HAMADONIY Yusuf (1048, Hamadonning Buzanjird qishlog‘i - 1141, Afg‘onistonning Bomiyon sh.) - tasavvufning yirik namoyandasi, mashhur olim. Bag‘dodda Abu Ishoq Sheroziydan tahsil olgan. Isfahon, Samarqand, Buxoroda o‘z bilimini oshirgan. Tasavvufni Abu Ali Faryumodiy, Abdulloh Juvayniy va Hasan Simnoniydan o‘rgangan. Zamonasining yetuk allomalari Abdulqodir Giloniy (G’avsul-a’zam), Imom Razzoliy, shayx Hamiduddin Multoniy b-n muloqotda bo‘lgan. 30 marta haj ziyoratiga borgan. H. Buxoroda uzoq muddat yashab, Ahmad Yassaviy va Abdulxoliq Rijduvoniyni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. U keyinchalik xojagon-naqshbandiya tariqatining bosh shiorlariga aylangan "xush dar dam", "nazar bar qadam", "safar dar vatan", "xilvat dar anjuman" qoidalarini ishlab chiqqan. Xalifalaridan 4 nafari: Xoja Abdulloh Barqiy (Barraqiy) Xorazmiy, Xoja Hasan Andoqiy Buxoriy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Abdulxoliq G’ijduvoniy ustozidan so‘ng muridlarning tarbiyasi b-n shug‘ullanganlar. H. "Rutbat ul-hayot"("Hayot mezoni"), "Kashf", "Risola dar odobi tariqat", "Risola fi annal-kavna musaxxarun lil/inson", "Risola dar axloq va munojot" kabi asarlarni yozgan. "Hayot mezoni" risolasi o‘zbek tilida ham nashr qilingan (T., 2003).
Hirotdan Marvga qaytayotganda Bomiyon sh.da vafot etgan. Keyinchalik xoki muridlari tomonidan Marv sh.ga ko‘chirilib, qayta dafn etilgan. H. haqida Abdulxoliq Rijduvoniy, Farididdin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy o‘z asarlarida muhim ma’lumotlar keltirishgan. "Islom ensiklopediyasi"