Subhi sodiq dushanbada dun yerga kirdim,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Oltmish uchda sunnat dedi, eshtib bildim,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Yer ustida yoronlarim motam tutti,
Olam hamma "Sultonim", deb na'ra tortti,
Haqti tobqan chin so'filar qonlar yutti,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Alvido, deb yer ostig'a qadam qo'ydum,
Yorug' dunyo harom qilib, Haqni suydum,
Zikrin aytib, yolg'uz o'lub, yolg'uz kuydum,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
"Toho" o'qub, tun kechalar qoyim bo'ldum,
Kecha namoz, kunduzlari soyim bo'ldum,
Bu hol birla yer ostida doyim bo'ldum,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Oltmish kecha, oltmish kunduz bir yo'l taom,
Tong otquncha namoz o'qub, bir yo'l salom,
Oltmish uchda bo'ldi umrim oxir, tamom,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Haq Mustafo ruhi kelib bo'ldi imom,
Jumla malak yer ostida bo'ldi g'ulom,
Ko'b yig'ladim, haq Mustafo berdi in'om,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Me'roj tuni, nuri diydam, farzand, dedi,
Qo'lub tutub, ummatimsen, ummat, dedi,
Sunnatimni mahkam tutqil, dilband, dedi,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Qiyomatda yo'l odashsang, yo'lg'a solay,
M u h a m m a d, deb tashna bo'lsang qo'lung olay,
Farzandim, deb ilking tutub jannat kiray,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Ey yoronlar, bu so'z eshtib shavqim ortdi,
Ummat, dedi, ichu-toshim nurga botdi,
Partav solib, diydorini Haq ko'rsatdi,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Diydor ko'rub, ruhum uchub, Arshqa qo'ndi,
Muso sifat vujudlarim kuyub yondi,
Majnun sifat xayli xeshdin qochib tondi,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Yer ostida xorlig' torttim, ko'b mashaqqat,
To'shak, yostuq toshdin qilib, chektim mehnat,
Ey yoronlar, bu dunyoda yo'q farog'at,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
To mashaqqat tortmaguncah vasli qayda,
Xizmat qilmay, dardi holat bo'lmas paydo,
Jonu dilni to qilmasang Haqqa shaydo,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Yer ostig'a kirdim ersa bexud bo'ldum,
Ko'zum ochib, Mustafoni hozir ko'rdum,
Osiy, jofiy ummatlarni holin so'rdum,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Ayo farzand, mendin so'rsang qoni ummat,
Ummat, dedi, ko'ksum to'la dog'i hasrat,
Ummat uchun ko'b tortamen Haqdin kulfat,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Ummatlarim yozuqlarin har juma kech,
Olib kelgay, yo Muhammad, sen muni chech,
Toki yig'lab sajda aylay, tangrig'a kech,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Har juma kech ummatlarni gunohini,
Olib kelgan, yo Muhammad, ko'rgil muni,
Ummatlaring nalar qilur, Ahmad, seni,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Men malakdin sharm olurmen, ey ummatim,
Yaratqandin qo'rqmasmusen, past himmatim,
Kecha yotmay, toat qilsang xush davlatim,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Yer ostig'a kirdim, do'stlar, beixtiyor,
Omin, denglar olu ashob ham chahoryor,
Ummatlarni jurmin kechgil, Parvardigor,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Qul Xoja Ahmad, men daftari soniy ayttim,
Ikki olam ishratlarin mayga sottim,
O'lmas burun jon achchig'in zahrin tottim,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.