Hasan ibn Ahmad Shokir Xubariy. Durratun nosihiyn  ( 222151 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 36 B


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:27:28

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilarki: «Alloh Adn jannatini yaratgan vaqtda Jabroil alayhissalomga vahiy qilib: «Men bandalarim va valiylarimga tayyorlab qo‘ygan narsalarimga qara», dedi. Jabroil alayhissalom bu jannatni aylanib yurganida, qasrlarning biridan bir hur uning qarshisidan chiqdi. ¥ur Jabroil alayhissalomga tabassum qilganida uning tishlari ziyosidan Adn jannati nurafshon bo‘lib ketdi. Jabroil alayhissalom buni Allohning nuri deb, gumon qilib, sajda qilgan holida yiqildi. Shunda Hur: «Ey Jabroil, boshingizni ko‘taring», dedi. Jabroil alayhissalom boshini ko‘tarib, unga qaradi va: «Seni yaratgan Zot barcha aybu nuqsonlardan pokdir», dedi. Hur: «Ey Jabroil, Alloh meni kim uchun yaratganini bilasizmi?» dedi. Jabroil alayhissalom: «Sen kim uchun yaratilgansan?» deb so‘raganida: «Alloh meni Alloh roziligini o‘zining nafsu havosidan ustun qo‘ygan zotlar uchun yaratgandir», deya javob berdi hur».

Xabarlarda kelishicha, Sirot ko‘prigidan o‘tgandan keyin bog‘lar bo‘lib, ularda pokiza daraxtlar mavjud. Har bir daraxt ostida jannatdan oqib chiqadigan ikkitadan buloq bor. Ulardan biri o‘ngda, ikkinchisi chapdadir. Mo‘minlar sirot ko‘prigidan o‘tganlaridan keyin ulardan birini ichganlarida, ulardagi g‘ilu g‘ashliklar, kirlar, qon va bavl yo‘qoladi. Natijada ularning botinlari ham, zohirlari ham pokiza bo‘ladi. Ikkinchi buloqqa borib cho‘milganlarida, ularning yuzlari to‘lin oydek nurafshon, o‘zlari harirdek yumshoq, jasadlari mushkdek xushbo‘y bo‘ladi. Jannat eshiklariga yetganlarida hurlar chiqib, har biri o‘zining jufti oldiga kelib, ularni quchadi va uylariga olib kiradi. Har bir uyda yetmishta so‘ri bor, har bir so‘rida yetmishta ko‘rta bo‘lib, har bir ko‘rtada bittadan hur bo‘ladi. Har bir hurning egnida yetmishta ko‘ylagi bo‘lib, harirligidan boldirining iligi ko‘rinib turadi. Agar hurlardan biri bu dunyoga tuflasa, uning xushbo‘yligidan butun dunyo mushkka aylanib qolardi. Ularning ko‘kraklarida o‘z juftining va Allohning bir ismi yozilgan bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Jannatda farishtalar oltin va kumushdan qasrlar bino qilayotgan edilar. To‘satdan ular ishdan to‘xtab qolishdi. Men ularga: «Nima uchun bino qilishdan tiyildinglar?» deb so‘raganimda, ular: «Nafaqamiz tugab qoldi», deb javob berishdi. Men: «Sizlarning nafaqangiz nima?» dedim. Ular: «Allohning zikridir. Bu qasrning egasi Allohni zikr qilar edi. U zikrdan tiyilgach, biz ham bino qilishdan to‘xtadik», deb javob berishdi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Kim menga har juma kuni yuz marta salovot aytsa, Alloh taolo garchi dengiz ko‘pigidek ko‘p bo‘lsa ham, uning gunohlarini mag‘firat qiladi», deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:27:48

Ellik uchinchi majlis
Farishtalarning mo‘minlar uchun istig‘for aytishi


Alloh taolo marhamat qiladi: «Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigoriga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar hamda iymon keltirgan kishilarni mag‘firat qilinishlarini so‘rarlar: «Parvardigoro, O’zing rahmat­mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas, tavba­tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin. Parvardigoro, ularni ham, ularning ota­bobolarini, jufti halollari va zurriyotlari orasidagi solih-mo‘min bo‘lgan kishilarni ham O’zing ularga va’da qilgan mangu jannatlarga doxil qilgin. Albatta, Sening O’zinggina qudrat va hikmat sohibidirsan. O’zing ularni barcha yomonliklardan asragin. Kimni o‘sha kundagi (qiyomatdagi) yomonliklardan asrasang, bas, haqiqatan unga rahm­shafqat qilibsan. Mana shu buyuk baxtdir» (G’ofir surasi, 7—8-oyatlar).

Imom Qurtubiy aytadilar: «Ahli mufassirlar Arsh haqida quyidagicha fikr bildirganlar: «Arsh taxt bo‘lib, Alloh yaratgan jismdir. Alloh farishtalarni uni ko‘tarish va tavof qilishga, Allohni ulug‘lab ibodat qilishga buyurgan. Xuddi Alloh yerda bir uyni yaratib, Odam bolalarini uni tavof qilish va unga yuzlanishga buyurganga o‘xshash».

Imom Abu Lays Samarqandiy A’rof surasidagi «So‘ngra U arshga istibo qildi», degan oyatning tafsiri haqida aytadilar: «Ulamolarning ba’zilari, bu oyat mutashobih oyatlardan bo‘lib, uning ta’vilini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi, degan bo‘lsalar, Yazid ibn Marvon bu oyatning ta’vili haqida so‘ralganida: «Uning ta’vili unga iymon keltirishdir», degan. Imom Molik huzurlariga bir kishi kelib: «Rohman arshga istivo qildi» oyati haqida so‘radi. Shunda Imom Molik: «Bunga iymon keltish vojib, bu haqda so‘rash bid’atdir. Men seni haqiqatdan adashgan kimsa, deb bilaman. Bas, buni chiqarib yuboringlar» deganlar. Muhammad ibn Ja’far ham shunday fikr bildirganlar».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:27:59

Rivoyatlarga ko‘ra, arshni ko‘tarib turuvchi farishtalar sakkiztadir. Oyatda: «Iymon keltirurlar» deyilishdan murod — Allohning yagonaligini, Uning sherigi va tengi­o‘xshashi yo‘qligini tasdiqlaydilar. Agar: «Parvardigoriga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar», oyatida iymon keltirurlar jumlasi: «poklab tasbeh ayturlar» so‘zidan keyin kelmoqda, tasbeh aytish faqatgina iymon keltirgandan keyin bo‘ladi-ku?!» degan savol tug‘ilsa, «Bundan maqsad iymoning sharafi, uning fazliga baho berish va unga targ‘ib qilishdir», deb javob berish mumkin. «Farishtalarning «Tavba­tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin», deyishlaridan foyda nima? Holbuki, insonlar tavba qilib, solih amallar qila boshlasalar, Alloh ularni mag‘firat etishga va’da bergan bo‘lsa, Alloh aslo va’dasiga xilof ish qilmaydi-ku?!» deyilsa, biz aytamiz: «Mag‘firat talab qilish shafoat manzilidir. Uning foydasi o‘sha bandalarning savobi va mukarramligining ziyoda bo‘lishidir». Ba’zi ulamolar: «Farishtalarning ular uchun istig‘for, mag‘firat so‘rashlari, «U yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsalarni (xalifa) qilasanmi? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Sening nomingni mudom pok tutamiz», degan oyatning muqobilidir», deyishgan. Farishtalar avvalo, bilmagan narsalarini aytganlaridan keyin, bu qilmishlariga yarasha ular uchun mag‘firat tiladilar. Bu narsada boshqalarga ham tanbeh bor. Agar kimda­kim boshqa birov haqida noloyiq gaplarni gapirgan bo‘lsa, bu qilmishiga uzr aytgan holda, o‘sha kimsa uchun istig‘for aytishi vojib bo‘ladi.

Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Alloh arshni yaratgach, farishtalarga uni ko‘tarishga buyurdi. Farishtalarga uni ko‘tarish og‘irlik qilganida, Alloh: «Subhonalloh», denglar, dedi. Farishtalar: «Subhonalloh», deyishgach, arsh yengillashdi. Ular ko‘tarib turganlarida tinmay: «Subhonalloh», dedilar. Alloh Odam alayhissalomni yaratgach, Odam alayhissalom aksa urdi. Alloh Odam alayhissalomni «Alhamdulillah» deyishga ilhomlantirdi. Shunda Odam alayhissalom: «Alhamdulillah», dedi. Alloh taolo: «Yarhamukallohu (ya’ni, senga Alloh rahm qilsin). Mana shuning uchun Men seni yaratgandim», dedi. Farishtalar: «Bu buyuk kalimadir. Bizlar bundan g‘aflatda qolmasligimiz lozim. Buni avvalgisiga qo‘shaylik», dedilar. Ular: «Subhonallohi valhamdulillah», deya zikr qila boshladilar. Shunda arshni ko‘tarish yanada yengillashdi. Ular shu zikrda davom etdilar, toki Alloh Nuh alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborgunicha. Ilk bor butlarga ibodat qilganlar Nuh alayhissalomning qavmi bo‘lib, Alloh Nuh alayhissalomga qavmini «La-a ilaha illalloh» kalimasiga da’vat etmoqni buyurdi. Shunda farishtalar: «Bu uchinchi buyuk kalimadir, buni avvalgi ikkitasiga qo‘shaylik», dedilar. Endi ular tinmay: «Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illalloh», deya boshladilar. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborguncha shu uchta kalimani aytishda davom etdilar. Alloh Ibrohim alayhissalomni payg‘ambar etib, u kishiga o‘g‘illarini qurbon qilishga buyurdi. So‘ngra o‘g‘illari evaziga jannatdan qo‘chqor yubordi. Ibrohim alayhissalom qo‘chqorni ko‘rganlarida shodlanib: «Allohu akbar», dedilar. Shunda farishtalar: «Bu to‘rtinchi ulug‘ kalimadir. Buni ham avvalgi uchtasiga qo‘shaylik», dedilar va tinmay: «Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar», deya boshladilar. Jabroil alayhissalom bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga so‘zlab bergan vaqtlarida, ul zot ajablanib: «La-a havla va la-a quvvata illa billahil aliyyil ‘aziym» dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Bu kalimani ham avvalgi to‘rt kalimaga qo‘shamiz», dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:28:11

Imom Qashiriy deydilar: «Farishtalardan biri: «O’ Parvardigor, Men arshni ko‘rishni xohlayman», dedi. Shunda Alloh unga o‘ttiz ming qanot berdi. U o‘ttiz ming yil uchgach, Alloh: «Arshga yetdingmi?» deb so‘radi. U: «Yo‘q, haligacha arshning bir oyog‘ining o‘ndan biriga yetmadim», dedi va Allohdan o‘zining makoniga qaytishga izn so‘radi».

Alloh taolo eng avvalo qalamni, so‘ngra lavhni yaratdi. So‘ngra qalamga qiyomatgacha bo‘ladigan narsalarning hammasini lavhga yozishni buyurdi. Keyin o‘zining azaliy xohishiga ko‘ra, xohlagan narsasini yaratdi. So‘ngra arshni va uni ko‘tarib turuvchi farishtalarni yaratdi. Keyin yeru osmonlarni yaratdi. Alloh taolo arshni bandalari duoda yuzlanishlari uchun yaratdi. Xuddi ibodat vaqtida Ka’baga yuzlanganlari kabi».

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Kursiy arshning oldiga qo‘yilgandir. U kursiy osmonlar va yerdan kengdir».

Muqotil raziyallohu anhu deydilar: «Kursiyning har bir oyog‘ining uzunligi yetti osmon va yetti yer miqdoricha keladi. U arshning oldidadir». Alloma Suyutiy aytadilar: «Abu Zarrdan raziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Ey Abu Zarr, yetti osmon kursiyning oldida keng qo‘lga tashlangan yettita uzukdek keladi. Kursiy esa, arshning oldida cho‘lga tashlangan uzukdekdir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:28:34

Ellik to‘rtinchi majlis
To‘g‘ri­ustivor bo‘lish haqida


Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Albatta: «Parvardigorimiz Allohdir», deb, so‘ngra (yolg‘iz Allohga toat­ibodat qilishda) to‘g‘ri­ustivor bo‘lgan zotlarning oldilariga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): «Qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar. Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaninglar! Bizlar hayoti dunyoda ham, oxiratda ham sizlarning do‘stlaringizdirmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar bordir va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz bordir. (Bu) mag‘firatli va mehribon zot tomonidan bo‘lgan ziyofatdir». (Odamlarni) Alloh (ning dini)ga da’vat qilgan va o‘zi ham yaxshi amal qilib, «Shak­shubhasiz, men musulmonlardandirman», degan kishidan ham chiroyliroq so‘zlaguvchi kim bor?» (Fussilat surasi, 30—33-oyatlar).

Abu Talhadan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kirdim va u kishini hech ko‘rmagan xursandchilikda ko‘rdim, so‘ng buning sababini so‘radim. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Nega xursand bo‘lmayin, Jabroil alayhissalom hozirgina huzurimdan chiqib ketdi, u menga xabar berdiki: «Alloh meni sizga xushxabar berish uchun yubordi. Agar ummatingizdan biror kishi sizga bitta salovot aytsa, Alloh va farishtalar unga o‘nta salovot aytadilar».

Yuqoridagi oyatlarning nozil bo‘lish sababi haqida Abdulloh ibn Abbos aytadilar: «Bu oyat Abu Bakr Siddiq haqida nozil bo‘lgandir. Mushriklar: «Parvardigorimiz Allohdir va farishtalar Allohning qizlaridir», dedilar. Yahudiylar esa: «Parvardigorimiz Allohdir, Uzayr Allohni o‘g‘lidir va Muhammad payg‘ambar emasdir», dedilar. Abu Bakr raziyallohu anhu esa: «Parvardigorimiz Allohdir va U yagona bo‘lib, Uning sherigi yo‘qdir va Muhammad Uning bandasi va rasulidir», dedilar­da, yolg‘iz Allohga toat­ibodat qilishda ustivor bo‘ldilar. Oyatning ma’nosi: «Ular Allohning yagonaligiga iqror bo‘ladilar va Undan sheriklar, xotin va bolalarni nafiy qiladilar. So‘ngra Allohga toat­ibodatni qoim qiladilar va farzlarni ado etadilar. To vafot etgunlaricha dinda xolis bo‘ladilar», deganidir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:28:47

Ba’zilar: «Istiqomat — to‘g‘ri bo‘lish zohiran va botinan bo‘ladi. Zohiriyi Alloh buyurgan amrlarga bo‘ysunish, qaytarganlaridan chetlashish, botiniyi iymon keltirib tasdiqlashdir», deganlar.

Abu Bakr raziyallohu anhu istiqomat haqida so‘ralganlarida: «Allohga biron narsani sherik qilmasliging», deb javob berganlar. Umar raziyallohu anhu: «Istiqomat — amru nahiylarda to‘g‘ri turishliging tulkilarning hiylalari kabi hiyla qilmasliging», deganlar. Usmon raziyallohu anhu istiqomatni toat­ibodatni ixlos bilan qilish, deb izohlaganlar. Ali raziyallohu anhu esa: «Istiqomat — farzlarni ado etishing», deganlar.

Ahli haqlarning ba’zilari aytishicha, «Istiqomat ­ to‘g‘ri turish uch xildir: til bilan to‘g‘ri turish; qalb bilan to‘g‘ri turish, ya’ni shahodat kalimasida davomli bo‘lish va qalb bilan to‘g‘ri turish, ya’ni toat­ibodatda davomli bo‘lish». Ba’zilar aytadilar: «Istiqomat to‘rt narsa bilan bo‘ladi. Amrning muqobilida toat­ibodat bilan, nahiyning muqobilida taqvo bilan, ne’matning muqobilida shukr bilan, jannatning muqobiliga sabr bilan. Bu to‘rt narsa boshqa to‘rttasi bilan komil bo‘ladi: toat ixlos bilan, taqvo tavba bilan, shukr ojizlikni bilish bilan, sabr Alloh yo‘liga butunlay berilish bilan».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:28:58

Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: «Istiqomatning alomati o‘nta narsada ko‘riladi. Birinchisi, tilni g‘iybatdan saqlash. Zero, Qur’onda g‘iybat harom ekani bayon qilingan. Ikkinchisi, yomon gumondan saqlanish. Zero, Qur’onda gumondan chetlanishlik buyurilgan bo‘lib, gumonlarning ba’zisi gunoh ekani ta’kidlangan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «O’mon gumondan saqlaninglar, chunki u so‘zlarning eng yolg‘onidir», deganlar. Keyingisi, masxara qilishdan chetlanish. Qur’oni karimda Alloh bir qavm ikkinchi qavmni masxara qilmasligini buyurib, masxara qilinayotgan qavm masxara qilayotgan qavmdan yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlangan. To‘rtinchisi, ko‘zlarni nomahram ayollarga qarashdan tiyish. Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad), mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollarga tikishdan) to‘ssinlar va avratlarini (haromdan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘ldir). Albatta, Alloh ular qilayotgan amallardan xabardordir». Beshinchisi, rost so‘zlash, oltinchisi, Alloh yo‘lida infoq qilish. Zero, Alloh taolo: «Kasb qilib topgan narsalaringizning pokizasidan infoq qilinglar», degan. Yettinchisi, isrof qilmaslik, sakkizinchisi, kibrlanmaslik, to‘qqizinchisi, besh vaqt namozni muhofaza qilish va oxirgisi, ahli sunna val jamoa yo‘lini mahkam tutishdir.

Abu Bakr raziyallohu anhu deydilar: «Mo‘minning qalbidagi iymon yetti shoxli daraxtga o‘xshaydi. Shoxlarning bittasi qalbda bo‘lib, uning mevasi to‘g‘ri niyatlik bo‘lish. Ikkinchisi tilda bo‘ladi, uning mevasi to‘g‘ri so‘zlikdir. Uchinchisi ikki oyoqda bo‘lib, mevasi jamoat namoziga borishdir. Keyingisi ikki qo‘lda bo‘lib, uning mevasi sadaqa qilishda ko‘rinadi. Beshinchisi ko‘zdadir, uning mevasi ibratli narsalarga qarash bilan bo‘ladi. Oltinchisi qorinda bo‘ladi, uning mevasi haloldan yeb, shubhali narsalarni tark etishdir. Yettinchisi nafsda bo‘lib, mevasi shahvatlardan tiyilishdir».

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:29:12

Xabarlarda kelishicha, qiyomat kuni barcha maxluqotlar qabrlaridan turadi. Farishtalar mo‘minlarning oldiga kelib, ustlaridagi tuproqni qoqadilar. Ularning peshonalaridan boshqa joyning tuprog‘i tushib ketadi. Farishtalar bu o‘rinni ham artadilar, ammo tuproq ketmaydi. Shunda ularga nido qilinadi: «Ey farishtalar! Bu tuproqlar qabrdagi tuproq emas, balki ularning mehroblaridagi tuproqdir. Ularni to Sirot ko‘prigidan o‘tib jannatga kirgunlaricha shu holatda tark etinglar, toki ularga qaraganlar ular Mening xos bandalarim ekanini bilsinlar».

Bashorat­xushxabar beruvchilar uchtadir. Bu dunyoda payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bashorat berganlar. Qur’oni karimda: «Sabrlilarga xushxabar bering», deyilgan. Jon olish vaqtida farishtalar bashorat berishadi. Zero, Qur’oni karimda kelishicha, farishtalar o‘lim paytida: «Qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar. Sizlarga berilgan jannat xushxabari bilan shodlaninglar!» deydilar. Yana Alloh taolo: «Ularga Parvardigorlari o‘zi tarafidan bo‘lgan rahmat va rozilik xushxabarini beradi», degan. Uchinchi bashorat — o‘lim vaqtida. Xushxabar berish besh xil bo‘ladi. Birinchisi mo‘minlar ommasi uchun. Ularga: «Sizlar azobda abadiy qolishdan qo‘rqmanglar, sizlarni payg‘ambarlar va solih kimsalar shafoat qiladi, savoblarni boy berib qo‘yganlaringizdan g‘amgin bo‘lmanglar, sizlarning boradigan joyingiz jannat bo‘lishi xushxabari bilan shodlaninglar», deyiladi. Ikkinchi bashorat ixlos bilan amal qilguvchilar uchun bo‘lib, ularga: «Amallaringiz rad qilinib qolmog‘idan xavfsiramanglar. Chunki amallaringiz maqbuldir. Savoblarni qo‘ldan boy berganingizga g‘amgin bo‘lmanglar, sizlarning savoblaringiz bir necha bor ziyoda qilinadi», deyiladi. Uchinchisi tavba qilguvchilar uchun, ularga: «Gunohlaringizdan xavfsiramanglar, chunki sizlarning gunohlaringiz mag‘firat qilingandir. Savoblaringiz kamligidan g‘amgin bo‘lmang, chunki sizlarning gunohlaringiz savoblarga aylantirilgandir», deyiladi. Keyingi xushxabar zohidlar uchun atalgan. Ularga: «Hashr va hisob­kitobdan xavfsiramanglar va hisobsiz, azobsiz jannatga kirish xushxabari bilan shodlaninglar», deyiladi. Beshinchisi odamlarga yaxshiliklarni ta’lim bergan va ilmlariga amal qilgan ulamolar uchun. Ularga: «Qiyomat dahshatlaridan xavfsiramanglar. Chunki sizlar amal qilganlaringiz evaziga mukofotlanasizlar. Sizlar va sizlarga ergashganlar uchun bo‘lgan jannatlar xushxabari bilan shodlaninglar», deyiladi. Umrining oxiri bashorat­xushxabar bilan yakunlangan kimsalar naqadar saodatlidir. Bashorat faqatgina amalida muhsin bo‘lgan mo‘minlarga beriladi. Ular uchun farishtalar nozil bo‘ladi. Shunda mo‘minlar: «Sizlar kimsizlar, biz sizlardan go‘zalroq va xushbo‘yroq kimsalarni ko‘rmaganmiz», deydilar. Farishtalar: «Biz sizlarning avliyo do‘stlaringizmiz, ya’ni, bu dunyoda amallaringizni yozib, sizlarni muhofaza qilib turdik», deydilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:29:27

Oqil kimsa g‘aflatdan uyg‘onmog‘i lozim. Uyg‘onishning alomati to‘rt xil bo‘ladi: birinchisi dunyo ishlarini qanoat bilan tadbir qilish; ikkinchisi oxirat ishlariga harislik bilan yondashish; uchinchisi din ishlarini ilm va ijtihod bilan bajarish; to‘rtinchisi xalqning ishini nasihat, muhabbat va yumshoqlik bilan tadbir qilish. Quyidagi besh xislatga ega bo‘lganlar odamlarning afzali hisoblanadi: ibodatda qoim bo‘lganlar, zohirda ham, botinda ham ixlosli bo‘lganlar odamlar uning yomonligidan omonda bo‘lganlar, odamlarning qo‘lidagi narsadan umidvor bo‘lmaganlar va o‘limga hozirlangan kishilar.

Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Mustaqim turguvchining bir qancha alomatlari bor: Allohga toat­ibodat qilishga sa’y-harak’at etish, tama’siz ommaga nasihat qilish, qo‘rquv bilan ibodat qilish, dunyoda ko‘rayotgan narsalaridan shahvatsiz ibrat olish, oxirat haqida g‘aflatsiz tafakkur qilish. Kim o‘zida ushbu sifatlarni jamlasa, o‘lim oldidan unga baxt­saodat va jannat xushxabari beriladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  26 May 2008, 08:29:43

Ellik beshinchi majlis
Tavba fazilati haqida


Alloh taolo aytadi: «U bandalaridan tavba­tazarru’ qabul qiladigan, yomonliklarni afv etadigan va qiladigan amallaringizni biladigan zotdir. U iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarning (duolarini) ijobat qilur va ularga (so‘ragan narsalarni ado etib yana) O’z fazlu karamidan ziyoda qilur. Kofirlar uchun esa qattiq azob bordir» (Sho‘ro surasi, 25—26-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Uch toifa inson mening yuzimni ko‘rmaydi: ota­onasiga oq bo‘lgan, sunnatimni tark qilgan va men uning oldida zikr qilinsamu, menga salovot aytmagan kishi».

Alloh taolo: «Rahmatim­mehribonligim esa hamma narsadan kengdir», oyatini nozil qilganda, iblis alayhi la’na: «Men ham Allohning maxluqotlaridan biriman, shunday ekan men uchun ham Allohning rahmatidan nasiba bordir», deb umid qildi. Qachonki, Alloh taolo: «Men uni (rahmatimni) taqvo qiladigan, zakotni beradigan zotlarga va Bizning oyatlarimizga iymon keltiruvchi bo‘lgan kimsalarga yozurman», oyatini nozil qilgach, iblis Allohning rahmatidan umidini uzdi. Alloh: «Ular shunday kishilarki, ummiy (savodsiz) payg‘ambarga, Tavrot va Injilda yozilgan holda topishadigan — elchimizga ergashadilar», oyatini nozil qilgach, yahud, nosarolar ham Allohning rahmatidan umidini uzdilar. Allohning rahmati mo‘minlarga xos bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan