Muallif Mavzu: Tasavvuf  ( 5342 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 2 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

MirzoMuhammad

  • Sr. Member
  • ****
  • Rahmat
  • -aytdi: 3
  • -oldi: 28
  • Xabarlar: 298
  • Jins: Erkak
  • رب زدني علماً
Tasavvuf
« : 25 May 2017, 12:07:44 »
Тасаввуфга оид мақолалар
Нима камиб қоларди бу дунёга келмасам.
Келдиму, не фойда бор дунё сирин билмасам.
Илмлар уммонида бир умр чўмилмасам
Нега келдим дунёга илм талаб қилмасам.

MirzoMuhammad

  • Sr. Member
  • ****
  • Rahmat
  • -aytdi: 3
  • -oldi: 28
  • Xabarlar: 298
  • Jins: Erkak
  • رب زدني علماً
Javob: Tasavvuf
« Javob #1 : 25 May 2017, 12:08:30 »
Maxdumi A’zam Dahbediyning naqshbandiya tariqati rivojiga qo’shgan hissasi

Movarounnahr jahon sivilizatsiyasiga, jumladan ilm-fan va ma’naviyat, falsafa, din, san’at taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan buyuk siymolar, daho allomalarni yetishtirib bergan madaniy makon hisoblanadi. “Markaziy Osiyo tarixida siyosiy aql-idrok bilan jasorat, diniy dunyoqarash bilan qomusiy bilimdonlikni o’zida mujassam etgan buyuk arboblar ko’p bo’lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Zahiriddin Bobur va boshqa ko’plab buyuk ajdodlarimiz milliy ma’naviyatimizni rivojlantirishga ulkan hissa qo’shdilar, xalqimizning milliy iftixori bo’lib qoldilar”, - degan edi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov . Shunday siymolardan biri naqshbandiya tariqatining buyuk nazariyotchisi va davomchisi, axloqshunos mutafakkir, naqshbandiya tariqati ta’limotini bir tizimga solgan, silsila va amaliyoti, shuningdek, tasavvuf ta’limotining nazariy muammolari bo’yicha asarlar yaratgan mutasavvif, naqshbandiylikning ijtimoiy-siyosiy ta’siri ortishi, kengayishi va tarqalishida favqulotda sa’y-harakat va qat’iy irodalik ko’rsatgan ulug’ zot, orifiy ilmlar sohibi Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Kosoniydir.
   Ma’lumotlarga ko’ra, Sayyid Ahmad hijriy 866 yil (milodiy 1461 yil oktabr – 1462 yil avgust)da Farg’ona vodiysining Koson shahrida Sayyid Jaloliddin ibn Jaloliddin oilasida dunyoga keladi. Ba’zi bir manbalarda u hijriy 868 yil (milodiy 1463 yil sentabr – 1464 yil avgust)da tug’ilgan deb noto’g’ri ko’rsatiladi .
Hazrat Maxdumi A’zamning ota-onalari hazrati Muhammad payg’ambar (s.a.v) avlodlaridan bo’lib, bu borada ko’plab tarixiy manbalar, qabr toshlari va tarixiy obidalarning peshtoqlarida ma’lumotlar mavjud. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, nasabnoma va shajara masalasiga to’xtaladigan bo’lsak, O’rta Osiyoda shajaralari eng ko’p qayd etilgan va yozilgan tabaqa Sayyid Ahmad Kosoniy avlodidir. Jumladan, “Ravoyihul quds”, “Silsilat us-siddiqiyn va anis ul-oshiqiyn”, “Jome’ ul-maqomot”, “Tazkirai azizon”, Faxriddin Ali as-Safiyning «Rashahot ayn-ul-orifin», Mavlono Muhammad Qozining «Silsilat ul-orifin», Xoja Abulbaqo ibn Xoja Bahouddin (Hazrat Maxdumi A’zamning nabirasi) qalamiga mansub «Jome’ ul-maqomot», Nosiriddin Husayn al-Buxoriyning «Tuhfat uz-zoi’rin» asarlarida va ko’plab boshqa tazkiralarda Hazrat Maxdumi A’zam Kosoniyning 22 avloddan so’ng Payg’ambarimizga avlod bo’lishlari zikr etilib, nasabnoma – shajaralari to’liq keltirilgan .
          Hazrat Maxdumi A’zamning otalari Mavlono Jaloliddin o’z davrining yetuk olimlaridan bo’lgani uchun ham yosh Sayid Ahmad ilm o’rganishga juda erta kirishadi. Maktabda ilm o’rganish bilan birga otasining yonida dehqonchilik bilan ham shug’ullanadi. Bu haqida temuriy tarixchilaridan bo’lgan shahzoda Muhammad Doro Shukuh (Bobur Mirzoning avlodlaridan) o’zining «Safinat ul-avliyo» nomli mashhur kitobida Hazrati Maxdumi A’zamning o’zlari aytgan ushbu so’zlarni keltirgan: «Yoshligimda padari buzrukvorim meni dehqonchilik ishlariga jalb qilar edilar. Lekin menda ilm olishga ishtiyoq katta edi va Qur’oni karimni qiroat qilishga moyillik kuchli edi. Bir kuni tushimda bir kishi menga Qur’on kitobini tuhfa qildi. Uyg’onib qarasam, yonimda Qur’on turganini ko’rdim va bu kitob menga Allohning inoyati bilan yetkazilgani ma’lum bo’ldi. So’ngra Qur’onni qiroatiga mashg’ul bo’ldim». Yosh Xoja Sayid Ahmad dastlabki bilimlarini kosonlik ustozi Mavlono Mir Sayid Alidan oladi. Sarf va nahv (tilning morfologiya va sintaksis bo’limlari) ilmlarini qunt bilan o’rganganidan keyin o’zi mustaqil ravishda davom ettiradi. Aynan shu davrda Sayid Ahmad tasavvuf ilmiga qiziqib, bu sohadagi barcha asarlarni mustaqil ravishda o’qib o’rganadi. Xoja Sayid Ahmad bu sohadagi bilimini oshirish uchun ustozi Mir Sayid Alining maslahati bilan Hazrat Xoja Ahror Valiyning Toshkentda yashayotgan eng yaqin shogirdi va o’rinbosari bo’lgan Mavlono Muhammad Qozi huzuriga borib, u zotga shogird tushadi . Ana shu tariqa Sayid Ahmad Kosoniyning naqshbandiya sohasidagi faoliyati boshlangan. Mavlono Muhammad Qozi Sayid Ahmaddagi favqulodda qobiliyat va go’zal fazilatlarni mushohada qilgach, uni xojagon tariqatining «shoxbozi balandparvozi» – baland parvoz qiluvchi lochini deb bilib tarbiyalay boshlaydi.Toshkentda o’z ustozidan ta’lim olish bilan birga yosh Sayid Ahmad o’zi mustaqil o’qishni davom ettirib, bu shahardagi tabarruk joylar, jumladan, Hazrat Abu Bakr Qaffol ash-Shoshiy, Shayx Hovandi Tohur, Shayx Ibrohim Kimyogar, Zayniddin Kuyiorifonlarning maqbaralarini ziyorat qilib, ularning asarlarini mutolaa qiladi. Natijada Sayid Ahmad Kosoniy XV asr oxirlariga borib, naqshbandiya tariqatining ko’zga ko’ringan vakiliga va murshidi – piri komili darajasiga yetadi. Ammo shu darajaga yetsada, ustozi – piri Mavlono Muhammad Qozi hurmati yuzasidan mustaqil harakat qilishga shoshilmas edi. Bu holni Muhammad Qozi xam sezar va shunday der edi: «Bugungi kunda rub’i maskun (yerning odamlar yashaydigan qismi) da Mavlono Ahmad Xojagiy kabi kishi yo’qdir. Ammo u piru muridlik odobini saqlab, bizning huzurimizni tark etmayapti». Sayid Ahmad shu tariqa Toshkentda kamolotga erishgach, ona shahri Kosonsoyga qaytadi.
XVI asrning boshiga kelib Sayid Ahmad Kosoniy tariqat ahlining yetuk mutafakkiri, sohibi karomat darajasiga yetadi. Hazrat Kosoniyning sohibi karomat bo’lganliklari haqida xalq o’rtasida turli rivoyatlar shu kungacha saqlanib qolgan. Imom Kosoniy: “Inson hukmiga in’om etilgan olamni yashnatish lozim” deya uqtirib o’tadi. Bu kabi g’oyalar insonning yer yuzasidagi tartib va osoyishtalikka shaxsan mas’ul ekanligini alohida ta’kidlovchi, uning izmiga berilgan olamni yashnatishga, gullatishga, takomillashtirishga undovchi, har bir musulmonni faollikka chaqiruvchi da’vat edi. Sayid Ahmad Xojagiy Kosoniy yuqoridagi kabi ilg’or g’oyalari, tariqat ilmidagi favqulodda iste’dod va qobiliyatlari tufayli o’z davrining zabardast ulamolari tomonidan e’tirof etilib, «Maxdumi A’zam» unvoniga musharraf bo’ladilar.
«Maxdum» so’zining lug’aviy ma’nosi – unga xizmat qilinuvchi, yuqori  martabali  kishi bo’lib, «A’zam»  so’zi – buyuk, ulug’ ma’nolarini ifodalaydi.
          Samarqand hukmdori Jonibek Sulton Shayboniy Hazrat Maxdumi A’zam Kosoniyning kamolotlari va shuhratlaridan xabardor bo’lgach, u zotdan Samarqandga ko’chib kelishlarini iltimos qiladi va Hazrat Kosoniy XVI asrning 20-yillarida Samarqandga ko’chib keladilar. Jonibek Sultonning farmoniga binoan Maxdumi A’zamga Samarqanddan shimolroqda joylashgan Miyonqol  mavzesidan joy ajratib beriladi. Rivoyatlarga ko’ra, Maxdumi A’zam Kosoniy bu joyni obod qilib, o’nta tol daraxtini bir-biriga yaqin o’tqazgan. Mavzesining nomi ana shu munosabat bilan Dahbed   (o’nta tol) deb atalgan ekan.
          Hazrat Maxdumi A’zam umrining qolgan qismini ijodiy faoliyat va shogirdlar tarbiyasi bilan o’tkazadi. Buyuk alloma ilmiy faoliyati bilan bir qatorda Dahbed qishlog’ida 90 tanob (22,5 gektar) yerda katta bog’ yaratib, dunyoning turli go’shalaridan keltirilgan o’simliklarni parvarishlab, yangi meva navlarini yaratgan. Hazrat Maxdumi A’zamning sa’y-harakatlari tufayli «Dahbediy qovun» «Dahbediy anjir» navlari yaratildi. Maxdumi A’zam Kosoniy o’simlikshunoslik va nabotot ilmiga oid  «Risolai bittixiya» (“Qovun haqida risola”) asarini ijod etadi. Shariat va tariqat ilmiga oid, axloq va ilohiyot masalalariga doir o’ttizdan ortiq diniy, falsafiy, axloqiy, ilmiy va adabiy risolalarni yozib qoldirgan. Jumladan, «Risolai samo’iya», «Risolai fathnoma», «Risolai chahor kalima», «Risolai me’rojul oshiqin», «Risolai Gul va Navro’z», «Risolai silsilai Xojagon» «Risolai asrorun-nikoh», «Risolai sharhi bayot», «Odob us-siddiqin» va boshqa asarlar Maxdumi A’zam Kosoniy qalamiga mansub bo’lib, ularning nodir nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanmokda. Ana shu asarlarning bir nechtasi sharqshunos olimlar tomonidan nashrga tayyorlangan. Jumladan, samarqandlik olim, professor Botirxon Valixo’jaev allomaning «Zubdat us-solikin» va «Tanbiyat ul-salotin» nomli ikki risolasini tojik va o’zbek tillarida nashr etib, o’quvchilar e’tiboriga havola etdi. Maxdumi A’zam 1542 yil 1 may dushanba kuni tush chog’ida vafot etgan va vasiyatiga binoan o’zi yaratgan bog’ning o’rtasidagi nok daraxti ostiga dafn etilgan. Bu yerda keyinchalik Maxdumi A’zam majmuasi barpo etilgan. Samarqand hokimi Yalangto’shbiy Bahodir 1610 yilda bu yerda xonaqoh va dahma qurdirgan. 1998 yilda Maxdumi A’zam majmuasi qayta tiklanib, atrofi obodonlashtirildi.
          Markaziy Osiyoda, jumladan Movarounnahrda katta nufuzga ega bo’lgan shayboniy hukmdorlardan, Ubaydiy taxallusi bilan turli janrlarda o’zbek, fors-tojik, arab tillarida manzumalar bitgan Ubaydulloxon Hazrat Maxdumi A’zamning sodiq muridlaridan va xolis muxlislaridan biri bo’lgan. Ubaydulloxon o’z piru ustozi haqida juda ko’plab manzumalar bitgan:
   Maxdumi A’zamga qo’l berdi,
Xizmatlarinda turdi,
          Hikmat do’konin qurdi,
          Ul Ubaydiy Sultonxon.
          Ayni vaqtda Ubaydulloxon o’z muridlik burchini oqlab, piri buzrukvori Maxdumi A’zamni ulug’lab, u Hazratning 27 ta risolasini alohida bir devon tarzida ko’chirtiradi. Shuningdek, temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur ham Hazrat Maxdumi A’zam Kosoniyni o’zining ma’naviy uztozi deb biladi.
          Bobur Mirzo Xoja Ubaydulloh Ahrorning «Risolai volidiya» asarini o’zbek tiliga o’girgach, unga o’zining ruboiylarini ham qo’shib, Maxdumi A’zamga yuboradi. Maxdumi A’zam bu borada alohida «Risolai Boburiya» degan asar yozadilar. Bundan tashqari shayboniy hukmdorlardan Jonibek Sulton, Abdulazizxonlar ham Hazrat Maxdumi A’zamni o’zlarining pirlari deb bilganlar.
   Ushbu bandga xulosa qilib, Maxdumi A’zam Dahbediy naqshbandiya tariqatiga oid yozgan asarlari, risolalari bilan sezilarli darajada o’z hissasini qo’shgan.

                  
                     Toshkent islom instituti  IV  bosqich
                        talabasi Parpiyev Abdullo
Нима камиб қоларди бу дунёга келмасам.
Келдиму, не фойда бор дунё сирин билмасам.
Илмлар уммонида бир умр чўмилмасам
Нега келдим дунёга илм талаб қилмасам.

MirzoMuhammad

  • Sr. Member
  • ****
  • Rahmat
  • -aytdi: 3
  • -oldi: 28
  • Xabarlar: 298
  • Jins: Erkak
  • رب زدني علماً
Javob: Tasavvuf
« Javob #2 : 25 May 2017, 12:09:17 »
Tasavvuf ta’limotida amaliyot va nazariyot: o’ziga xoslik va mushtaraklik.

 Islom tarixida ilk tasavvuf amaliyotining vujudga kelishi
Tasavvuf tadrijiy taraqqiyotga ega bir ta’limot bo’lib, islom olamida VIII asrning o’rtalarida paydo bo’lgan. Dastlab u zohidlik harakati ko’rinishida kurtak yoyadi. Gap shundaki, hazrati Muhammad a.s. vafotlaridan keyin musulmonlar jamoasi ichida bo’linish yuz beradi, ayniqsa, xalifa Usmon zamonida boylikka ruju, qimmatbaho tuhfalar bilan qarindosh-urug’lar, yaqin do’st-birodarlarni siylash rasm bo’ladi. Umaviya xalifaligi davriga kelib esa, saroy hashamlari, dabdaba bezaklar, oltin-kumushga berilish, xazina to’plash avj oldi. Ya’ni diniy mashg’ulotlar, xudo yo’lidagi toat-ibodat o’rnini dunyoviy ishlar, dunyo moliga muhabbat egallay boshladi. Bu hol diniy amrlarni ado etishni har qanday dunyoviy ishlar, boyliklardan ustun qo’ygan e’tiqodli kishilarning noroziligiga sabab bo’ldi. Ular orasida hadis to’plovchi muhaddislar, ilgaridan qashshoq bo’lib, uy-joy, mol-mulkka e’tibor qilmagan sahobalar bor edi. Bularning bir qismi dinni himoya qilib, ochiq kurashga otlangan bo’lsalar, ikkinchi qismi qanoat va zuhdni asosiy maqsad qilib olib, saroy ahli va sarvatdorlar (boylar) axloqiga qarshi norozilik belgisi sifatida tarkidunyochilik g’oyasini targ’ib etib, ijtimoiy faoliyatdan butunlay chetlashganlar, surunkali toat-ibodat bilan shug’ullanganlar . Kufa, Bag’dod, Basra shaharlarida tarkidunyo qilgan zohidlar ko’p edi, aytish kerakki, ularning obro’-e’tibori ham xalq orasida katta bo’lgan. Chunonchi, Uvays Qaraniy, Hasan Basriy kabi yirik so’fiylar aslida zohid kishilar edilar, shuning uchun bu zotlarning nomi shayxlar va so’fiylar haqidagi tazkiralarida zohid sifatida tilga olinadi, ba’zi mulalliflar esa ularni so’fiylar qatoriga qo’shmaganlar ham.
Buning boisi shuki, zohidlar uzlat va taqvoni pesha etgan bo’lishlariga qaramay, ishq va irfon (ma’rifat)dan bexabar kishilar edilar. Falsafiy mushohadakorlik, ajzu-irodat bilan ma’naviy-axloqiy kamolot sari intilish, valiylik, karomat-mo’jizalar ko’rsatish zohidlarda yo’q edi. Zohidlarning niyati ibodat bilan oxirat mag’firatini qozonish, Qur’onda va’da qilingan jannatning huzur-halovatiga yetishish edi. Shu tariqa, dunyodan ko’ngil uzgan, ammo zohidlarga o’xshamaydigan, “bir nazar bilan tuproqni kimyo etadigan” (Hofiz Sheroziy), zehnu zakovat, aqlu farosatda tengsiz, ammo o’zga mutafakkirlar, faylasuflardan ajralib turadigan, shariat ilmini suv qilib ichgan, toatu ibodatda mustahkam, lekin oddiy dindorlardan farqlanadigan ajoyib xislatli odamlar toifasi paydo bo’lgan edi. Ularning fe’l-atvori, yurish-turishi, odatdan tashqari so’zlari va ishlari atrofdagilarni hayratga solar, ba’zilarining g’aybdan bashorat beruvchi karomatlari, sirli mo’jizalari aqllarni lol qoldirardi. Ularni ahlulloh, avliyo, ahli hol, ahli botin, arbobi tariqat, darvesh, qalandar, faqir degan nomlar bilan tilga olardilar. Ammo bu toifaga nisbatan “so’fiy” nomi ko’proq qo’llanilgan, chunki so’fiy so’zining ma’nosi ancha keng bo’lib, boshqa tushuncha va atamalarni o’z ichiga sig’dirardi.
Xo’sh tasavvuf so’zi qayerdan paydo bo’lgan?
Tasavvuf atamasining etimologiyasi borasida bir necha qarashlar mavjud bo’lib, ularning aksariyatida mazkur atamaning «صوف» (jun) so’zidan kelib chiqqani qayd etiladi. Chunki so’fiylar tanlarini riyozatda chiniqtirish hamda dunyoning moddiy boyliklaridan yuz o’girganliklarining isboti sifatida qattiq jundan to’qilgan libos kiyib yurganlar.
Ayni vaqtda musulmon dunyosining deyarli barcha mamlakatlarida turli tasavvufiy tariqatlar vakillari faoliyat yuritayotganini ko’rish mumkin. Turkiya, Misr, Jazoir, Tunis, Liviya, Indoneziya, Malayziya, Iordaniya, Pokiston kabi mamlakatlarda mavjud tariqatlarning sanog’iga yetish ham qiyin. Shu bilan birga ushbu suluklarning ko’pchiligi tasavvuf ta’limotining ilk g’oyalaridan ancha uzoqlashib ketgan. Shayxlik maqomi mablag’ to’plash manbai bo’lib qolgan holatlar ham yo’q emas. Turkiyadagi ko’plab tariqat vakillari tomonidan shayxlarini o’ta mubolag’a bilan ulug’lanishi, ularning tavof qilinishi, shayxlarning o’z tarafdorlari va muassasalari mavjudligi fikrimiz isboti bo’la oladi.
Islom dinining keng hududlarga kirib borishi va tarqalishi mahalliy aholi hayotini tubdan o’zgartirdi va o’ziga xos madaniyatning shakllanishiga turtki bo’ldi. Turli diniy oqimlar va qarashlar, shu jumladan, so’fiylar qatlami yuzaga keldi. Bu esa azaldan komil inson tushunchasi asosiy e’tiborda turgan sharqona urf-odat va qonun-qoidalarni yanada mustahkamladi.
Movarounnahrda islom dini mustahkam mavqega ega bo’lgach, bir tomondan, turli diniy ta’limotlar, xususan, kalom maktablari yuzaga keldi, IX – XII asrlarda Markaziy Osiyoda asosiy e’tibor tafsir, hadis va fiqh ilmlariga qaratildi, ikkinchi tomondan esa, islomiy ilmlar rivoji mazkur hududda tasavvuf oqimining yuzaga kelishi va keng tarqalishi uchun asosiy omil bo’lib xizmat qildi. Musulmon Sharqi mamlakatlari ijtimoiy va ma’naviy hayotiga chuqur kirib borgan tasavvuf ta’limoti fan, madaniyat va adabiyot rivojiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. XI asrdan boshlab, Sharqning deyarli barcha nufuzli shoir va yozuvchilari, mutafakkir va olimlari tasavvufdan oziqlanib, uning insonparvarlik va haqsevarlik g’oyalaridan ruhlanganlar. Shuni nazarda tutib, atoqli olim Y.E.Bertels qayd etgan edi: «Tasavvuf adabiyotini o’rganmasdan turib, o’rta asrlar musulmon Sharqi madaniy hayoti haqida tasavvurga ega bo’lish mumkin emas. Bu adabiyotdan xabardor bo’lmasdan Sharqning o’zini ham anglash qiyin» .
Arablar yurtida paydo bo’lib, X–XI asrlarda gurkirab rivojlanayotgan Hallojiya, Junaydiya, Suhravardiya, Uvaysiya, Qodiriya tariqatlari ta’siri ostida Markaziy Osiyoda ham XI–XII asrlarga kelib Yassaviya, Kubraviya, Xojagon tariqatlari paydo bo’ldi va zo’r shiddat bilan rivojlandi. Garchi tasavvuf maktablarining tashkil topishi dastlab Kufa, Bag’dod, Basra, Misr kabi islom dini keng tarqalgan hududlar bilan bog’liq bo’lsa-da, lekin keyinchalik Markaziy Osiyoda butun islom olami miqyosida umum e’tirof etilgan Yassaviya, Xojagon-Naqshbandiya va Kubraviya kabi nufuzli mustaqil tariqatlar vujudga keldi.
Kubraviyaning shakllanishida Suhravardiya oqimiga mansub bo’lgan yirik mashoyixlarning ta’siri yaqqol ko’rinsa, Yassaviya va Xojagon tariqatlarining paydo bo’lishi va keyingi rivojlanishida, avval Xurosonda va keyinroq Turkistonda yashagan Yusuf Hamadoniyning sezilarli ta’sirini ko’rish mumkin.
Albatta, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan va butun islom olamida katta obro’ qozongan ilk tasavvuf nazariyotchilarini ko’plab uchratish mumkin. Ularning orasida Buxoro yaqinidagi Kalobod qishlog’ida tug’ilib, shu yerda dafn etilgan Abu Bakr Ahmad ibn Is’hoq al-Kalobodiyni (vaf. 990 yoki 995 y.) zikr etish o’rinli. U, shuningdek, hanafiy mazhabi faqihi sifatida ham mashhur bo’lgan. Uning islom olamidagi eng birinchi tasavvufiy adabiyotlardan hisoblangan «at-Ta’arruf li-mazhabi ahli-t-tasavvuf» nomli asari hozirga qadar ham musulmon tasavvufi sohasidagi ilk ensiklopedik manba hisoblanadi. Asarda so’fiylarning nazariy qarashlariga xos tizim va ularning amaliyotlari birmuncha to’liq bayon etilgan. Shunisi ahamiyatliki, so’fiylikning ba’zi nizomlarini an’anaviy islom me’yorlari bilan muvofiqlashtirishga bo’lgan dastlabki urinish aynan shu asarda ko’zga tashlanadi.
Tarixga nazar solinsa, tasavvufga asos bo’lgan tarkidunyochilik kayfiyati deyarli islom bilan bir davrda yuzaga keldi. Sufiylikning ilk namoyandalari deb Payg’ambarning Abu-d-Dardo, Abu Zarr, Huzayfa (vaf. VII asrning ikkinchi yarmi) kabi sahobalari hisoblanadi. Ammo islomdagi mistik-asketik oqimning shakllanishi VIII asrning o’rtalari - IX asrning boshlariga to’g’ri keladi. Bu davrda so’fiylar qatoriga muhaddislar, qorilar, qussoslar, kosiblar, tijoratchilar, jumladan, islomni qabul qilgan xristianlar kirganlar. Bu davrda “sufiy” yoki “at-tasavvuf” atamalari hali keng tarqalmagan edi, uning o’rniga zuhd (tarkidunyochilik) yoki zohid, ‘obid so’zlari ishlatilar edi. Islomdagi bu mistik-asketik oqimning paydo bo’lishi va taraqqiy etishiga musulmon jamiyatidagi ilk ikki asr davomidagi siyosiy-ijtimoiy beqarorlik, diniy hayotning murakkabligi, uning natijasida kelib chiqqan ma’naviy-g’oyaviy izlanishlar va boshqa dinlarning, xususan, xristianlikning ta’sirini ko’rsatish mumkin.
Uning asosida asketizm, ya’ni bu dunyo lazzatlaridan voz kechish asosida Allohga yetishish, uni bilish, u bilan birlashish yo’lini qidirish yotadi. So’fiylik Qur’on va shariat talab etgan diniy aqidalarni, talablarni albatta bajarish, o’zini so’zsiz Allohning bandasi deb bilish, o’z shaxsiyatini ma’lum diniy qoidalarga, shubhasiz, bo’ysundirishni qabul etmaydi, balki shaxsiy erkinlik, o’z xohishi bilan tozalanib, ruhiy ma’naviylikka singish orqali komil inson darajasiga erishishga asoslanadi.
Tasavvufda ruhning kamolotga va uning so’nggi maqsadi Allohga erishish yo’llari to’rt bosqichdan iborat: birinchi bosqich shariat deb ataladi. Bunda, avvalo, shariatning barcha talablarini bajarish va unga bo’ysunish talab etiladi; ikkinchi bosqich – tariqat, bunda murid shaxsiy istaklaridan voz kechib, o’zini pir ixtiyoriga topshirishi kerak; uchinchi bosqich – ma’rifat, bunda so’fiylar koinotning birligi Xudoda mujassam bo’lishini, olam uning emanatsiyasi, ya’ni nurlanishidan vujudga kelishini, shuningdek, yaxshilik va yomonlikning – nisbiyligini aql bilan emas, qalb bilan anglab olishlari kerak bo’ladi. To’rtinchi bosqich haqiqat bo’lib, bunda so’fiy shaxs sifatida tugab, ko’zlangan haqiqatga yetishishi, Allohga singib ketishi va natijada abadiylikka erishuvi zarur. Bu jarayon ma’lum vaqtni talab etadi, maxsus ruhiy, jismoniy harakat, faoliyat – sig’inish, ibodatlar, ohanglar yordamida amalga oshiriladi. So’fiylik tarafdorlari dastlab moddiy boylikka ega bo’lish va unga intilishni qoralab, haqiqiy boylik ma’naviy ruhiy kamolotda deb hisoblaganlar.
Ilk davr so’fiylari, aniqrog’i, zohid va obidlariga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat edi: Qur’oni karim oyatlari xususida chuqur fikr yuritish, Qur’on va Payg’ambar sunnatlariga qat’iy amal qilish, kechalarini nafl ibodatlar bilan bedor o’tkazish, kunduzlari ro’za tutish, hayot lazzatlaridan voz kechish, gunohdan saqlanish, halol va harom orasini juda uzoq tutish (vara’), o’zini Alloh ixtiyoriga topshirish (tavakkul) va h.k.
So’fiylik ta’limoti mu’taziliylardagi mavhum ilohiyotga oid fikrlar, obro’li shaxslarga ko’r-ko’rona taqlid qilish, muqaddas matnlarga so’zma-so’z itoat etishdan farqli o’laroq, insonga asosiy ob’ekt sifatida qaraydi: inson amallarini boshqaradigan ruhiyatning mayda qirralarini ham chuqur tahlil qilish, shaxsiy kechinmalarga e’tibor bilan qarash va diniy haqiqatlarni chuqur his qilish ularga xos xususiyatlardan edi. Shu bois ham ziyrak ruhshunos, ‘ilm al-qulub va-l-favakir, ya’ni qalblar va fikrlar ilmiga asos solgan al-Hasan al-Basriy (vaf. 728) so’fiylikning asoschilaridan hisoblanadi.
Al-Hasan al-Basriyning as’hoblari, basralik zohidlar – Raboh ibn ‘Amr, Robi’a al-’Adaviya (vaf. 752-53 y.), Molik ibn Dinor (vaf. 748-49 y.), Shaqiq al-Balxiy (vaf. 770 y.) va Fuzayl ibn ‘Iyod (vaf. 778 y.), Sulaymon ad-Doroniylarning (VIII-IX asrlar) va’z va ma’ruzalarida Allohga bo’lgan sof muhabbat, Unga yaqinlashishga bo’lgan intilish haqidagi fikrlar paydo bo’ldi. O’sha davrdan boshlab ular so’fiylikka aniq mistik xarakter bag’ishladilar va bu ta’limotlar so’fiylik mafkurasining o’ziga xos xususiyatiga aylandi.
So’fiy, tasavvuf so’zlarining etimologiyasi haqida bir necha xil qarashlar bor. O’lkamizning yirik tasavvufshunoslaridan biri N.Komilov shunday yozadi: «Ba’zilar bu so’z «saf» so’zidan kelib chiqqan deydilar, chunki so’fiy, Iloh yo’liga kirganlarning birinchi safida turuvchidir. Ba’zi olimlar uni «suffa» so’zidan hosil bo’lgan deb aytadilar: as’hobi suffa hazrati Payg’ambar tirikligidayoq tarki dunyo qilgan taqvodor kishilar bo’lib, so’fiylar shularga taqlid qiladilar, deb tushuntiradilar. Yana bir guruh olimlar so’fiy so’zi «safo» so’zidan kelib chiqqan, chunki bu toifaning qalbi sidqu safo oftobiday porlab turadi, deganlar. Yana ba’zilar so’fiy «sufuh» so’zidan yasalgan, sufuh – biron-bir narsaning xulosasidir, bu jamoa xalqning xulosasi bo’lganligi sababli ularni so’fiy deganlar, deb yozadilar. So’fiy so’zi «sof» so’zidan kelib chiqqan deguvchilar ham bor. Ammo ko’pchilik so’fiy so’zi arabcha «suf» so’zidan hosil bo’lgan, degan fikrni bildiradilar . «Suf» so’zining lug’aviy ma’nosi jun va jundan to’qilgan matodir. So’fiylar ko’p hollarda jun chakmon yoki qo’y terisidan tikilgan po’stin kiyib yurishni odat qilganlari uchun ularni “jun kiyimlilar” (forschasi “pashminapo’sh”) deb yuritilgan . Bizningcha, shu keyingi e’timologik ma’no haqiqatga yaqinroqdir, zero, so’fiy so’zining «suf» so’zidan yasalishi arab tili qonun-qoidalariga mos keladi».
Bu atamaning kelib chiqishini johiliyat davrida ko’p ibodat qilishi bilan nom taratgan Sufa ibn ‘Udd ibn Tobixa nomidan olingan deguvchilar ham bor. Ammo islomdan boshqa dindagi shaxslarni o’rnak qilib olish mumkin bo’lmagani sababli bu talqin maqbul emas, deb hisoblovchi tadqiqotchilar mavjud .
Yana N.Komilov o’z ta’rifini rivojlantirib aytadi: «Agar «suf» so’zidan so’fiy yasalgan bo’lsa, o’z navbatida, «sufiy»dan «tasavvuf», «mustasif», «muttasif», «mutasavvif» so’zlari hosil bo’lgan. Mustasif o’zini so’fiylarga o’xshatib, taqlid qilib yuradigan, ammo asl maqsadi amal-mansab, molu mulkka intilishdan iborat bo’lgan kishilarga nisbatan ishlatilgan so’z bo’lsa, muttasif tariqat va haqiqatda muayyan manzillarni egallagan, biroq so’fiy darajasiga ko’tarila olmagan kishilardir. Qalban so’fiyona g’oyalarga moyil, tasavvufni e’tiqod – maslak qilib olgan, lekin tariqat amaliyotini o’tamagan, rasman so’fiy bo’lmagan odamlar esa mutasavvif hisoblanganlar».
Husayn Voiz Koshifiy «Futuvvatnama-i sultoniy» nomli asarida so’fiylarni uch guruhga ajratgan: mu’oshirlar, mutarasmlar, muhaqqiqlar. Mu’oshirlar – tariqat ahlining muxlislari va do’stlaridirlar. Ular darveshlarga muhabbat bilan qaraydilar, ularning suhbatida ishtirok etadilar, xizmatlarini bajaradilar va savobga o’zlarini sherik deb biladilar. «Mutarasm» so’zining ma’nosi darveshlarning rasmu rusumlariga ergashuvchilar, ammo ular darveshlarning odatlariga zohiran taqlid qilsalar-da, botinan hol talabgoridirlar va shu toifaga ixloslari tufayli ilohiy fayzdan bahramand bo’lish umididadirlar.
Muhaqqiqlar – Haqqa yetganlar, ularni oliy martabali so’fiylar deb ta’riflash mumkin. Haqiqiy avliyolar, shayxi murshidlar shularning orasida yetishib chiqqan.
IX asrda tasavvuf nazariyoti va amaliyotini ishlab chiqish uchun qizg’in harakatlar davom etdi. Basra bilan bir qatorda Bag’dod va Xuroson so’fiylik maktablari ham eng nufuzli maktablar sirasiga kiradi. Ularning namoyandalari avvalgidek so’fiyning ichki dunyosiga asosiy e’tiborni qaratar edilar .
Faxruddin ‘Ali Safiy Naqshbandiya tariqati shayxlari haqida keng ma’lumot berib, bu silsila ikki boshqa-boshqa shahobchalar orqali ‘Ali ibn Abi Tolib va hazrat Abu Bakr as-Siddiqqa borib yetadi, deb hisoblaydi. Mashoyix silsilasiga qaraganda, bu tariqat boshqa ba’zi tariqatlar bilan aloqador ekanligi va shunga ko’ra o’sha davrda farqli nomlar bilan atalgani ma’lum bo’ladi.
Chunonchi, hazrati Abu Bakrdan Boyazid Bistomiyga qadar Siddiqiya, Bistomiydan ‘Abduxoliq G’ijduvoniyga qadar Tayfuriya, G’ijduvoniydan Baho’uddin Naqshbandga qadar Xojagoniya, Naqshbanddan Xoja ‘Ubaydulloh Ahrorga qadar Naqshbandiya, Xoja Ubaydulloh Ahrordan «Mujaddidi alfi soniy» nomi bilan mashhur Ahmad as-Sirhindiyga qadar Naqshbandiya-Ahroriya, Ahmad Sirhindiydan Shamsiddin Mazharga qadar Naqshbandiya-Mujaddidiya, Shamsiddin Mazhardan Mavlono Xolidiy Bag’dodiyga qadar Naqshbandiya-Mazhariya, Xolidiy Bag’dodiydan keyin esa Naqshbandiya-Xolidiya deya tilga olingan.
Markaziy Osiyoga tasavvuf ta’limotining kirib kelishi tariqatlar tarixini yoritish an’anasiga ko’ra, o’z davrining so’fiy allomasi Xoja Yusuf Hamadoniy (1048–1141) nomi bilan bog’liq. Yusuf Hamadoniy maktabida ilmu irfon sabog’ini olgan Ahmad Yassaviy va ‘Abduxoliq G’ijduvoniylar mintaqada tasavvuf taraqqiyotining keyingi bosqichlarida muhim o’rin tutdi va ikki mustaqil tariqat: Yassaviya va Xojagon-Naqshbandiya (keyinchalik Naqshbandiya-Mujaddidiya) tariqatlariga poydevor qo’yganlar. Bundan tashqari Xorazmda «valiytarosh» unvoni bilan mashhur bo’lgan Najmiddin Kubro (1145–1221) mustaqil ravishda Kubraviya  tariqatiga asos soldi.
Xojagon tariqati XIV asrga kelib, Baho’uddin Naqshband tomonidan yanada takomillashtirildi. Bu esa Markaziy Osiyoda mo’g’ullar hukmronligidan keyingi diniy-ma’naviy hayotning yangicha yo’nalishda shakllanishiga asos bo’ldi. Aynan XIV-XV asrlardan boshlab ushbu tariqat vakillari jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshladilar. Amir Temur (1336–1405) va temuriylar tomonidan markazlashgan davlatning tashkil etilishi tariqat vakillarining nafaqat diniy-ma’naviy sohadagi nazariy, balki mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida amaliy faoliyat yuritishlari uchun ham sharoit yaratdi. Xoja Muhammad Porso , Xoja Ahror, ‘Abdurahmon Jomiy (1414-1492), ‘Alisher Navoiy kabi yirik shaxslarning faoliyati esa Xojagon-Naqshbandiya tariqatining keyingi vakillariga ijobiy ta’sir qildi va ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etishlari uchun turtki bo’ldi.
Keyinchalik Markaziy Osiyoda markazlashgan ashtarxoniylar davlatining parchalanishi va birin-ketin xonliklarning tashkil topishi (XVII–XVIII asrlar) ushbu hududda tarqalgan tariqatlarga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi. Ma’lum bir davrlarda u yoki bu tariqat namoyandalari ijtimoiy-siyosiy hayotda o’z mavqyeini egallab keldi. Jumladan, yuqori tabaqa vakillari hisoblangan hamda Naqshbandiya tariqatiga mansub Juybor shayxlari XVI–XVII asrlarda Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim rol o’ynadi.
Ayni vaqtda musulmon dunyosining deyarli barcha mamlakatlarida turli tasavvuf tariqatlar vakillari faoliyat yuritayotganini ko’rish mumkin. Turkiya, Misr, Jazoir, Tunis, Liviya, Indoneziya, Malayziya, Iordaniya, Pokiston kabi mamlakatlarda mavjud tariqatlarining sanog’iga yetish ham qiyin. Bu suluklarning ko’pchiligi tasavvuf ta’limotining ilk g’oyalaridan ancha uzoqlashib ketgan. Shayxlik maqomi mablag’ to’plash manbai bo’lib qolgan holatlar ham yo’q emas. Turkiyadagi ko’plab tariqat vakillari tomonidan shayxlarini o’ta mubolag’a bilan ulug’lanishi, ularning tavof qilinishi, shayxlarning o’z tarafdorlari va muassasalari mavjudligini bunga misol tariqasida qayd etish mumkin .
Markaziy Osiyoda tasavvuf tariqatlarining rivojida o’lkadan yetishib chiqqan Ahmad Yassaviy, ‘Abduxoliq G’ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Baho’uddin Naqshband, Xoja Muhammad Porso, Xoja Ahror kabi allomalarning xizmati katta bo’lgan. Ularning faoliyati butun islom olamiga o’z ta’sirini o’tkazgan. Ayni vaqtda, ildizi Xojagon tariqatiga borib taqaladigan Naqshbandiya-Mujaddidiya tariqati Markaziy Osiyoda keng yoyila boshladi.
   Movarounnahr o‘lkasidan ilm-fanning turli sohalari bo‘yicha yetuk olimlar, fozil ulamolar, buyuk mutafakkirlar va benazir allomalar yetishib chiqqan. Ular ilm-ma'rifatning yuksalishiga xizmat qilish barobarida o‘zlari mansub bo‘lgan yurtning nomini butun dunyoga taratganlar. Bunday allomalarning ko‘pchiligi, shubhasiz, ayni hududda keng tarqalgan tasavvufning turli tariqatlariga mansub shaxslardir.
Ma'lumki, islom tarixining ma'lum bir davrlarida tasavvufning Qodiriya, Ishqiya, Rifo‘iya, Shoziliya, Malomatiya, Suhravardiya, Yassaviya, Kubraviya, Naqshbandiya kabi bir necha yo‘nalishlari vujudga kelib, ular muayyan davr va mintaqalarda o‘zining ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy nufuziga ega bo‘lgan. Islom olamida keng tarqalgan – XVII-XVIII asrlar Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy hayotida yetakchi rol o‘ynagan suluklardan biri – Baho’uddin Naqshband asos solgan Naqshbandiya tariqatidir. Bunga sabab ushbu tariqat soddaligi, xalq ommasi tomonidan oson qabul qilinishi va islomning asosiy manbalari – Qur’on va Sunnatga muvofiq ekani bilan bir qatorda, muayyan fiqhiy mazhabga, ya'ni sunniylikning hanafiya mazhabiga moslashtirilganidadir. Umuman olganda, Naqshbandiya sunniylikning barcha me'yorlarini o‘zida mujassam qilgan, diniy tamoyillarga qattiq amal qiluvchilar tanlagan bir tariqatdir . Markaziy Osiyodagi tariqatlarning hammasi diniy tamoyillarga qattiq amal qilgan.
Ushbu bandga shuni xulosa qilib aytish mumkinki, naqshbandiya dastlab shaharlarda savdogar va hunarmandlar o‘rtasida keng tarqalgan. Sunniylik e'tiqodiga muvofiq bo‘lgan mazkur tariqat, «xafiy zikr»ga asoslangan. Unda zohiran ko‘zga tashlanadigan xatti-harakatlardan tashqari «suhbat », «nisbat» va «robita »ga kuchli e'tibor beriladi. Naqshbandiya, boshqacha qilib aytganda, Xojagon tariqatining kamolga yetgan bir shakli bo‘lib, uning nazariy asoslari XII asrdayoq Yusuf Hamadoniy va ‘Abduxoliq G‘ijduvoniy tomonidan ishlab chiqilgan, keyinchalik esa Baho’uddin Naqshband uning asosiy tamoyillarini tartibga solgan. Shuningdek, uning amaliy va nazariy taraqqiyotida ‘Alouddin Attor, Xoja Muhammad Porso, Xoja ‘Ubaydulloh Ahror, Xoja Ahmad Kosoniy (vaf. 1549y.), Ahmad Sarhandiy kabi mutasavvif shayxlarning xizmati katta bo‘ldi.

                     Toshkent islom instituti  IV  bosqich
                        talabasi Parpiyev Abdullo

Нима камиб қоларди бу дунёга келмасам.
Келдиму, не фойда бор дунё сирин билмасам.
Илмлар уммонида бир умр чўмилмасам
Нега келдим дунёга илм талаб қилмасам.

MirzoMuhammad

  • Sr. Member
  • ****
  • Rahmat
  • -aytdi: 3
  • -oldi: 28
  • Xabarlar: 298
  • Jins: Erkak
  • رب زدني علماً
Javob: Tasavvuf
« Javob #3 : 25 May 2017, 12:10:53 »
Naqshbandiya tasavvuf maktabida nazariyot yo’nalishining kelib chiqishi
   
   Tarixiy manbalarda yozilishicha, Naqshband ozga qanoat qilish va o’z hohishi bilan kambag’al hayot kechirish, dunyo mol-mulk, dabdabali hayotdan voz kechishni targ’ib qilgan. U kundalik tirikchiligi uchun bir parcha nonni o’z mehnati bilan ishlab topgan, eski bo’yra ustida, darz ko’zadan suv ichib hayot kechirgan va so’fiy uchun xizmatkor va qullar ushlashni gunoh deb bilgan.   
Bahouddin Muhammad 1318 (718 hijriy) yili Buxoroning Qasri Hindivon (keyinchalik uning nomi bilan yuritilgan Qasri Orifon) degan qishlog’ida dunyoga keladi. Uning otasi to’quvchi va naqsh soluvchi usta bo’lgan. Muhammadning taqdirida kamolotga erishishida so’fiylar bilan yaqindan munosabatda bo’lgan bobosining xizmati kattadir. U yosh nabirasida sekin-asta tasavvufga qiziqishni uyg’otadi va shu yo’lda tarbiyala’shga ahamiyat beradi. Buxoroda tahsil olgandan keyin Shayx Xoja Muhammad Samosiy uni o’g’il qilib o’z tarbiyasiga oladi. Vafoti oldidan Samosiy o’zining xalifasi Amir Sayyid Kulolga Muhammadni o’ziga shogird qilib olish va uni Xojagon tariqati jamoasiga qo’shib, ularning tasavvufiy yo’lini unga o’rgatishni vasiyat qiladi. Muhammad Kulol zikr doiralarida va tasbeh aytishlarida ishtirok etib, kamolotini oshiradi. U ruhoniya darajasiga Abdulxoliq G’ijdivoniyning g’oibona bashorati tufayli erishadi. Tushida uni ko’radi, u Muhammadni Sayyid Kulolga yuboradi. Lekin Muhammad murshid oldiga kelishidan oldinoq, ustoz yozdamisiz tariqatning haq yo’liga erishgan, so’fiy darajasiga yetgan edi. Amir Sayyid Kulol Shahobiddinning (XV asr) “maqomatlari”da va Saloh al-Muborak Buxoriyning “maqomati Bahouddin Naqshband” kitobida keltirilgan rivoyatlarida aytilishicha, Muhammad Amir Sayyid Kulol xizmatiga kelishdan oldinoq dunyoviy hayotning puch-behudaligiga to’la ishonch hosil qilgan. Keyin Naqshband mavlono Orif Dikkironiy dargohida yetti yil xizmat qiladi, so’ng turkey tasavvufiy shayxlari Qusam Shayx va Xalil otalar qo’lida tasavvufiy talimotni davom ettirib, kamolotga yetkazadi. Xalil ota dargohida o’n uch yil xizmat qilgan va uning yaqin hamsuhbati bo’lgan.
Bahouddin Buxoroga qaytib kelib, qolgan butun umrini shu yerda o’tkazdi. Amir Kulolning vasiyatiga binoan uning xalifasi (tasavvuf rahnamosi) bo’lib qoladi. Bahouddin 1389 (791 hijriy) yili 71 (hijriy hisobda 73 yoshida) vafot etib Qasri Orifonda dafn qilinadi. Uning muridlari juda ko’p bo’lib, eng mashhurlari Xoja Alouddin Attor va Xoja Muhammad Porsodir. “Qomusul a’lom” da zikr qilinishicha, Bahouddin Naqshbandning “Hayotnoma” nomli va’z va pandu nasihatlariga oid bitta manzumasi (she’riy asari) va “Dalilul oshiqin” degan tasavvufga oid kitobi bo’lgan. Lekin bu asarlar nusxalari bizga ma’lum emas, ular yetib kelmagan bo’lsa kerak.
Vafotidan keyin Bahouddin Naqshband sekin-asta mashhur mo’jizakor avliyo, oddiy raiyyat (fuqaro) himoyachisi sifatida shuhrat qozonib, tan olina boshladi. Buyuk shoirlar Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy Naqshbandiya tariqatida bo’lganlar va o’z asarlarida uni targ’ib qilganlar. Boborahim Mashrab (1640-1711) Naqshbandiya tariqati yo’lidan borib, Ofoq Xoja qo’lida ta’lim olib haqqa yetishdi va tasavvufning yirik vakili sifatida o’z g’azallari va “Mabdai-nur” asarida bu haq yo’lni poklik, halollik va Allohga yetishishning yagona vositasidir deb tavsiflaydi. Umrining oxirigacha Naqshbandiya tasavvufi yo’lidan ketdi.
Naqshbandiya nazariyasi va amaliyoti asosida Bahouddin Naqshbandning faqat Xoja Muhammad Porso va Alouddin Attor tufayli bizgacha yetib kelgan g’oya va qarashlari yotadi. Uning bu g’oya, qarashlari “Maqomati Naqshbandiya” deb atalib, Naqshbandiyaning hamma shahobchalari uchun asos bo’lib qoldi. Bahouddin Naqshband nomi unga zamondosh va keyin yashagan ko’pgina olimlar tomonidan tasavvufga oid yozilgan asarlarga kiritilgan. U Naqshbandiya tariqatining asoschisi, buyuk mutasavvif va tasavvuf nazariyotchilaridan biri karomat ko’rsatuvchi mo’jizakor avliyo sifatida sharaf bilan tilga olingan, tarjimai holiga oid ma’lumotlar, maqomatlaridan namunalar keltirilgan.
Naqshband haqida Abdurahmon Jomiy “Nafahot al-uns min hazarot al-quds”, Faxriddin Voiz Koshifiyning o’g’li Ali as-Safining “Rashahot aynul hayot”, Xoja Muhammad Porso Buxoriyning “Anis at-tolibin va uddat as-solikin” asarlarida ma’lumotlar berilgan. Turk olimi Shamsiddin Soliyning “Qomusul a’lom” kitobida ham turk tilida qisqa ma’lumot berilgan. Arab tilidagi al-munjid nomli izohli lug’atda ham Bahouddin nomi Naqshbandiya tariqatining asoschisi sifatida eslab ketilgan. Bahouddinning tasavvufga oid pand-nasihatlaridan iborat maqomatlari Xoja Muhammad Porsoning “Risolai qudsiya”, “Maqomati Xoja Naqshaband”, Abul Muhsin Muhammad Boqir Alining “Maqomati Xoja Bahouddin Naqshband” kitobi va boshqalarda saqlanib qolgan.
Bahouddin Naqshband hazratlaridan keyin naqshbandiya sulukining atoqli vakillaridan biri hisoblangan Maxdumi A’zam Dahbediy ham naqshbandiya tasavvuf maktabi nazariyot yo’nalishiga o’zining salmoqli hissasini qo’shgan. Allomaning yozgan asarlari zamirida asosan Qur’oni karimdan keltirilgan oyat va hadisi shariflar yotadi va asarlar ularga asoslanib yozilgan.
   U zot yozgan asarlarning aksariyati “Majmuai rasoil” (risolalar to’plami) nomli to’plamda mujassamlashtirilgan. Quyida Maxdumi A’zam yozgan asarlarning qisqacha tavsifini keltirib o’tamiz:
1. “Asror an – nikoh”. Bu risola islom dini va shariatining nikoh sharti, siru asrorlariga bag’ishlangan.
2. “Risolai samoiyya”. Bu risola naqshbandiya tariqatiga nisbatan farqli ravishda, boshqa silsila tariqatlarida namoyon bo’ladigan zikrlar haqida (ya’ni boshqa tariqatlarda uchraydigan zikrni jahriya, zikri samoiyya va hilvatda (uzlatda) o’tirib zikr aytish kabi gaplar haqida) mushohadalar yuritilgan.
3. “Risolai vujudiyya”. Bu risola tavhid va vahdatul – vujud haqida, ya’ni Allohning yagonaligi, mavjudligi haqida hadisi sharifdan ma’lumotlar keltirib yozilgan asardir .
4. “Risolai odobus-solikin” – piru murshidning va muridlarning odob-axloqi, vazifalari haqidagi risola.
5. “Risolai adab us-sodiqin” – ilohiy sevgi, ko’ngildan xudoga sodiqlik, luqmani pok tutib Haqga yetishish haqida.
6. “Ganjnoma” – axloqiy xazinalarning eng asosiysi bo’lgan ilohiy sevgi haqida.
7. “Risolai baqoiyya” – ko’ngildan ko’z yoshi to’kib tavba qilganlarga xudo tomonidan rahm shafqat va’da qilingani haqida.
8. “Nasihat us-solikin” – hazrati Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning hadislari – “Qalon – nabiy alayhissalom: qalbul - mo’mini arshullohil - azim” (mo’minlar qalbi ulug’ arshdir) mazmuni jihatidan axloq qoidalari asosida hamda Alloh buyurgan ma’naviy qoniqishiga kelish haqidagi risola.
9. “Sharhi savodil – vajha fi-dorin” – bu risolada ma’naviy qashshoqlik inson uchun ikki dunyoda ham sharmandalik hol va yuzi qoralik kabi ekanligi; hadislar misolida, tariqat nuqtai nazaridan yozilgan.
10. “Sharhul-valadi sarobiya” – bu risola tarbiya haqida, o’g’il o’z otasiga o’xshashga harakat qilganidek, murid ham o’z piriga o’xshashga harakat qilib, unga ergashish kerakligi haqida.
11. “Nihoft us-solikin” – bu risola sufiylik tariqatining hushbo’y yo’llari haqida, bu yo’lda Allohdan boshqa hamma narsa ikkinchi darajada bo’lishi kerakligi uqtiriladi.
12. “Risolai zikr” – bu risolada eng yaxshi va asosiy zikr: “Laa ilaha illalloh” sharhi berilgan.
13. “Risolai bayoni silsila” – bu risola naqshbandiya silsila sulukining ma’naviyati, uning hazrati Payg’ambar (s.a.v.) va Abu Bakr Siddiq (r.a.)dan boshlab, Maxdumi A’zamning piru ustozlarigacha bo’lgan vakillari bayoniga bag’ishlangan. Risola shayboniylardan Jonibek Sultonning iltimosiga ko’ra yozilgan.
14. “Chahor kalima”. Risola Xojagon tariqatining asoschisi bo’lgan Xoja Abdulxoliq G’ijdivoniy mushohadalarining sharhidir.
15. “Silsilat us-sodiqin”. Bu risola ham ahli tasavvufning Hazrati Payg’ambarimiz (s.a.v.) va Abu Bakr Siddiq (r.a.)dan boshlanib keladigan silsila-zanjirilari bayon qilingan. U ustozlari asarlaridan ilhomlanib yozilgan risolaga o’xshaydi.
16. “Risolai bittixiya”. Qovun haqida risola, deb nomlangan bu asar hosilni yig’ib olishni o’ylashdan oldin yerga urug’ sepishni o’ylashi kerak bo’lgan dehqon kabi, har bir musulmon hayot vaqtidayoq boqiy dunyo haqida o’ylashi kerakligi to’g’risida fikr yuritadi. Bundan tashqari qovun yetishtirish sohasidagi o’z tajribalarini nihoyatda ravon bayon etgan. Risola Hazrati Payg’ambarimiz (s.a.v.) ning hadisi shariflari “Payg’ambarimiz (s.a.v.): Dunyo – oxiratning ekinzoridir”, bilan mustahkamlangan.
17. “Mir’ot us – safo”. Bu risola “Poklik ko’zgusi” deb atalib, ma’naviy tozalikni sof ko’zguga qiyoslasada, ko’zgu ba’zi changlardan xoli emasligi ham eslatiladi. Sufiylik tariqatining asosiy vazifalaridan biri, bu ko’ngilni – ko’zguni pok tutishga ko’maklashishdir.
18. “Zubdat us-solikin va tanbiyatus – salotin”. Risolada hukmdorlarning fazilatlari, ularning oddiy xalq bilan qanday muomalada bo’lishlari lozimligi haqida so’z yuritilgan.
19. “Gul va Navro’z”. Bu risola sufiylik ma’naviyati, xalq bilan hukmdorlar o’rtasidagi munosabatlar haqida bo’lib, Maxdumi A’zamning mudiri hukmdor Abdulloxonning iltimosi bilan yozilgan.
20. “Risolai me’roj ul-oshiqin”. Risola juda yuqori mansab egasi bo’lgan mashhur sultonning (shayboniy Ubaydullaxon bo’lsa kerak) safardan qaytishiga bag’ishlab yozilgan asar bo’lib, sufiylik tariqatlarining xalq hukmdorlarning ko’ngillariga yetkazadigan ta’sirlari haqida.
21. “Risolai murshid us-solikin”. Bu risola haqiqiy sufiy va tariqat yo’lboshchisining vazifalari haqidagi asar.
22. “Voqeai haqqoniya”. Risola muallifga ulug’ allomalar, pirlar tomonidan tasavvuf izdoshlarini to’g’ri yo’lga boshlash haqida aytgan o’gitlari to’g’risida.
23. “Risolai Boburiya”. Bu asar Hoja Abdulloh Ahrori Valiyning “Risolai volidiya”sining Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo tomonidan o’zbek tiliga o’girilgan tarjimasi haqida hamda Boburning Maxdumi A’zamga yuborgan xatiga javob tariqasida yozilgan.
24. “Risolai bayoni voqea”. Bu risola ham tasavvuf tariqatlarining bayoniga bag’ishlangan.
25. “Risolai fathnoma”. Risolada muallifga mo’jizaviy ravishda ayon bo’lgan bashorat haqida gapiriladi.
26. “Risolai tanbiyatul – ulamo”. Bu risola tariqatning yo’lidan borayotgan haqiqiy va shunchaki ko’rinish uchun yurgan olimlar, fiqhshunoslar va boshqa soha ulamolariga nasihat tariqasida yozilgan.
27. “Risolai shaybiya”. Bu asar qarilik haqida, hayot achchiq-shirinini totib ko’rgan donishmand qarilik haqida.
29. “Risolai ilmiya”. Bu risolada islom dinidagi ilmlar, tasavvufdagi ilmi hol va dunyoviy ilmi qol, shariat ilmlari, Hazrati Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning fazilatlari, choryorlar va imomlar hayoti haqida hamda to’rt mazhab imomlarining hayoti, ularning dunyoqarashlari to’g’risida fikr yuritilgan. Risolada tasavvuf silsilasining “qandil” kabi Muhammad (s.a.v.)dan Xoja Ahrorgacha va Mavlono Zohidgacha qo’ldan-qo’lga, pirdan shogirdga berilishi yozilgan.
XX asr boshlaridan Bahouddin Naqshband ta’limoti va naqshbandiya tariqatiga rus va yevropa olimlarida juda katta qiziqish paydo bo’ldi. Rus sharqshunos olimlaridan B. Gortleviskiy va V. Bartold, E. Bertels, A. Simyonov, P. Ivanov, A. Boldrev, S. Dimidov va boshqalarning Bahouddin Naqshband, uning ta’limoti va so’fiylik haqidagi bir qancha maqolalari bosilib chiqdi . Yevropa olimlaridan H. Algar, M. Moli, F. Yung, E. Brove, O. Popovich kabilarning ingliz va nemis va serb tillarida tasavvuf, Bahouddin va naqshbandiya tariqatiga bag’ishlangan bir qancha kitob va maqolalari chop etildi.
Xulosa qilib aytganda, naqshbandiya tariqatining ta'limotlari har bir zamon va makon uchun muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar. Ularda ilgari surilgan o‘zgalar haqqiga rioya qilish, ijtimoiy adolat, savob ish qilishga intilish, o‘z mehnati bilan kun ko‘rish, insoniy burch va mas'uliyatlarni his etish, ota-ona, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar, beva-bechoralarga muntazam  va beminnat yordam qilish, jamiyatda madaniyatli hamda namunali, bir so‘z bilan aytganda, komil insonni voyaga yetkazish, tarbiyalash kabi olijanob fazilatlarini xalqimiz orasida yanada kengroq yoyish va rivojlantirish biz yoshlarning bugungi kundagi eng muhim  vazifalarimizdan hisoblanadi.

                     


                     Toshkent islom instituti  IV  bosqich
                        talabasi Parpiyev Abdullo


Нима камиб қоларди бу дунёга келмасам.
Келдиму, не фойда бор дунё сирин билмасам.
Илмлар уммонида бир умр чўмилмасам
Нега келдим дунёга илм талаб қилмасам.

Ornuimar

  • Newbie
  • *
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 0
  • Xabarlar: 1
Javob: Tasavvuf
« Javob #4 : 07 Iyun 2018, 16:02:03 »
Maqola juda yaxshi oflayndir.

 

Mahmud As'ad Jo'shon. Tasavvuf va nafs tarbiyasi

Muallif HanafiyBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 85
Ko'rilgan: 28381
So'nggi javob 20 Aprel 2009, 18:28:41
muallifi Hanafiy
Muhammad Nurulloh Saydo al-Jazariy. Tasavvuf sirlari

Muallif AbdulAzizBo'lim Tasavvuf

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 7070
So'nggi javob 24 Yanvar 2012, 11:58:30
muallifi AbdulAziz