Quddus amakining saboqlari (bolajonlar uchun)  ( 82810 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:48:04

Qur’onning bir jumla gapi «oyat» deyiladi. 3 oyatdan 286 oyatgacha bo‘lgan alohida bobi «Sura» deyiladi. Qur’on arab tilidadir, shuning uchun uni o‘qib, ma’nosini bilib olaman degan bolalar arab tilini o‘rganishadi. Yaqinda namoz o‘qishni boshlaydigan bo‘lsangiz, sizlar ham Qur’ondan bir necha suralarni kattalar o‘rgatganday qilib yodlab olishingiz kerak bo‘ladi. Chunki namozda tik turganda Qur’on suralarini o‘qiysiz. Qur’onning ma’nosi boshqa tillar qatori o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.

Qur’on Allohning kitobi bo‘lgani uchun u juda ham tabarruk sanaladi. Shuning uchun uning nomiga «Karim», «Majid» degan so‘zlarni qo‘shib aytasiz. Uni tahoratsiz ushlamaysiz. Hamisha tokchalarda, javonlarda saqlaysiz. Ustiga boshqa kitoblarni qo‘ymaysiz. Qur’oni karim turgan tomonga oyoq uzatib yotmaysiz. Uni yirtmay, varaqlarini buklamay, avaylab ishlatasiz. Agar biror varag‘i yoki parchasi yerga tushib ketgan bo‘lsa, avaylab olasiz, o‘pib kitob ichiga joylab qo‘yasiz.

Qur’oni majidni o‘qigan va o‘rgatganlar eng yaxshi musulmonlardir. Chunki boshqa kitoblarni o‘qisangiz faqat o‘zingizga foyda! Qur’oni karimni o‘qisangiz ham sizga foyda, ham bu Allohga ibodat (xizmat) qilganga tenglashgani uchun Undan mukofot olasiz. Sizdan bir iltimosim bor, aziz bolajonlarim: Sizlar ham Qur’onni o‘rganinglar, doimo o‘qib yuringlar, boshqalarga ham o‘rgatinglar. Yangi mashg‘ulotimizga Qur’oni karimning birinchi - «Fotiha» surasini yaxshi o‘rganib kelsangiz, Quddus amakingizni rosa xursand qilgan bo‘lardingiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:48:59

BESHINCHI SABOQ
PAYG’AMBARLAR TO’G’RISIDA


Assalomu alaykum, jannat bog‘ining rayhonlari bo‘lmish jajji o‘g‘il -qizlarim! Xo‘sh, o‘tgan mashg‘ulotda berilgan uy vazifasini bajarib keldingizmi? Qani, Qur’oni karimning «Fotiha» surasini shoshilmay o‘qib bering-chi! Ie, «Auzu billahi» va «Bismilloh» ni esdan chiqarib qo‘ydingizmi? Ha yashang, Qur’oni karim suralarini o‘qishni doimo shunday boshlang!

Endi, bolajonlarim, bugun men sizlarga Allohning payg‘ambarlari haqida aytib beraman. «Payg‘ambar» degan so‘zni ko‘p eshitgansiz, ammo kim ekanligini bilmagansiz, to‘g‘rimi? "Payg‘ambar" («rasul», «nabiy» ham deyiladi) ning o‘zbekcha ma’nosi elchi, Allohning buyruqlarini odamlarga yetkazuvchi degani. Mana, masalan bog‘changizning mudiri bor. Uning nima gapi, topshirig‘i bo‘lsa, tarbiyachilarga aytadi. Ular esa sizga yetkazishadi. Yoki maktabingiz direktori hamma gapini muallim, ustozlaringizga aytadi. Ular shu asosda sizga tarbiya -ta’lim berishadi. Xuddi shunga o‘xshab eng katta podshohimiz Alloh taolo o‘zining amr-farmonlarini, ko‘rsatmalarini o‘z payg‘ambarlari orqali odamlarga yetkazgan. Payg‘ambarlar hammani Alloh taolo buyurganiday yashashga o‘rgatishgan, o‘zlari ham bu sohada hammaga ibrat bo‘lishgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:49:34

Odamzod yaratilgandan buyon Alloh taolo insonlar orasidan ming-minglab payg‘ambarlarni, ya’ni rahbar yo‘lboshchi, ustolarni tayinlagan. Shulardan 25 nafarining tarixi Qur’oni karimda batafsil keltirilgan. Hali Qur’on o‘qish va tushunishni o‘rganib olsangiz, ularning nima ish qilganini bilib olasiz. Hozircha ularning nomlarini eslab qoling: Odam, Idris, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Lut, Ismoil, Ishoq, Muso, Xorun, Dovud, Sulaymon, Ilyos, Alyasa, Yunus, Zulkifl, Zakariyo, Yoqub, Yusuf, Ayyub, Shuayb, Yahyo, Iso, Muhammad alayhissalomlardir.

Payg‘ambarlarning hammalari bilim va axloqda yagona kishilar bo‘lishgan. Gunoh ishlarni qilishmagan. Aqlli, husbyor, yuksak fazilatli bo‘lishgan. Odamlarni ham shunday bo‘lishga chaqirishgan. Ularning eng oxirgisi, eng ulug‘i janobi payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdirlar. Boshqa payg‘ambarlar bir davrda, birorta xalqqa yoki millatga payg‘ambar bo‘lsa, Muhammad alayhissalom qiyomatgacha butun dunyodagi hamma xalqlar va millatiarga payg‘ambardirlar. Kelgusi mashg‘ulotimizda u kishi haqlarida bafurja gaplashamiz, xo‘pmi, bolajonlarim?!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:50:50

OLTINCHI SABOQ
PAYG’AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOM


Assalomu alaykum, mening shirindan-shakar bolajonlarim! Ikkinchi mashg‘ulotimizda sizlarga «La ilaha illollohu Muhammadur rasululloh» degan kalimani o‘rgatib, uning ikkinchi qismini keyingi darslarda tushuntirib beraman, degandim. Esingizdami? «La ilaha illollohu» degani «Allohdan boshqa iloh yo‘q» degan ma’noni anglatishini bilib olgansiz, to‘g‘rimi? «Muhammadur rasululloh» degani esa «Muhammad — Allohning rasuli, elchisi» ma’nosidadir. Beshinchi darsda aytganimdek, Muhammad alayhissalom — Allohning oxirgi payg‘ambari. U kishidan keyin hech kim payg‘ambar bo‘lmaydi. Bu kishi yer yuzidagi hamma xalqlarga payg‘ambar hisoblanadilar. U kishining nasihat va aytganlarini odamlar qiyomat bo‘lguncha bajarishlari shart. Yuqoridagi kalimani aytish musulmonchilikning eng birinchi, eng zarur sharti degan edik, to‘g‘rimi? Demak, Payg‘ambarimizning hamma aytgan gaplarini, o‘rgatgan ishlarini qilish, qaytargan yomon ishlaridan qochish musuimonlarning eng zarur vazifalari ham bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz insonlarning eng oliysi, eng hurmatlisi, eng odoblisi, eng suyuklisi bo‘lganlari uchun u kishini juda hurmat qilishimiz, nomlari oldiga «Hazrati» so‘zlarini qo‘shib, nomlaridan keyin esa «alayhissalom», «sollallohu alayhi vasalaam» degan sharaflar bilan hamisha but qilib aytishimiz kerak. Nomlarini toq aytish u kishiga nisbatan juda hurmatsizlik bo‘ladi, Bu gapim doimo esingizda tursin, xo‘pmi, shirintoylarim!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:51:34

Endi sizlarga Muhammad alayhissalomning hayotlaridan ozgina gapirib beray! Sevimli payg‘ambarimiz milodiy 571 yili Makkada tug‘ilganlar. Otalarining ismi Abdulloh, onalariniki Omina edi. Ota-onalari Makkadagi obro‘li oilalardan bo‘lganlar. Tug‘ilmaslaridan ikki oy avval otalaridan, olti yoshlarida onalaridan etim qoldilar. Sakkiz yoshgacha bobolari Abdulmuttalib, keyin esa amakilari Abu Tolib tarbiya qilishdi.

Muhammad alayhissalom yoshlikdan juda halol, to‘g‘ri so‘z, pokiza inson bo‘lganlar. Biror marta yolg‘on so‘zlamaganlar. Birovni so‘kib-urmaganlar, qattiq gapirmaganlar. Boshqalarni aldamaganlar. Hatto yosh bolalarga ham birinchi bo‘lib salom berganlar. Birovning bir so‘m puliga yo moliga xiyonat qilmaganlar. Ana shunday yaxshi fazilatli inson bo‘lganlari uchun u zotga qirq yoshga yetganlarida Alloh tomonidan payg‘ambarlik berildi. Jabroil farishta Alloh tomonidan yetkazib kelgan vahiy (amr-farmonlar)ni Janobi Payg‘ambariiniz barcha odamlarga yetkazib, ularni to‘g‘ri yo‘lga, Allohning buyruqlarini bajarishga chaqira boshladilar. Ana shu to‘g‘ri yo‘lga chorlash, Allohni tanitish «din» deyiladi. Bizning dinimiz esa «Islom dini» deb ataladi. Islom dinidagi kishilar musulmon deyiladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:51:50

Ammo yomon, gunoh ishlarga o‘rganib qolgan, hasad va ochko‘zlikka botib ketgan, Islom dinining tarqalishiga qarshi bo‘lgan Makkadagi Islom dushmanlari Hazrat Payg‘ambarimizning aytganlariga ko‘nishmadi. Aksincha, o‘n uch yil mobaynida u kishiga ochiqdan-ochiq dushmanlik qilishdi. Musulmonlar boshiga hech kim ko‘rmagan azob-uqubatlarni solishdi. Hatto u zotni o‘ldirishga ham urinib ko‘rishdi.

Nihoyat Allohning amri bilan musulmonlar, ya’ni Islom diniga kirganlar Makka shahridan Madina shahriga ko‘chishdi, Bu ko‘chish arabchada «Hijrat» deyiladi. Musulmonlarning hijriy yil degani ana shu voqeadan olingan. Janobi Payg‘ambarimiz Madinada ham o‘n yil tinmay ishladilar. Allohning buyruqlarini yoyib, Unga xizmat qildilar, odamlarni haqorat, zulm, nodonlik, haqsizlik, axloqsizliklardan qaytardilar. Dunyoga ilm, adolat, saodat nurlarini tarqatdilar. 63 yoshlarida betoblanib Madina shahrida vafot etdilar. Hozir qabrlari o‘sha yerda, o‘zlari qurdirgan masjid ichiga joylashgan.

Bizning Hazrati Payg‘ambarimiz ana shunday ajoyib inson bo‘lganlar. Shuning uchun biz doimo u kishiga hurmat-ehtirom ko‘rsatamiz. Aytgan hamma buyruqlarini bajarishga harakat qilamiz. «Bu ishni qilmang» degan bo‘lsalar, aslo yaqin yo‘lamaymiz. Ana shu harakatlarimiz Payg‘ambarimiz sunnatlariga rioya etganimiz bo‘ladi. Keling, qo‘llarimizni ochib bir duo qilaylik: «Hamamizga Muhammad alayhissalom sunnatlariga, ya’ni ko‘rsatmalariga rioya etish nasib etsin, Alloh taolo o‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin!»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:52:53

YETTINCHI SABOQ
 UCHTA ENG MUHIM NARSA


Assalomu alaykum, mening hamma narsadan aziz bolajonlarim! Bugun sizlarga haqiqiy musulmon bo‘lishingiz uchun zarur bo‘lgan yana uch narsani ma’lum qilib qo‘ymoqchiman. Shuning uchun diqqat bilan quloq soling. Ha, aytganday, darsga kelishdan oldin tahorat qilib poklanib oldingizmi?

Yaxshi, ko‘p yashang!
Ota-onalaringiz ko‘pincha «bu dunyoda», «u dunyoda», «oxiratda» degan so‘zlarni ishlatishadi. Ular nimani anglatishini bilmasangiz kerak, to‘g‘rimi? Mana, siz necha yoshga kirdingiz? Beshgami, yettigami? Demak, bu dunyoda siz shuncha yil yashabsiz. Chunki chaqaloq tug‘ilishi bilan uning bu dunyodagi umri, hayoti boshlanadi. Keyin maktabda o‘qiysiz, uni bitirib institutgami, madrasagami yoki hunar maktabiga kirib bilim olasiz yoki kasb-hunarli bo‘lasiz. To‘y bo‘ladi, Alloh nasib etsa farzandlaringiz tug‘iladi. Ana shu yashashni bu dunyo hayoti deyiladi. Bu dunyoda ovqatlanasiz, ishlaysiz, uylar qurasiz, dam olasiz. Allohga yoqadigan yaxshi ishlarni, ibodatlarni qilasiz. Goho bilibmi yoki bilmaymi gunoh ishlarni ham qilib qo‘yasiz. Shu ahvolda bir kuni 70-80 yil yoki undan ham ko‘proq yashab qariysiz va vafot etasiz. Endi sizning ana shu hamma ishlaringizni o‘g‘il-qizlaringiz davom ettirishadi. Ular keksayib bir kuni vafot etishgach, bu ishlar endi nevara-chevaralaringizga qoladi. Shunaqa qilib, bu dunyodagi hayot davom etaveradi. Bu qiyomat kunigacha davom etadi («Qiyomat» degani yer yuzidagi hayot tugab, hamma o‘ladigan va qayta tirilib Allohga qilgan ishlari to‘g‘risida imtihon topshirishni boshlaydigan kun).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:53:14

Inson o‘lgandan keyin uning jasadi qabrga qo‘yiladi. U Alloh taolo qiyomatda qayta tiriltirguncha o‘sha yerda kutib yotadi. Keyin qiyomatda hammaga yana jon kiritiladi. Qiyomatdan keyingi hayot «u dunyo hayoti», «oxirat hayoti» deyiladi. Hamma odam Alloh taoloning oldida hisob beradi. Bu dunyoda yaxshi, savobli ishlarni qilganlar, Allohga bo‘ysunib yashaganlar u dunyoda, «Jannat» degan juda chiroyli soya-salqin bog‘larda xilma-xil shirin meva va ovqatlarni yeb mazza qilib yurishadi. Bu dunyoda yomon, gunoh ishni qilganlar, Alloh taoloning g‘azabiga uchraganlar «Do‘zax» degan yomon joyga tashlanib, rosa issiq olovda kuydiriladi. Ularni ilon-chayonlar tinmay chaqib turadi. Chanqab suv so‘rashsa zaharli daraxtning suvi ichiriladi. Doim shunaqa azoblar ostida qiynayaverishadi.

Ana shu qiyomat kuniga, o‘lgandan keyin tirilishga, oxirat dunyosida odamlarning yaxshi va yomon ishlariga, savob va gunohlariga qarab jannat yoki do‘zaxga tushishiga ishonish musulmonlar bilishi va amal qilishi zarur bo‘lgan ikki muhim vazifadir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:53:30

Endi uchinchi «taqdir» degan narsani tushuntirib beray. Taqdir («qadar» ham deyishadi) — dunyodagi hamma yaxshiyu yomon voqea-hodisalar Allohning buyrug‘i bilan, Uning xohishiga ko‘ra bo‘ladi degani. Masalan, bizning tug‘ilishimizdan to o‘lishimizgacha, hayotda qanday yashashimizdan to qanday kasal bo‘lishimizgacha, daraxtning meva tugishidan tortib daryoning to toshib ketishigacha, qushlarning uchishidan yer qimirlashigacha — hammasi Alloh oldindan belgilab qo‘yganidek bo‘ladi. Inson nimani xohlasa, Alloh uni qilishga ijozat beradi. Biror ishni bajaradigan bo‘lsak, Allohning o‘ziga tavakkal qilamiz.

Alloh hammasini oldindan belgilab qo‘ygan ekan-ku, deb barcha ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘yish yoki gunoh ishlarni qilish musalmon odamga to‘g‘ri kelmaydi. Demak, oxirat dunyosiga, o‘lgandan keyin qayta tirilishga, hamma yaxshi-yomon ishlar Allohning taqdiriga bog‘liq ekanligiga ishonishimiz kerak. Shunda haqiqiy musulmon bo‘lamiz. Bu gaplar xiyla murakkabroq. Agar biror narsani tushunolmay qolgan bo‘lsangiz, kattalardan so‘rab, aniqlab oling, bo‘ptimi?

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:54:01

SAKKIZINCHI SABOQ
IYMON NIMA DEGANI


Assalomu alaykum, ko‘rar ko‘zlarning nuri bo‘lgan dilbandlarim! Bugun men sizlarga Islom dinining beshta ustunidan birinchisi bo‘lgan iymon haqida gapirib beraman. Iymon degani Alloh taoloning yakkayu yagonaligiga hamda Janobi Payg‘ambarimiz Alloh taolo tarafidan nima keltirgan bo‘lsalar, o‘shanga til bilan iqror bo‘lish va dil bilan tasdiqlashdir. Shunga Iymon keltirgan kishiliar «mo‘min» deyiladi va ular chin musulmonlardir.

Mo‘min kishilar yeru osmondagi hamma narsalarning, hatto oy, quyosh, yulduzlarning, o‘simlik va hayvonlarning hammasining xo‘jayini, egasi bitta — yakkayu yagona Alloh taolo ekaniga ishonadilar. Ular Alloh taoloning farishtalariga, Payg‘ambarlariga, kitoblariga, oxirat kuniga, o‘lgandan keyin qayta tirilishga va qadarga ishonadilar.

Qayd etilgan