Quddus amakining saboqlari (bolajonlar uchun)  ( 62132 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:54:11

Mo‘min kishilar o‘zlarining qaerdan kelganlarini, nega kelganlarini va qayoqqa ketishlarini tushunib oladilar. Dunyodagi hamma narsa faqat Allohning istagi-xohishi bilangina ro‘y berishini, barcha odamlar Alloh taoloning oldida javobgar ekanini biladilar. Shuning uchun ular Alloh taolo buyurgan yaxshi, savobli ishlarni qilishadi. Ya’ni namoz o‘qib, ro‘za tutib ibodatda bo‘lishadi. Halol mehnat qilishadi. Uylar qurishadi, ariqlar kavlab, yo‘llar ochishadi. Farzandlarini yaxshi tarbiyalab, bilim berishadi. Bir-birlariga yordamlashishadi, yaxshi muomala qilishadi. Ana shular chin iymonli kishilardir. Ular jannatga kirishday katta mukofot olishadi.

Iymonsiz kishilar esa Allohdan emas, qandaydir vahimali voqealardan yoki odamlardan qo‘rqishadi. Payg‘ambar alayhissalomning aytganlarini bajarishmaydi. Odamlarni aldashadi. Yolg‘on gapirishadi. Urush-janjal ko‘tarishadi. Namoz o‘qishdan or qilishadi. Islom diniga dushmanlik ko‘rsatib, o‘zlarini yaxshilikka chaqirganlarni xo‘rlashadi. Shunday odamlar do‘zax azoblari bilan jazolanishadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:54:35

Iymonning eng asosiy shartlari — Alloh taoloni tanish va hamisha Unga bo‘ysunish, Undan qo‘rqishdir. Allohni tanish qanday bo‘ladi? Hamma narsani Alloh yaratgan. U nimani xohlasa qila oladi, yo‘qni bor, borni yo‘q qiladi. U avvaldan bor bo‘lgan va mangu bor bo‘ladi. U yakka-yolg‘iz. Uning sherigi ham, tengi ham, o‘xshashi ham yo‘q. U hech narsaga o‘xshamaydi, U hamma narsani, hatto kechasi odamlar uylarining ichida namoz o‘qiyotganini ham ko‘rib turadi. U hamma narsani, hatto «Allohim, meni kechirgin!» deb ichingizda aytsangiz ham eshitadi. U hatto xayolingizda «Bugun onamga bir yaxshilik qilayin» deb o‘ylasangiz ham bilib turadi. Uning amriga hech kim qarshi bo‘la olmaydi. Har qanday qudratli, kuchli narsa ham Allohning kuch-qudratiga teng kelolmaydi. Shuning uchun hamma musulmonlar har kuni besh marta namoz o‘qiyotganda bor ovoz bilan «Allohu akbar» («Alloh ulug‘dir, buyukdir!») deb qaytarishadi. Ana shularni tushunib yetish bizning Allohni tanishimiz bo‘ladi.

Allohga bo‘ysunib, iymon keltirish qanday bo‘ladi? Alloh buyurgan ishlarni qilish, «qilmanglar» deganini qilmaslik Allohga bo‘ysunish bo‘ladi. Har bir ishda, hamma joyda, hamma vaqt «Alloh ko‘rib-bilib turgan-ku!» deb qo‘rqish — Allohga bo‘ysunish bo‘ladi. Allohning avvalgi darslarda sanab o‘tilgan barcha sifatlariga ishonish, Uning buyruqlarini bajarish, Undan hamisha qo‘rqib turish Alloh taologa iymon keltirish bo‘ladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:54:44

Alloh taologa iymon keltirdingizmi? Endi Uni xursand qilish uchun ibodat qiling! Uni doimo eslab turing, «Subhonolloh» deb maqtovlar aytib turing. «Alhamduliillah» degan so‘zni o‘rganib olsangiz, Alloh taologa shukr aytgan bo‘lasiz. Axir bizlarni yorug‘ dunyoga keltirib, nafas olsak havoni, chanqasak toza sut va suvlarni, qornimiz ochsa ming xil lazzatli ovqatlarni berib qo‘ygan, yalang‘och yurmasin deb kiyimlargacha ta’minlagan bunaqa mehribon zotni maqtamay, unga shukr aytmay bo‘ladimi?

Mana, iymon nima ekanini oz-moz tushunib oldingiz. Iymonli bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligini ham bildingiz. Kelasi mashg‘ulotimizga «Subhonolloh», «Alhamdullillah», «Allohu akbar» degan so‘zlarni yodlab kelasiz va ma’nosini tushuntirib berasiz. Kelishdikmi?

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:55:34

TO’QQIZINCHI SABOQ
NAMOZ NEGA O’QILADI


Assalomu alaykum, mening jajji kichkintoylarim! Bugun sizlarga qiziq bir savol bermoqchiman. Diqqat bilan quloq solib turing. Alloh o‘zi yaratgan yer yuzidagi jamiki hayvonlar va qushlarga, hasharotlar va dengizdagi jonvorlarga, odamlar va jinlarga, xullas, barcha maxluqlarga rizq, ya’ni ovqat-emishlar berib qo‘ygan. Biror maxluqni och qo‘ymagan. Ular ham Alloh taoloning ana shu bergan ne’matlariga javoban o‘z mevalarini Alloh buyurganiday o‘zlari yemay, insonga taqdim qilishadi. Masalan, sigir ko‘kat va yemlarni yeb, evaziga sut beradi, undan qatiq, qaymoqlar, sariyog‘ va pishloqlar olinadi. Tovuq tuxum beradi, asalari asal, qo‘y-echkilar sut, jun, go‘sht, pilla qurti ipak, dengizlar baliq beradi. Hatto daraxtlar ham Alloh yog‘dirgan yomg‘irdan, nur sochib turgan quyoshdan oziqlanib, evaziga shirindan-shakar mevalar tortiq qiladi.

Ana shu sut-qatiqlarni ichib, go‘shtlarni yeb, ipak va jundan to‘qilgan kiyimlarni kiyib, tuxum va asalni mazza qilib iste’mol qilib, mevalarning eng sarxillarini tanovul qilib yuradigan insonlar buning evaziga nima berishadi? Nima qilishsa ana shu bergan ne’matlari uchun Alloh taoloni mamnun, xursand qilishadi? Axir birorta odam boshqa birovga shuncha ovqat-ne’matlarni tekinga berib qo‘ymaydi. Inson ana shu qarzni qanday qilib uzishi mumkin?

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:55:56

Ana shu savollarni sizlarga bermoqchi edim. Javob topishga qiynalyapsizmi? Mayli, javobini o‘zim aytib qo‘yaqolay, Alloh taoloning barcha bergan ne’matlari uchun, bizni sog‘-salomat, xotirjam, baxtli qilib qo‘ygani uchun faqat bir narsa bilan — ibodat, ya’ni namoz o‘qish, ro‘za tutish bilan Allohga minnatdorchilik bildirish mumkin, Allohga xizmat qilish bilan Uni rozi qilish, mamnun etish mumkin. Qolaversa, Alloh taoloning siz bilan bizlarni yaratishdan, insonlarga barcha jonzotlarni, oy-quyoshlarni xizmat qildirib qo‘yishdan maqsadi ham bizning ibodat qilishimizni ko‘rish edi, xolos. Biz Allohga qanchalik ibodat qilishni ko‘paytirsak, U ham bizdan shunchalik xursand bo‘laveradi. Oxirat dunyosidagi mukofotlarimizni ko‘paytirib qo‘yaveradi. Ana shu ibodatlarning eng ulug‘i esa — namoz o‘qish!

Namoz shunaqangi zarur, muhim ibodatki, agar namoz o‘qimasangiz, hech kim sizni chin musulmon demaydi. Sigir qancha serqaymoq sutlar bermasin, asalari qancha toza asallarni bermasin, ipak qurti qancha ko‘p ipak bermasin, baribir, ular aqlsiz hayvon.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:56:06

Alloh oxiratda ularga jannat ham va’da qilmagan, tiriltirmaydi ham. Beaql bo‘lgani uchun ulardan hech narsaning hisobini so‘ramaydi ham. Insonga aql berilgani uchun u endi barcha yegan-ichganlari, qilgan ishlari uchun oxiratda Allohning oldida imtihon topshiradi. Sinovdan yaxshi o‘tsa jannatga kirib rohat-farog‘atda bo‘ladi. O’tolmasa, do‘zaxga tushib, qiynoq-azoblarga duchor bo‘ladi.

Inson ham hayvonlarga o‘xshab indamay Alloh bergan toza ovqatlarni to‘yib yesayu, evaziga hech narsa bermay yeb-ichib, uxlab, o‘ynab-kulib yuraversa, uning ham hayvondan farqi qolmaydi-da, to‘g‘rimi?! U oshxona bilan hojatxona orasida chopaveradigan bir mashinaga aylanib qoladi-da! Shunday bo‘lib qolmaslik uchun nima qilish kerak ekan? Ha, yashang, barcha ne’matlari va bergan umri uchun Allohga minnatdorchilik bildirishi, unga shukr deyish kerak. Qaysi yo‘l bilan shukr aytiladi? Ibodat bilan, namoz o‘qish bilan!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:56:36

O’NINCHI SABOQ
NAMOZ O’QISHNI O’RGANING


Assalomu alaykum, mening suyukli toychoqlarim!
Bugun sizlarga namoz o‘qishni o‘rgatib qo‘yaman, deb va’da beruvdim. Va’dani, albatta, bajaramiz. Tayyormisizlar? Tahorat qilib keldinglarmi? Barakalloh Chunki namozni tahoratsiz o‘qib bo‘lmaydi. Musulmon kishi bir kunda besh mahal namoz o‘qiydi.

Tong oqargan payt (subh) dan to quyosh bosh ko‘targuncha o‘qiladigan namoz «bomdod» deyiladi. Quyosh tikkaga kelib qibla tomonga moyil bo‘lgan paytdan narsalarning soyasi o‘ziga nisbatan ikki baravar kattalashguncha o‘qiladigan namoz «Peshin» deyiladi. Peshin vaqti tugagandan toki kun botguncha o‘qiladigan namoz «Asr» deyiladi. Kun botgandan kun botish tomondagi shafaq (qizg‘ish nurlardan keyin paydo bo‘ladigan oqish nurlar) yo‘qolguncha o‘qiladigan namoz «Shom» hamda shafaq tamoman yo‘qolib, qorong‘i bo‘lgach o‘qiladigan namoz «Xufton» deyiladi. Kun chiqayotganda, kun tikkaga kelganda va kun botish chog‘ida namoz o‘qish mumkin emas, ammo asr namozi kun botayotganda ham o‘qilaveradi,

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:57:38

Namozda tik turish «Qiyom» deyiladi. Shunda Qur’oni karimdan biror sura yoki uchdan ortiq oyat o‘qish «Qiroat» deyiladi. Ikki tizzaning ko‘zini ushlab egilish «Ruku’» deyiladi. Keyin cho‘kkalab ikki bora joynamozga bosh tekkizish «Sajda» deyiladi. Ana shu harakatlarning hammasi birgalikda «Rakat» deyiladi. Namoz ana shu rakatlardan tashkil topadi. Bu aytganlarimni yaxshilab eslab qolinglar, kichkintoylarim! Hali namoz o‘qishga kirishganimizda kerak bo‘ladi.

Allohning qat’iy amri bilan musulmonlar zimmasiga majburiy qilib qo‘yilgan namoz rakatlari «Farz» deyiladi. Payg‘ambar alayhissalom o‘zlari o‘qib, ummatlariga ham tavsiya qilgan namoz rakatlari «Sunnat» bo‘ladi. Xuftondan so‘ng 3 rakatli vitr namozi o‘qilishi vojib hisoblanadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:57:52

Namozlarning tartibi quyidagicha:
1.   Bomdod namozi — 2 rakat sunnat, 2 rakat farz.
2.   Peshin namozi — 4 rakat sunnat, 4 rakat farz, 2 rakat sunnat.
3.   Asr namozi — 4 rakat farz.
4.   Shom namozi —3 rakat farz, 2 rakat sunnat.
5.   Xufton namozi — 4 rakat farz, 2 rakat sunnat, 3 rakat vitr.

Endi namozning farzlari, ya’ni majburiy talablarini o‘rgatib qo‘yay. Namoz farzlari 12 ta. Bundan oltitasi namoz tashqarisidagi ishlar. Ularni «Namozning shartlari» deyiladi. Oltitasi esa namozning ichida bo‘lib, ularni «Namozning ruknlari» deyiladi. Agar ana shu 12 narsadan birontasini bajarmay qo‘ysangiz, namozingiz buziladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 06:58:09

Bolajonlarim, mana bular namozning shartlari hisoblanadi:
1.   Tahorat olish (avvalgi darsda o‘rgatganman).
2.   Najosatdan poklanmoq. Bu — namozxonning badani, ust-boshi toza, pok bo‘lishi, o‘g‘il-bolalarning kiyimlari kindikdan tizzagacha, qiz bolalarning esa yuz, kaft va oyoq uchidan boshqa hamma a’zolarini yopib turishi kerak, degani.
3.   Namoz o‘qiladigan joy pok, toza bo‘lishi kerak.
4.   Namozni qiblaga (Makka shahridagi Ka’ba turgan tomonga) qarab o‘qish darkor.
5.   Namozni o‘z vaqtida o‘qish zarur (vaqtlarini oldinroq aytib berganman).
Qaysi namoz o‘qiyotganini til bilan aytib niyat qilish.

Qayd etilgan