Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222156 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:22:24

Qirq sakkizinchi majlis
Jahannamda kofirlarning azoblanishi bayoni


Alloh taolo aytadi: «Ey jinoyatchi kimsalar, mana bu Kunda (mo‘minlardan) ajralinglar! Men sizlarga: «Ey Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir, Mengagina ibodat qiling! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir», deb buyurmaganmidim?! Aniqki, (shayton) sizlarning ichingizdan ko‘p avlodni yo‘ldan ozdirdi. Axir aql yurituvchi bo‘lmadingizlarmi?! Sizlarga va’da qilingan jahannam mana shudir! Sizlar (hayoti dunyoda) kofir bo‘lib o‘tganlaringiz sababli mana bu Kunda (jahannamga) kiringiz!» (Yosin surasi, 59—64-oyatlar).

Hasan ibn Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uylaringizni qabr qilib olmanglar (ya’ni, uylaringizda ham namoz o‘qib turinglar) va qaerda bo‘lsangiz ham, menga salovot aytinglar. Albatta, qaerda bo‘lsangiz ham, salovotlaringiz menga yetib turadi», dedilar.

Avsdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Juma kuni menga salovotlaringizni ko‘paytiring».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:22:35

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kunlarning birida masjiddan chiqdilar, qarasalar, shayton eshikning oldida turibdi. Shunda ul zot: «Seni masjidning oldiga nima olib keldi, ey mal’un?!» dedilar. U: «Ey Muhammad! Meni Alloh yubordi», dedi. «Nima uchun?» deb so‘raganlarida, «Siz xohlagan masala haqida mendan so‘ramog‘ingiz uchun», deb javob berdi. Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam shaytondan birinchi so‘ragan narsalari namoz haqida bo‘ldi:

— Ey Iblis! Nima uchun ummatimni jamoat bilan namoz o‘qishdan qaytarasan?
—Agar ummatingiz namozga kelsalar, men isitmalay boshlayman. Bu isitma ular tarqalgunlaricha mendan arimaydi.
— Nima uchun ummatimni Qur’on qiroatidan qaytarasan?
— Ular qiroat qilayotgan vaqtlarida men qo‘rg‘oshindek eriyman.
— Nima uchun ummatimni hajdan qaytarasan?
— Ular hajga chiqsalar, mening bo‘ynim va qo‘l­oyoqlarimga zanjir solinadi. Agar ular sadaqa bersalar, mening boshimga arra qo‘yilib, o‘tin arralangandek arralanaman».

Hikoya qilinadiki, do‘zax ahli do‘zaxga kirgach, iblisga olovdan bo‘lgan minbar keltiriladi, olovdan bo‘lgan liboslar va olovdan bo‘lgan toj kiydiriladi hamda olovdan bo‘lgan zanjirlar bilan kishanlanadi. So‘ng unga: «Ey Iblis, minbarga chiqib, ahli do‘zaxga xutba qil», deyiladi. U minbarga chiqadi va: «Ey ahli do‘zax!» deydi. Uning tovushini do‘zaxdagi jamiki kimsalar eshitib, uning oldiga keladilar. Shunda u: «Ey kofirlar, munofiqlar jamoasi! Allohning sizlarga: «Albatta, sizlar vafot etasizlar, so‘ng mahsharga kelib, hisob­kitob qilinasizlar, so‘ngra sizlar ikki firqaga bo‘linasizlar, bir firqa jannatga, bir firqa do‘zaxga kiradi», degan va’dasi haq va’da edi. Sizlar esa: «Bu dunyoda abadiy qolamiz», deya gumon qildingiz. Menda sizlarning ustingizda hukmronlik qilish huquqi yo‘q edi, faqatgina sizlarni vasvasa qildim, sizlar ijobat etdingiz va menga ergashdingiz. Meni malomat qilmangiz, balki o‘zingizni malomat qilingiz, chunki sizlar mendan ko‘ra malomatga haqliroqdirsizlar. Nima uchun Allohga ibodat qilmadingiz, vaholanki, U har bir narsani xoliqi, parvardigoridir. Bugun men sizlarni Allohning azobidan qutqara olmayman. Sizlar ham meni qutqarishga qodir emassizlar. Albatta, men bugun sizlarga aytgan narsalarimdan tonaman. Men Rabbul olamin huzuridan quvilganman», deydi. Bu so‘zlarini eshitgan ahli do‘zaxning hammasi uni la’natlaydi. Shunda do‘zax posbonlari uni olovdan bo‘lgan o‘qlar bilan o‘rab, do‘zaxdagi minbardan asfalasofilinga (do‘zaxning eng tubiga) qulatadi. U yerda abadiy qoladi. Shaytonga tobe’ bo‘lganlar ham do‘zaxda abadiy shayton bilan birga bo‘ladi. Zaboniyalar (do‘zax posbonlari) ularga: «Endi sizlarga abadiy o‘lim ham, rohat ham bo‘lmaydi», deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:22:49

Zohid Abu Zakariyoning o‘limi yaqinlashganida, do‘sti uning oldiga keldi. O’lim talvasasi tutgan paytda: «La-a ilaha illallohu, Muhammadur Rasululloh», degin», dedi do‘sti. Zohid yuzini o‘girib, kalimani aytishdan bosh tortdi. Ikkinchi marta aytganida ham yuz o‘girdi. Uchinchi martasida: «Aytmayman», dedi. Do‘sti qo‘rqib ketdi. Bir muddatdan so‘ng Abu Zakariyo yengil tortib, ko‘zini ochdi va: «Biron nima dedinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, senga uch marta shahodat kalimasini arz qildik, sen ikki marta yuz o‘girding, uchinchi marta aytmayman, deding», dedilar. Shunda zohid quyidagilarni aytdi: «Mening oldimga Iblis bir qadah suv bilan keldi va o‘ng tarafimdan kelib: «Suvga muhtojmisan? Iso Allohning o‘g‘li degin», deb qadahni qimirlatdi. Men yuz o‘girdim. Keyin oyog‘im oldidan keldi va avvalgi gapini qaytardi. Uchinchisida: «La-a ilaha» (Xudo yo‘q) degin», dedi. Men esa: «aytmayman», dedim. Shundan keyin u qadahni yerga tashlab qochib ketdi. Men bu so‘zni sizlarga emas, unga aytdim. Men guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad uning bandasi va rasulidir», dedi.

Hikoya qilinishicha, avvalgi zamonda iblis alayhi la’na odamlarga ko‘rinar ekan. Shunda bir kishi unga: «Ey Abu Murro! Nima qilsam, sendek bo‘laman?» debdi. U: «Senga voy bo‘lsin! Biror kimsa mendan buni talab qilmagan edi, sen nima uchun buni so‘rab qolding», debdi. «Men seni yaxshi ko‘raman», debdi xaligi kishi. Shunda shayton: «Agar menga o‘xshashni xohlasang, namozga beparvo bo‘l va yolg‘ondan ham, rostdan ham, qasam ichaver», deb aytibdi. Keyin u kimsa: «Allohga qasamki, endi hecham namozni tark qilmayman va qasam ham ichmayman», debdi. Iblis aytibdiki: «Sendan o‘zga biror kimsa hiyla bilan mendan nasihat olmagan edi. Endi biror kimsaga nasihat bermayman».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:23:00

Donishmandlar aytishgan ekan: «Kim oriflardan bo‘lishni va shaytondan qutilishni xohlasa, to‘rtta narsani bilib olishi lozim: «Iblis va u xohlagan narsani; nafs va uning xohishini; havoi xohish va u xohlagan narsani; dunyo va uning xohishini. Iblis dining ketishi va o‘zi bilan birga abadiy do‘zaxda qolishingni xohlaydi. Nafs esa, ma’siyatni va tarki ibodatni istaydi. Havoi xohish shahvatlarni va tarki ijtihodni xohlaydi. Dunyo esa dunyo amalini oxirat amalidan afzal ko‘rishingni xohlaydi. Kim bu narsalarni bilib olsa, oriflardan bo‘ladi. Kim shaytonga itoat qilsa, shayton kabi do‘zaxda abadiy qoladi. Kim nafsga itoat qilsa, ma’lum muddat azoblanadi. Kim havoi xohishga ergashsa, hisobi qattiq bo‘ladi. Kim dunyoga itoat qilsa, dunyoyu oxiratda xasratda bo‘ladi».

Abu Said Xudriy raziyallohu anhu aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mo‘minlar jannatga kirishgach, do‘zaxdagi mo‘minlar haqida Alloh bilan mujodala qilishadi. Ular: «O’ Parvardigoro! Birodarlarimiz biz bilan birga namoz o‘qir, ro‘za tutar edilar, Sen ularni do‘zaxga kiritding», deyishadi. Alloh deydi: «Boringlar, do‘zaxdan tanigan birodarlaringizni olib chiqinglar». Ular do‘zaxdagi birodarlarini tanishadi, chunki ularning yuzlarini do‘zax kuydirmaydi, ularni do‘zaxdan olib chiqishadi. So‘ngra Alloh: «Qalbida zarracha iymoni bor kimsani ham do‘zaxdan olib chiqinglar», deydi», dedilar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Kim besh vaqt namozni tahoratlarini komil etib, vaqtlariga rioya qilib, ruku’­sajdalarini komil qilib, ulardan birortasini nuqsonli qilmasdan kelsa, Allohning huzurida uni azoblamaslikka ahd bo‘ladi. Kim bularni nuqsonli qilgan bo‘lsa, uning uchun ahd bo‘lmaydi. Alloh xohlasa, unga rahm qiladi, xohlasa, azoblaydi».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:23:32

Qirq to‘rtinchi majlis
Ibrohim alayhissalomning Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilishlari


Alloh aytadi: «(Ibrohim o‘t ichidan eson­omon chiqdi) va dedi: «Albatta, men Parvardigorim (buyurgan taraf)ga ketguvchidirman. Uning o‘zi meni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Parvardigorim, O’zing menga solih (farzand)lardan hadya etgin». Bas, Biz unga bir halim o‘g‘ilning xushxabarini berdik. Endi qachonki u (bola Ibrohim) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): «Ey o‘g‘ilcham, men (hadeb) tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y­fikr qilishingni bir o‘ylab ko‘rgin», degan edi, u aytdi: «Ey otajon, senga (tushingda Parvardigor tomonidan) buyurilgan ishni qil. Inshaalloh, meni sabr qilguvchilardan topursan» ( , -oyat).

«Bas, qachonki ikkisi ham (Allohning vahiyiga) bo‘yinsunib, (endi Ibrohim o‘z o‘g‘li Ismoilni qurbon qilish uchun) peshonasi bilan (erga) yotqizgan ediki, biz unga nido qildik: «Ey Ibrohim, darhaqiqat sen (ko‘rgan) tushingni rost bajo qilding». Albatta, Biz chiroyli amal qiluvchilarni mana shunday mukofotlarmiz. Albatta, bu (ya’ni, Ibrohimning o‘z o‘g‘lini qurbon qilishga buyurilishi) ochiq ravshan imtihondir, xolos. Biz (Ismoilning) o‘rniga (Ibrohimga) katta bir (qo‘chqor) so‘yishni — qurbonlikni evaz qilib berdik (ya’ni, katta bir qo‘chqorni jannatdan tushirdik). Va keyingi (avlod)lar orasida (Ibrohim) haqida (go‘zal maqtovlar, olqishlar) qoldirdik. Ibrohimga salom bo‘lgay. Biz chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz» (Vas­soffat surasi, 99—110-oyatlar).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:23:46

Hikoya qilinadiki, Ibrohim alayhissalom kunlarning birida Alloh roziligi uchun mingta qo‘y, uch yuzta mol va yuzta tuyani qurbon qildilar. Odamlar va farishtalar bundan ajablanishdi. Shunda Ibrohim alayhissalom: «Allohga qurbat hosil qiladigan har qanday narsaga parvo etmasdan, Alloh yo‘liga xarj qilaman. Agar mening o‘g‘lim bo‘lganida, uni ham Alloh yo‘liga qurbon qilardim va bu amal bilan Allohga qurbat hosil qilardim», dedilar. Oradan bir qancha muddat o‘tib, Ibrohim alayhissalom bu so‘zlarni unutdilar. Quddus shahriga kelganlarida, Allohdan farzand so‘radilar. Alloh u kishining duolarini ijobat qilib, farzand bashoratini berdi. Ismoil alayhissalom tug‘ilib, Ibrohim alayhissalom bilan birga yuradigan bo‘lgach, (rivoyatlarga ko‘ra o‘n uch yoshga yetganlarida) Ibrohim alayhissalomning tushlarida: «Nazringga vafo qilgin», deyildi. Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Tarviya kechasida uxlaganlarida, tushlarida bir kimsaning: «Ey Ibrohim, nazringga vafo qil», deganini eshitdilar. Tong ottirganlarida: «Bu tush Alloh tarafidanmi yoki shayton tarafidanmi», deb shubha qilib, ikkilandilar. Shuning uchun ham Tarviya kuni, shubha­ikkilanish kuni deb nomlandi. Kech kirgach, uxlaganlarida ikkinchi bor tush ko‘rdilar va uyg‘ongach, bu tush Alloh tarafidan ekanini bildilar. Shuning uchun ham bu kun «Arafa kuni», (arafa — bildi, deganidir) deb nomlandi. Bu makonning nomi Arafot, deb nomlanadi. Uchinchi kecha ham ushbu tushni ko‘rdilar-da, Ismoil alayhissalomni qurbon qilishga chog‘landilar. Shuning uchun ham qurbonlik kuni deb nomlandi. Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalomni qurbon qilishni xohlaganlaridan keyin, uning onasi Hojarga: «Ismoilga chiroyli liboslarni kiydir, men uni mehmonga olib boraman», dedilar. Hojar onamiz Ismoil alayhissalomni kiyintirib, xushbo‘ylar surtib, sochlarini tarab qo‘ydilar. Ibrohim alayhissalom arqon bilan pichoqni olib, Mino tarafga ketdilar. Iblis Alloh uni yaratgan kundan beri bugungi kundagidek tipirchilab, taraddudlanmagan edi. Ibrohim alayhissalom oldlariga yugurib keldi va: «O’g‘lingning qomati mo‘‘tadilligiga, husnining go‘zalligi va latofatiga qaramaysanmi?» dedi. Ibrohim alayhissalom: «To‘g‘ri, lekin men shunga buyurilganman», dedilar. Iblis Ibrohim alayhissalomdan umidini uzgach, Hojar onamizning oldiga keldi va: «Ibrohim alayhissalom o‘g‘lingni so‘yishga olib ketdi. Sen qanday qilib xotirjam o‘tiribsan», dedi. Hojar onamiz: «O’lg‘on gapirma, biror marta ota o‘zining o‘g‘lini so‘yganini eshitganmisan», dedilar. «Mana shuning uchun ham pichoq bilan arqon olib ketdi­da», deganida, «Nima uchun so‘ymoqchi?» deb so‘radilar. Shayton: «Alloh unga buyurganini da’vo qilyapti», dedi. Shunda Hojar onamiz: «Payg‘ambar botil narsaga buyurilmaydi. Men Allohning amriga jonimni ham fido qilaman, ne uchun bolamizni fido qilmaylik», dedilar. Shunda shayton Hojar onamizdan ham umidini uzib, Ismoil alayhissalomning oldiga keldi va unga: «Sen xursand bo‘lib o‘ynayapsanu, otangning qo‘lida pichoq bilan arqon turibdi. Otang seni so‘ymoqchi», dedi. Ismoil: «Menga yolg‘on gapirma, otam nima uchun meni so‘yarkan?» dedi. Shayton: «Otangning da’vosi bo‘yicha, Alloh unga shu yilni buyurgan emish», dedi. Shunda Ismoil alayhissalom: «Allohning amriga bo‘yinsunaman», dedi. Shayton boshqa gaplarni gapirmoqchi bo‘lganda, Ismoil alayhissalom yerdan tosh olib unga otdilar va chap ko‘zini ko‘r qildilar, so‘ng u umidsizlanib qaytib ketdi. Alloh bu o‘rinda tosh otishni Ismoil alayhissalomga iqtidoan bizlarga vojib qildi. Ibrohim alayhissalom Minoga kelganlarida Ismoilga: «Ey o‘g‘ilcham, men (hadeb) tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y­fikr qilishingni bir o‘ylab ko‘r» (ya’ni, ayt-chi, sen Allohning amriga sabr qila olasanmi), dedilar. Bu bilan Ibrohim alayhissalom farzandlarini imtihon qildilar, ya’ni, Allohning amriga bo‘ysunadimi­yo‘qmi? Ismoil alayhissalom: «Ey otajon, senga (tushingda Parvardigor tomonidan) buyurilgan ishni qil. Inshaalloh, meni sabr qilguvchilardan topursan», dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:24:05

Ibrohim alayhissalom o‘g‘lidan bu so‘zni eshitgan vaqtlarida bildilarki, «Parvardigorim, O’zing menga solih (farzand)lardan hadya etgin», deb Allohga qilgan duolari ijobat bo‘libdi. Allohga ko‘p hamd aytdilar. So‘ngra Ismoil alayhissalom: «Ey Otajon! Sizga bir necha vasiyatlar qilaman. Qo‘llarimni bog‘langki, iztiroblanib sizga aziyat berib qo‘ymayin; yuzimni yerga qaratingki, yuzimga qarab menga rahmingiz kelib qolmasin. Kiyimingizni yig‘ishtirib olingki, qonim sachrab, ajrim kamaymasin va onam u qonni ko‘rib g‘amgin bo‘lmasin, pichog‘ingizni o‘tkir qiling va pichoqni bo‘g‘zimga tezroq tortingki, yengilroq bo‘lsin, zero, o‘lim qattiqdir. Ko‘ylagimni onamga eltib beringki, mendan eslatma bo‘lsin va unga: «Allohning amriga sabr qil» deng. Onamga meni qanday so‘yganingizni, qo‘llarimni qanday bog‘laganingizni aytmang. Uning oldiga bolalarni kiritmangki, g‘ami yangilanmasin. Agar menga o‘xshash bolani ko‘rsangiz, unga qaramangki, g‘amgin bo‘lib qolasiz». Shunda Ibrohim alayhissalom: «Ey bolam! Sen Allohning amrini bajarishga qanday ham yaxshi yordamchi bo‘lding», dedilar. «Bas, qachonki ikkisi ham (Alloh vahiyiga) bo‘yinsunib, (endi Ibrohim o‘g‘li Ismoilni qurbon qilish uchun) peshonasi bilan yerga yotqizdi», so‘ng Ibrohim alayhissalom pichoqni Ismoilning bo‘g‘ziga qo‘yib kuch va shiddat bilan tortdilar, ammo qodir bo‘lmadilar. Alloh yeru osmonlardagi farishtalar ko‘zi oldidan pardani oldi. Ular Ibrohim alayhissalom o‘z farzandlarini so‘yayotganlarini ko‘rganlarida, Allohga sajda qilib o‘zlarini tashladilar. Alloh ularga: «Qaranglar, bandam mening roziligim uchun farzandining bo‘g‘ziga pichoqni tortyapti, sizlarga: «Men yerda (Odamni) xalifa qilmoqchiman», deganimda: «U yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsani (xalifa) qilmoqchimisan? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Sening nomingni mudom pok tutamiz», degan edinglar. So‘ngra Ismoil alayhissalom: «Ey otajon! Qo‘l­oyoqlarimni yeching, toki Alloh meni o‘z amrida itoatda, majburlangan holda ko‘rmasin, balki Ibrohimning o‘g‘li Allohga va amriga o‘z ixtiyori bilan itoat qilguvchi ekanligini» farishtalar ham bilsin, dedi. Ibrohim alayhissalom uning qo‘l-oyoqlarini yechdilar va yuzini yerga qaratib, bor kuchlari bilan pichoqni tortdilar, ammo Allohning izni bilan pichoq yana kesmadi. Shunda Ismoil alayhissalom: «Ey otajon! Menga bo‘lgan muhabbatingiz sababli zaiflashdingizmiki, meni so‘yishga qodir bo‘lmayapsiz», dedilar. Ibrohim alayhissalom pichoq bilan toshni urganlarida, tosh ikkiga bo‘linib ketdi. Shunda Ibrohim: «Toshni kesyapti-yu, go‘shni kesmayapti», dedilar. Shunda pichoq Allohning qudrati bilan tilga kirdi: «Ey Ibrohim! Sen kesgin, desang, Alloh kesmagin, deyapti, qanday qilib Allohga osiy bo‘lib, senga bo‘yinsunaman», dedi. Shunda Alloh: «Ey Ibrohim, darhaqiqat, sen ko‘rgan tushingni bajo qilding», deb nido qildi. Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomning ishlaridan ajablanib: «Allohu akbar! Allohu akbar!» dedi. Ibrohim alayhissalom: «La-a ilaha illallohu vallohu akbar», dedilar. Ismoil alayhissalom esa: «Allohu akbar va lillahil hamd», dedilar. Shu bois bu kalimalarni qurbonlik kunlarida aytish bizlarga vojib qilindi. Ibrohim alayhissalomga farzandi evaziga qo‘chqor qurbonlik uchun tushirildi. Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Agar bu qurbonlik tamaliga yetganda, odamlar sunnat deb bolalarini qurbon qilgan bo‘lardilar».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:24:21

Hikoya qilinishicha, Ibrohim alayhissalom birinchi marta tush ko‘rganlarida, qo‘ylarining semizlaridan yuz tasini qurbon qildilar. Osmondan olov kelib, ularni yedi, shunda Ibrohim alayhissalom: «Nazrimga vafo qildim», deb o‘yladilar. Ikkinchi bor tush ko‘rganlarida, tuyalaridan yuzta semizini tanlab, qurbon qildilar. Osmondan olov kelib, ularni ham yedi. Shunda Ibrohim alayhissalom: «Nazrimga vafo qildim», deya o‘yladilar. Uchinchi bor tush ko‘rganlarida, Alloh farzandi Ismoil alayhissalomni qurbon qilishlarini buyurayotganini, bildilar. Uyg‘onib ketib, Ismoilni quchoqladilar va tonggacha yig‘lab chiqdilar.

Rivoyat qilinishicha, Alloh Ibrohim alayhissalomni o‘ziga xalil-do‘st qilib olgach, farishtalar: «O’ Parvardigoro, Ibrohimning moli, xotini, farzandi bo‘lsa, bu mashg‘ul qiladigan narsalar bilan qanday qilib Senga do‘st bo‘la oladi», dedilar. Shunda Alloh: «Bandamning suratiga, moliga qaramanglar, balki qalbiga, amaliga qaranglar. Mening xalilimning qalbida Mendan o‘zganing muhabbati yo‘qdir. Xohlasanglar, tekshirib ko‘ringlar», dedi. Jabroil alayhissalom inson suratida keldi. O’sha paytda Ibrohim alayhissalomning qo‘ylarini boqadigan o‘n ikki mingta itlari bo‘lib har bir itning bo‘ynida tilla zanjir bor edi. Ya’ni, dunyo najasdir, najas faqatgina najasga yaroqlidir, deb shunaqa qilgan edilar. Ibrohim alayhissalom baland tepalikda qo‘ylarga qarab turgan edilar. Jabroil alayhissalom unga salom berdi va: «Bu kimniki?» dedi. Ibrohim alayhissalom: «Allohnikidir, lekin hozir mening qo‘limda», dedilar. Jabroil alayhissalom: «Menga bittasini hadya qil», dedi. Ibrohim alayhissalom: «Allohni zikr et va uchdan birini ol», dedilar. Jabroil alayhissalom: «Subbuhun Quddusur Rabbuna va Rabbul malaikati va ruh», dedi. Ibrohim alayhissalom: «Ikkinchi bor zikr qil va yarmini ol», dedilar. Jabroil alayhissalom: «Subbuhun Quddusun Rabbuna va Rabbulmalaikati va ruh», dedilar. Ibrohim alayhissalom: «Uchinchi bor zikr qilgin va hammasini olgin», dedilar. Jabroil alayhissalom yana bir marta aytdi. Shunda Alloh: «Ey Jabroil, xalilimni qanday deb bilding?» dedi. Jabroil alayhissalom: «Naqadar yaxshi xalil», dedi. Ibrohim alayhissalom turib: «Ey cho‘ponlar, qo‘ylarni egasi qaerga xohlasa, o‘sha yerga haydanglar, sizlar ham uniki bo‘ldinglar», dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom o‘zini tanitib: «Menda bularga hojat yo‘q. Men faqatgina sizni sinash uchun keldim», dedi. Ibrohim: «Men Allohning xaliliman. Senga qilgan hadyamni qaytarib olmayman», dedilar. Shunda Alloh Ibrohim alayhissalomga ularni sotishga va puliga yerlar sotib olib, qiyomatgacha undan boyu kambag‘allar yeydigan vaqf qilishni vahiy etdi.

Ulamolar fikricha, kim asliy hojatlaridan keyin 20 misqol oltinga yoki 200 dirham kumushga ega bo‘lsa boy hisoblanadi. Agar dirham — dinordan boshqa narsalarga ega bo‘lib, u 200 dirhamga teng bo‘lsa ham boy hisoblanadi. Unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Ushbu miqdorda boyligi yo‘qlarga qurbonlik vojib bo‘lmaydi. Ba’zilar, 200 dirham miqdorda dalaga ega bo‘lsa, u boydir, deganlar. ¥amma ulamolar, 200 dirham miqdordagi boqqa ega bo‘lsa, u boydir, deb ittifoq qilishgan. Chunki bog‘ hojatdan tashqari bo‘lib, inson mevasiz ham yashay oladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:24:44

Elliginchi majlis
Ayyub alayhissalomning sabrlari haqida


Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad), bandamiz Ayyubning Parvardigoriga nido qilib: «Darhaqiqat, meni shayton balo va azob bilan ushladi», degan paytini eslang!» (Sod surasi, 41­oyat).

Hadisda kelishicha, «Agar biror bandaning farzandi vafot etsa, Alloh farishtalarga: «Bandam qalbining mevasini qabz qildinglarmi?» der ekan. Ular: «Ha» deyishadi. Shunda Alloh: «Bandam nima dedi?» deb so‘raganida: «Senga hamd aytdi, shukr qildi va istirjo aytdi (ya’ni, «inna lillahi va inna ilayhi roji’un», dedi»), deyishadi. Shunda Alloh: «Bu bandam uchun jannatda bir uyni barpo qilinglar va uni hamd uyi, deb nomlanglar», deydi.

Vahb ibn Munabbah shunday deydilar: «Kitoblarda ketma­ket kelgan to‘rtta hikmatni topdim. Birinchisi — kim Allohning kitobini mutolaa qilsa­yu, meni Rabbim mag‘firat qilmaydi, deb o‘ylasa, u Allohning oyatlarini masxara qiluvchidir. Ikkinchi hikmat — kim boyga boyligi uchun tavozu’ qilsa, dinining uchdan biri ketibdi. Uchinchisi — kim qo‘ldan boy bergan narsasiga xafa bo‘lsa, Allohning qazoi qadaridan g‘azablanibdi. To‘rtinchi hikmat shuki, kim musibatidan shikoyat qilsa, Rabbidan shikoyat qilibdi».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Mukofotning kattasi sinovning kattasi bilandir. Agar Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rib qolsa, uni biror balo bilan sinaydi, agar sabr qilsa, undan rozi bo‘ladi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:24:57

Hikoya qilinishicha, Muso alayhissalom kunlardan birida Yu’sha ibn Nun bilan birga safarga chiqdilar. To‘satdan bir oppoq qush kelib, Muso alayhissalomning yelkalariga qo‘ndi va: «Ey Allohning payg‘ambari, bugun meni o‘limdan saqlab qol», dedi. Muso alayhissalom: «Kimdan?» deb so‘raganlarida, «Qirg‘iydan, u meni yeyishni xohlamoqda», deb javob berdi va Muso alayhissalomning qo‘yinlariga kirib oldi. Shu payt qirg‘iy kelib: «Ey Allohning payg‘ambari, mendan ovimni to‘smagin», dedi. Muso alayhissalom: «Men senga qo‘ylarimdan birini so‘yib beraman», deganlarida, «Menga qo‘yni go‘shti yoqmaydi», dedi. «Unday bo‘lsa, mening sonim go‘shtidan yegin», dedilar. U esa: «Men faqatgina ko‘z qorachig‘ingdan yeyman», dedi. Muso alayhissalom rozi bo‘lib chalqancha yotdilar. Qirg‘iy kelib ko‘kraklariga qo‘ndi va ikki ko‘zlaridan cho‘qimoqchi bo‘ldi. Shunda Yu’sha ibn Nun: «Ey Allohning payg‘ambari, bitta qushni deb ko‘zingizga e’tiborsizlik qilasizmi?!» dedilar. Shu payt qo‘ynilaridagi qush uchib ketdi. Qirg‘iy uning orqasidan uchdi. Bir ozdan so‘ng ikkalasi ham qaytib kelib, biri Jabroil, ikkinchisi Mikoil ekanini bildirishdi» va: «Alloh taolo bizlarni Rabbingizning qazosiga sabr qilishinizni sinash uchun yubordi», deyishdi.

Ibn Muborak raziyallohu anhu aytadilar: «Musibat aslida bitta bo‘lib, agar unga sabrsizlik qilinsa, ikkita bo‘ladi: birinchisi musibatning o‘zi bo‘lsa, ikkinchisi uning ajr-savobi ketishidir. U musibatdan ham yomonroqdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sabr uchtadir: musibatga sabr, toat­ibodatga sabr, gunoh­ma’siyat qilmaslikka sabr. Kim ma’siyatga sabr qilsa, martabasi 300 darajaga ko‘tariladi, kim toat­ibodatga sabr qilsa, martabasi 600 darajaga ko‘tariladi, kim gunohlardan qaytishga sabr qilsa, martabasi 900 darajaga ko‘tariladi. Har darajaning orasi yeru osmon orasidek keladi», deganlar».

Qayd etilgan