ALINING SHAHID BO'LISHLARI
Xavojirlar ochiqdan-ochiq va pinhona ham turli suiqasdlarni uyushtirishning tadbirlarini ko‘ra boshladilar. Kunlaridan bir kuni xavojirlardan uch kishi bir yerga to‘planib o‘zaro maslahat qilib har uchchala boshliqni, ya'ni hazrat Alini, Muoviyani hamda Amr ibni Osni o‘ldirishga qaror qildilar. Bular Abdurahmon ibni Maljam, Barq ibni Abdulloh va Umar ibni Abu Bakr nomli shaxslar edilar. Har uchchalasi bir kunga va'dalashib uch tomonga, a'ni Abdurahmon ibn Maljam hazrati Alini o‘ldirgani Qufaga, Barq ibni Abdulloh Muoviyani o‘ldirgani Shomga, Umar ibni Abu Bakr esa Amrni qatl etgani Misrga jo‘nab ketdilar. Va'dalashilgan kuni ertalab ya'ni 40 hijriy yilining 17-ramazon jum'a kuni Barq ibni Abdulloh Muoviyaga pichoq sanchadi. Biroq pichoq uning dumbasiga tekkanligi sababli, Muoviya o‘lmay qoladi. Barq ushlanib o‘ldirib yuboriladi. Umar ibni Abu Bakr esa Misrga borib Amr ibni Osga pichoq urdim deb o‘ylab, u kishini o‘rniga Amr kasalliklari sababli namozga imom bo‘lgan Xorija ibni Hubaybni o‘ldirib qo‘yadi. Abdurahmon Qufaga keladi. U yerda qufalik oshnalari bilan uchrashadi. Ular uni yashirib qo‘yadilar. Abdurahmon ularning ichida bir ayol bilan uchrashib qoladi. Uning ismi Fitom edi. U ayol benihoya go‘zal bo‘lganligidan ibni Maljam uni o‘ziga xotinlikka so‘raydi. Ayol ibni Maljamga «Bir necha shartlarim bor, agar bajarsang tegaman» deydi. Ibni Maljam ayoldan «qanday shartlaring bor» deb so‘raydi. Uning otasini, akasini Ali o‘ldirib yuborgan edilar. «Birinchi shartim, menga uch ming dirham pul berasan, ikkinchisi esa, Alini o‘ldirasan» deydi. Ibni Maljam uning qo‘ygan shartlarini qabul qiladi. Shundan keyin ayol unga yordam beradigan odam ham topib beradi. O'zining qavmidan Vardon ismli odamni uning oldiga yuboradi Vardon ibni Maljamning aytganlarini qabul qiladi. Va'dalashilgan kuni ertalab Vardon bilan ibni Maljam masjidga kirib hazrati Ali kiradigan eshiklarning yoniga kelib o‘ltiradilar. Hazrati Ali ertalabki namozga eshikdan kirayotgan vaqtlarida Vardon qilich bilan bexosdan uradi. Ali eshikni yondarasiga ag‘darilib tushadilar. Shu pallada ibni Maljam ham Alining qornilariga qilich bilan uradi va «Ey Ali, xokimiyat senga ham va seni ashoblaringga ham emas hokimiyat Ollohga» deb aytadi.
Vardon qochib qutilmoqchi bo‘ladi, biroq kimdir uni ushlab olib o‘ldirib tashlaydi. Hazrati Ali o‘rnilariga Ja'ada ibni Xubayrani namozga o‘tkazadilar. Ibni Maljamni tutib, bog‘lab qo‘yadilar. Hazrati Ali keyin odamlarga qarab: «jonga - jon, qonga - qon, agar o‘lib ketsam, uni ham meni qanday o‘ldirgan bo‘lsa, shunday o‘ldirib yuboringlar. Agar tirik qolsam, unda o‘zim nima qilishlikni o‘ylab ko‘raman. Ey Bani Abdul Mutallib, amiral mo‘‘mininni o‘ldirdilar, degan bahona bilan musulmonlarning qonlarini to‘kmanglar va sho‘ng‘imanglar. Meni faqat bir qotil o‘ldirdi, xolos. Ey Hasan, menga qaranglar, mana shu zarba sababli, men o‘lsam uni xuddi shunday zarba bilan o‘ldiringlar. Zero, men Rasululloh alayhissalomdan «qiynab o‘ldirishdan saqlaninglar, agarda quturgan it bo‘lsa ham» deganlarini eshitganman», dedilar. Alining huzurlariga Jund ibni Abdulloh kirib «Ey amiral mo‘‘minin, agar siz bizni yo‘qotayottan bo‘lsangiz ham biz sizni yo‘qotmasmiz, o‘g‘lingiz Hasanga bay'at qilamiz», dedilar. Hazrati Ali unga qarab: «men tavsiya ham qilmayman, ma'n ham etmayman, o‘zlaringiz o‘ylab ko‘rasiz», deb javob beradilar. Keyin Hasan bilan Husaynni chaqiradilar: Ularga qarab: «Ey aziz farzandlarim, men sizlarga Ollohdan taqvo qilishga tavsiya etaman. Dunyoga aldanib qolmanglar. Yo‘qotgan narsalaring uchun dard chekib yig‘lamanglar. Doimo haqni gapirishga odat etinglar. Bechoralarga rahm-shafqat qilinglar. Bechoralarga yordam beringlar, oxirat harakatida bo‘linglar. Zolimga dushman, mazlumga esa yordamchi bo‘linglar. Ollohning kitobida buyurilgan narsalar bilan amal qilinglar. Sizlarni malomatchilar malomati Olloh haqida rost so‘zlashdan to‘xtatib qo‘ymasun», dedilar.
Keyin Muhammad ibni Xanafiyga qarab: «mening akalaringizga qilayotgan vasiyatlarimni siz ham esingizda saqlab turasizmi?», dedilar. U kishi «ha» deb javob berdilar. Hazrati Ali u kishiga qarab: «men sizga akalaringizga qilganim kabi vasiyat qilaman. Yana akalaringizni hurmat qiling, ularning ishlarini o‘zingizga o‘rnak eting hamda ularning maslahatisiz o‘zingizcha biror ish qilmang, deb vasiyat etaman», dedilar. Keyin yana Hasan va Husaynga qarab: «Sizlar ukangizni ehtiyot qilinglar, uni otangiz yaxshi ko‘rishini esdan chiqarmanglar», dedilar. Yana imom Hasanga boqib: «Ey o‘g‘ilcham, Ollohdan qo‘rqing, deb; namozni o‘z vaqtida ado eting, deb; taxoratni chiroyli-chiroyli qilib kamoliga yetkazib qiling, deb; zero, namoz taxoratda bo‘ladi, zakotni o‘z mahalida bering, deb vasiyat qilaman. Yana sizga birovlarning gunohini kechiring, deb achchig‘ingizni yuting, siylayi-rahm qiling, johillarni hilim ila qarshi oling, dinni yaxshi o‘rganing - har bir ishda barqaror turing, deb; Qur'onga hamkor bo‘ling, deb; qo‘shnilar bilan xushmuomalada yashang, deb; yaxshi ishlarni qilishga odamlarni buyuring, deb; yomon nojo‘yaliklardan tiyiling, deb; yaramas kirdikorlardan saqlaning, deb tavsiya etaman», dedilar.
Shundan keyin to jonlari jasadlaridan chiqqunga qadar Ollohning zikrida bo‘lib turdilar. Vafot bo‘lganlaridan keyin u janobni o‘g‘illari imom Hasan va Husayn hamda amakivachchalari Abdulloh ibn Ja'far yuvdilar, keyin kafanladilar. Ha.
Hazrati Ali (r. a.) xalifalik mansabida to‘rt yilu yetti oy davomida turdilar. Uz zotning xalifalik kunlari Olloh taolo va taborak Islom millatiga turli ixtilof hamda qiyinchiliklar ila sinashni ixtiyor etgan davriga to‘g‘ri keldi. Butun xalifalik davrlari o‘zaro ichki kelishmovchilinlarni bartaraf etishlikka harakati bilan o‘tib ketdi. Bu davrda biron bir muhim voqea ro‘y bergani yo‘q.
Hazrati Ali shahidlik jomini ichgach Qufa ahli katta o‘g‘illari imom Hasanga bay'at qildilar. Imom Hasanga birinchi bo‘lib bay'at etgan kishi Hays ibni Sa'd ibni Uboda bo‘ldilar. U kishi imom Hasanga qarab: «Qo‘lingizni uzating, men sizni Ollohning kitobiga va Rasulining sunnatiga binoan hamda mahalliylarga qarshi jang qilishlikga bay'at etaman» dedilar. Uning bu gapiga qarshi imom Hasan «Ollohning kitobiga hamda uning Rasulining sunnatiga binoan bay'at berishlikni» o‘zi kifoya bo‘ladi. Zero, har ikkisi qolgan hamma shartlarni o‘z ichiga olgandir», dedilar. Keyin qolgan odamlar ham mana shu shartga binoan imom Hasanga bay'at qildilar.