SEVGILIM
Sevgilim,
dilsizlar dillarimizni
Toshbo‘ron qilsalar, vayron qilsalar,
Tikanlar qoplasa yo‘llarimizni,
Sen achchiq yig‘lasang,
Ular kulsalar,
Sevgilim,
sevgini sevmagan zotlar
Qaro aylasalar oq asotirni,
(Darg‘azab pishqirsa quturgan otlar)
Go‘rdan chiqarsalar
Qorabotirni,
Sevgilim,
men jangga kiraman, jangga,
Qarog‘ingdan tiyra jola uchun ham,
Osmonni bo‘yayman qirmizi rangga
Chap ko‘ksingda majruh lola uchun ham!
Sevgilim,
Bu so‘qish og‘ir bo‘ladi,
Qonlarim oqadi, qonlari oqar,
Ana, yaralangan oy ham quladi,
Qon sachragan quyosh qizarib boqar...
Sevgilim,
yov qochar sichqon iniga,
Muzaffar botiring tin olar horg‘in.
Qilich joylanadi qayta qiniga,
U asta cho‘zilar...
Bor endi borgin!..
Sevgilim,
omondir hiylagar kampir,
U meni aldaydi, avrab-aldaydi,
Qo‘lu oyog‘imga soladi zanjir,
— Qorabotir, mana yoving, ol! — deydi.
Sevgilim,
alvido...
Etib kelmading,
So‘nggi ilinj bilan qotdi ko‘z nurim.
Muhabbat qudrati — qaldiroqqa teng,
Afsus, qaldiroqdek qisqadir umr-im-m...
Sevgilim,
lutf etmak shuncha mushkulmi?
Qo‘l cho‘zmoq shunchalar keldimi malol?
Axir, bu yolg‘on-ku, axir, tushungin,
Axir, bu — ertak-ku, axir, bu — xayol...
1990