Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman (she’rlar to’plami)  ( 221137 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 B


Ziyo  09 Avgust 2007, 07:06:16

OY VA QUYOSH KABI...

Oy va quyosh kabi izchil izma-iz
Hijron — zulmat quvib sobitqadammiz.
Birlashmoq qismatda yo‘q ekan, garchi
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Qo‘l ushlashib tushar ko‘kdan laylakqor,
Chechaklarin juftlab sochadi bahor.
Men bunda zorman, sen unda intizor,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Bizni go‘dak bilib o‘ynadi taqdir,
Ustimizdan kulib o‘ynadi taqdir.
Qo‘llaring ushlashga qo‘ymadi taqdir,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Sensiz ma’nosizman, sensiz kimman, kim?
Yarim oy bulutga berkinadi jim.
Yuragim nimtadir, ey go‘zal yarmim,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Sinov bu, deymiz-da, bu ko‘hna savdo,
Dunyoni unutsin, dedimi Xudo.
Qiyomatni kutsin, dedimi Xudo,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

2006

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 07:06:26

SUVRAT

"œEslaganda ko‘ring... Ko‘rgach eslamang..."
Imzo. Sana. Rasm — qog‘oz... Sevgilim.
Hayotdan rang ketdi va tindi ohang,
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Xushbaxt kunlarimdan xotira — yodgor,
O‘zimdan qizg‘anib qarayman takror.
Baxtning soyasidan bo‘lak nimam bor?
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Na shahdu na shiddat, na jur’at qoldi,
Na ahdu na rag‘bat, na sur’at qoldi.
Tushda ko‘rgan kabi shul suvrat qoldi,
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Hech qachon hech kimga etmas-ku dodim,
Etsa, inobatga o‘tmas-ku dodim.
Armon shu — suvratda qotsa hayotim,
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Suvratdek sarg‘ayib o‘char izimiz,
Mazmunin yo‘qotib borar ismimiz.
Jismimiz yuribdi, faqat jismimiz...
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

2006

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 07:06:35

ZERU ZABAR"¦

Zeru zabar — zabar bilan zer bo‘ldi,
Yer osmonga chiqdi, osmon yer bo‘ldi.
Bog‘ni izlab chohni toptim oqibat,
Tog‘ deb borgan joyim yaydoq qir bo‘ldi.

Ochiq ko‘ngil — ochiq sandiq — elniki,
Atirgulning sarin bo‘yi — elniki.
Yelga, elga, selga ketdi meniki,
Sizning saqlab qolganingiz sir bo‘ldi.

Ko‘ngil so‘rab, ko‘ngil buzdi do‘stlarim,
Ko‘nglim so‘rab, ko‘ngil uzdi do‘stlarim,
Ko‘ngillarin engil uzdi do‘stlarim,
Barin mendan hafsalasi pir bo‘ldi.

Parilarki, dil qonidan pardozi,
Joning kuysa hamki, kelmas parvosi,
Kulim ko‘kka sochar har gal parvozi,
Ko‘zlariga boqsam, ko‘zim kir bo‘ldi.

Orziqaman eslab tandir, savatni,
O‘zim tashlab keldim shunday jannatni.
Oldim shoir degan tavqi la’natni,
Endi menga ikki dunyo bir bo‘ldi

2002

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 07:06:57

SENI DEB

Zulm qilsam har qachon o‘zimga zulm etdim,
Qaramadim sen tomon, ko‘zimga zulm etdim.
Imlasang bormadim ham, siltasang ketmadim ham,
Yerdan uzmadim tovon, izimga zulm etdim.
Zulmning lazzatini faqat mazlum biladi,
Baxtiyor kimsalarni ko‘rsam rahmim keladi.

Hovuzda xudoyimning aksini ko‘rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko‘rgandayman.
Yashil quyosh, moviy tosh, safsar ko‘z yosh oralab,
Odamning va Havvoning nafsini ko‘rgandayman.
Yuzimga suvlar urdim, yuzimga zulm etdim,
O‘zimga zulm etdim, ko‘zimga zulm etdim.

Ko‘rlar hamda karlarning o‘zgacha baxti bordir,
Baxtsizligin bilmagan kimsalar baxtiyordir,
Ko‘rib, tinglab turibman, o‘zim anglab turibman,
Ixtiyorimdan xorij tilaklar ixtiyordir.
Bosh bergali dor qayda, ketgali mozor qayda,
Dil yorgali yor qayda, inon-ixtiyor qayda.

Gulzoringga kirmadim, gulimni asrayin deb,
Nigohimni bermadim, dilimni asrayin deb.
Adolat, shafqat, qadr, muruvvat, insof nadir,
Ko‘zlarimdan ketmading qulimni asrayin deb,
Zulmning lazzatini faqat qullar biladi,
Baxtiyor kimsalarni ko‘rsam rahmim keladi.

Dag‘al, o‘jar o‘smirni mayin etgan savdolar,
Bozorda baholarni tayin etgan savdolar,
Qorako‘z gavharidan shoda munchoqlar tizib,
Yurakni pufak qilib o‘yin etgan savdolar,
Nog‘ora qoq, nog‘ora, lunjing to‘la zog‘ora,
Eshon, xo‘ja va qora o‘yin bilan ovora.

Chumoli xirmon yoysa, siz dasturxon yozgaysiz,
Rizq axtarib kalamush inlarini buzgaysiz.
Oyni etagingizga kulchadek o‘rab olib,
Atirgulga qaldirg‘och jasadini osgaysiz.
Ko‘zning oqu qorasin oqu qora tosh qiling,
Go‘daklar sut tishidan guruch damlab osh qiling.

Baliqlarga rang bergan musavvirga qaranglar,
Bo‘yog‘i qurimagan barmoqlarin yalanglar.
Dilingiz rangin bo‘lsin, kapalak, qo‘ng‘iz qo‘nsin,
Tomoshaga kelsinlar juvonlar, yosh-yalanglar.
Hovuzda xudoyimning aksini ko‘rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko‘rgandayman.

Har nafasda bir nafas umrim qisqarib borar,
Cho‘pchaklarga ishonib cho‘pon qiz qarib borar.
Chigal, xilvat yo‘limda pisib yotibdi ajal,
Lahza sayin pichog‘i ko‘ksimni yorib borar.
Shayton chalg‘itdi, asli senga munosib edim,
Ko‘rgin deb yuragimni loylarga bosib edim.

Ko‘klamni tinglab yotsang bug‘doy ungan tomlarda,
Bobo Mashrab nafasi kelar salqin shomlarda.
Sababsizdek tuyular bo‘g‘zingdan toshgan o‘kinch,
Simobdek ko‘char nedir yuraging tomonlarda.
Ko‘rlar hamda karlarning o‘zgacha baxti bordir,
Baxtsizligin bilmagan kimsalar baxtiyordir.

Chin aytsam, eshigingga suyanib, o‘lgim kelar,
Faryod chekib, o‘zimni shu joyga ko‘mgim kelar.
Sochlarim chim otsayu tomirlarim taralsa,
Boshimga oyoq qo‘yib o‘tganing ko‘rgim kelar.
Bundayin imkon qani, jon so‘ragan jon qani,
Jonimga xumor bo‘lgan ul ofatijon qani.

Otamga begonaman, onamga begonaman,
Rafiqamga raqibman, bolamga begonaman.
Do‘stlarimga dushmanman, xeshlarimga etti yot,
Senga mahliyo bo‘lgan olamga begonaman.
Qaramasdan sen tomon ko‘zimga zulm etdim,
Zulm qilsam, har qachon o‘zimga zulm etdim...


www.ziyouz.com -2007

Qayd etilgan


Ziyo  09 Avgust 2007, 07:08:57



Iqbol Mirzo. Tuganmas ilhom manbai - bu shubhasiz tabiat.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Fevral 2010, 09:14:09

Sizni kuylayman. Iqbol Mirzo



Muallif: Iqbol Mirzo
Hajmi: 351 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan