Quddus amakining saboqlari (bolajonlar uchun)  ( 82808 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:02:51

Bizning yurtimizda avvalda ham, hozirda ham ilm tarqatish, o‘rganishga katta e’tibor berilgan. Imom Buxoriy, Zamaxshariy, Termiziy, Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Ibn Sino, Beruniy, Farobiy, al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Ulug‘bek, Navoiy kabi ulug‘ olim bobolaringizning ilm sohasidagi ishlarini butun dunyo tan olgan.

Islom dinimiz ilm olish deganda ham dunyoviy, ham diniy ilm olishni nazarda tutadi. Buning ma’nosini soddaroq qilib tushuntirib beradigan bo‘lsam, sizlar maktabda o‘qiydigan matematika, fizika, kimyo, jug‘rofiya, tarix kabi fanlarni o‘rganish ham ilm. Yana Qur’oni karim suralarini va ma’nosini, Payg‘ambarimizning gaplarini va ishlarini (bu «Hadis» deyiladi) o‘rganish ham ilm. Shuningdek, ibodat qilish usullarini, musulmonlikning tartib-qoidalarini o‘rgatadigan «fiqh» ni o‘rganish ham ilm. Demak, chin musulmon odam hamma ilmlarni o‘rganishi kerak ekan. Masalan, Ulug‘bek bobongiz falakiyot fanini ham, dinning asoslarini ham birday mukammal bilganlar. Ibn Sino bobongiz esa tabobat ilmi bilan ham, diniy ilmlar bilan ham baravar shug‘ullanganlar. Navoiy bobongiz esa juda ko‘p g‘azal-dostonlar bilan birga Payg‘ambarlar tarixiga, Allohni tanishga doir kitoblar yozganlar. Yaqinda to‘ylari o‘tkazilgan Imom Buxoriy bobongiz esa sizning yoshingizda, ya’ni olti yoshga kirganlarida Qur’oni karimni to‘la yod olganlar. O’n bir yoshlarida ustozlarining xatosini tuzatganlar. O’n to‘rt yoshlarida Payg‘ambar alayhissalomning 70 ming hadislarini yoddan aytib berganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:03:03

Ilm olish yaxshiyu, ammo unga amal qilish ham kerak. Amal degani o‘sha olgan ilmingizni boshqalarga o‘rgatish degani. Yana uni qo‘llab, odamlarga foyda keltirish degani. Yana ana shu ilm orqali Allohni tanish degani. Chunki katta olim bobolaringizdan Imom G’azzoliy shunday deganlar: «Yuz yil ilm o‘rganib, mingta kitobni o‘qisangu amal qilmasang Allohning rahmatiga umidvor bo‘lishga haqqing yo‘q». Ya’ni u ilming foydasiz, Allohdan hech qanday mukofot kutma, deyaptilar.

Ilm olsayu, ammo Allohga bo‘ysunmasa, Uning aytganlarini bajarib, ibodatlar qilmasa, bunday odamning ilmi ham foydasiz. Chunki yuqorida aytilganiday, dinimiz talabiga ko‘ra ilm o‘rganishdan maqsad Alloh taoloni yaxshiroq tanish, unga ko‘proq bo‘ysunishdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:03:14

Mening shirindan-shakar bolajonlarim! Ilm olishning foydasi haqida aytgan gaplarimni yaxshilab miyangizga joylab oldingizmi? Chunki ilm olishni Alloh buyurgan. Allohning buyruqlarini biz — musulmonlar hech so‘zsiz bajarishimiz kerak. Alloh ilm olishni bekorga buyurmagan. Chunki ilmsiz kishilar johil, nodon bo‘lib qolishadi. Shunday odamlarni hech kim hurmat qilmaydi. Ularni Alloh taolo ham yaxshi ko‘rmaydi. Shuning uchun ilm o‘rganishga astoydil kirishing! Ustozlarning aytgan gaplarini yaxshilab eshitib eslab qolishga harakat qiling!

Ilm koni bo‘lgan kitobni seving! Ko‘p kitob o‘qing! Hozir do‘kon va bozorlarda diniy kitoblar ham sotilyapti. Dadalaringiz, akalaringizdan o‘shanday kitoblardan keltirib berishni iltimos qiling!

Kelishdikmi, do‘mboqchalarim?!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:03:59

O’N UCHINCHI SABOQ
OTA-ONANGIZNI HURMAT QILING


Assalomu alaykum, mening jajji musulmon birodarlarim!
O’tgan mashg‘ulotlarda topshirgan saboqlarimni esdan chiqarib qo‘ymayapsizlarmi? Eng avval qaysi kalimalarni o‘rgangan edik? To‘g‘ri «Bismillahir rohmanir rohiym». Undan keyin-chi? «La ilaha illollohu Muhammadur rasululloh». Barakallo! Ana shu kalimaning ma’nosi qanday edi? «Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad (a.s.) Uning elchisi, rasulidir». To‘ppa-to‘g‘ri!

Bugun sizlarga ota-onani hurmatlash haqida gapirib beraman. Hammamizning ota-onamiz bor. Nega ularni hurmat qilishimiz kerak, bilasizlarmi? Shuning uchunki, Alloh taolo bizga ularni hurmat qilishni buyurgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom ota-onasini rozi qilmagan, ularni xafa qilgan odam jannatga kirmaydi, deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:04:11

Mana, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Onangiz yangi tug‘ilgan ukangizni ko‘tarib yuribdi. Uni tuqquncha rosayam qiynalgan. Tuqqandan keyin ham sira undan bo‘shamaydi. Har bir-ikki soatda emizib ovqatlantiradi. Tagini ho‘llab qo‘ysa, kiyimlarini yangilaydi. Terlab qolsa ham kiyimini almashtiradi. Uyqusi kelsa, beshikka belaydi. Tebratib, alla aytadi. Uyg‘onsa, echib oladi. Sog‘lom, baquvvat o‘ssin deb badanini uqalaydi. Tez-tez cho‘miltiradi. Sal tobi qochsa-ku, qo‘yavering. Ovqat, uyqu, dam olish — hammasi esdan chiqadi. Tuzatib olguncha butunlay oromi yo‘qoladi. Sal katta bo‘lsa, gapirishga o‘rgatadi, harf tanitadi. Mana shunday mashaqqat, azoblar bilan umrining oxirigacha «bolam, bolam» deb o‘tadi. Bizga shunchalik mehr ko‘rsatib, hamma narsasini berib, katta qilgan onamizni hurmatlamay bo‘ladimi?

Bir dono bobodan bir kishi shunday deb so‘ragan ekan:
«Men onamni ovqatlantiraman, kiyintiraman. Opichlab tahoratga olib chiqaman. Nima desalar bajaraman. Hatto yelkamda ko‘tarib Makkaga oborib haj qildirib keldim. Ana shu bilan onamni rizo qildimmi?» Shunda boyagi dono bobongiz shunday javob qaytaribdilar: «Yo‘q, shuncha xizmating bilan bir kecha oromini buzganining haqqini ado qilibsan». Ko‘rdingizmi, do‘mboqchalarim, onalar qandoq ulug‘ bo‘lisharkan, Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Jannat — onalarning oyog‘i ostidadur, deb bekorga aytmaganlar. Demak, jannatga kiraman degan odam onasini rozi qlishi, duosini olishi kerak ekan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:04:27

Xuddi shuningday sizni tug‘ilib, voyaga yetishingizda otangizning ham xizmati katta. U siz tug‘ilishingiz bilan yaxshi ism qo‘yadi. Qo‘y so‘yib aqiqa to‘yi qilib beradi. Siz yedigan hamma ovqatlarni topib keladi. Sut deysizmi, pechenie deysizmi, shokoladu mevalar deysizmi — hamma narsani muhayyo qiladi. Qanday kiyim yoki o‘yinchoqni xohlasangiz, bozordan olib keladi. Sizga tarbiya, ilm hunar o‘rgatadi. Avval maktabga, keyin oliy maktabga o‘qishga beradi. Xullasi bir umr sizning baxtu kamolingiz deb harakat qiladi. Otalar ana shunday g‘amxo‘r, saxiy, mehribon bo‘lishadi. Shuning uchun ularni doimo hurmat qilamiz. Dillarini og‘ritmaymiz. Chunki otaning g‘azabiga uchragan odam Allohning g‘azabiga uchraydi.

Ota-onalarimiz ana shunday hurmatga sazovor odamlar. Shuning uchun ularni doimo e’zozlashimiz kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda shuni buyurib qo‘ygan. Payg‘ambarimiz ota-onani hurmatlash haqida juda ko‘p hadislar (nasihatlar) aytib qoldirganlar.

Xo‘sh, ota-onani qandoq qilib hurmatlaymiz? Bu to‘g‘rida Islom dinimiz qanday yo‘l ko‘rsatgan? Endi, aziz shirintoylarim, sizlarga ana shuni tushuntirib beraman, xo‘pmi?

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:04:51

Eng avvalo ularga shirinso‘z bo‘lib, aytganlarini darrov qilishingiz kerak. Biror ish buyurishsa, aslo «Uf» demang, gap qaytarmang, Ulardan ruxsat so‘ramay, hech qaerga bormang. Hatto o‘ynagani ko‘chaga chiqsangiz ham ijozat oling. Ularning nasihatiga quloq soling. Biror ishni «qilma» deyishsa, aslo qilmang. Chunki ular buning yomonligiga aqllari yetib turadi. Ularni ko‘rganda darrov o‘rningizdan turing. Oldilariga kirganda salom bilan kiring. Ko‘chada ketayotganda doimo ulardan orqada yuring. Uyda ulardan pastda o‘tiring. Oldilarida oyog‘ingizni uzatib o‘tirmang yoki yotmang. Ularning nomini atab chaqirmang. Hazil-mazax qilmang. Ularga xo‘mrayib qaramang. Chaqirishsa «Labbay» deb darrov boring. Ularga yumshoq gapiring, ovozingizni ko‘tarmang. Aslo so‘ka ko‘rmang, chunki bunday qilsangiz, albatta, do‘zaxga tushasiz.

Katta bo‘lib ishga kirganingizda birinchi maoshingizni ota-onangizga olib kelib bering. Keyin ham ularning ko‘ngli xohlagan narsalarni sotib olib bering. Chunki Alloh taoloning buyrug‘iga ko‘ra bola nima mol-davlat topsa, o‘sha ota-onaniki ham bo‘ladi. Chunki ular ham sizni katta qilish, tarbiyalash uchun hamma topganlarini sarflashgan-da, to‘g‘rimi?!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:05:14

Yuqoridagi topshiriqlarim ko‘zingizga juda ko‘p ko‘rinib ketmasin. Birinchidan, bular unchalik qiyin ishlar emas. Ikkinchidan, ota-onangiz shunaqangi aziz, tabarruk insonlarki, ular uchun bu xizmatlaringiz juda arzimas narsalar. Uchinchidan, siz yosh, kuch-quvvatingiz joyida bo‘ladi. Ular esa kun sayin keksayib, kuchlari kamayib, sizga muhtoj bo‘lib borishadi. Ana shuning uchun ularning xizmatlarini qilib, rozi etishga, xursand qilib, duolarini olishga sira-sira erinmang!

Gaplarimni yaxshiiab uqib, bugundanoq ularni mamnun qilishga shoshiling! Agar biror gapingiz yoki ishingiz bilan ranjitib qo‘ygan bo‘lsangiz, darrov kechirim so‘rang. Bo‘ynilaridan quchoqlab, yuzlaridan o‘pib endi sira xafa qilmaslikka so‘z bering. Chunki Alloh ota-onasini rozi qilmay, ularni ranjitgan bolani aslo yaxshi ko‘rmaydi. Jannatga ham kirgizmaydi.

Ana endi nega ota-onamizni hurmat qilishimiz kerakligini tushunib oldingizmi, mening shirintoylarim?!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:06:03

O’N TO’RTINCHI SABOQ
HALOL, POK BO’LING


Assalomu alaykum, ko‘zimning nuri, qalbimning sururi aziz bolakaylarim! Bugungi darsimiz halol, pok bo‘lish haqida. «Halol» degani o‘zi nima? Musulmonlarga yeyishga ijozat berilgan oziq-ovqatlarni «Halol» deb ataymiz. Masalan, odam ishlab, mehnat qilib pul topsa, shunga ovqat, kiyim, kitob sotib olsa, shu halol bo‘ladi. Birovni aldab, qo‘rqitib pulini tortib olib ishlatsa, bu harom, ya’ni foydalanishga yaramaydigan bo‘ladi. Chunki Alloh taolo biz— musulmonlarga halol rizq bergan. Shuning uchun doim halol narsalarni iste’mol qilishimiz kerak. Hazrati Payg‘ambarimiz ham halol mehnat qilib, shuning orqasidan oila boqishga buyurganlar. Xo‘sh, musulmon kishilar uchun nima narsalar harom (yaroqsiz) hisoblanadi? Islom dini shariati yirtqich yovvoyi hayvonlar va parrandalar go‘shtini, halol hayvonlarning qonini, ba’zi bir yaroqsiz a’zolarini o‘lib, qolgan hayvonlar go‘shtini, cho‘chqa-to‘ng‘iz go‘shtini, Allohning nomini aytmay so‘yilgan hayvon go‘shtini, dinsiz odamlar so‘ygan hayvon go‘shtini yeyishni ta’qiqlagan.

Yana dinimiz aroq-vino kabi mast qiladigan ichimliklarni ichish, giyohvandlik (nasha), qimorbozlik, buzuqlik kabi ishlarni ham harom deb hisoblaydi. Bu ishlarni qilganlar qattiq gunohkor bo‘lishadi. Musulmon bolalar, ayniqsa, ichkilik va nashavandlik balosidan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Bular sog‘liqqa, oilaga, jamiyatga juda katta zarar yetkazadi. Hattoki, boshqalar shunday ishlar bilan shug‘ullanayotgan joyga yaqin ham bormanglar, xo‘pmi do‘mboqchalarim?!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  17 Sentyabr 2007, 07:06:13

Yuqorida halol va harom nima ekanligini tushunib oldik. Endi poklik nima ekanligini aytib berayin. Dinimiz talabiga ko‘ra musulmon bolalari hamisha toza yuvilgan, toza kiyingan, pokiza bo‘lishlari kerak. Chunki pok odamdan yomonlik chiqmaydi. Pokiza yursangiz tabiatingiz ham ravshan bo‘ladi. Rasululloh alayhissalomning «Poklik — iymon belgisi» degan gaplari bor. Poklik yana namoz uchun ham kerak. Namoz o‘qishdan oldin o‘zingiz tahorat olib poklangan bo‘lishingiz, kiyim-boshlaringiz, joynamozingiz toza bo‘lishi kerak.

Pokiza bo‘lish uchun nima qilish kerak? Avvalo hojatxona odoblarini bilib oling. U yerga kirganda qiblaga qarab yoki orqa qilib o‘tirilmaydi. U joyda gapirilmaydi, biror narsa o‘qilmaydi. Bosh yalang, oyoq yalang kirilmaydi. Duch kelgan joylarga, ya’ni ariq atrofiga, axlatxona, qabristonlarga hojat ushatib bo‘lmaydi. Hojatxonadan chiqayotganda bulg‘anch joylarni chap qo‘l bilan yuvib tozalaysiz.

Qayd etilgan