Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221177 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:16:05

ALAM

Mushtimni yerga urdim,
Tog‘lar guldirab ketdi.
Mushtimni ko‘kka urdim,
Ufq hilpirab ketdi:

«Mening botmon mushtim-a,
Ne qiynoqqa tushdim-a!»

Mushtimni soyga urdim,
Tosh sapchidi baliqdek.
Mushtimni oyga urdim,
Oy sochildi tariqdek.

«Mening to‘qmoq mushtim-a
Ne ko‘ylarga tushdim-a!»

Mushtimni yo‘lga urdim,
Kulcha bo‘lib oldi yo‘l.
Mushtimni gulga urdim,
G‘uncha bo‘lib oldi ul.

«Mening gurzi mushtim-a
Ne ahvolga tushdim-a!»

Mushtimni qirga urdim,
Qirlar qochdi sudralib,
Mushtimni sherga urdim,
Mushuk bo‘ldi, suykalib...

«Mening cho‘qmor mushtim-a,
Ne azobga tushdim-a!
Urolmadim do‘stimga,
Urolmadim o‘zimga...»

1991

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:16:17

SARATON

Englik liboslardan voz kechdi shahar,
Elkalar yalang‘och, yalang, och ko‘zlar.
Olislarda esa suvlar sepishar
Ko‘ylaklari bilan cho‘milgan qizlar.

Shahar qizg‘onmaydi xiyobonlarin,
Sun’iy ko‘liniyu qayiqlarini.
Ammo dil qo‘msaydi sokin bog‘larning
Olmalar oqizgan ariqlarini.

Shahar ko‘p narsani menga o‘rgatdi,
Hammasini sanab, aytib bo‘lmaydi.
Shu yerda suyagim va diydam qotdi,
Endi qishloqqa ham qaytib bo‘lmaydi.

Tongda derazamdan siniq nur tushar,
Ne tongkim, bugun ham namlidir ko‘zlar.
Axir tushimda ham suvlar sepishar
Ko‘ylaklari bilan cho‘milgan qizlar...

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:16:36

SODIQ CHEGACHI

Sodiq chegachining ayoli xiyonat qildi...
Chegachi cho‘loq edi,
kambag‘al edi,
befarzand edi u ustiga-ustak.

Oysuluv bo‘lsa-da ayolin ismi
suluv emas edi oydayin.
Ajab,
vafo qilmadi Oysuluv
go‘zal bo‘lmasa ham...

Uni shayton yo‘ldan urdi,
Sodiqni urdi xudo.

Oysuluv
yig‘ladi ikki bukilib...

O‘choqdagi o‘chayotgan o‘t
qizil tillarini o‘ynatib
masxara qilardi Sodiqni.
Qumg‘on
kulardi uning ustidan
sharaqlab...
— Yo‘qol... — dedi sekingina chegachi.
Ayol o‘rnidan jilmadi.
Tunda yo‘qolib qoldi Sodiqning o‘zi.
Kimdir
uning gandiraklab Bachqirariq tomon ketayotganini
ko‘rganmish...
Bir yil o‘tdi, uch yil, besh...
Sodiqning cho‘pdek ozgan,
aqldan ozgan ayoli
suvqizi kabi sochlari yozg‘in
o‘tirarmish Bachqirariq qirg‘og‘ida.
Qo‘llarida Sodiq chegachining
Kamonchasi, parmabigizi, sirachi...
«Chiqing, begim, ko‘nglingizni chegalab beray,
Ko‘nglingizni bering, begim, chegalab beray...»

1989

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:17:50

ISMINGNI HЕCH KIMGA AYTKIZMAYMAN, GUL!


Sеnga lablarimni tеgizmayman, Oy,
Sеnga ziyonimni еtkizmayman, Gul.
Biroq osmonimdan kеtkizmayman, Oy,
Ismingni hеch kimga aytkizmayman, Gul!

* * * * * * * * * * * * * * * * *



Ustoz Omon Matchon bilan, Far'gona, 2002 yil.

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:20:46

OG‘RIQ

Qilich navdalarning shaffof qini bor,
Olov tebranadi ulkan loladay.
O‘t kabi isyonkor, qordek beg‘ubor —
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Qo‘zilar zamharir maysani toptab,
Og‘zining hovurin kavshaydi tinmay.
Ming jumboqni echar, qo‘llarin toblab,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Cho‘g‘lar chirsillaydi, olov yonboshlab,
Qiyiqko‘z bolaga tegishar atay.
Zuhroda sayr etar, qo‘ylarni tashlab,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Bugun ko‘kragimda simillar og‘riq.
Bugun qo‘llarimda parchalangan nay.
Men sizni sog‘indim hammadan ortiq,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Manxus davralarda davrlar surdim,
Qasamlar ichdimu ichaverdim may.
Oydin lahzalarni siz bilan ko‘rdim,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Siz meni chaqiring, qiynalib ketdim,
Siz meni chaqiring, o‘zimga qaytay.
Chaqiring, yurakka harorat yetsin,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

1992

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:21:51

UYG‘ONISH

Huvillagan dunyo, huvillagan qalb,
Na quvonch, na rayhon, na g‘am, na yalpiz...
Qip-qizil qumlarni kechdim yuz yillab,
O‘zim bilan o‘zim yashadim yolg‘iz.

Bir kuni oy bilan tillasha turib,
His qildim yuragim og‘irligini.
Ko‘klam sellaridek qonim gupirib,
Angladim yashashim zarurligini!

Osmonni quchoqlab yotganim tunda
Muhabbat, oy kabi kirding yodimga.
Bulutlar oqquvga aylandi zumda,
Yulduzlar to‘pillab tushdi yonimga.

Elkamda elkanday qanot barq urdi,
Bir go‘zal qush bo‘ldim ertakdagiday.
Yovvoyi yoshlikda azot hayqirdim —
Titradi koinot etaklari-da!

Titradi koinot etaklarinda
Kirpidek g‘ujanak bo‘lgan olamlar,
Quyosh tig‘in charxlab elkalarida
Qip-qizil qum kechib yurgan odamlar...

Yumshoq shamollarni qo‘zg‘atib uchdim,
Kahkashon — shiddatim qoldirgan oq iz.
Sening olamingga boryapman, kutgin,
Osmonni quchoqlab yotgan g‘amgin qiz!..

1988

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:22:03

YOLG‘IZMAN

Qorako‘z turnalar Qo‘qonga qaytar,
Giyohlar yugurib kelar olisdan.
Mening turnam qani?
Giyohim qayda?
Yolg‘izman...

Uchar likopchada — sirli tayyorada
Do‘st izlab kelishar qay bir yulduzdan.
Men esam butun boshli sayyorada —
— Yolg‘izman...

Do‘stlar eshigimni yuz bora qoqar,
Eshik qoqmay kirar maktub
bir qizdan.
Goho jonga yoqar,
goho jonni yoqar...
Yolg‘izman...

Onam tinmay menga kelin tanlaydi,
men bo‘lsam yolg‘izman muhabbat qadar.
Kim meni tushunadi?
Kim meni anglaydi?
Yolg‘izman-da, nima qilay, birodarlar!..

1990

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:22:19

FARG‘ONACHA

               Muhammad Sharifga

Sohibjamol sohibdilim, muncha sitam ayladilar,
Makr birlan, qahr birlan ko‘zimizni boyladilar.
Bizni suyib — suymadilar, ozod qo‘yib — qo‘ymadilar,
Dilimizni barmog‘ida olma kabi o‘ynadilar,
Kuyib-kuyib qolaberdik kiyiklarning orasida,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Yor-ey, dedik, boshimizni yorib o‘tdi yor qamchisi,
Oyog‘ining tirnog‘iga tomib o‘tdi qon tomchisi.
Qonimizga qonib o‘tdi turnalarning arg‘amchisi,
Qizil guldek yonib ketdi turnalarning aldamchisi.
Tabassumni xalqa yanglig‘ taqib qushning sarasiga,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Shahr otlig‘ sahrolarda qo‘ng‘iroqlar sasin kutdik,
Dahr otlig‘ daryolardan muruvvat kemasin kutdik,
Zahr otlig‘ havolardan atirgullar isin kutdik,
Sabohat elchisin kutdik, jarohat emchisin kutdik.
Biroq etdik boshimizga, volidamiz nolasiga,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Xoqon edik, qalqonimiz go‘daklarga ermak bo‘ldi,
Sulton edik, davronimiz o‘zimizga ertak bo‘ldi.
Balokash yor lashkalari ming-ming bo‘ldi, lak-lak bo‘ldi,
Biz shams kabi yerga botdik, ul oy esa yuksak bo‘ldi,
Omon yursak bo‘lmasmidi davlatlarin soyasida,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Biz oh ursak, har oshiqdan ko‘ra oshiq ohimiz bor,
Ko‘ylagining shamolidan samolarda xokimiz bor.
Ko‘nglimiz yo‘q, dog‘imiz bor, dog‘i yo‘q dilxohimiz bor,
Gunohkormiz, ko‘ngil berdik, endi tan olmog‘imiz bor,
Qalbimizni qayta bersin, tashlasin ostonasiga,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga!

1993

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:22:31

DASHTDA

Bu yerdan oh urib o‘tgan Go‘ro‘g‘li,
Bu yerdan ot surib o‘tgandir Namoz,
Bu yerga qismatning uchta zo‘r o‘g‘li
Piyoz ekyapmiz,
piyoz!

«Qarg‘ish tekkan yer bu!» — degan Xudoyor.
Faqat oy tunlari chodirin tikkan,
Faqat biz — uch og‘a-ini har bahor
Piyoz ekkanimiz
ekkan.

Tirik-chilik...
O‘zingizga ma’lum buyog‘i.
Rizqi ro‘z degani —
titilgan to‘rva.
Do‘konda falon pul paxta yog‘i...
Piyoz bo‘lsa,
qozonda sho‘rva.

Bu yerni suv o‘gay singil sanaydi
Shabada yurmaydi —
tiladi tikan.
Men akamga,
bolam qo‘lga qaraydi...
Piyoz ekkanimiz
ekkan.

Bu yerdan ot surib o‘tmaydi Namoz...

1987

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 06:22:42

XAZONDEK SOCHILDI NECHA BOR TAQVIM

Xazondek sochildi necha bor taqvim,
Yurak ham to‘kildi yaproqqa o‘xshab.
Shamolda sovrildim, soylarda oqdim,
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

Zulfing qo‘ng‘irog‘i barmog‘imdandir,
Dudog‘ing gullatgan — birinchi bo‘sa.
Endi u kunlarga etmoq gumondir,
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

Seni quchib uxlab, yana tushimda —
Ko‘rib uyg‘onardim sog‘inib, qo‘msab.
Meni mendan o‘zga inson tushunmas...
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

Kun sayin oramiz olis va olis,
Balki kutarsan ham xazonlar to‘shab.
Sen hamon tiriksan, men esa yolg‘iz...
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

1992

Qayd etilgan