yiqildi.

Yer titradi, ir titradi, yulduz uchdi,
Yulduz tegib, ulug‘minor nurab tushdi.
Rustam polvon yiqilmadi, qulab tushdi,
Rustam polvon yiqilmadi, qulab tushdi.

1991

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:15:02

MUQADDIMA

O‘zim har joydaman, ko‘nglim sandadir...
                                   Muqimiy


Bizlar egiz edik — man yana ko‘ngil,
Barq urding, jonima alanga tushti,
Ko‘ngil qushdek uchti havoga engil,
Aylona-aylona alingga tushti.
Man kamand istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Yig‘ladim-yig‘ladim, osmon ho‘l bo‘ldi,
Kiprigim havoga chizdi ariqlar.
Oyu kun ko‘zimni olgan — ko‘l bo‘ldi,
Oylarni tangadek tortdi baliqlar.
Man rasan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Chorig‘imni kiydi dashtning toshlari,
Ko‘ylagimni esa tikonlar yuldi.
Man Adam istarman, qarindoshlarim, —
Desam, bosh tebratib ilonlar kuldi.
Man adan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Karbalo yuz burdi — mandan chekindi,
Avvalo jon berib begona tutding.
Alam-o, g‘am bosib bellarim sindi,
Sanam-o, san mani o‘tparast etding!
Man kafan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Bizlar egiz edik — ko‘ngil bilan man,
Ko‘ngil nigoh etmas yoqlara tushti.
O‘ksinma, Iqbolbek, chunki azaldan —
Osmonning yuklari tog‘lara tushti,
Man vatan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:15:19

BIR TO‘P KABUTAR

Hatto turmaning ham osmonlari bor,
Toshyo‘lak chokida giyohlar bitar.
Garchi tovushtutar posbonlari bor...
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

Qanotlar elidan lang‘illar quyosh,
Shamollar bir nafas nafasin yutar.
Yaraqlab ketadi bir hovuch to‘ptosh,
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

Simlar o‘ramida bo‘g‘ilgan havo,
Simlar o‘ramida havolar zahar.
Harir havolarni to‘zg‘itib har yon,
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

Kabutarxonaga aylanadi ko‘z,
Yurak potirlaydi, o‘ynaydi battar.
Xo‘rsiniq uchadi: O‘n... yigirma... yuz...
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

...Hukmingni bekor qil, taqdiri azal,
Yulduzim, uchaylik yulduzlar qadar.
Osmon buncha cheksiz, bunchalar go‘zal!
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar...

1989

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:15:34

EY, DIL...

Ey, dil, ne istaysiz yalang‘och ko‘kdan,
Anvor ummonida titraysiz dir-dir.
Yerga bir boqingiz — qishu yoz, ko‘klam,
Kuzlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Imkon qo‘ldan ketdi — tugadi fursat,
Yaqinlar yiroqdan qaraydi dilgir.
Ko‘zani sindirib jo‘nadi ulfat,
Do‘stlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Xayollar qo‘ymaydi o‘z holimizga —
Lo‘livachchalardek yopishqoq kir-chir.
Qanotlar bog‘lovchi iqbolimizga
Hislar unutdilar bizlarni bir-bir.

Ey, dil, o‘ksimaysiz, chekmaysiz alam,
Yerdan uzilganning jazoyi shuldir.
Endi qaytolmaysiz Farg‘onaga ham,
Izlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Qismat muhabbatni bizga ko‘p ko‘rgan...
Yig‘lamang, dunyo ham bevafo, axir.
Ming va’dalar bergan, hatto o‘ptirgan
Qizlar unutdilar bizlarni bir-bir.

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:15:52

BIRINCHI SEVGI

To‘rt fasl bahor edi,
To‘rt taraf gulzor edi.
Sen bor eding, tilimda
Bir qo‘shig‘im bor edi:

«Gulijonning ko‘zidan
Ohular uyaladi.
Kiprigini ko‘tarsa,
Osmonlar suyanadi.

Gulijonning bo‘yiga
Olamning guli etmas.
Uni olib bergali
Otamning puli yetmas...»

Seni mendan ayirdi
Ko‘zlari kir ayollar,
Meni mendan ayirdi
Ildizi yo‘q shamollar.

Ketdi yoshlik, ketding sen,
Dil yig‘lar, dil kuyinar.
Dilda keksaygan quyosh
O‘z nuriga suyanar.

Menga, qalamqoshligim,
Qalammi kerak edi?
Tobutim to‘ldirgali
Alammi kerak edi?

Yurakkinam lim to‘ldi,
Ko‘zyoshlarim sim bo‘ldi.
Sen oylarga aylanding,
Gulijon, men kim bo‘ldim?

To‘rt fasl bahor edi,
To‘rt taraf gulzor edi.
Men boy edim, dilimda
Bir qo‘shig‘im bor edi.

1991

Qayd etilgan