O’N TO’RTINCHI SABOQ
HALOL, POK BO’LING
Assalomu alaykum, ko‘zimning nuri, qalbimning sururi aziz bolakaylarim! Bugungi darsimiz halol, pok bo‘lish haqida. «Halol» degani o‘zi nima? Musulmonlarga yeyishga ijozat berilgan oziq-ovqatlarni «Halol» deb ataymiz. Masalan, odam ishlab, mehnat qilib pul topsa, shunga ovqat, kiyim, kitob sotib olsa, shu halol bo‘ladi. Birovni aldab, qo‘rqitib pulini tortib olib ishlatsa, bu harom, ya’ni foydalanishga yaramaydigan bo‘ladi. Chunki Alloh taolo biz— musulmonlarga halol rizq bergan. Shuning uchun doim halol narsalarni iste’mol qilishimiz kerak. Hazrati Payg‘ambarimiz ham halol mehnat qilib, shuning orqasidan oila boqishga buyurganlar. Xo‘sh, musulmon kishilar uchun nima narsalar harom (yaroqsiz) hisoblanadi? Islom dini shariati yirtqich yovvoyi hayvonlar va parrandalar go‘shtini, halol hayvonlarning qonini, ba’zi bir yaroqsiz a’zolarini o‘lib, qolgan hayvonlar go‘shtini, cho‘chqa-to‘ng‘iz go‘shtini, Allohning nomini aytmay so‘yilgan hayvon go‘shtini, dinsiz odamlar so‘ygan hayvon go‘shtini yeyishni ta’qiqlagan.
Yana dinimiz aroq-vino kabi mast qiladigan ichimliklarni ichish, giyohvandlik (nasha), qimorbozlik, buzuqlik kabi ishlarni ham harom deb hisoblaydi. Bu ishlarni qilganlar qattiq gunohkor bo‘lishadi. Musulmon bolalar, ayniqsa, ichkilik va nashavandlik balosidan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Bular sog‘liqqa, oilaga, jamiyatga juda katta zarar yetkazadi. Hattoki, boshqalar shunday ishlar bilan shug‘ullanayotgan joyga yaqin ham bormanglar, xo‘pmi do‘mboqchalarim?!