Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Alloh osmonlaru yerni yaratgan vaqtda surni ham yaratdi. Surning o‘n bitta doirasi bo‘lib, Alloh taolo uni Isrofil alayhissalomga bergan. Isrofil alayhissalom bo‘yruq kelishini kutgan holda surni og‘ziga solib, ko‘zlari bilan Arshga tikilib turibdi. Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Sur nima?» deb so‘raganlarida: «U nurdan bo‘lgan ulkan surnaydir. Meni haq payg‘ambar qilib yuborgan Allohga qasamki, Isrofil alayhissalomning og‘zi tarafidagi har bir doiraning kengligi osmonlaru yerning kengligichadir. Isrofil alayhissalom unga uch marta puflaydi. Birinchi nafhada odamlar qo‘rquvÂdahshatga tushadi. Ikkinchi nafxada halok bo‘ladi. Uchinchi nafhada qayta tiriladi. Alloh taolo Isrofil alayhissalomga birinchi nafhani buyurganida nafxa soladi. Shunda osmonlaru yerdagi jamiki jonzotlar qo‘rquvga tushadilar, hatto sut emizayotgan barcha emizuvchilar o‘z bolalarini tark etadilar, homiladorlar homilalarini tashlaydilar. O’sh bolalarning qo‘rquvdan sochlari oqarib ketadi. Odamlar Alloh xohlagancha turadilar, so‘ngra Alloh Isrofil alayhissalomni ikkinchi nafhaga buyuradi. Isrofil alayhissalom ikkinchi bor nafha uradi. Shunda osmonlaru yerdagi jamiki jonzotlar halok bo‘ladi. Faqat Alloh xohlagan kimsalargina qoladilar. Ular Jabroil, Mikoil, O’lim farishtasi va Arshni ko‘tarib turgan farishtalardir. Alloh taolo o‘lim farishtasiga ularning jonini olishni buyuradi, bas, ularning ham joni oladi. Shunda Alloh: «Ey O’lim farishtasi! Mening xalqimdan kimlar qoldi?» deb so‘raydi. O’lim farishtasi: «Ey Rabbim! Zaif bandang bo‘lmish men qoldim», deydi. Alloh: «Ey O’lim farishtasi, Meni «Har bir nafs o‘limni totuvchidir», deganimni eshitmaganmisan», bas, o‘zingning joningni ol», deydi. O’lim farishtasi jannat bilan do‘zaxning o‘rtasiga kelib, o‘zining jonini ola boshlaydi. Shunday qattiq qichqiradiki, agar Allohning bandalari tirik bo‘lganlarida, hammalari uning qichqirig‘idan halok bo‘lur edi. So‘ngra: «Agar o‘limning shiddat va alamini bilganimda mo‘minlarni jonini yengilroq olgan bo‘lardim», deb vafot etadi. Maxluqotlardan biror kimsa tirik qolmaydi. Yer qirq yil xarob bo‘ladi. Shunda Alloh: «Ey dunyo! Qani podshohlar? Qani podshohlarning bolalari? Qani zolimlar? Qani Mening rizqimni yeb, Mendan boshqaga ibodat qilganlar», deydi. Javob beradigan hech bir kimsa topilmaydi. So‘ng Alloh taolo kuchli shamol yuboradi. Shunday bir shamolki, uning igna teshigidan chiqadigan miqdorini Od qavmiga yuborgan edi. Bu kuchli shamol birorta tog‘ni ham, tepalikni ham qoldirmay vayron qiladi. Yer tep-tekis bo‘ladi. So‘ng Alloh osmonga buyuradi. Osmon qirq kun yomg‘ir yog‘diradi. Hatto suv o‘n gaz balandlikka ko‘tariladi. Odamlar bu yomg‘ir sababli o‘simlikka o‘xshab o‘sa boshlaydilar, hatto jasadlari avvalgidek komil holatda bo‘ladi. So‘ngra Alloh Arshni ko‘tarib turuvchi farishtalarni va Jabroil, Isrofil, Mikoil, Azroilni tiriltiradi. Keyin Alloh Rizvon jannatiga buyuradi. Ularga Buroq, Toj, Kiyim va Tug‘ beradi. Ular yer bilan osmon o‘rtasida turadilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Ey yer, Muhammadning qabri qani?» deb so‘raydi. Yer esa: «Seni haq bilan yuborgan Allohga qasamki, Alloh menga kuchli shamolni yubordi. U shamol meni vayron qildi. Men u zotning qabrini bilmayman», deb javob beradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qabrlaridan nurli ustun osmonga ko‘tariladi. Shundagina Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qabrlari oldiga keladi va yig‘lay boshlaydi. Oldidagi farishtalar: «Nima uchun yig‘layapsiz?» deb so‘rashadi. Shunda u: «Nega yig‘lamayin, hozir Muhammad alayhissalom turib, mendan ummatlari haqida so‘raydi. Men esa ummatlari qaerdaligini bilmayman», deb javob beradi. Shunda Nabiy alayhissalomning qabrlari harak’atga tushadi va yer yoriladi. Muhammad alayhissalom turadilar va boshlaridagi tuproqni qoqadilar va o‘ngu so‘llariga qaraydilar, ammo birorta imoratni ko‘rmaydilar. So‘ng: «Ey Jabroil! Bu qanday kun?» deb so‘raydilar. U: «Bu hasrat, nadomat, qiyomat kuni, siz bu kunda shafoat qilasiz», deb javob beradi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Ey Jabroil! Ummatim qani? Balki siz ularni jahannamning bir chetiga olib borib tashlagandirsiz», deb so‘raydilar. Jabroil alayhissalom: «Alloh saqlasin! Allohga qasamki, biror kimsa sizdan oldin turgan emas», deydi va tojni boshlariga kiygizib, Buroqqa mindiradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey birodarim Jabroil! Mening ashoblarim bo‘lmish Abu Bakr, Umar, Usmon va Alilar qani?» deb so‘raydilar. Ular ham Allohning izni bilan turadilar. Farishtalar kiyimlarni keltirib, ularga kiygizadilar va Buroqqa ularni mindiradilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarini sajdaga tashlaydilar va yig‘lab turib: «Ummatim! Ummatim!» deydilar. Shunda Alloh Isrofil alayhissalomga: «Surni chal!» deya buyuradi. Isrofil surni chalgan vaqtlarida surdan asalariga o‘xshash ruhlar chiqadi va osmonlaru yerni to‘ldirib yuboradi, so‘ng u ruhlar jasadlarga kiradi. Shunda jamiki insonlaru jinlar tirilib, mashharga to‘planadi